Bir armon iztirobi
Kunlarning birida doim xushchaqchaq kayfiyatda yuradigan ukamiz, adib Temirpo'lat Tillayevni anchagina miskin holatda ko'rib hayron bo'lib so'radim:
— Ha, uka, tinchlikmi, nega bunday horg'in ahvolda yuribsiz?
— Ey, so'ramang, har-har zamonda shunday ahvolga tushib turaman, bunga ham qirq yilcha bo'lib qoldi, o'zimni-o'zim kechirolmay qolaman, dilimni unutilmas bir armon ezganday bo'laveradi, lekin bari foydasiz…
— Nima gap o'zi? Bunday tushuntirib ayting.
— Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda men asarlarini yaxshi ko'radigan jizzaxlik yozuvchi Abulqosim Mamarasulovning ustoz adib Odil Yoqubov haqidagi xotiralarini o'qib yana “dard”im yangilandi.
Abulqosim akaga havasim keldi. U kishi, har qalay, ulug' ustoz bilan necha bor ko'rishib, o'zining minnatdorchiligini aytishga musharraf bo'libdi. Xo'sh, men-chi? Mening qo'limdan esa hech bo'lmasa, “Rahmat, ustoz!” degan kalima aytish ham kelmadi. Ayting, odam deganiyam shunchalik o'r, shunchalik loqayd va shunchalar ham o'zbilarmon bo'ladimi?!
…O'shanda endigina institutni tugatib, qishlog'imdagi maktabda ishlar va bir nimalar qoralab yurardim. Yozgi ta'tilda tavakkal dedim-da, “Voris” deb nomlagan qissamni “Yoshlik” jurnaliga olib bordim. Tahririyatdagilar indamay olib qolishdi va 1987 yildagi “Yoshlik” jurnalining 8-sonida chop etildi.
Bu men uchun kutilmagan quvonchli voqea bo'lgandi o'shanda. Chor-atrofga ovoza bo'ldim. Hatto viloyat yoshlar tashkilotining mukofotini ham berishdi. Adabiy davralarda nomim tilga olinadigan bo'ldi.
So'ngra, ya'ni 1988 yilda “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasida o'sha yillarda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi bo'lgan atoqli adib Odil Yoqubovning “Karvon qo'ng'irog'i” nomli maqolasi chop qilindi. Maqolada mening asarim haqida ham quyidagi iliq so'zlar yozilgandi:
“Voris” qissasini o'qib chiqqach, men uning muallifi bilan qiziqdim. Temirpo'lat Tillayev yigirma olti yoshda ekan, qamashilik, u hozir o'zi tug'ilib o'sgan qishloqda o'qituvchilik qiladi. Yosh adib ilk asariga otalar va bolalar munosabati masalasini asos qilib olgan. Mol-dunyoga hirs qo'ygan ota yolg'iz o'g'liga tinchlik bermaydi, u baxtni boylik to'plashda deb biladi. Shuning uchun ham o'g'lini nopok yo'lga boshlaydi. Otasining tazyiqiga ko'ra o'g'li o'zini molbozorda yetim qilib ko'rsatadi, xaridorda rahm-shafqat uyg'otib, mollarni ancha qimmatga sotadi. Ayni paytda shu nohalollik uning qalbini yaralaydi, oxir pirovardida u uyidan bosh olib chiqib ketadi. Iztirobda qovurilgan bola qismati hayotiy ifoda etilganidan asar o'quvchini hayajonga soladi”.
Kutilmagan bu e'tirofning davomi bo'lib, 1989 yilda Do'rmon bog'ida tashkil etilgan Yosh ijodkorlarning respublika seminariga meni ham taklif etishdi.
Men seminarga “Quyosh soyasi” nomli naq 300 betlik mashinkada ko'chirilgan romanimni qo'ltiqlab bordim. Qo'lyozmani o'qigan adiblar Ahmad A'zam va Zohir A'lam unga yuqori baho berishib, asardagi ular ko'rsatgan juz'iy kamchiliklar bartaraf etilgach, adabiy jurnalda chop etish va meni sobiq Ittifoq Yozuvchilar uyushmasiga qabul qilish uchun tavsiyanoma yozib berishdi.
Oradan ko'pam o'tmay, meni poytaxtga — O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga chaqirishdi. Bordim. Uyushma a'zoligiga qabul bo'layotgan ekan. O'sha yillarda shu dargohda ishlaydigan To'ra Mirzo ergashtirib xonaga kiritdi. Kattakon zalda kazo-kazo shoir va adiblar o'tiribdi. To'ra Mirzo tarjimai holimni o'qib berdi. Davra to'rida o'tirgan Erkin Vohidov muloyim ovozda savol berdi:
— Qani, uka, ayting-chi, sizning ustozlaringiz kim, kimlarni o'zingizga ustoz deb bilasiz?
Men o'shanda beparvolarcha nima deb javob bergandim, bilasizmi?
— Yo'q…
— Ustozlarim… Vafot etganlardan Fyodor Dostoyevskiy va tiriklardan Chingiz Aytmatov bo'ladi! — deganman.
O'rtaga bir lahzalik noqulay jimlik cho'kdi va tuyqus ko'pchilikning yuzida masxaromuz tirjayish paydo bo'ldi…
Mening qovun tushirganimni sezdi, chog'i, oraga asli janublik bo'lgan katta bir adib tushdi:
— Hayron bo'lmanglar, bu sal adashdi, uning ustozi men bo'laman! — dedi keskir bir ovozda u.
Uning bu “himoya”sidan keyin masxaromuz tirjayishlar birdan ajablanish va bepisand xayrixohlik tuyg'usiga aylanganini, hammasidan ham bu keskir “luqma” keyingi beriladigan “savollar”ning ham unini o'chirganini o'shanda aniq sezganman.
Katta adibning o'shanda dashtlik chapaniligi tutdimi yoki meni xijolatdan qutqarmoqchi bo'ldimi, hozirgacha buning sababini bilmayman.
Lekin men u kishi bilan biror marta uchrashgan bo'lmasam-da, uning qissalarini juda yaxshi ko'rardim.
Xullas, qabul tugadi. Tashqariga chiqdim. Shu payt kimdir kelib qo'ltig'imdan tutdi. Qarasam, ToshDU (hozirgi O'zMU)da dars beradigan domla Ochil Tog'ayev ekan.
— Ey, qoyilman, uka, sozlab javob qaytarding, bunday javob berishing ularning tushiga ham kirmagandir. Bilasanmi, ular sendan boshqacha javob kutishgandi. Bilsang, sendan, Odil Yoqubov ustozim bo'ladi, degan javobni kutishgandi ular… Zo'r yigit ekansan!
To'g'risi, o'shanda bu gaplarning tag-zamiriga umuman tushunmaganman.
Ertasiga yana uyushmaga bordim. Kimdir menga hazil qilgan bo'ldi:
— Men sanoq komissiyasida edim, kichkina Temirpo'latga katta Temir Po'latov ovoz bermadi. Balki adabiyotda bitta Temirpo'latga joy bor, ikkinchisi ortiqcha deb o'ylagandir-da…
Lekin menga bu hazil malol kelmadi: kimsan, ulug' bir yozuvchi bilan baqamti turishimning o'zi men uchun katta bir gap edi.
Keyinchalik meni Odil Yoqubov yana bir bor yo'qladi: bu to'qsoninchi yilning boshida edi.
Endigina maktabga kelgan edim, xo'jalik idorasi qorovuli kelib:
— Seni ikki kundan beri bir odam Toshkentdan so'raydi. Mana, hozir ham idora telefonida seni kutib turibdi. Yur, unga seni hozir topib kelaman dedim, — dedi hovliqqancha.
Qorovulning ortidan ergashdim. Maktab bilan xo'jalik idorasi yonma-yon edi.
Telefon go'shagidan kelayotgan ovozni tanidim. U “Yoshlik” jurnali bosh muharriri o'rinbosari edi.
— Temirpo'lat, imkon topib Toshkentga keling… Sizni ustoz Odil Yoqubov yo'qlayapti… — dedi biroz hayajonli tovushda.
— Uzr, aka, men darsimni tashlab Toshkentga borolmayman…. Yozgi kanikul bo'lsin, o'taman Toshkentga… — dedim uning tuyqus bu taklifiga nima deb javob berishni ham bilmay.
O'shanda muharrir o'rinbosari mening bu gaplarimga nima dedi, bilmayman, lekin aniq yodimda qolgani — u men bilan xayr-xo'sh qilayotib uzun uf tortib yuborgan edi.
Xullas, men aytganimni qilib, yozgi kanikulda Toshkentga bordim. Muharrir o'rinbosarini topib, ustozning oldiga yo'l oldik. Yo'l bo'yi u menga “aytilgan vaqtida kelmay noto'g'ri qilganimdan” yozg'irib bordi.
Ustozning qabulidan noumid qaytdik: ustoz deputatlik ishi bilan Moskvaga ketgan edi.
Yana ikki marta ustozga uchrashish maqsadida, bir choraklik ta'tilda, yana bir yozda Toshkentga bordim. Lekin ikkalasida ham Odil Yoqubov bilan yuzma-yuz ko'rishish baxti mendan yuz o'girdi.
Ustoz birida Parijga, ikkinchisida Qirg'izistonga — “Issiqko'l” forumiga ketgan edi.
Xullas, menga u kishi bilan uchrashish va bir og'iz “Rahmat, ustoz!” degan so'zni aytish nasib etmadi.
Adibning kuyinib aytgan so'zlarini tinglar ekanman, xayolimdan bir gap lip etib o'tdi: “Ha, o'ttiz besh yildan beri ukamning nega yozganlarini e'lon qilmay yurganining sirini va sababini topdim, shekilli…
Bu ulug' yozuvchi Odil Yoqubovning samimiy e'tirofi va adib Temirpo'lat Tillayev zimmasidagi ishonch va mas'uliyatning zalvori emasmi?” deb o'ylayman.
O'rolboy QOBIL,
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.