Dukchi Eshon: Tarix va haqiqat yoxud tunni yoritgan chaqmoq

Buyuk tarixda hech narsa izsiz ketmaydi. U xalqlarning qonida, tarixiy xotirasida saqlanadi va amaliy ishlarida namoyon bo'ladi. Shuning uchun ham qudratlidir. Tarixiy merosni asrab-avaylash, o'rganish va avlodlardan avlodlarga qoldirish davlatimiz siyosatining eng muhim, ustuvor yo'nalishlaridan biridir.

 Sh.M.Mirziyoyev,

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti.

 

Vatanni sevmoq iymondandir. Mazkur islomiy hikmat ushbu maqolamizning ham mazmun-mohiyatiga singib ketishiga intildik. Yanada oydinroq ayt­ganda ko'hna va qadimiy Andijonning bebaho bo'lagi Mingtepaning yaqin va uzoq o'tmishi bilan chambarchas bog'liq, shu ulug' yurtning farzandi, tarixda “Andijon qo'zg'oloni” nomini olgan xalq milliy ozodlik harakatining tashkilotchisi Muhammadali Eshon Sobir Xalfa o'g'li – Dukchi Eshon haqida so'z yuritishni niyat qildik. Va go'zal diyorimizning jasoratli farzandi bo'lmish istiqlol kurashchisining boy tarixiy va ma'naviy merosi sizda ham ulug' bobolarimizdan faxrlanish, iftixor tuyg'usini yanada uyg'otishiga ishonchimiz komil.

Mingtepa haqida ikki og'iz so'z

Ko'hna va boqiy yurt — Mingtepa jahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri hisoblangan Andijonning uzoq o'tmishidan so'zlaydi. Qadimgi Xitoy yozma manbalari, rossiyalik tarixchi-arxeologlar hamda zamonaviy internet ma'lumotlariga asoslanadigan bo'lsak, miloddan avvalgi III-I asrlarda qad ko'targan, qadimgi Dovon (Farg'ona) davlatining bosh shahri deya e'tirof etilgan Ershi shahrining vayronasi bo'lgan Mingtepa qal'asi Marhamat tumani markazidan uncha uzoq bo'lmagan hududda joylashgan. Qariyb 2-2.5 ming yillik tarixga ega bo'lgan ushbu noyob arxeologik yodgorlik olis moziydan so'z ochmoqqa qodir bebaho osori-atiqadir.

Xitoy manbalaridagi ma'lumotlarga asoslanadigan bo'lsak, “Dovon” xitoycha “Dav-van” shaklida talaffuz qilinib, bu so'z “Kosa” ma'nosini anglatadi. Shu­ningdek, Xitoy manbalariga ko'ra, Farg'ona davlati Dayuan' deb atalgan bo'lib, qadimgi turk tilidagi ma'nosi: “juda chiroyli, xushmanzara joy”dir. Forslar bu davlatni “So'g'd”, xitoylik­lar esa “Po'lo'na” deb atashgan. Poytaxt shahar Ershi esa “Katta shahar”, “Er shahar” deganidir. Shu bois, Ershini “Vodiy ichidagi vodiycha” desak, haqiqatga yaqinroq bo'ladi.

Ushbu noyob tarixiy-arxeologik mas­kan (Ichki Shahriston — 41.2 gektar, tashqi Shahriston hududi 320 gektardan ziyod) ochiq osmon ostidagi muzey ko'rinishidagi shahardir.

Shu boisdan ham muhtaram Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev Andijonga tashrif buyurganlarida: “Mingtepadek buyuk tariximizni yorituvchi, isbotlovchi maskanlarimiz bor ekan, biz nima uchun boshqalar oldida boshimizni ko'tarib yurolmasligimiz kerak?! Albatta, bunday buyuk o'tmishimiz haqida, avvalo, o'zimiz yoshlarimiz ichida keng targ'ib qilishimiz kerak”, deb aytganlarida ming bora xaq edilar.

Dor ostida kulib turgan elatsan…

XIX asrning ikkinchi yarmi tariximizning yana bir alamli va kulfatli davrini boshlab berdi. Shimoldan yog'ilgan ayovsiz balo-qazo parokanda bo'lgan Turkistonni zulm va istibdod iskanjasiga solib qo'ydi.

“Oq imperiya” ajdodlarimizga nisbatan mustamlakachilik, shovinistik, genotsid siyosatini olib bordi.

Tabiiyki, bunga qarshi mahalliy aholi o'z ozodligi yo'lida chorizm   bosqinchilariga qarshi bosh ko'targan va natijada tarixiy ma'lumotlarga qaraganda 1897-1917 yillar orasida Turkistonda 4922 marta isyon ko'tarilgan. Mahalliy xalqni birlashtirgan ana shu harakatlarning eng kuchlilaridan biri (hatto yarim mustamlaka hisoblanmish Buxoro va Xiva xonliklari xalqlariga ham ta'sir o'tkazgan) 1898 yilgi Andijon qo'zg'oloni bo'lib, mustamlaka hisoblanmish Turkistonni inqilobiy larzaga keltirgan. Bu qo'zg'olonga Andijon guberniyasi, Izbos­kan kenti markazi, ya'ni poytug'lik Eshon Sultonxon To'raning muridi mingtepalik “Dukchi Eshon” nomi bilan mashhur bo'lgan 42 yoshli Muhammad Ali Eshon usta Sobir o'g'li boshchilik qildi.

Andijon qo'zg'olonining asl sabablari va ahamiyati, qo'zg'olon tashkilotchisi va rahnamosi Muhammad Ali Eshon shaxsi va uning faoliyati haqida voqea sodir bo'lganidan to hozirgi kunimizga qadar turlicha qarashlar, bir-biriga qarama-qarshi fikr-mulohazalar aytilib kelindi.

Tarixiy manbalarda yozilishicha, “Chor Rossiyasi ma'murlari, harbiylar,   siyosatdonlar o'zlarining ko'plab hisobotlarida, matbuot (“Mir bojiy”, “Russkiy invalid”, “Pravitelstvennыy vestnik” va bosh­qalar) sahifalarida bu qo'zg'olon haqida qator munosabat-xabarlar bildirganlar.

Risola va dissertatsiyalar (V.Salkov. “Andijon qo'zg'oloni”, Qozon, 1901; I.Kuznesov. “Markaziy Osiyo­­da sivilizatsiya va tillar kurashi”. Parij, 1913 y.), hatto Vladimir Ulyanov (“Imperializm daftarlari”) va boshqalar o'z asarlarida Andijon voqeasini tahlil qilishgan. Aytaylik, Vladimir Ulyanov Shveysariyada bo'lib turgan (1916 y.) vaqtida yozgan “Imperializm daftarlari” va boshqa asarlarida ushbu qo'zg'olonni ijobiy va salbiy jihatdan baholovchilar bo'lgani haqida ma'lumot bergan.

V.Ulyanov o'zining yuqoridagi asarida bu qo'zg'olonni “Diniy niqob ostida siyosiy norozilik ro'y berishi… o'z taraqqiyotining ma'lum bosqichida hamma xalqlarga ham xos bo'lgan hodisadir”, deya talqin qilgan.

Sho'rolar zamonida 1898 yilgi Andijon voqeasini to'g'ri, haqqoniy yoritishni Andijon farzandi, jadidchi, publitsist va olim Fozilbek Otabek o'g'li boshlab berdi. Uning “Dukchi Eshon voqeasi” (Samarqand, 1926) kitobida chorizmning istibdodi va unga qarshi ko'tarilgan milliy ozodlik harakatlari dalillar asosida o'zining yorqin ifodasini topgan. Fozilbek Otabek o'g'li o'tgan asrning 20-yillar tarixshunosligida birinchi bo'lib, 1898 yilgi Andijon qo'zg'olonining rahbari Muhammad Ali Eshon shaxsi va uning faoliyatini xolis baholab, o'z fikr­larini zamondoshlar guvohliklari asosida ishonarli tarzda isbotlab bergan edi.

Afsuski, xuddi o'sha vaqtda Andijon voqeasi tarixan xolislikdan yiroq, xaspo'shlangan va bir yoqlama tarzda baholangani ham ma'lum. Bu o'rinda Sangzodaning “Revolyutsiya v Sredney Azii” jurnalida (Toshkent, 1928y) e'lon etilgan “K 30 letiyu Andijonskogo vosstaniya 1898 goda” maqolasini eslash mumkin. U Andijon qo'zg'olonini shunday ta'riflagandi: “Ob'yektiv olganda bu qo'zg'olon nimaga olib kelar edi? Haqiqatan ham u chorizm poydevoriga zarba berdimi? Ha, bu to'g'ri, lekin shu bilan birga 1898 yilgi qo'zg'olon kapitalistik munosabatlar rivojiga halaqit berardi, bu esa birinchisi kabi muhim ahamiyat kasb etadi”.

Ba'zi bir “o'rtoqlar” qator holatlarga ko'ra, uni reaksion qo'zg'olon deb baholaydilar va shu zahotiyoq inqilobiy tomonlarini ham qistirib o'tadilar. Yana boshqalar esa uni inqilobiy qo'zg'olon deb hisoblaydilar, chunki unda dehqonlar va omma ishtirok etgan edi. Yana boshqalar esa bu qo'zg'olon ob'yektiv ravishda chorizm asoslariga zarba berganligini ro'kach qiladilar…

Barchamizga oydek ravshanki, qaerda bosqinchilik, zulm, istibdod bor ekan, u yerda haqiqat, adolat, erk, milliy ozodlik uchun kurash bo'ladi, o'z haq-huquqini tanish uchun, ona tuprog'ini ozod va hur ko'rish uchun xalq harakati bo'lishi tabiiy hol, albatta. Shu ma'noda tarix sahifalarida “Andijon qo'zg'oloni” nomi bilan mashhur ushbu kurash jadidchilik harakatining ulkan namoyandalaridan biri mingtepalik Muhammadali Eshon — Dukchi Eshon boshchiligida 1898 yili 17 maydan 18 mayga o'tar kechasi tunni yoritgan chaqmoq misoli yuz beradi.

Ming afsus, qo'zg'olon bobomizning orzu-umidlari och-yupun xalqning kurashdagi tajribasizligi, o'qotar qurollarining ozligi, tashkilotchilikning yetarli olib borilmaganligi, qolaversa, aholi orasidan chiqqan ba'zi bir sotqin kimsalarning “Oq posh­­sho” malayiga aylanganligi bois ayovsiz bostiriladi.

“Mana senga, Marhamat!”

Shundan so'ng ertasiga, 1898 yil 19 may kuni kechasi soat 23 lar chamasida Izboskan noibi Og'abekov o'z yigitlari va xalq xoini Qodirqul mingboshi yordamida Yettisuv viloyatiga o'tib ketish uchun Chorvoq qishlog'idagi toshko'prik oldida adashib qolgan Muhammadali Eshon, uning so'pisi Hojimat va eng yaqin muridi Subhonqulni tutib olib kelishadi. Andijon hibsxonasida chorizm tergovchilari ko'plab guvohlarga “mana shu kishi Eshonmi?” deb qayta-qayta so'raydi, Asaka noi­­bi Sohib Yenikeevga “bu kishi, haqiqatdan ham, o'sha Muhammadali eshonmi?” deb ko'rsatishadi, Tuproqtepadagi dor tagiga to'plangan shahar aholisiga “Eshon shumi?” deb murojaat qiladilar. Bu so'roqlar, albatta, Dukchi Eshon taqdiriga yaqindan qiziqqanlarni ajablantirishi tabiiy. Sababi gap Dukchi Eshon haqidagi boshqacha ma'lumotlarning ham mavjudligidadir. Andijon qo'zg'oloni bo'lgan kechasi, 1898 yilning 17 may kuni yarim tunda Mingtepaning “Gar-gar” qishlog'ida yashab o'tgan, ya'ni To'raqul eshonga turmushga chiqqan Shakaroyimnikiga oq otda Muhammadali Eshon kirib keladi. Chunki ular aka-singil edilar. Eshon qo'zg'olon haqida gapira turib, dushmanlarga kuchi yetmaganini afsus-nadomat bilan so'zlab beradi.

Bu suhbat haqida esa Shakaroyimning chevarasi 90 yoshni qoralagan Kimsanboy ota 1992 yilda bo'lib o'tgan suhbatimizda aytib bergan edilar. Mingtepaning “Yangi qishloq” mahallasida yashagan amakisi Yo'ldoshboy, Abdukarimlar ham otaning yuqoridagi fikrlarini tasdiqlagan. Bu albatta, tarixiy manbalarda “Dukchi Eshon osib o'ldirilgan” degan ma'lumotlarni o'qigan bizlarni o'ylantirib qo'ygandi. Har ikki otaxonning so'zlariga ko'ra, Shakaroyim xonadonidagi   “tuya sandiq”ning orqa taxtalari olib tashlanib, uning ichiga Muhammadali Eshonni ko'rpaga o'rab berkitganlar va ikki-uch kun saqlashganlar. So'ngra 3-4 otliq kishilar kelishib, Oloy orqali Qoshg'arga,   ya'ni Eshonning onasi Asalbibining yurtiga olib ketishgan.

Savol tug'iladi, unda dorga osilgan kim edi?

Ma'lumotlarga ko'ra, Eshonning o'rniga uning andijonlik muridi, eng yaqin mirzosi avvaldan o'ris­larni har ehtimolga qarshi chalg'itib, “Men Muhammadali Eshonman” deb aytishga tayyorlab qo'yilgan qiyofadoshi osib o'ldirilgan. Bu esa, har qanday eshitgan insonni taajjubga soladi. Qo'zg'olon vahshiylarcha bostirilgach, hammasi bo'lib, 8 nafar odam dorga osilgan.

Shu o'rinda tarix fanlari doktori, professor Rustambek Shamsutdinovning “Qatag'on qurbonlari. Xotira kitobi”ning birinchi bo'limi va boshqa kitob­lariga kiritilgan Andijon voqeasi va Dukchi Eshon haqidagi ayrim ma'lumotlarni e'tiboringizga havola qilamiz.

“Muhammadali Eshon tomonidan ko'tarilgan qo'zg'olonning natijasi bo'lgan 18 may kungi Andijon lageriga qilingan xiyonatkor hujumga qarshi o'ch olish bo'yicha birinchi harakat bugun amalga oshirildi — ya'ni dorga osildilar.

  1. Eshon Muhammadali xalfa Muhammad Sobir o'g'li.

…. Qatldan so'ng chorak soat o'tgach shifokor ularning o'lganini tasdiqladi…

… Qatl etilganlarning jasadi kechgacha osilib turdi…”

Ming taassufki, bu borada Bobur nomli xalqaro jamoat fondi hamda Andijon qo'zg'oloni bo'yicha ko'p­lab tadqiqotlar olib borgan va bu haqda bir necha kitoblar chop etgan tarix fanlari doktori, professor Rustambek Shamsutdinov rahbarligidagi “Meros” xalqaro ilmiy-amaliy ekspeditsiyasi jamoat fondi ham yetarlicha e'tibor qaratmagan­liklari bois, Dukchi Eshonning osilmaganligi, balki Tojikis­tonda yashab o'tganligi haqidagi yangi ma'lumot vaqtliroq o'rganilmadi.

Mag'lubiyatga uchragan Andijon qo'zg'olonidan so'ng uning fojiasi uzoq davom etdi. Hatto tarixni o'zgartirdi. Sababi yuzlab begunoh odamlar otib tashlandi, ko'plab yurtdoshlarimiz o'z yurtidan badarg'a qilinib, chor Rossiyasining turli, olis yurtlariga surgun qilingan. Dukchi Eshonning 81 yoshlik onasi Asalbibi, oila a'zolari — Tojibibi Maqsudhoji qizi va uning ikki qizi Ne'matposhsho va Hamrobibi, Isnorabibi Abdujalil qizi va uning o'g'li Abdujalil, Ruqiyabibi Ismoil qizi va uning o'g'li Abdurahim, shuningdek, akasi Muhammadsoqi va uning o'g'li Musurmonqul Penza guberniyasiga 6 yilga surgun qilinadi.

Boz ustiga, Chor ma'murlari va harbiylari o'sha yili 13 iyun kuni kechki payt zambarak va miltiqlar bilan qurollangan batalon askarlarini Mingtepa qishlog'iga kiraverishga o'rnashtirib, ertasi kuni tong saharda Mingtepani janub tomondan to'pga tutib kultepaga aylantiradi. Qishloqning bor imoratlari mahalliy mardikorlar tomonidan buzdirib tashlanadi. Shu alpozda 15 kun odamlarni majburan ishlatib Mingtepa qishlog'i va unda yashovchi 780 oilaning uy-joylari tep-tekis qilinadi. Dukchi Eshon masjidi, xonaqohi va hovlilari ham tamoman buzib tashlanadi.

Tep-tekis qilingan, aholisi “qatliom”ga duchor bo'lgan Mingtepa qishlog'ining maydoni Marg'ilon va Andijondan chaqirilgan muhandisu yer o'lchaydiganlar tomonidan qisqa muddatda to'lig'icha qaytadan rejalashtirilib, yangi ko'chalarning tarxi olinadi. Shundan keyin oz fursat ichida Mingtepa va Tojik qishloqlari o'rnida 450 xonadonga mo'ljallangan (ba'zi manbalarda 200 xonadon) yangi o'rischa pos­yolka qurilib bitkaziladi va unga “Marhamat” degan nom beriladi. Bu yerga Rossiyaning Saratov, Samara hamda Ukrainaning Xarkov shaharlaridan fuqarolar olib kelib joylashtiriladi.

Dukchi Eshonga nima bo'lgan edi?

1992 yil kech kuzida Mingtepaga Dushanbe shahridagi tibbiyot oliygohi talabasi, asli So'g'd viloyati (Xo'jand), Asht tumani, Qalam qishlog'i, Rahimjon Tursunov ko'chasi, 2-uyda yashovchi Zokirjon Ro'ziyev keladi. Uning bu yerga tashrifidan maqsad Tojikistonning Tavildarasida yashovchi Dukchi Eshonning nabirasi Karim mahsum Zokirjonga Mingtepada qarindoshlari bor-yo'qligini bilib kelishni topshirgan ekan. U “Gar-gar” qishlog'idagi Kimsanboy ota, “Yangi qishloq”dagi Yo'ldoshboy tog'a hamda Xakka qishlog'idagi Abdurahim mahsum qizi bo'lmish Anorxon aya xonadonlarida bo'ladi. Shuningdek, Anorxon ayaning opasi Ortiqbuvi kelin bo'lib tushgan Qirg'iziston Respublikasi O'sh oblasti, Novqat tumani, Ko'kjar qishlog'idagi qarindoshlarinikiga ham boradi.

Zokirjonning tashrifidan to'rt yil o'tib, 1996 yil 30 noyabr-2 dekabr kunlari Tojikistonning Tavildarasidan Dukchi Eshonning o'rtancha o'g'li bo'lgan Abdurahim mahsumning o'sha yurtdan uylangan xotinidan tug'ilgan farzandi 72 yoshli Karim Eshon o'zining ikkinchi o'g'li Mahmudullo va bizga tanish Zokirjonni birga olib, Mingtepaga keladilar. Ular avval O'shdagi qarindoshlarini ziyorat qilib, so'ngra Marhamatga kelgandilar.

Uch kunlik tashrifi davomida Karim Eshon yuqorida nomlari tilga olingan qarindoshlarinikida bo'lib, bobosi Dukchi Eshon 1898 yilgi Andijon qo'zg'olonidan so'ng yashirinib, Qoshg'arga ketgani, 6-7 yil yashab, undan so'ng Qoshg'ardan Pomir tog'lari osha Jilg'atol orqali Tavildara qishlog'iga qaytganini, to 1933 yil 25 noyabrgacha shu qishloqda yashaganini va 78 yoshida vafot etganini aytib beradi.

Vo ajabo?! Bu qanday yangilik bo'ldi? Demak, uning o'rniga chorizm ma'murlari   qiyofadosh muridini urib-kaltaklab, “Eshon shumi, Eshon shu” deya bo'yniga qo'yib, osishgani rost ekan-da! Oradan 100 yil o'tib bu gap-so'zlar chiqsa-ya?! Shubhasizki, bo'lib o'tgan bu suhbatlar bizlarga tinchlik bermay qo'ydi. Chunki bu ma'lumot mabodo o'z tasdig'ini topsa, chinakamiga barcha yurtdoshlarimizni hayratga solishi tabiiy-da! Buning uchun esa   yangilik haqiqatmi yoki yo'q, buni isbotlash, xalqimizga asl voqelikni boricha yetkazish zarur edi.

Dukchi Eshon izidan…

Va nihoyat, 2019 yili 14-16 noyabr kunlari Zahiriddin Muhammad Bobur nomli xalqaro jamoat fondi tomonidan xalqaro ilmiy ekspeditsiya uyushtirildi. Uning asosiy maqsadi Dukchi Eshon haqidagi ma'lumotlarni to'plash, Qirg'iziston va Tojikistondagi Eshon avlodlarining manzillarini aniqlashdan iborat edi. Ekspeditsiya Bobur nomli xalqaro jamoat fondi raisining o'rinbosari Rustamjon Mamasoliyev, jurnalist Obidjon Mahmudov, fond haydovchisi Soyibjon Azimovlardan iborat bo'ldi.

Dastlab Eshonning O'ratepa, Dushanbe, Kulob viloyatlarida yashovchi qarindoshlari hamda Dushanbe shahri, Temiryo'lchilar tumani, Mirzabek posyolkasi 2-tor ko'cha, 44-45-46-uylarida, shuningdek, “Mavloniy gumbazi” mahallasida yashovchi Karim Eshon va Saidjon Eshon farzandlari haqida ma'lumotlar to'plandi.

Shuningdek, So'g'd viloyati, Asht tumani, Qalam qish­log'idagi Zokirjon Ro'ziyev xonadonida bo'lindi. Zokirjonning onasi Gulshahar aya bilan muloqotda o'g'li Dushanbeda o'qib yurgan 1991-1997 yillarda Dukchi Eshon yashab o'tgan va nabirasi Karim Eshon yashaydigan mahallada ikki marta bo'lganini aytib berdi.

Haqiqat… sinmaydi!

Dukchi Eshon izidan yana yangi ma'lumotlarni to'p­lash, aniqlash zarur edi. Shu boisdan uning izidan Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyasining ikkinchi safari 2022 yilning 14-19 yanvar kunlariga belgilandi. Biz, ekspeditsiya a'zolari Andijondan chiqib, Qo'qon, Konibodom, Xo'jand, Astrafshan (O'ratepa), Dushanbe yo'nalishi bo'ylab safarni “Jip Lend-kuruzer” rusumli, 60 023 MAA davlat raqamli avtomashinasida boshladik. O'ratepaga borgach, Shahruston va Anzob dovonlari orqali og'ir va nihoyatda murakkab yo'llarini bosib, Dushanbe shahriga kirib bordik. Nihoyatda horiganimiz sabab shahardagi “Oriyo” mehmonxonasida tunashga qaror qildik.

Ertasi kuni ertalab nonushtadan so'ng Temiryo'lchilar tumani sari yo'l oldik. Keta ketguncha odamlardan so'rab surishtirib, Mirzabek dahasiga kirib bordik. Bizning kelayotganimizdan xabar topgan Dukchi Eshon avlodlari benihoya xursandchilik bilan kutib oldilar. Samimiy tanishuv, iliq suhbatlar xonadonlarida davom etdi. Dasturxon atrofida Rahimov Abdullajon Saidjonovich, Rahimov Saidjalol Saidjonovich, Rahimov Mahmudullo Abdukarimovich, Razzoqov Qismatillo Abdurazzoqovich va ularning farzandlari jam bo'lishdi. O'tmish bizni birlashtirgani, har birimizning niyatimiz Dukchi Eshon haqidagi haqiqatni aniqlash ekanini bildirib, ulardan zarur ma'lumotlarni yig'a boshladik.

Ammo vaqtimiz tig'izligi bois muloqot qisqa bo'ldi. Biz Dukchi Eshon hazratlarining yaqin qarindoshlari bilan samimiy suhbatlashdik. So'ng Karim Eshonning o'g'li Mahmudullo yo'lboshchiligida Tavildara tomon yo'lga otlandik. Ko'zlangan manzil esa Karim Eshonning turmush o'rtog'i, 94 yoshli Mohinav aya va uning to'ng'ich o'g'li Abdusalom mahsum yashayotgan “Layroni bolo” (“Baland joy”) qishlog'iga og'ir mashaqqatli yo'llar bilan yetib bordik. Sababi, Tavildara (Uzun dara) degan joy dengiz sathidan 3-3,5 ming metr balandlikdagi qorli tog' va bir tomoni esa nihoyatda chuqur daradan iborat manzil ekan. “Obi garm” daryosi bo'ylab   birgina mashina sig'adigan yo'ldan bir amallab, 15-20 qishloq oralab o'tish zarur edi. Buning ustiga yo'l qalin qor bilan qop­langan, tor, sirpanchiq va o'ta xavfli bo'lgani uchun xizmat avtomashinamizni “Arzonqul” mahallasi hududida qodirishga to'g'ri keldi.

Bizni ota uyiga boshlab borayotgan Mahmudullo qo'shni “Laylai   poyon” mahallasida yashovchi Nazirjon Odinayevni telefon orqali chaqirdi. U bir soatlar chamasida “Musso” yengil avtoulovida bizlarni olib ketish uchun yetib keldi. Harqalay, bu yerliklar o'z yo'llarida qanday harakatlanish kerakligining hadisini olishgan-da. Buni ham tan olish kerak.15-20 km. yo'l bosib va nihoyat Dukchi Eshon huj­rasi hamda akasi Abdusalom va onasi Mohinav aya yashaydigan uy oldiga yetib bordik, u chuqur soyning narigi betida ekan. Biz avtomashinadan tushib, qolgan masofani piyoda bosib o'tdik.

Tun qorong'usida fonar yoqib, bizlarni kutib turgan Abdusalom aka bilan ko'rishgach, ekspeditsiya a'zosi Vahob Rahmonni o'z roziligi bilan shu yerda qoldirib, bizlar Nazirjonning uyiga qaytdik. Uning uy mehmonxonasida tunagach, ertalabki nonushtadan so'ng to'g'ri “Layroni bolo” qishlog'ida joylashgan Mavloniy qabristoniga bordik. Abdusalom va ukasi Mahmudullo jiyanlari bilan qorni surib, yo'lak ochib qo'yishgan ekan. Shu yo'lakdan yurib temir panjaralar bilan o'ralgan qabristonning eshigidan kirdik. Bizni Abdusalom aka qabristonning shundoqqina tepa qismiga dafn etilgan bobosi Dukchi Eshon va u bilan yonma-yon yotgan otasi Karim Eshon qabrlari oldiga boshlab bordi. Shu yerda ul zotlarning haqiga Qur'on tilovat qilindi. Har ikki qabr oddiygina qilib pishiq g'ishtdan o'rab qo'yilgan edi.

Dukchi Eshon hujrasi

Qabristondan qaytar ekanmiz, Muhammadali Eshon bobomiz ya'ni Dukchi Eshon bobomiz o'z qo'li bilan qurgan hujra va unga yaqin joyda Karim Eshonning uyi shundoqqina ko'rinib turar edi. 80-100 metr chamasidagi qor yo'lakdan bizlar eshakka minib o'tib, to'g'ri Dukchi Eshon hujrasi oldida to'xtadik. Abdusalom va ukasi Mahmudullo jiyanlari bilan birga bizlarni hujraga taklif qildilar. Dukchi Eshon huj­rasi hozirda yo'qlab kelganlar uchun mehmonxona, jigarbandlar uchun esa masjid vazifasini o'tar ekan. Ularning gap-so'zlariga qaraganda, har yili Mohi Ramazon va Iyd-Qurbon kunlarida shu mahallada yashovchi 15 xonadon a'zolari to'planib, shu yerda o'tgan ajdodlari ruhiga Qur'on tilovat qilishar ekan. Suhbat asnosida Abdusalom akaning do's­ti va qudasi Mirzarahmon aka va boshqa mahalla oqsoqollari bo'lib o'tgan tarixiy voqealarni batafsil so'zlab berdilar. Ularning gapiga qaraganda, Dukchi Eshon Qoshg'ardan, sharqiy Turkiston zaminidan Pomir tog'lari osha Jilg'atol orqali Tavildaraga 1905-1906 yillarda bir o'zi kelgan ekan. O'shanda bu yerdagi “Borshid” qishlog'ida yashovchi oqsoqollar uni kutib olgan va shu qish­loqdagi masjiddan joy bergan ekan. Dukchi Eshon boboga uy-joy qurish uchun yer ajratishgan. Uy qurib bo'lingach, O'ratepadagi qarindoshlarining qiziga uylanib, bola-chaqali bo'lib, shu yerda umrlarining oxiriga qadar yashab o'tibdilar. Shuningdek, mahalladan 15-16 km. uzoqlikda “Hazrati Mavloniy” masjidi joylashgani va undan 5-6 km. narida esa dunyoga ma'lum va mashhur bo'lgan “Hazrati Burg'” ziyoratgohi borligini faxr iftixorga to'lib so'zlab berdi.

Hujradan chiqar ekanmiz, Abdusalom akaning katta o'g'illari va qiz nabiralari momosi Mohinav ayani biz bilan salom-alikka qo'llarida ko'tarib, qorli yo'lakchaga stul qo'yib o'tqazishdi. Onaxon duoga qo'l ochib, qish chillasida yo'qlab kelganimiz uchun bizni va barcha yurtdoshlarimiz haqiga duo qildi. Mohinav aya bilan zarur va qizg'in suhbatlar qilindi. Shundan so'ng onaxon va farzandlari bilan xayrlashib, Dushanbe shahriga qaytdik.

Yo'l-yo'lakay bizlarga bu yurt haqida ko'p yangilik­larni aytib kelayotgan yo'lboshlovchimiz Mahmudullo “Bu yerdagi aholi Tavildarani Tojikistonning “Sibiri” deb atashadi”, dedi. Bu gapda jon borligiga tashrifimiz davomida to'la iqror bo'ldik.

Manzillarni ortda qoldirib, kech soat 22:30 larda Temiryo'lchilar tumanidagi Abdullajon Saidjon o'g'lining uyiga yetib bordik. Bir piyo­­la choy ustida dildan suhbat qurildi. Bu bizning ushbu safardagi Dukchi Eshon avlodlari bilan so'nggi diydorlashuvimiz edi. Chunki safarimiz nihoyasiga yetmoqda edi. Ular bilan samimiy xayrlashdik. Kech soat birlar chamasida shahardagi “Dushanbe” mehmonxonasida tunash uchun qoldik. Ertalab nonushta qilib bo'lgach, tekis va ravon Dushanbe, Zarafshon, Sadriddin Ayniy, Shahriston yo'nalishi bo'ylab, chegara postidan O'zbekiston hududiga eson-omon o'tib oldik. Denov, Qarshi, Samarqand, Jizzax, Guliston, Bo'ka orqali Olmaliq shahridan to'g'ri Qamchiq dovoniga ko'tarildik. “Oltin vodiy”ga, uning gavhari bo'lmish jon Andijonimizga 19 yanvar kuni kechga yaqin yetib keldik. Shunday qilib, 125 yilga yaqin vaqt o'tib, kutilgan orzu niyatlar o'z ro'yobini ko'rsatganidan barcha ekspeditsiya a'zolari benihoya xursand edik. Mingtepalik avliyo, tarixiy “Andijon qo'zg'oloni”ning tashkilotchisi va rahnamosi, vatan ozodligi va hurriyati yo'lida Chor Rossiyasi bosqinchilariga qarshi kurashga xalqini boshlagan ulug' jadidchi bobomiz Dukchi Eshon haqidagi tarixiy haqiqat va adolat o'z isbotini topdi. Endilikda ul zot haqida bugunga qadar yetib kelgan turli yuzaki, chala ma'lumotlar, uydirmalar va bo'htonlarga chek qo'yilishi zarur!

Demak, maqolamiz avvalida ta'kidlaganimizdek, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning Andijon zaminiga tashriflari chog'ida “Buyuk tarixda hech narsa izsiz ketmaydi. U xalqlarning qonida, tarixiy xotirasida saqlanadi va amaliy ishlarida namoyon bo'ladi. Shuning uchun ham qudratlidir.   Tarixiy merosni asrab-avaylash, o'rganish va avlodlardan avlodlarga qoldirish davlatimiz siyosatining eng muhim, ustuvor yo'nalishlaridan biridir” deb aytgan adolatli so'zlari bizlar uchun bamisoli mayoq bo'lmog'i darkor.

1898 yil 17 may kuni Andijon shahrida bo'lib o'tgan xalq milliy ozodlik harakatining tashkilotchisi va rahnamosi Muhammadali Eshon Sobir Xalfa o'g'li — Dukchi Eshon hazratlari dorga osilmagan! Aksincha ul zot 1933 yili noyabr oyining 25-sanasida 78 yoshlarida boqiy dunyoga rixlat qilganlar. Alloh taolo hazrat bobomizni o'z rahmatiga olgan bo'lsin!

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi tasarrufidagi xalqaro ilmiy tarixiy ekspeditsiya a'zolari safarlari davomida Dukchi Eshon o'z umrini Pomir tog'lari orasida Tavildara qishlog'ida o'tkazgan davrida muqaddas islom dini qadriyatlarini, dunyoviy ilmu ma'rifatlarini, axloqiy tarbiyani u yerda yashagan aholining qalbiga, jismu joniga singdirib ketganligiga amin bo'ldik.

Negaki, buyuk ajdodlarimizdan biri Bahouddin Naqshbandiyning “dil ba yoru dast ba kor” degan ­g'oyasining amaliy ifodasini Tavildara qishlog'i xalqida ko'rdik. Darhaqiqat, hammaning qalbida va zikrida Alloh, qo'li esa mehnatda. Barchalari halol rizq terib, kun kechirmoqdalar ekan.

Dukchi Eshon yashab o'tgan “Layroni Bolo” qishlog'igacha 200 ga yaqin qishloqlardan, mashaqqatli og'ir yo'llardan o'tib bordik. Yo'laklarni qalin qordan tozalayotgan yosh bolakaylardan tortib, qo'lida hassa tutgan nuroniylargacha bizlarga samimiy nigoh bilan qarab, “Assalomu alaykum birodari aziz, xush omaded”, deya qo'lini ko'ksiga qo'yib, kutib oldilar.

Dukchi Eshon boshchiligidagi Andijon qo'zg'oloni   Chor Rossiyasi ma'murlari va harbiylari tomonidan vahshiylarcha bostirilib, Mingtepa o'lkasi tag-tugi bilan yakson qilinib, xalqi qatliom etilib, uylari, masjid-madrasalari buzib tashlanib, shaxsiy kutubxonasida mavjud bo'lgan 300 ga yaqin diniy va dunyoviy asarlarni, shu jumladan, “Ibrat-ul g'ofiliyn” asari va unga kiritilgan ko'plab g'azallari-baytlari, shuningdek, shaxsiy mirzosi bo'lgan “Osiy” taxallusi bilan ijod qilgan muridi tomonidan yozilgan 168 varaqdan iborat “Dukchi Eshon maqomati” asari musodara qilingan bo'lsa-da, ularning barchasi hozirgacha yetib kelgani bizning baxtimizdir. O'zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining qo'lyozma asarlar bo'limi boshlig'i, taniqli olim, tarix fanlari doktori Mahmud Hasaniy hazratlarining aytishicha, Dukchi Eshonning hamma asarlari saqlangan va qiziquvchi o'quvchilarga xizmat qilib kelmoqda.

Ha, yuqorida ta'kidlaganimizdek, “Andijon qo'zg'oloni”ning boshlig'i bo'lgan Dukchi Eshon haqida 125 yil davomida noxolis fikrlar, Chor Ros­siyasi va keyinchalik hukm surgan Sho'rolar mafkurasi hamda zo'ravonlikka asoslangan g'oyalar ta'sirida yozilgan asarlar, “yollanma adabiyotshunoslik” mualliflarining materiallari, chala haqiqat va bir yoqlama, turli hadiklar bilan sug'orilgan va bizgacha yetib kelgan ma'lumotlardan endi butunlay voz kechish kerak. Zotan, tariximizni bor bo'y-basti bilan faqat rost ko'rsatish va avlodlarga ham haqiqatni meros qilib qoldirish burchimizdir.

Kelgusi 2023 yili Dukchi Eshon boshlagan “Andijon qo'zg'oloni” bo'lganiga 125 yil to'ladi. Biz — Bobur nomidagi xalqaro ilmiy ekspeditsiyasi a'zolari Tojikiston davlatining Pomir tog'lari orasidagi Tavildara hududidagi “Layroni bolo” qish­log'ida joylashgan Mavloniy qabristonidan Dukchi Eshonning qabridan hoki poyini olib kelib, u tug'ilgan Mingtepa yurtiga qo'yishni rejalashtirdik. Shu maqsadda yangi ekspeditsiya safari 2022 yilning iyul oylariga mo'ljallanmoqda. Pomir tog'lari oralig'idagi Tavildara qishlog'iga yana borish rejalashtirilgan.

O'z navbatida Marhamat tumani hokimligi, tuman ziyolilari, keng jamoatchilik vakillarining nomidan tumanning tarixiy nomi – Mingtepani qaytarish bo'yicha taklif tayyorlab, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga olib chiqishlarini istardik. Bu borada Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonovdan bizga hamfikr bo'lishini kutib qolamiz.

Zotan, ulug' va shonli tariximizni bor haqiqati bilan qayta tiklash, kelajak avlodning ongu shuuriga yetkazish oliy saodatdir.

Zokirjon MAShRABOV,

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi raisi,

O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan

madaniyat xodimi, tabiatshunos olim,

ekspeditsiya rahbari.

Vahob RAHMONOV,

filologiya fanlari nomzodi, dotsent,

ekspeditsiya a'zosi.

Obidjon MAHMUDOV,

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy

uyushmasi a'zosi, publitsist,

ekspeditsiya a'zosi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × four =