Jurnalist va ekologlar “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyati bo'limi, viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, viloyat hokimligi Axborot xizmati hamda viloyat Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida viloyatdagi OAV vakillari uchun “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasidagi sanoat korxonalarining atrof-muhitga ta'sirini kamaytirish bo'yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida qilinayotgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani hamda press-tur tashkil etildi.
Dastlab jurnalistlar uchun “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi faollar zalida matbuot anjumani tashkil etilib, viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig'i vazifasini bajaruvchi X.Baqoyev anjuman ishtirokchilariga atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik xavfsizlikni ta'minlash va “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma'lumot berdi.
Matbuot anjumanida ta'kidlandiki, bugungi kunda viloyatda to'g'ridan-to'g'ri atmosfera havosiga chang-gazlar tashlab kelayotgan 36 ta korxona ish faoliyatida chang-gaz tozalash uskunalarisiz ishlab kelmoqda. Bu korxonalar asosan pishgan g'isht, ohak ishlab chiqarish hamda umumiy ovqatlanish (kabobxona) korxonalar sirasiga kiradi.
Viloyatdagi xavfi yuqori bo'lgan 20 ta korxonalarda har oyda atmosfera havosini muhofaza qilish bo'yicha monitoring ishlari amalga oshirilib borilmoqda. Ayni paytda bu boradagi har bir jarayon ekologlar diqqat-e'tiborida.
Shuningdek, matbuot anjumanida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga ham atroflicha to'xtalib o'tildi. Jumladan, 2021 yilning noyabr-dekabr oylarida 5 million 540 ming tup ko'chat turlari ekilgan bo'lsa, joriy yil bahor mavsumida viloyat hududida 8 million 790 mingta manzarali, mevali daraxt va buta ko'chatlari hamda terak qalamchalar ekilishi rejalashtirilib, amalda 9 million 292 ming dona ko'chat ekilishi tashkil etilgan.
Xususan, mahallalar va boshqa ob'yektlar hududlarida 2 million 101 mingta, fermer xo'jaliklari ekin yer maydonlari chetlariga 2 million 594 tup, ijtimoiy soha ob'yektlari hududlarida 581 mingta, avtomobil yo'llari yoqasiga 98 ming va boshqa ob'yektlarga 3 million 918 tup ko'chatlar o'tqazilgan.
Matbuot anjumani doirasida boshqarma mutaxassislari tomonidan atrof-muhit ifloslanishining yangi innovatsion texnologiyalari namoyishi ham amalga oshirilib, endilikda bu zamonaviy uskunalar orqali har qanday korxonadagi chang va iflos havo miqdori aniqlanish imkoniyati yaratildi.
Shundan so'ng, jurnalistlar uchun “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasidagi korxonalarning ekologik xavfsizligi bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ijodiy sayohat tashkil etildi.
Otabek ASLONOV,
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi
Navoiy viloyati bo'limi raisi