Ona jasorati
Inoyat Abdusoatovani butun umri televidenieda o'tdi. Dastlab ishga kelganida yoshgina qizcha edi. Mehnati davomida yuqori cho'qqilarga chiqqani haqida satrlar bor, xolos.
Jamoada ishchan, g'ayratli, izlanuvchi xodim, eng muhimi, o'ta kamtar, xokisor, sadoqatli ayol sifatida tanildi. Turmush o'rtog'ini ham shu jamoadan topdi, aniqrog'i, Hikmat Abdusoatov (u ham umri shu dargohda o'tib, nafaqaga chiqqan rejissyor) muloyim, kamtar, kamsuqum Inoyatni ko'rib qoldi-yu, uylanmaguncha qo'ymadi.
Olti farzandli bo'lishdi.
Ular hayotida bo'lib o'tgan bir voqea onalik mehrining naqadar buyuk qudratga, da'vat kuchiga ega ekanligini namoyish etdi.
Sho'rolar davri edi. Ularning o'g'li Ulug'bek harbiy xizmatga chaqirildi-yu, Osiyo qit'asining eng shimoliy nuqtasi—Taymir yarim orolining Dikson shaharchasiga jo'natildi. Taymir nima-yu, Dikson qaerdaligini Ulug'bek qaerdan bilsin. Borgandan keyin bildi. Arktika mintaqasining shimoli, yozda 2 hafta davomida shimoliy muz okeanining Dikson qo'ltig'ida muz erib, kimlar muzyorar yordamida bu yerga kira oladi. Mangu muzliklar, yozda bir necha oy ufqda quyosh ko'rinib, g'oyib bo'ladi. 6 oy davomida uzluksiz kecha. Sovuqni ayting! Qor bo'ronlari-chi! Yaqin atrofdagi eng yaqin shaharcha 500-600 kilometr masofada.
Ulug'bek bunaqa tabiatni ko'rmagan. Dastlabki kunlariyoq shamollab qolgan.
Onasi Inoyat iztirobda.—Nega janubda o'sgan bolasi shuncha joyga yuborildi? Onalik mehri ekan—eng qaltis ishga qo'l urdi. Moskvaga borib, sobiq SSSR mudofaa ministri marshal Ustinov huzuriga kirishga erishdi. Unga o'z arz-dodini aytib, davlat arbobining ko'nglini eritishga erishdi. Vazir Inoyatning jasoratiga qoyil qoldi. Uni mehmonxonaga joylashtirish, o'g'lini surishtirish uchun ko'rsatma berdi. Keyin Ulug'bekni Janubiy harbiy qismga o'tkazishga buyruq chiqardi.
Inoyat farzandini sog'-omon qaytishini istadi. Turli to'siq va qiyinchiliklardan so'ng, Diksonga uchib keldi. Darhaqiqat, o'g'lining harorati 40 dan oshiq, qattiq betob ekan.
Farzandini oyoqqa turg'izib, yurtga qaytarib olib keldi.
Bunaqa jasorat faqat onalarga xos bo'lishi mumkin. Arktika, Taymir, Dikson, Shimoliy muz okeani—bu iboralarning har biri kishini dahshatga soladi. Inoyat shularni yenga olgan, ularga tik bora olgan ayol bo'ldi.
Hozir shu voqealarning bo'lib o'tganiga 35 yildan oshiq vaqt o'tdi. Lekin biz hamon Inoyatning jasoratiga qoyil qolib eslab yuramiz.
Jasorat insonni eng oliy fazilatini, ichki dunyosini, intilishi kabi xislatlarini namoyon etadigan holat deb o'ylayman. Har joyda, hamma vaqt jasorat ko'rsatish mumkin. Bunga odam tayyor bo'lishi, loyiq bo'lishi kerak.
Inoyatning Diksonga qilgan safari aynan ana shunday jasorat deyish mumkin. Ona mehri tufayli sodir bo'lgan jasorat.
Anvar TOJIYEV,
faxriy jurnalist