Men qanday qilib uy qurdim?

yoxud boy berilgan imkoniyatlar haqida o'ylar

Bu yil yozda hovlimizda kichkina imorat soldik. Mablag' yetadimi-yo'qmi deb ikkilanib, Allohga tavakkal qilib, to'kilib turgan uyimizni buzib qurishni maqsad qildik. Uyni buzib solish oson emas ekan, ishi tushganlar biladi buni. Insofli, g'ayratli va fahmli usta topish ishning eng muhim qismi sanaladi. Ertayu kech oson va yengil bo'lishini so'rab O'ziga duo qildim, o'tindim, topindim. Buzishdan qurishgacha ishni zimmasiga oladigan ustalarni darakladik. Har xili keldi. Bola-chaqasini o'ylab, uyidan rizq izlab chiqqan qorako'zlarni ko'rib ezilib ketaman. Ko'zlari ichiga cho'kkan horg'in nigohlar, orzulari ko'milgan mardlar. Erkaklar gaplashadi, uyni ko'rsatadi, ikki tomon talablarini aytadi, kuzataman. Avvalgi yil uy qurgan tajribali akam “Nuriddin ustani chaqiringlar” deb tayinlaydi. Nihoyat, Nuriddin usta keldi, qo'lida ish bor ekan, uyni ko'rdi: “Juda tor joy ekan, yo'lak uzun, hovli uchburchak, materialni qo'lda tashiymiz, ancha qiyin ekan-da”, deya ikkilandi… “Maslahatlashay-chi”, deb ketdi. Kutdik. Nihoyat, oshnalarini ko'ndirganini aytdi. Buning sababini keyinroq bildik.

Ustalar… Mardikor deyishga tilim bormaydi. Ko'nglimda qolib ketgan armonlarim. Har biri alohida shaxsiyat, taqdir, boy berilgan imkoniyat. Chiroqchilik sinfdosh yigitlar Nuriddin, Akbar, Bahrom, Azizboylar, Tolibboy. Baraka topishsin! Halol, chin dildan mehnat qildilar. Tezkor, mehnatkash yigitlar. Uyimizning har bir burchagida ularning mehnatining izi bor. Kamgap, ammo ishni do'ndiradigan yigitlar. Fahm-farosati, zehni bor, fikrli bolalar.

Ustalar hal bo'ldi, asosiy mashmasha endi boshlandi. Uy qurish uchun shaharsozlikdan ruxsat olish kerak ekan, hujjatbozlik, ortiqcha to'lovlar, rozilik bermaydigan qo'shnilardan rozilik olish. Uy buzilib ochilganda ma'lum bo'ldiki, qo'shnimiz biz tomondan uzunligi 8 metr joydan eni 1 metrga yaqin yerni o'zinikiga qo'shib o'zlashtirganligi sabab joyimiz qiyshiqligi ham oydinlashdi. Qo'shnilarim — er-xotin Mirzo Ulug'bek tumanining ko'zga ko'ringan qozilaridan ekan. Ular: “Hech narsa qila olmaysan, shahar hokimligining qarori bor”, dedi. “Ko'rsata olasizmi?” desam, “Hozir topa olmadim, xotin qaergadir qo'ygan bo'lsa kerak”, deb kalovlandi. Prokurorning gapiga ham kulging, ham yig'laging keladi. Sudlashib-sudrashib yurishga sabrimiz yetmadi. Ko'ndik, shu paytgacha yashagan tor yerimiz kengayganda nima bo'lardi-yu, kengaymasa sig'may qolamizmi, degan taskinni o'ylab topib, yupandik. Boriga itoat etish milliy xarakterimiz-ku! Tegishli idoralarga arxitektor degan litsenziyasi bor mutaxassis orqali loyihani taqdim etish zarur ekan. Ustadan ham og'irroq kechdi bu masala. Ularning narxlari avvaldan “bichilgan”, juda qimmat, o'zi chizadigan savodlilari esa hovlining uch burchakligini ko'rib, eshitishni istamadi. Yangicha usulda chizadiganlarga yaqinlashib bo'lmas ekan. Xullas, o'zimiz singari faqirgina, “insofli” loyihachini ham surishtirib topganday bo'ldik. “Chizib, ruxsatini olib beraman, 500 dollar berasiz. Hali ham sizni ayadim, bu rayon qimmat, okalardan iltimos qilamiz”, dedi. Qurilish tugay deyapti, ammo ruxsat ololmaymiz. Naq uch oyga cho'zildi bu jarayon. Bir dunyo hujjatlarni so'rashdi. Yozilmagan qonunlarga amal qildirish siyosati qurilish idoralarida saqlanib qolgan ekan. Yong'in xavfsizligi, SES idorasidan ruxsat. Loyihachiga berilishi kerak miqdordagi pul hujjatlarga ketib qoldi. Boshqa yo'li yo'q, o'zimiz yuklagan loyihaga uch marta ham “otkaz” olgandan keyin noiloj ko'ndik. Avans talab qildi, berdik. Bir dunyo asbobni olib kelib, hali u yerga qo'yadi, hali bu yerga qo'yadi, ustalarga xalaqit berishdan boshqa gap yo'q. Loyihachi yigit qimmat mashinada kelib, u yoqdan bu yoqqa o'tadi, kompyuterda chizilgan chizmalarni ko'rsatadi. Tayyor chizmalarni sal o'zgartirib olib keladi, foydasiz. Ustalar avval aralashmadi: kuzatadi, o'rnini biladi, gapini isrof qilmaydi. Loyihachining so'nggi rusumdagi vahimali mashinasiga qaraydi. Bular qiynalib topgan pulni u bir nafasda o'tirib topadi.

Ustalar… ularning imkoniyatini kimlardir xomtalash qilib tashladi, haqqini ado qilish kimning zimmasidagi ish?

Hovlimiz uchburchak shaklida bo'lganligi uchun alohida yondashuvni talab qilardi. Men: “Yorug'likni hisobga oling, har bir xonaga tabiiy nur kerak”, deya tinmay takrorlayman. Loyihachidan tuzukroq taklif ololmadik. Qurilishga ruxsat olib berish vakolati borligi uchun undan voz kecha olmaymiz ham. Ustalar aniq loyihani qistaydi. Akam va ukam 30 yillik tajribali quruvchi bo'lganligi uchun o'zimizcha xomaki loyiha qildik. Nihoyat, 2-qavatga zina masalasi ko'tarildi. Loyihachi mehmonxonaning to'ridan zinaga joy qoldiribdi. Men: “Kelgan-ketganlar 2-qavatga mehmonlarning oldidan tushib chiqadimi?” deb so'rayman. Undan ham yomoni, u hojatxonaga oshxona orqali o'tadigan qilib chizib kelibdi. Men: “Oynam, beti juviqsiz odam oshxonani bosib kirib chiqadimi? Hech bir tuzukroq narsa qilib bera olasizmi?” desam, “Kennayi, bu xaytek pason, hojatxonaga kirishning boshqa yo'li yo'q, tushunmaysiz-da”, dedi. Oxiri Akbar usta yorildi. “Opa, nimasiga pul berasizlar bunga? Bizlar tirnoqlab pul topamiz, bu kishi g'o'ddayib 500 dollar olib ketadi, arziydigan gapi yo'q”, deb qoldi. Bir qarasam, ustalar kesakda yerga chizyapti. Bahrom va Azizboy ham nimanidir chizyapti. Sekin ukamni turtib: “Anovilarga qara-da”, dedim. Har birining puxta va asosli gapi bor. Akbar: “Aslida, zina 15 sm bo'lishi kerak, agar 17 sm dan qilsak, 22 ta zina bo'ladi, shunda 2-qavatga yo'lakdan to'g'ri ko'tariladi va hojatxonaga zinaning tagidan eshik ochsak bo'ladi”, dedi. Hammaga jon kirdi. Juda zo'r topilma edi. Ko'zdan pana joydan foydalanishning zo'r usuli. Xonaga yorug'lik masalasida ham yigitlar juda original fikrlar berdi, hamma xonam yop-yorug'. Oxiri loyihachiga: “Chizmasang ham mayli, faqat ruxsat olib bersang bo'ldi”, deb kelishdik. U baribir pulini oldi. Yigitlar qisinibgina aytayotgan takliflar juda pishiq edi. Ular uy qurish ilmidan yaxshigina xabardor ekan. Yomg'ir va shamol yo'lini aniqlash, qiblani doim hisobga olish, yorug'lik manbaiga to'g'ri bog'lanish, eshik va derazalar orasidagi uyg'unlik — barchasi xalqona ilm va tajribaning hosilasi edi. Uchburchak joydan mo''jazgina to'rtburchak uy tushdi. Kutubxonamning yarmi terrasaga ulandi. Usta zinani har kuni o'lchab, devorga chizib chiqadi. Qaerda buriladi, qaerda to'xtaydi — hammasi aniq fizik-matematik hisoblar. Ular chinakam ishining ustasi, bilimli yigitlar ekan. Loyihachi zinaga qarab, o'zi ham ichida tan bersa-da, “Baribir men aytganday bo'libdi-ku”, deb qo'ydi. Ustalar miyig'ida kulib, so'zsiz bir-birlariga qarab qo'yishdi. Akbar: “Qani, shu yigitning qog'ozi menda bo'lsa-yu, davrim kelardi: bolalarimni o'qitardim, o'zim ham changga belanib, kesak quchoqlab yurmasdim”, deb o'kindi. Boy berilgan imkoniyatlar… esizgina bolalar… Nuriddinning bolasi kasal, Bahrom bu yil maktabni bitirgan qizini uzatishi kerak, birovining sog'in sigiri ovsil bo'lgan… hammasining dardi bor. Juda toriqib ketganda: “Enangni emgur, qani endi, ishdan qaytib uyingga borsang, kam-katikni qilsang”, deyishadi. Har kuni telefonda gaplashishadi.

Ularning orzusiga qiziqdim. Pul topish, uy qurish, to'y qilish… ichlarim ezilib ketadi. Ey, shoir inim, men ayta olmay chaynalgan gaplarni bir zarbda aytgan ekansiz-ku…

Matematika darsini

Paxtazorda o'tganlar,

Pullik muallimlarga

Puli bori ketganlar.

Kollejlarda bemurod

Sovurilgan soatlar.

Neligini bilmasdan

O'rganilgan odatlar…

Men eng katta va yorug' xonani kutubxona qilishni aytarkanman, ochiq ko'ngil Azizboy (erkalab shunday chaqirardim): “Opa, kitoblaringiz ko'p ekan, maza qiladi-da bolalaringiz. Qani endi bizam shuytib o'qitsak”, deb orzulanadi. Ilohim, niyatingga yetishgin!

Ovqat qilayotib, ularning suhbati qulog'imga chalinadi. “Boraylik, tonggacha karta o'ynayman, yutqizsam ham mayli, maza qilganim qoladi”, “O'ylanma, qozoq boramiz”, “Borganman qozoqqa ham”, “Rossiyaga boramiz”, “Deportman”… Odamzodning maqomi, o'rni, mavqei…

Endi cho'zilgan gapning indallosiga kelsak… Bu yigitlarning ohi bizni urmaydimi, ularning taqdiri uchun javobgarlik yo'qmi? Javobi bordir… bo'lar, albatta bo'ladi… Bahaybat imoratlar qilayotgan ayrim nopok amaldor poraxo'rlar, xalq haqqidan qo'rqmayotgan mansabdorlar, millatni aldayotgan kimsalar bu dunyoda qutulib ketar, ammo chin haqiqatdan qochib qutula olmas… She'rni bolalarimga qo'yib eshittirdim. Afsuski, nima uchundir ularga bu she'rni aytib bera olmadim… Osh hech kimning bo'g'zidan o'tmadi, ko'zlar gildiradi…

O'qimagan bolalar,

Dardingizni aytdim men.

Hayotga qo'yolmagan

Shartingizni aytdim men.

“Hali uylar solamiz,

Hali to'ylar qilamiz.

Bilmaganlar biladi,

El qatori bo'lamiz!..”

Sanobar TO'LAGANOVA,

filologiya fanlari doktori,

professor.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × five =