Umarshayx mirzo haqida

Umarshayx mirzo juda saxovatpesha inson edi. So'nggi paytlarda uning omadi unchalik chopmayotgandi. Ziyofatga kelgan mehmonlar bilan u xo'p ulfatchilik qildi. Sinchini chaqirib, Boburning kelajagini bashorat qilib berishini talab qildi, shohlar uchun bitilgan taqdirnoma (“Shohnoma”)dan misollar keltirdi. Umarshayx mirzoning qilgan ulkan ishlari uning o'z mulki sifatida saqlanib qoldi. Avvallari u kaptarbozlikka ishqiboz edi. Uning kaptarlari unga mamlakatning turli chekkalaridan xat-xabarlar olib kelishar va u kaptarlarini havoda do'mbaloq oshib o'yin ko'rsatishga o'rgatar va kaptarlar atrofida lochinlarning uchishiga yo'l qo'ymas edi. Lekin Bobur tug'ilgan kuni podshohning butun vujudi yangi tug'ilgan shahzodaga qaratilgandi.

Otasi haqida Bobur shunday yozadi: “G'oyat saxovatli edi. Xulqi ham saxovaticha edi. Xushxulq, hazilkash, gapga chechan va shirinso'z kishi edi. Shijoatli va mardona kishi edi. Yurt olish dag'dag'asi tufayli ancha yarashlar urushga va do'st­liklar dushmanlikka aylanar edi. U Amir Temurning saltanatini oxirgi yillarida qo'lida saqlab turgan hukmdor — Abusaid mirzoning to'rtinchi o'g'li edi. Past bo'yli, yumaloq soqolli, sarg'ish yuzli, norg'il kishi edi. To'nni rosa tor kiyar edi. Shunchalikki, belbog' bog'laganda qornini ichiga tortib bog'latar, bog'lagandan so'ng qornini qo'yib yuborsa, ko'pincha belbog'lari uzilib ketardi. Kiymoq va yemoqqa betakalluf edi. Sallani dastorpech o'rab qo'yardi. U zamonda sallalar butun — to'rt o'rama bo'lardi. Tekis chirmab, uchini osiltirib qo'yardilar. Yoz paytlari mahkamadan boshqa yerlarda aksar mo'g'ilcha bo'rk kiyardi”.

“E'tiqodiga kelsak, u hanafiy mazhabida, pokiza e'tiqodli kishi edi. Besh vaqt namozni kanda qilmas edi. “Shohnoma”ga ixlosi baland bo'lsa ham, aksar Qur'on tilovat qilar edi. O'zi xushxulq, jasur va mard kishi edi. O'qni o'rtacha chog'liq otar edi. Mushti juda qattiq edi, uning mushtidan yiqilmagan yigit yo'qdir. Avvallari ko'p ichardi, keyinchalik haftada bir yoki ikki marta ichadigan bo'ldi. Keyingi paytlarda ko'proq ma'jun iste'mol qilardi, hazil, sho'xlikka o'ch, hamisha nard o'ynar, goho qimor ham o'ynardi”.

Xarold LAMBning

“Bobur — yo'lbars” asaridan.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × two =