“Obkom taqsir”

Suratda: (chapdan) O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan san'at arbobi Nosir Otaboyev, “Obkom taqsir” Zaylobiddin Saidmuxtorov, Marg'ilon musiqali maqom teatri direktori Foziljon Ismoilov.

Marg'ilon shahri “Bahrin” mahallasi. Mustaqillik shoh ko'chasi, 168-uy. Bu xonadon qachon qurilganini bilmayman-u, ammo ancha qadimiy. Fayzli mahallaning pastakkina uylari shu qadar soddaki, ko'rib, uzoq moziyga qaytgandek bo'lasiz. Devorlari guvaladan, suvoqlari loydan. Xonadon a'zolari yuz yillarning naryog'idagi ro'zg'or anjomlaridan ham foydalanishadi. O'tgan asrlarni eslatib turadigan bu uyda tabarruk bir inson yashab o'tgan. Uni hamma “obkom taqsir” deb atashardi. Nafaqat Marg'ilonda, Farg'ona atroflarida ham bu nomni yaxshi eslashadi.

“Obkom taqsir” olamdan o'tguniga qadar o'ttiz yillardan ortiq u kishi bilan duoi salom qilib yurganmiz.

Odatiga ko'ra u ertalabda Marg'ilonning mashhur “O'ram samovar”idagi so'rida o'tirardi. Rahbarmi, ziyolimi, oddiy ishchi-dehqonmi, bu odamdan duo olishardi. Ixlos qilganlar qo'lida pul bilan ham so'rashishardi. Kamina ham Farg'ona vodiysiga xizmat safarigami, tug'ilgan yurtim O'shgami boradigan bo'lsam, avval, albatta, “Obkom taqsir”ni ko'rgani borardim. Meni ko'rishi bilan baland ovozda nomimni aytib, “bormisan?” deb xursand bo'lib ketardi. Vaqting bormi, deb so'rab ham o'tirmasdi, meni to'g'ri “Satkak ota” ziyoratgohiga olib borardilar. Hovuzlarga non burdalarini tashlab, g'uj-g'uj baliqlar non talashib suzishini tomosha qilardik. Ziyoratgoh hududidagi jamoa xo'jaligi rahbarining “Obkom taqsir” borsa ochiladigan xosxonasida bir chimdim osh ustida bir-ikki soat dardlashib o'tirardik.

Basavlat kishi edi. Boshida Marg'ilon do'ppisi, yelkasida oppoq durra bo'lardi. Bir safar Quvasoy shahri orqali Qirg'izistonning Qadamjoy tumani hududida joylashgan “Dovud pirim” ziyoratgohiga olib bordi. Ikki minginchi yilgacha davlatlarimiz o'rtasida chegara bo'lmagan. YPX inspektorlarining maskani bo'lardi, xolos. Har ikki tomondagi inspektorlar ham taqsirni ko'rishlari bilan undan duo so'rashib, “bir piyola choy ichib keting”, deb iltifot bilan kuzatib qo'yishardi.

Uningdek tabarruk insonni qirg'iz qardoshlarimiz ham izzat-ikrom bilan kutib olishgani hecham esimdan chiqmaydi. Yerlik qirg'izlar “Obkom taqsir”ni pirim deb judayam hurmat qilishar ekan. “Dovud pirim”ning qadamjosidagi mo''jazgina masjid obodonchiligini ham “Obkom taqsir” amalga oshirar ekan.

U odamlar ruhiyatiga ezgu niyatlari, samimiy duolari bilan yengillik baxsh eta oladigan fazilatli inson edi.

Mustaqillikning dastlabki yillari. Xususiylashtirish boshlangan davrlar. Bir safar Marg'ilonga kelganimda, u: “O'ram samovar”ni yurituvchi O'ktam akang ikkovimizning bir iltimosimiz bor”, deb qoldi. Ularning gapidan angladimki, qaysidir puldor, qo'llari uzun kishilar “O'ram samovar”ni sotib olmoqchi bo'lib yuqori idoralarga chopib yurishgan ekan. Choyxonani esa ancha yillardan beri O'ktam aka yuritardi. Nazarimda, choyxonani uning o'z nomiga xususiylashtirishsa, adolatdan bo'lardi.

“O'ram samovar” – Buyuk ipak yo'lida joylashgan qadimiy choyxona. Bu joyda kechayu kunduz xonadonlarda tayyorlangan turli xil oziq-ovqatlar sotilardi. Ayniqsa, safarga ketayotgan va uzoqlardan kelayotgan yo'lovchilarga milliy choyxonaning sharoiti, taomlarining arzon va mazaliligi yoqardi.

Xullas, “Obkom taqsir” ikkovimiz choyxonani himoya qilib viloyat kattalaridan biriga uchrashdik. Insofli odam ekan, hech qanday tamasiz, hatto, savobli ishga bosh qo'shganidan xursand bo'lib masalani hal qilib berdi.

“Obkom taqsir” boshqacha bir mehr bilan “O'ktam akangning viloyat kattalariga atagani bor edi, sen aralashganing uchun ish usiz hal bo'ldi. Nima xizmat bo'lsa aytaver”, dedi.

Shunda dilimga g'oyibdan bir fikr kelib qoldi. “Marg'ilon shahri va atrofdagi tumanlardagi yetim bolalardan yigirmatasiga sunnat to'yi qilib bersin”, dedim. Gapimni eshitgan “Obkom taqsir”ning yuzi yorishib ketdi. O'ktam akani yoniga chaqirib, unga taklifimni aytdi. U ham hecham ikkilanmay rozi bo'ldi.

— Xudo xohlasa, bir oy ichida katta to'y qilamiz, to'yboshi o'zingiz bo'lasiz, — deb “Obkom taqsir” duo qildi.

Ko'nglim yorishib, qushdek yengil bo'lib Toshkentga qaytdim…

Bir oy ham hash-pash deguncha o'tib ketdi. “O'ram samovar”dan chiqayotgan karnay-surnaylar sadolari butun Marg'ilonga yoyilmoqda. O'sha kuni shahzodalardek kiyinib, ona-buvilari qo'llaridan yetaklab olgan to'y bolalarining ko'zlari yonib quvonganlari, yonoqlaridagi shodonliklar xotiramga bir umr muhrlanib qolgan.

Bu kun otalik mehriga qonmagan norasidalar baxtiyor kulayotgan fayzli kun edi. Bu kun Alloh taoloning g'ayriy xazinasidan nasibalanayotgan bolajonlarning sunnat to'yi edi. Bu kun beshafqat bevalik “libos”ini yelkasiga ilib olgan, taqdir ko'rgiliklaridan yurak-bag'ri qonga to'lgan, yoshlari o'ttiz-qirqqa ham bormagan onalar sevinchdan yig'lagan kun edi. Bu kun hayotimdagi eng katta savob ishlardan biriga sababchi bo'lganimdan boshim yetti osmonga yetgan kun edi…

Darvoqe, qahramonimizni odamlar nega “Obkom taqsir” deyishini bilasizmi? Mustaqillikkacha viloyatlarni oblast partiya komitetining birinchi sekretarlari boshqarardi. Xalq qisqacha qilib ularni “obkom” deb atashardi. Garchi bu kishi obkom sekretari bo'lib ishlamagan bo'lsa-da, mahalliy aholining obkom yechib bermagan muammolarini taqsir aka u idoraga, bu idoraga borib, beminnat, savob yo'lida hal qilib yurar ekan. Shu bois aholi orasida bu nom shuhrat qozonib ketgan.

Nuroniy keksalar yaxshi eslaydi, mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillari aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlashda xavotirli muammolar bo'lgan. Bu, albatta, armiya qismlarida ham sezilgan, shekilli, taqsir aka o'z mablag'lari hisobidan har oyda yigirma-yigirma beshta qo'y olib, harbiy qismlarga tarqatib yurganini bilaman.

U O'zbekistonimiz mustaqillikka erishganidan ta'rifga sig'maydigan darajada quvonib yurardi.

O'zbekiston bayrog'i qabul qilingach, o'zi istiqomat qiladigan uyning tomiga davlat bayrog'ini osib qo'yadi. Ma'lumki, u paytlarda qonunchiligimizda faqat ruxsat etilgan joylarga davlat bayrog'ini osish mumkin edi. “Obkom taqsir”dan huquq-tartibot xodimlari bayroqni olib tashlashini talab qilishadi. “Mustaqil bo'lsak, ozod yurtning bir fuqarosi sifatida O'zbekiston bayrog'ini uyimning tomiga ham ilolmasam, bu qanday adolatsizlik?” deb qattiq ranjiydi u.

Huquq-tartibot idoralari xodimlariga ham oson bo'lmagan. Buyruqni bajarish kerak. U paytning mirshablari ham insofliroq, vijdonlari uyg'oqroq bo'lgan, shekilli, boshliqlarning buyruqlarini so'zsiz bajarish uchun kuch ishlatishmaydi. Taqsir aka hecham ko'nmay, qattiq turib oladi. Hattoki bu haqda O'zbekiston Prezidentigacha murojaat qiladi. Oxirigacha qat'iyat ko'rsatadi…

Yodingizda bo'lsa, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Norqobil Jalil O'zbekiston televideniesida “Yaxshilik” deb nomlangan mualliflik ko'rsatuvida “Obkom taqsir”ning insoniyliklari, yaxshiliklari haqida teleocherk tayyorlab tomoshabinlarga havola etganda katta shov-shuv bo'lgandi.

Ijobatli duolari bilan odamlarga ruhiy madad berib rohatlanadigan qalb egasini eslab xotira yozishni anchadan beri niyat qilib yurardim.

Bir ming to'qqiz yuz saksoninchi yillarning oxirlarida qarindoshimizga uylangan marg'ilonlik Fozil aka Ismoilov meni “Obkom taqsir” bilan tanishtirib qo'ygandi. Undan “obkom taqsir”ning asl ism-sharifini so'rasam, u ham bir mahallada yashasa-da, bilmas ekan. Surishtirib-surishtirib, qahramonimiz Zaylobiddin Saidmuxtorov ekanligini aniqlab, birga tushgan suratini yubordi.

Buni hayot deydilar. Insonlar ham ma'danlar kabi har xil bo'lar ekan-da. Ko'zu qoshlari, yuzlari har xil, fe'l-atvorlari turlicha. Kimdir kumushga, kimdir simobga, yana kimdir oltinga, yana biri yoqutga o'xshaydi. Marg'ilonlik Zaylobiddin Saidmuxtorovni hech ikkilanmay yoqutga o'xshataman…

Yaxshi odamlar, fazilatli odamlar haqida yozish naqadar yoqimli. Shu ma'noda yuqorida yana bir ajoyib fidoyi insonning ibratli umr yo'li haqida bilganlarimdan ozgina hikoya qiloldim, xolos.

Dilmurod QIRG'IZBOYEV,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 − fourteen =