Yangilanayotgan Jizzax jurnalistlar nigohida

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va Jizzax viloyati hokimligi hamkorligida viloyatda olib borilayotgan islohotlar, yangilanishlar bilan keng jamoatchilikni yanada yaqinroq tanishtirish maqsadida shu yilning 30-31 may kunlari “Yangilanayotgan Jizzax – jurnalistlar nigohida” mavzusidagi mediaturda yurtimizning markaziy nashrlari hamda bir qator xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

Xalqaro mediaturning rasmiy ochilishi Sambhram texnologiya universitetining Jizzax filialida bo'ldi.

Tadbirni O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O'sarov ochdi. Unda Jizzax viloyat hokimining o'rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig'i Nodir Nurmatov, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Toshkent shahar bo'limi raisi, “Ishonch” va “Ishonch-Doverie” gazetalari bosh muharriri Husan Ermatov so'zga chiqishdi.

Tadbir davomida bir qancha jurnalistlarga uyushmaning a'zolik guvohnomasi va ko'krak nishonlari topshirildi.

Shuningdek, Jizzax viloyatida faoliyat olib borayotgan bir nechta bosma nashrlarga “Yurida-Orfo” dasturi sertifikatlari uyushma tomonidan beg'araz yordam sifatida taqdim etildi.

Mediaturning dastlabki kunida O'zbekiston va Hindiston davlatlari hamkorligida tashkil etilgan Sambhram texnologiya universiteti Jizzax filiali faoliyati bilan yaqindan tanishildi.

Bugungi zamon talablari asosida tashkil etilgan mazkur dorilfunun faoliyati to'g'risida hindistonlik mutaxassislar hamda universitet professorlari tomonidan jurnalistlarga ma'lumotlar berildi.

— Universitet O'zbekiston hukumatining tegishli qarori bilan 2021 yil 29 iyulda tashkil topgan edi. Ayni damda bu yerda bir ming besh yuz bir nafar talaba tahsil olmoqda. Asosiy ta'lim yo'nalishlarimiz axborot texnologiyalari muhandis dasturchiligi, axborot texnologiyalari fanlari o'qituvchiligi hamda biznes bosh­qaruv va menejment yo'nalishlaridir. Talabalarga Hindistondan kelgan 16 nafar professor-o'qituvchilar dars berib kelishmoqda.

25 nafari esa viza masalalari hal bo'lgunga qadar onlayn dars berishyapti. O'qish ham o'zbek hamda ingliz tillarida olib boriladi, — dedi Sambhram texnologiya universiteti muassisi Rojesh Rodapa.

Mazkur universitetda ta'lim sifatini oshirish maqsadida bir semestr davomida faqat a'lo baholarga o'qigan talabalar keyingi semestr uchun to'lanadigan kontrakt summasidan to'liq ozod qilinar ekan. Bu esa talabalarni o'z ustida tinimsiz ishlashga, ustozlar tomonidan berilayotgan saboqlarni qunt bilan o'zlashtirishiga undashi tayin.

Ma'lumot o'rnida aytib o'tish mumkin: Sambhram texnologiya universitetida talabalar to'lov-kontrakt asosida o'qib, yiliga 20 million so'm kontrakt to'lashadi. Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari hamda chin yetim yigit-qizlar bundan mustasno.

Yuqorida keltirganimizdek bir semestr davomida barcha fanlardan to'liq yuqori baho olishga erishgan talabalar 10 million so'mni o'z foydasiga iqtisod qilishadi. Qolaversa, bu oliygohda nafaqat yurtimiz yoshlari, balki qo'shni Qozog'iston, Tojikiston hamda qirg'izistonlik yoshlar ham o'qish istagini bildirishayotgan ekan. Hozirgi kunda 10 nafarga yaqin xorijlik yoshlar bu yerda o'qishmoqda.

Mediaturning dastlabki kunidagi esda qolarli uchrashuvlardan yana biri jurnalistlarning Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev bilan bo'lib o'tgan muloqoti bo'ldi.

Unda viloyat hokimi E.Saliyev mahalliy va xorijiy jurnalistlarga Jizzax viloyatiga ijodiy safar uchun o'z minnatdorligini bildirar ekan, bu mediaturni uyushtirishda O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining,   qolaversa, Uyushma raisi Olimjon O'sarovning katta yordami borligini mamnuniyat bilan ta'kidladi.

Ergash Saliyev Jizzaxda amalga oshirilayotgan ishlar to'g'risida batafsil ma'lumot berish barobarida, jurnalistlarni qiziqtirgan ko'plab savollarga ham javob qaytardi.

Samimiy ruhda o'tgan muloqot chog'ida Olimjon O'sarov mediatur davomida yangicha qiyofa kashf etgan Jizzaxdagi o'zgarishlarga jurnalistlar o'z ko'zlari bilan guvoh bo'layotganlarini aytar ekan, jurnalistika sohasi bo'yicha viloyatda saqlanib qolinayotgan ayrim muammolar, xususan, viloyatdagi ko'pgina tuman gazetalarining ahvoli qoniqarsiz darajada qolayotgani haqida so'z yuritdi. Viloyat hokimi gazetalar faoliyati bilan qay darajada qiziqadi? Qolaversa, Prezidentimizning tegishli qarorida ko'zda tutilgan “Jurnalistlar uylari”ni qurish bo'yicha qanday sa'y­-harakatlar ketayotgani bilan qiziqdi.

Janob Ergash Saliyev har bir viloyat, har bir tuman o'z muassisligidagi gazetalarga befarq qaramasligi, imkoni boricha ularni rivojlantirishga ko'maklashishi zarurligini aytdi. Ammo “Jurnalistlar uyi” borasidagi masala viloyatda haqiqatan ham nazardan chetda qolgani, bu bo'yicha tez orada amaliy ishlarga o'tilishini ma'lum qildi.

Jizzax viloyati bo'ylab o'tkazilayotgan xalqaro mediaforumning ikkinchi kuni Sharof Rashidov yodgorlik muzeyi bilan tanishishdan boshlandi.

Mediaforumning dastlabki onlarida Sharof Rashidov haykali poyiga gul qo'yish chog'ida u kishi haqida berilgan ma'lumotlar xorijlik jurnalistlarni mazkur muzey sari undadi.

Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim yodgorlik majmualari ham ziyorat qilindi. Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim nomidagi ijod maktabi o'quvchilari tomonidan aytilgan she'r va qo'shiqlar esa barchaga ko'tarinki kayfiyat bag'ishladi.

Jurnalistlar viloyatdagi islohotlar bilan tanishish bilan birgalikda bu yerdagi muqaddas qadamjolarni ham ziyorat qildilar. Xususan, Zomin tumanidagi Xotira xiyobonida bo'lishib, bu yerdagi Motamsaro ona haykali poyiga gul qo'ydilar. Ona Vatan uchun jon fido qilgan bobolarimiz nomi zarb etilgan peshlavhalar bilan yaqindan tanishdilar.

Xalqaro mediatur davomida Turkiyaning TRT Avaz telekanali tadbir haqida to'g'ridan-to'g'ri lavhalar uzatdi. Shu jumladan, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O'sarov bilan intervyu to'g'ridan-to'g'ri jonli efirda namoyish etildi.

Bugungi jizzaxliklar qanday yashashmoqda, qanday orzu-umidlar bilan mehnat qilishmoqda? Mediatur ishtirokchilari viloyatning turli korxona va tashkilotlarida, mahalla va qishloqlarida bo'lib el bilan ochiq suhbatlar olib bordi. Odamlarning dardu tashvishi, muammolari bilan ham yaqindan tanishdilar. Bu haqda keyingi maqolalarimizda batafsil hikoya qilmoqchimiz. Eng muhimi, “Yangilanayotgan Jizzax — jurnalistlar nigohida” mavzusidagi xalqaro ijodiy sayohat yuqori saviyada va taassurotlarga boy kechdi.

Kamoliddin RO'ZIMATOV,

“Hurriyat” muxbiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 − four =