Bugunning buyukligi haqida…

Yangi O'zbekistonning yangi universiteti 4 yoshga to'ldi

 

24 may. Bu sana Yangi O'zbekis­ton, o'zbek jurnalistikasi, shu sohaga shijoat bilan kirib kelayotgan talaba-yoshlar va ularning ustozlari uchun qanchalar muhimligini bilasizmi? O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining tashkil etilganiga 4 yil to'ldi va shu yil universitetning birinchi qaldirg'ochlari uchirma bo'ladi.

Tarixan qisqa fursatda o'zini nimalarga qodirligini namoyon eta olgan bu oliy ta'lim muassasasi O'zbekiston Res­publikasi Prezidentining 2018 yil 24 maydagi “O'zbekis­ton jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tashkil etish to'g'risida”gi qaroriga muvofiq faoliyatini boshladi.

 

2018 yilgacha jurnalistika sohasiga ixtisos­lashtirilgan oliygoh Markaziy Osiyoda ham, Mus­taqil Davlatlar Hamdo'stligida ham bo'lmagan. Ko'p­lab joylarda jurnalistika yo'nalishi tarqoq holda universitet va institutlar tarkibida fao­liyat yuritib kelardi. Xususan, O'zbekis­tonda ham ko'p yillar davomida mana shunday bo'lib kelgan. 1949 yilda o'sha paytdagi Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti) o'zbek filolo­giyasi qoshida jurnalistika bo'limi tashkil etilgan edi. 1967 yildan boshlab, mazkur oliy ta'lim muassasasida jurnalistika fakulteti ajralib chiqadi. 1995 yilda Mannon Uyg'ur nomidagi Toshkent davlat san'at institutida jurnalistika fakulteti tashkil etildi. 1999 yilda esa Jahon tillari universitetida ham jurnalistika fakulteti tashkil bo'ldi.

Agar o'sha davrdagi Toshkent davlat universitetida 16 ta fakultet bo'lgan bo'lsa, jurnalistika fakulteti barcha ko'rsatkichlar bo'yicha eng oxirgi o'rinlarda turardi. Chunki mazkur fakultetga 60 nafargina talaba o'qishga qabul qilinardi. Amaliyot o'tash, tajriba orttirish uchun na bir telestudiya, na bir radiostudiya mavjud edi. Real jurnalistikaga talaba kirishi uchun kerakli sharoitlar yo'q edi hisob. Amaliyotchilar bilan aloqalar ham haminqadar edi. Afsus, bu holat ko'p yillar davom etdi.

Oxirgi davrlarda jurnalistika fakultetiga past­roq ball to'plagan yoki ochig'ini aytadigan bo'lsak, kamroq puli bor odamlargina o'qishga kirgan edi desak xato bo'lmasa kerak.

Taassufki, biz mana shunday voqelik bilan yashab keldik. Natijada jurnalistikamizda kadr­lar tanqisligi yuzaga keldi. Ko'pchilik, asosan, malakali mutaxassislar bu sohadan chiqib ketdi. Ustiga-ustak, jurnalistikada qalami o'tkir, tili achchiq odamlar kerak bo'lmay qoldi. So'z erkinligi anqoning urug'iga aylandi.

Nihoyat, 2016 yildan boshlab, voqealar rivoji 180 daraja o'zgardi. O'sha yili Prezident saylovlarida mutlaq g'alaba qozongan Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi kampa­niyasi davrida ommaviy axborot vositalariga berilgan erkinlik misoli toza havodek o'pkamizni to'ldirdi, hammamiz uchun katta motivatsiya berdi va milliy jurnalistikamizni mubolag'asiz mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi.

Bu boshlanishi edi… Milliy media maydondagi islohotlar mevasi sifatida 2018 yil 24 may kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tashkil etish to'g'risida”gi PQ-3737-sonli qarori bilan mutlaqo yangi zamonaviy, innovatsion O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti dunyoga keldi.

Lekin yangi universitet tashkil etilganligi bilan boshqa turdosh oliy o'quv yurtlarida jurnalistika fakultetlari yopilib ketmadi. Shu bilan universitetlar orasida ham sog'lom raqobat boshlandi.

 

Jonli efirlar tiklangan davr

 

Har bir kasbning o'z “oshxonasi” bo'lganidek, jurnalistikada ham mana shunday… Suv ham bir joyda turib qolsa, ayniydi va u botqoqqa aylanadi. Bizda deyarli shu davrga nisbatan mana shunday manzara yuzaga kelgan edi.

Bu vaziyatni nima to'g'riladi? Mening nazarimda, 2016 yildagi media olamidagi eng katta yutuq – bu jonli efirlarning tiklanishi bo'ldi. Muzlar eriy boshladi. Medialar va xususan, Xalqaro press-klub muzyorar vazifasini o'tay boshladi. Bizda anchadan beri bo'lmagan, yo'qotilgan imkoniyat paydo bo'ldi. Chunki o'sha paytlar O'zbekiston telekanallaridagi axborot das­turlari ham yozib olinardi. So'ng uni bir nechta senzorlar ko'rib chiqishi kerak bo'lardi. Uzoq davom etgan muhokama va “qaychilash”lardan keyingina ko'rsatuv efirga uzatilardi. Lekin efirga uzatilgan lavhaning na mazasi, na matrasi va na tuzi qolardi. Biz bu ko'rsatuvlarni go'yoki tomoshabin ko'radi, deb o'ylardik.

2016 yildan boshlab Xalqaro press-klubning jonli efirlari media olamga islohotlar va yangiliklarning yoqimli shabbodasini olib keldi. Shaxsan men uchun jonli efirlarning tiklanishi jurnalistikaga bo'lgan muhabbatimni qayta “rea­nimatsiya”dan chiqarishga sababchi bo'ldi. Dengiz uchun qanchalik to'lqinlar, bog'ga esa qanchalik shamol kerak bo'lsa, jurnalist uchun ham erkin ijod shunchalik muhim.

Chunki jonli efir degani bu oldindan rejalashtirilgan rejissura emas. Uni qaychilash, nazorat qilish qiyin. Odamlar jonli efirlarni shuning uchun ham sevib ko'radilar.

2016-2018 yillarda ommaga tanilgan Xalqaro press-klub Mo'ynoqdan bo'ladimi, Manasmi, Olot yoki Qorako'lmi yoxud respublikamizning eng chekka hududidan bo'ladimi, yuzlab jonli efirlar tashkil etdi. O'zbekistonning barcha viloyatlari bo'ylab xizmat safarlariga chiqib, yurtimizning ochilmagan qirralarini kashf qila oldi. Xalqimiz vazirlarni, hokimlarni, deputat va senatorlarni Xalqaro press-klubning ko'rsatuvlari orqali taniy boshladi. Jonli efirlar paytida jamiyat oldida turgan eng jumboqli masalalar bo'yicha ochiqchasiga gapirishni boshladik. Xalqimiz bizda ham so'z erkinligi borligiga, O'zbekis­ton hukumati fuqarolari uchun qayg'urib, byurokratiya, korrupsiya illatlari bilan faol kurashayotganligiga guvoh bo'lishdi.

Bu birgina televidenie misolidagi o'zgarish­lar. Undan tashqari, media vakillari gazeta sahifalarida bo'ladimi, internet saytlarida bo'ladimi, radioto'lqinlari bo'ladimi, istalgan hukumat vakilini, tashkilot rahbarini tanqid qilishni, eng og'riqli muammolarni ko'tarishni bosh­lashdi.

 

Xo'sh, yangi universitet tashkil etilishiga qanday ehtiyoj bor edi?

 

1991 yildan boshlab, O'zbekistonda “kadrlar inqirozi” boshlandi. Zamonaviy fikr yuritadigan, nostandart va kreativ yondashadigan kadr­larga, shu jumladan, jurnalistlarga ehtiyoj nihoyatda yuqori edi. Achinarlisi, jurnalistika sohasida yillar davomida ilmiy ishlar, ilmiy izlanishlar deyarli olib borilmagan edi. Yana bir bor takrorlayman: biz uchun 2016 yil chin ma'noda burilish nuqtasiga aylandi.

 

Bir qavatli jurfakning 27 qavatli osmono'parga transformatsiyasi

 

Ha, universitetni barpo etish jarayoni ham oson kechmadi. Yangi universitet qurilishi uchun shahar markazidan bino tanlab olindi. Joylashuv haqiqatan qulay edi. Oliygoh qurilishiga faqatgina Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi emas, balki boshqa hamkasblarimiz, yirik tashkilotlar, homiylar amaliy yordam ko'rsatishdi.

Bitta masalani hal qildik deganimizda, 2019 yilning oxirida global pandemiya boshlandi. Endi o'z eshigini ochgan universitet talabalari masofadan turib darslarda qatnashishdi. Shu bilan birga tashkil etilganligiga ko'p muddat o'tmagan universitetning resurslari ham cheklangan edi. Lekin biz taslim bo'lmadik. Aynan eng og'ir sharoitda, pandemiya avjiga chiqqanda universitetimizning yangi 8 qavatli o'quv binosi qad rostladi: zamonaviy, innovatsion radiostudiya, telestudiya barpo etildi. 310 nafar talabaga mo'ljallangan 8 qavatli talabalar turarjoyi – “My sweet home” maskani qurildi. Eski jurfak bir qavatda o'tirgan bo'lsa, bugun biz umumiy hisobda 27 qavatga egamiz.

O'zJOKU ko'plab nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlab kelmoqda. Misol uchun, universitet radiostudiyasi Germaniyaning dunyoga mashhur “Deutschwelle Academy” bilan, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) bilan telestudiya tashkil etildi. O'zbekiston Yoshlar ishlari agentligi va Xitoyning “Huawei” kompaniyasi bilan birgalikda zamonaviy fotolaboratoriya hamda kovorking markazi tashkil qilindi. Shuningdek, universitetimiz hududida 3 ta “Open Air” maydonchasi, talabalar press-klubi mavjud.

Bular nafaqat talabalarga o'qish davomida amaliy o'rganish imkoniyatini yaratyapti, balki talabalarimiz shu yerdan “O‘zbekiston”, “O‘zbekiston 24”, “Yoshlar” va “Renessans” telekanallari kontentini boyitib, jonli efirlarga ham chiqishmoqda.

Ahamiyatli jihati shundaki, 4 yil davomida talabalarimizga faqat nazariy bilim beribgina qolmay, balki uni amaliyot bilan uyg'unlashtirdik. Talabalarimiz 50-60 foiz o'quv vaqtini auditoriyalarda o'tkazishsa, qolgan paytlarda amaliyotda bo'lib, tajriba orttirib kelishadi.

O'zJOKUga ilmiy darajasi yo'q bo'lsa ham, lekin O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi va umuman, hayotiy tajribaga ega insonlarni taklif qildik.

Universitet ijtimoiy tarmoqlarda juda faol. Universitet qisqa muddat ichida bo'lsa ham, AQSh, Turkiya, Janubiy Koreya, Latviya, Litva, Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Qozog'iston, Qirg'izistonning nufuzli universitetlari bilan hamkorlik qilib boradi.

Keling, endi ayrim raqamlarga murojaat qilamiz.

Bugungi kunda universitetimizdagi mavjud 3 ta fakultetda jami 2590 nafar talaba tahsil olmoqda. Ularning 1465 nafari bakalavriatning kunduzgi yo'nalishida, 108 nafari kechki ta'limda, 722 nafari sirtqi ta'limda, 295 nafari esa magistratura yo'nalishlarida o'qishmoqda.

Yaqinda siyosatshunoslik yo'nalishi ochildi. Hozir mintaqashunoslikdan darslar berilmoqda. 8 ta xorijiy til talabalarimizga o'rgatilmoqda. Yana yangi yo'nalishlar ochish bo'yicha izlanishlar olib borilyapti.

Shuni quvonch bilan aytish mumkinki, bu yil universitetimizni Prezidentimiz qarori bilan tashkil etilgan yili o'qishga kirgan 119 nafar bakalavriat talabasi “ilk qaldirg'och” sifatida tamomlaydi!

Qolaversa, har yili ilmiy salohiyatimiz ham ortib bormoqda. Jumladan, 4-5 nafar yosh tadqiqotchilar fan doktori, falsafa fanlari doktori (PhD), dotsent va professor unvonlariga sazovor bo'lyapti.

 

“Matbuot erkinligi, bu – hech bir mamlakat voz kecholmaydigan bebaho imtiyoz”

 

Mohandas Karamchand Gandining bu gapi yillar o'tsa-da, o'z ahamiyatini yo'qotmay kelmoqda.

Sloveniyalik jurnalist va yozuvchi Jarko Petan shunday deydi: “Kelajakning buyukligi haqida siyosatchilar, o'tmishning buyukligi haqida tarixchilar, bugunning buyukligi haqida esa jurnalistlar qayg'urishlari kerak”.

Men bu yil universitetimizning ilk qaldirg'ochlari sifatida bag'rimizdan uchirma bo'layotgan talabalarimizga qarata mana shuni aytmoqchiman: sizlar buyuk kelajagimiz va buyuk bugunimizning bunyodkorlarisiz. Har dam, hamisha va hamma yerda mana shu oddiy haqiqatni unut­manglar. Qaerda mehnat qilmang, ortingizdan “Senga ta'lim bergan ustozingga rahmat!” degan e'tiroflarni eshiting.

Doimo erkin jurnalistika, erkin matbuotning yuzi bo'ling!

Barchangizga boshlanajak mustaqil yangi hayo­tingiz muborak bo'lsin!

Sherzodxon QUDRATXO'JA,

O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar

universiteti rektori, professor

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × two =