Samarqanddagi gurunglar

Kuni kecha O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Sirdaryo viloyat bo'limi tashabbusi bilan sirdaryolik bir guruh qalam ahlining Samarqand shahriga sayohati uyushtirildi. Safardan muddao qadimiy va hamisha navqiron, ro'yi zamin sayqali—Samarqandni, undagi ulug' maskanlar, qadamjolarni ziyorat qilish, xususan, jadidchi bobomiz Mahmudxo'ja Behbudiyning uy-muzeyi bilan tanishish, samarqandlik hamkasblarimiz bilan tajriba almashish edi. “Avval─ xesh, keyin ─ darvesh” naqliga amal qilib, sayohatimizni dastlab Sardoba tumanidagi o'zimizning yog'ochli Sardoba tarixiy yodgorligini ziyorat qilishdan boshladik.

2021 yil 18 oktyabr ─ Samarqand shahri kunida mamlakatimizda unutilmas voqea sodir bo'ldi. Turkistonda jadidchilik harakatining peshvosi, birinchi o'zbek dramaturgi, o'zbek matbuotining asoschilaridan biri Mahmudxo'ja Behbudiyning uy-muzeyi ochilib, ziyoratchilarning sevimli maskaniga aylandi.

Sirdaryolik jurnalistlarni muzeyda Behbudiyning evarasi Shohruxxon Behbudiy kutib oldi. Besh xonadan iborat muzey o'rnida o'tgan asrning boshlarida, aniqrog'i, 1913 yilda Behbudiy bobomiz tahririyat va bosmaxona tashkil qilib, “Samarqand” gazetasi va “Oyina” jurnalini ta'sis etganlar. Mazkur nashrlarda millat haq-huquqi, tarixi, tili va adabiyoti haqida qator mulohazali maqolalar e'lon qilingan.

Shohruxxon Behbudiy bobosining faoliyati haqida so'z yuritib, muzey xonalariga qo'yilgan davlat arboblari va olimlarning so'zlaridan iqtiboslar keltirdi. Davlat arbobi Fayzulla Xo'jayev Behbudiy haqida shunday degan ekan: “Siyosiy, ijtimoiy faoliyati va bilimining kengligi jihatidan Turkistonning o'sha vaqtdagi jadidlaridan unga teng keladigani yo'q deb o'ylayman”. Bu e'tirof esa shundoq muzeyga kiraverishdagi birinchi xona devoriga darj etilibdi.

Muzey zallarini aylanarkanmiz Mahmudxo'ja Behbudiyga taalluqli sandiqcha, kursi, oftoba va bir necha lug'at kitoblari diqqatimizni tortdi. Bundan tashqari, o'sha payt­­da chop etilgan “Samarqand” gazetasi va “Oyina” jurnallarining asl nusxalari gazetachilik ishining mashaqqatlaridan mujda berib turibdi. Vaqtli nashrlardagi maqolalarga nazar solganimizda o'sha paytdayoq buyuk bobomiz muxtoriyatni orzu qilib qalam tebratganini ko'ramiz. Ul zotning: “Bilmoq kerakki: “Haq olinur, berilmaydur!” degan mashhur kalomi uning buyuk a'molidan darak. Behbudiy bobomiz o'zlikni anglamagan bandalar haqida dunyoga mashhur qirg'iz adibi Chingiz Aytmatovdan 60-70 yil burun “marquq”, ya'ni “manqurt” deb ataydi. “Qabilasini (ng) ismini va yetti otasining otini bilmaydurgonlarni “qul-marquq” derlar”, deb yozgan edi “Oyina” jurnalining birinchi sonida. “Ikki emas, to'rt til lozim”, deya millatimizni ma'rifatga chorlaydi. Milliy jurnalistikamiz tarixida Behbudiy bobomiz benazir maqolanavis sifatida boqiy o'ringa ega desak adashmaymiz. Chunki ul zot qalamiga mansub maqolalar soni 300 tadan oshib ketadi.

Haqgo'y jadid bobomizning xatti-harakatlari Buxoro amiriga ham, din peshvolariga ham, bolsheviklarga ham yoqmaydi. Mahmudxo'ja Behbudiy haj safariga otlanganda Qarshi shahrida sotqin kimsalar tomonidan vahshiyona qatl etiladi. Uning qabri haligacha noma'lum. Shohrux Behbudiyning so'zlariga quloq osadigan bo'lsak, jadid bobomizning qabrini izlab topish bo'yicha harakatlar boshlangan. O'sha paytda shahid ketgan buyuk bobomiz vafotiga bag'ishlab Abdulhamid Cho'lpon, Sadriddin Ayniy, Abdurauf Fitrat kabi zotlar marsiyalar yozdilar. Ularning bari muzey eksponatlari qatoridan o'rin egallagan. Otashnafas shoir va o'zi ham sobiq sho'rolar jamiyatining qatag'on qurboniga aylangan Abdulhamid Sulaymon o'g'li Cho'lpon “Mahmudxo'ja Behbudiy xotirasi” marsiyasida shunday ezgin misralarni bitgan edi:

Bilgisiz qabringni qora tunlarda

Amalimning shamin yoqib izladim.

Qizil va pok qoning islarin sochgach,

Kuchsiz ko'yi yurishimni tezladim…

Adolatparvar bobomizning siymosi milliy adabiyotimizda ham o'z badiiy ifodasini topmoqda. Adib   Nusrat Rahmat “Jadid” romanida Behbudiy hayoti va faoliyatini keng yoritgan. Ushbu kitob ham muzey eksponatlari qatoridan joy olgan.

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Sirdaryo viloyati bo'limi raisi Boyjigit Abdullayev va navoiyshunos olim Vahob Rahmonov Shohruxxon og'aga o'zbekona udumni bajo keltirib, to'n yopdi. U kishi bu sovg'ani muzey eksponatlari qatoriga qo'shib qo'yajagini aytib, minnatdorlik bildirdi.

Sayohatimizning ikkinchi qismi Samarqanddagi “Matbuot uyi”ga ko'chdi. Bu yerda sirdaryolik jurnalistlarni viloyatda nashr etiladigan gazetalarning muharrirlari va xodimlari kutib olishdi. Shaharga ko'rk bag'ishlab turgan bu binoda to'rtta vaqtli nashrlarning tahririyatlari, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi Samarqand viloyati bo'limi joylashgan. Bizni O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Samarqand viloyat bo'limi rahbari, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari bosh muharriri, Senator Farmon Toshev jurnalistlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirdi. Samarqandda vaqtli nashrlar jurnalistlari bilan mahalliy hokimliklar o'rtasida chambarchas aloqa o'rnatilganligini alohida ta'kidlash joiz. Matbuot markazida har doim viloyat va tuman-shahar hokimlari ishtirokida navbati bilan matbuot anjumanlari o'tkazilib turiladi. Bizni ayniqsa, “Matbuot tarixi” muzeyi hayratga soldi. Mahmudxo'ja Behbudiy asos solgan Samarqand matbuoti ham yillar davomida o'z boshidan turli yaxshi-­yomon davrlarni kechirdi. Bu muzey eksponatlarida yaqqol o'z aksini topgan. 1937-1941, 1943 yillar davrida gazeta mas'ul kotibi va muharriri bo'lib ishlagan Sharof Rashidovning qo'lyozmalarini katta qiziqish bilan ko'zdan kechirdik. Kamina ul zotning dastxatini fotoapparatimga muhrlab oldim. Muzeyda bu kabi noyob eksponatlar talaygina.

So'ngra Farmon Toshev samarqandlik jurnalistlarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishtirdi. Sport zalida tennis stoli va turli trenajyorlar jurnalistlarni sog'lomlashtirishga xizmat qilmoqda. Oshxonada esa har kuni viloyat “Matbuot uyi”da joylashgan tahririyatlar xodimlariga bepul tushlik tashkil etilgani e'tiborga molik.

Sayohatimiz “Matbuot uyi” majlislar zalida   samarqand­lik va sirdaryolik jurnalistlarning o'zaro fikr almashishi bilan yakun topdi. Unda so'z olgan Farmon Toshev “Zarafshon” gazetasida xizmat qilayotgan jurnalistlarning o'rtacha maoshi 4 million so'mdan oshib qolganini ochiqladi. Ularga qulay sharoitlar yaratish yo'lida izlanishlar davom etayotganini ma'lum qildi. Muloqot chog'ida so'z olgan Boyjigit Abdullayev va Vahob Rahmonov sirdaryolik va samarqandlik jurnalistlarning o'zaro hamkorligi bardavom bo'lishiga tilak bildirdilar. Muloqot nihoyasida mezbonlar mehmonlarga “Zarafshon” gazetasi kutubxonasi seriya­sida chop etilgan kitoblarni sovg'a qildilar. Samarqandda kechgan bir kunlik ijodiy sayohat juda mazmunli kechdi.

Muhammadali AHMAD,

“Yangi Sirdaryo” gazetasi bo'lim mudiri.

Suratlarda: Samarqandga uyushtirilgan

ijodiy sayohatdan lavhalar.

Muallif olgan suratlar.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine + eight =