“Masnaviy”ni qanday tarjima qildim…

Ajab dunyo ekan. Har safar bir narsaga bir nima sababchi bo'larkan. Keyin halqa-halqaga ulanib, zanjir hosil qilib, alal-oqibat natija yuzaga chiqarkan…

Adashmasam, o'tgan asr, saksoninchi yillarning boshlari edi. O'zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutining Adabiyot nazariyasi bo'limida ishlardim. Afg'onistondan o'zbek adabiyotshunos olimi Vohid Juzjoniy mehmon bo'lib keldi. O'n kuncha hamrohlik qildim. Toshkentni sayr ettirdim. Buxoroga olib bordim. Suhbatlarimiz asnosida mehmon menga Shayx Hakim Sanoiy va Mavlono Jaloliddin Rumiy haqida gapirib berdi. Sanoiydan go'zal bir ruboiy va Mavlono Masnaviysining dastlabki o'n baytini u kishi aytib turdi, men yozib oldim. Bir o'qishdayoq yodladim. Keyin tursam, o'tirsam, o'zimcha tak­rorlab, kayfini surib yurdim.

Bir kuni kitob do'koniga tasodifan kirib, moskovlik yozuvchi Radiy Fishning “Jaloliddin Rumiy” romaniga ko'zim tushdi. Darhol sotib oldim. Bosh ko'tarmay, ikki kunda o'qib chiqdim. O'qib tugatdimu kitobdan olgan taassurotlarim ostida hayrat, hayajonga tushib, tamom lol bo'lib qoldim. Vohid Juzjoniyning aytganlari bu kitob oldida daryodan tomchi edi. Ko'z o'ngimda ilohiy ishq bilan yo'g'rilgan buyuk bir ma'naviy muhit – go'zal va munavvar olam ochilgandi.

Bu kitobni tezda tarjima qilish kerak, degan qarorga keldim. Ustoz tarjimon To'xtasin Jalolovga uchrab, niyatimni aytdim. U kishi romanni varaqlab, she'riy parchalari ko'p ekan, menga qiyinlik qiladiyov, deb qoldi. Domla, siz tarjima qilavering, she'riy parchalarni tarjima qilish mendan, dedim. Baribir ish yurishmadi. Tarjima orqaga surilaverdi. Bir kuni “Bismillohir Rahmonir Rahim” dedim-da, tarjimaga o'zim kirishdim. Uch oy deganda tugatdim. Men oqqa ko'chirib, rahmatli Vohidam ketma-ket mashinkalab bordi. Xullas, er-xotin bahamjihat ishlab, kitobni nashrga tayyorladik. Nashriyotga olib bordim. Odil Yoqubov ora-oradan bir necha sahifa o'qib, yaxshi kitobga o'xshaydi, dedi va nashriyot rejasiga kiritdi. Roman 1986 yilda qirq besh ming nusxada chop etildi. Kitobxonlar talash qilib olishdi. O'n kunda tarqalib, tugadi. Xalq orasida katta shuhrat qozondi…

G'afur G'ulom nomidagi Respublika adabiyot va san'at nashriyotida bosh muharrir bo'lib ishlardim. Bir kuni qo'ng'iroq bo'ldi. Telefon go'shagini ko'tarib, “Assalomu alaykum, men Sirojiddinovman” degan ovozni eshitdim. Men samarqandlik shoir Sirojiddinov deb o'ylab, hol-ahvol so'rashga tushib ketdim:

— Samariddin, qalaysiz, do'stim? Bola-chaqa omonmi? Ilhom parisi bilan diydorlashib turibsizmi?..

— Yo'q, – dedi telefondagi ovoz. – Men bosh­­qa Sirojiddinovman… Toshkent davlat universitetining rektori…

Men bu odamni bilardim. O'zbekistonda matematika fanining otasi deb nom qozongan akademik Sa'dixon Sirojiddinov…

— Kechirasiz, domla, — dedim xijolat chekib. — Tanimabman…

— Ziyoni yo'q, – dedi u kishi. – Xullas, og'ayni, gap bundoq. Yaqinda kasalxonada ancha yotib davolandim. Siz tarjima qilgan “Jaloliddin Rumiy” romanini o'n bir kishi qo'lma-qo'l qilib o'qidik. Kecha kasalxonadan chiqdim. Bugun ishga tushdim… Telefoningizni topib menga ulab berishdi. Sizga katta rahmat. Xudo xohlasa, alohida bir o'tirib suhbatlashamiz…

Afsuski, boshqa suhbatlashish nasib etmadi. Ko'p o'tmay, u kishi dunyodan o'tdi… Bunga o'xshash misollarni yana ko'plab keltirish mumkin. Gapni cho'zmay, muddaoga o'ta qolay. Radiy Fish Toshkentga keldi. Uyimga chaqirib, mehmon qildim. U taniqli yozuvchi Gennadiy Fishning o'g'li ekan. Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) universiteti turk tili va adabiyoti bo'limida tahsil olgan, to'qqiz yil Istanbuldagi sovet elchixonasida ishlagan, turk tilini yaxshi bilishi tufayli o'zbek tilini tushunar edi. Jaloliddin Rumiy haqida kitob yozishga uni buyuk turk shoiri Nozim Hikmat undagan, shundan so'ng Mavlono hayoti va ijodini yigirma yil o'rganib, ushbu asarni qog'ozga tushirgan ekan.

Gap orasida so'radim:

— Siz o'zga din, o'zga madaniyat vakili bo'laturib, musulmon ulamosi bo'lmish Mavlono haqida shu qadar mehru ixlos bilan yozgansiz…

— Mavlono Jaloliddin Rumiy – umumbashariyat shoiri, – dedi u to'lqinlanib. – U kishi haqida faqat mehru ixlos ila yozish mumkin. Boshqacha yozib bo'lmaydi… Siz Turkiyaga borishingiz, Mavlononi ziyorat qilishingiz lozim…

Shu bo'ldi-yu, Turkiyaga borish orzusiga tushdim. Yo'lim ochilib, Istanbulga safar qildim. Ko'niyo shahriga borib, Mavlono va uning ustozi Shams Tabriziy qabrlarini ziyorat etdim. “Masnaviyi ma'naviy”ning turk adabiyotshunos olimi Abulboqiy Gulpinarli amalga oshirgan nasriy bayonini qo'lga kiritdim. Ilgari “Masnaviy”ning Tehronda chop etilgan asl mukammal nusxasini afg'onistonlik bir talabadan sotib olgandim. Ana shu sayohatu ziyoratlar nash'asi va mazkur nasriy bayon daldasida “Masnaviy”ni tarjima qilishga ahd qildim. Ko'p o'tmay “Masnaviy”ning birinchi kitobidan bir necha rivoyat va Mavlono qalamiga mansub ellikta ruboiyni tarjimalab, “Uchmoqqa qanot yo'q, vale uchgaymen” nomi ostida nashr ettirdim. Bu go'yo xamir uchidan patir edi…

Shu orada meni O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisligiga saylashdi. Bir kuni ishxonamga rahmatli G'aybulla Salomov kirib keldi.

— Xo'sh, – dedi u kulimsirab, – mana, Yozuvchilar uyushmasiga rais ham bo'ldingiz. Endi bu yo­­­g'i nima bo'ladi?

— Nima bo'lardi, – dedim men. – Baholi qud­rat aravani tortaveramiz…

— Meni aravangiz bilan ishim yo'q, – dedi G'aybulla aka. – “Masnaviy” tarjimasi nima bo'ladi?

— Bu vazifada o'ltirib, “Masnaviy”ni tarjima qilib bo'ladimi? – dedim men.

— Qo'ying bu vazifangizni, – dedi G'aybulla aka. — Bu ishni boshqalar ham eplashi mumkin. Siz “Masnaviy”ni tarjima qilishingiz kerak…

Shu gapni aytdi-yu, qosh-qovog'ini solib, xonani tark etdi… Oradan bir necha yil o'tdi. Yozuvchilar uyushmasi raisligidan bo'shadim. Xuddi shuni kutib turganday, G'aybulla aka qo'ng'iroq qilib qoldi.

— Ijodiy ishga qaytganingiz muborak bo'lsin, — dedi u xushchaqchaq ohangda.

— Eshitib, xursand bo'ldik. Kecha universitetda katta yig'in bo'ldi. Men siz to'g'ringizda gapirdim. Jamol Kamol “Masnaviy” tarjimasiga kirishdi, deb e'lon qildim…

Ertasi kuni taniqli sharqshunos olim Orif Usmon qo'ng'iroq qilib, ayni shu so'zlarni tak­rorladi…

Uchinchi kun – qadrdon akamiz, professor To'ra Mirzayev… Keyin bilsam, ular o'zaro kelishib olishgan ekan. Shunda qat'iy, uzil-kesil gapni rahmatli turmush o'rtog'im — Vohida aytdi:

— Kirishing, – dedi u. – Men hamma sharoitni muhayyo qilaman…

Shunday qilib, “Masnaviyi ma'naviy” tarjimasiga kirishib ketdim. To'rt yil suvdek oqib o'tdi. Mavlono yuragida yangragan doira sadosi mening ham qalbimda aks-sado berdi. Tarjima nihoyasiga yetarkan, to'satdan uyg'onib, bag'oyat shirin, ammo cheksiz g'aroyib, xayr­­li bir tushdan ayrilib qolgandek his etdim o'zimni… Qoralamani oqqa ko'chirishga kirishdim. Men ikkinchi qavatda ko'chirib, Vohidam uni birinchi qavatda mashinkada terardi. Esimda bor, har kuni peshinda – tushlikni tayyorlab, meni chaqirar edi: “Tushing, ovqatingiz tayyor”. Men “Xo'p, hozir” derdim-da, ishdan ko'ngil uzolmasdim. “Tushing, ovqatingiz sovib qoladi”, derdi u birozdan so'ng. “Mana, hozir” derdim-da, yana ishga sho'ng'irdim. U uchinchi bor jahl bilan qichqirardi: “Hoy, tomdagi jinni, tushasizmi, yo'qmi?!” Shunda men ishni to'xtatib, pastga tushib, ovqatlanardim. Ovqatlanib bo'ldim deguncha, Vohidam yana qistovga olardi: “Bo'ldi, turing endi, Jalol boboni kuttirib qo'ymang. “Assalomu alaykum!” deb kirib boring. “Va alaykum assalom, omadimi pisaram? Aknun shuru kun” deydilar bobo xursand bo'lib. “Bismillohir rahmonir rahiym” deb ishga kirishing…”

Xullas, “Masanaviy”ning olti kitobi tarjimasini nashrga tayyorladik. Yozuvchilar uyushmasida rahmatli Yo'ldosh Sulaymon rahbarligida muhokama qilinib, nashrga tavsiya etildi. Keyin nashr etish tashvishi boshlandi. Nashriyotma-nashriyot, eshikma-eshik yurib, rosa sarson bo'ldim. Qayga borsam, falon milyon mablag' topib kelsangiz, bosamiz”, deyishdi. “Qaydan topaman o'sha falon milyonni?” Oxiri sabrim tugadi, bor dardimni qog'ozga to'kib soldim. Gazetada bosildi. Ana shu maqola sabab Eron elchixonasi tarjimadan xabar top­­di. Bir kuni telefon jiringlab qoldi. “Men Eron elchixonasining kultur-attashesi doktor Ibrohim Xudoyor bo'laman, — dedi go'shakdagi ovoz. – Jamol aka, elchixonamizga bir kelib-ketsangiz, siz bilan aytib-eshitadigan gapimiz bor”.

“Men elchixonangizning manzilini bilmayman, — dedim. Biror kishi boshlab borsa, yaxshi bo'lardi. Men Til-adabiyot instituti direktori To'ra Mirzayev xonasida bo'laman”.

Doktor Ibrohim Xudoyor g'oyat xush qarshiladi. Suhbatlashdik. “Masnaviy”ni qanday tarjima qilganimni surishtirdi. Xayrlashayotib, “Tashvishlanmang, tarjimani nashr etishga biz ko'maklashamiz”, dedi u qat'iy ohangda.

Uyga xursand bo'lib qaytdim. Odam qattiq qayg'urganda, uxlayolmasligini bilardim. Qattiq quvonganda ham uxlayolmas ekan. Er-xotin quvonchimizdan o'sha kecha uxlamadik hisob. Axir, olti kitobni nashr etish masalasi biryo'­­la hal bo'lgan edi-da. Ko'p o'tmay, birinchi kitob bosilib chiqdi. O'shanda Toshkentga tashrif buyurgan Eron prezidenti Sayyidmuhammad Xotamiy meni ana shu nashr uchun mukofotladi. Keyin qolgan besh kitob ham dunyo yuzini ko'rgach, Tehronga taklif etishdi. Eronning yangi prezidenti Ahmadi Najod muhtasham “Vahdat” saroyida to'plangan katta yig'inda Eron islom jumhuriyatining xalqaro davlat mukofoti bilan taqdirladi meni. Shu orada Turkiya Res­publikasi Madaniyat vazirligining Jaloliddin Rumiy oltin medaliga ham sazovor bo'ldim. Shunisi ajabki, o'zbekcha “Masnaviy” hazrati Mavlononing qadrdon shahri Ko'niyoda nashr qilinib, uni turkiyzabon ziyoratchilarga taqdim etish odat tusiga kirdi. Ko'niyoda safarda bo'lgan adabiyotshunos ukamiz Sultonmurod Olim uning bir nusxasini qo'lga kiritib, menga sovg'a qildi. Yana shunisi ajabki, Eronga borgan adabiyotshunos olimalarimiz uni Tehron kitob do'konidan xarid qilib qaytishdi. Urumchi universitetining professorlari “Masnaviy” tarjimasini bir kishi orqali mendan so'rab olishdi. Nashr etishdimi-yo'qmi, bilmayman. Ammo tarjimamdagi Radiy Fishning “Jaloliddin Rumiy” romanini uyg'urchaga moslab bir necha bor nashr etishganidan xabarim bor. O'zimizda “Masnaviy” uch marta nashr etildi. Hozir to'rtinchi nashri amalga oshirilmoqda.

Men fors tili mutaxassisi emasman. Bu sohada biror joyda dars o'qib, saboq olmaganman. Qanday qilib “Masnaviy”dek ulkan bir asarni o'zbekchaga o'girdim? Ba'zan shu haqda so'rashadi. Javobim shunday: Alisher Navoiyning sharofati tufayli… Men Navoiyni ko'p o'qiganman. Hozir ham o'qimagan kunim yo'q. Xullas, bu ishga meni ruhan Hazrati Navoiy tayyorladi desam, ishoning. Bunda hech mubolag'a yo'q. Buyuk bobomizning ijodiy tajribasi menga qo'l-qanot bo'ldi. Go'yo bir tomonda Mavlono, ikkinchi tomonda Navoiy boshimda turib, meni qo'llab-quvvatlab turishdi. Men har kuni qo'limga qalam olarkanman, ularning ruhiga yukindim, ulardan madad so'radim.

Navoiy “Lison ut-tayr”da yozadi:

 

Xoma raftorin necha sursam, necha,

Qirq-ellik bayt har yarim kecha.

Sahfaga chekmay, qarorim yo'q edi,

Bu raqamda ixtiyorim yo'q edi…

 

Ana shu jo'shqin satrlarni o'zimga shior qilib, har kuni dilimda va tilimda takrorladim. Buyuklar menga madadkor bo'lishdi. Buning uchun Allohga shuk­ronalar aytaman.

“Masnaviyi ma'naviy” muazzam asar, misoli noyob javohirlar to'la dengiz. Bag'rida behisob duru gavharlar yashirinib yotibdi. “Dunyoning kitobi” deb bekorga aytishmagan. Zamondosh va kelajak nasllarimiz bu kitobni o'qib, o'sha bebaho ma'naviy boyliklardan bahramand bo'lishini o'ylab, xursand bo'laman. Shu mazmunda bir sakkizligim bor:

 

Mavlono Rumiyning dil so'zlaridan,

Ajab sarxush bo'lib kechdi kunlarim.

“Masnaviy”ning hikmat yulduzlaridan,

Yorishdi, charog'on bo'ldi tunlarim.

 

Ajab dengiz ko'rdim, gavharlari mo'l,

Ammo tub-tubida olmas tushuncha:

“Har qancha bor esang, shuncha monand bo'l,

Qancha monand esang, bor bo'l o'shancha”.

 

Bugun butun dunyo “Masnaviy”ni o'qiydi. “Bashariyat shoiri” deb dong taratgan Mavlono ma'rifatidan xabardor. Shu jumladan biz ham. Iloho, ana shu hamnafaslik boqiy bo'lsin. Taqdir Mavlono Jaloliddin Rumiydan, uning buyuk “Masnaviy”sidan hech qachon ayirmasin bizni.

Omin, yo Rabbul olamiyn!..

Jamol KAMOL,

O'zbekiston xalq shoiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − eight =