O'qilmagan tarix

To'rt tarafda bepoyon quruq cho'l enlab yotardi. Qumning yumshoq, baxmaldek tovlanib yotgan zarralari quyoshda jimirlaganicha ko'zni tindiradi. Tabiat yaratgan afsonaviy hayvonlarni eslatib yuboruvchi uyum-uyum qum tepaliklar odamni sal bo'lmasa yutib yubormoqchiday bo'ladi. Issiq, garimsel shamol labni quritadi.

Qadimda Qizilqum sahrosiga qadam bosishgan karvonlar salqin kechalari yo'l bosib, kunduzlari sersuv quduqlar bo'yida to'xtab, orom olganlar. Og'zi kattagina quduqdan sho'r, ta'mi bir oz taxir suv olib, ichishar, tuyalarini sug'orar, meshlarga zaxira g'amlab olishardi. Cho'li-biyobonda, yalanglikda har bir quduqning, obi hayotning qadri baland. Aslida ulkan va cheki poyoni yo'q Qizilqumda har bir manzil, go'sha “quduq”, yoki “buloq” so'zlari bilan nomlanib kelingan. Qo'squduq, Teribuloq, O'risquduq. Kerizbuloq, Tomdibuloq, Jonbuloq…

Olis Tomdining qush uchsa qanoati, odam yursa oyog'i kuyadigan bepoyon, had-hisobsiz hududida Ayoquduq degan manzil bor. Eli chorvador. “Ayoquduq”ning asl ma'nosi oxirgi quduq degan mazmunni anglatar ekan. Qaysidir yili xizmat safari bilan Ayoquduqda bo'lgan edim. O'shanda qattiq, beqaror shamol esib turardi. Izg'irin ko'z ochirmasdi. Bu shamol oxir-oqibat kuchli yomg'irni keltiradi dedi chorva bilimdoni. Uning aytgani to'g'ri chiqib, yomg'ir savalay ketdi. Ertasiga chorva bilimdoni Abdumalik og'a kaminani cho'ldagi toqqa boshlab bordi. Bu kichik tog' Nurota tog' tizmalarining Qoraqalpog'istonga qadar cho'zilgan bo'laklaridan biri edi. Qarshimda kichik tog'lar mag'rur qad kerib turar edi. Ayoqquduq ovulidan uncha uzoq bo'lmagan mazkur tog' tizmasi garchand uncha baland bo'lmasa-da, ammo bir ko'rkam edi. Aynan o'sha tog' darasi tepaligida talay qabrtoshlarga ko'zim tushdi. Ular xiylagina katta edi. Marmar toshga fors yozuvidagi bitiklar yozib qo'yilgan edi. Bu esa shahardan olis cho'l hududlarida ham ajdodlarimizning o'qilmagan, qo'l urilmagan tarixi serobligini ro'y-rost ko'rsatar edi. Gap endi ana shu eroniylar yurtimizga bostirib kelgan davrdagi xazinani lang ochishda qolgan. Bunda Eron shohi Kir yurtimizga bostirib kelganidan qolgan yodgorlik bor. U tarixga qiziquvchilarga olam-olam quvonch baxsh etadi. Bundan buyog'iga shunday noyob manzillariga ham tez-tez sayohat uyushtirib turilsa nur ustiga nur bo'lur edi.

Ulug'bek JUMAYEV,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen + four =