Dillar yuraklarga payvast
Shu yilning 12-16 oktyabr kunlari mamlakatimizning bir guruh jurnalistlari Tojikiston Respublikasida ijodiy safarda bo'lishdi
Xalqimizda “Yon qo'shni — jon qo'shni” degan naql bor. Xalq — tafakkur bulog'i-da. (Xalqdan kim o'zini dono bilsa, yo'g'-ey, bunaqa odam bo'lmasa kerak dunyoda!)
Tojikiston — yon qo'shnimiz. O'zbek va tojik — necha-necha ming yillar davomida yashab kelgan, tarixi, milliy qadriyatlari, urf-odatlari ikki tomchi suvdek bir-biriga o'xshash ikki xalq. To'g'rirog'i, ikki tilda so'zlovchi — bitta xalq! Bir daraxtning ikki shoxi, tomiri, ildizi bir el. Ammo bu hayotda nimalar bo'lmagan, nelar yuz bermagan deysiz?!
O'tgan 20 yildan ko'p vaqt davomida O'zbekiston-Tojikiston xalqlariga oson bo'lmadi. Chegaralarimiz darvozasi qattiq yopib qo'yildi. Qon-qarindoshlar, birovning qizi—Tojikistonga kelin bo'lib tushgan, necha ming yurtdoshimiz u yoqdan kelin olgan. Kimningdir opasi yo akasi, ota-onasi deng—Tojikistonda. O'zbekistonliklarning ham qancha qavmu qarindoshlari tojik yurtida bo'lsa. Chegaralarimizga tutash manzillarda, bir ariq bo'yida ikki yurt odamlari, hatto baland ovozda chaqirishsa bir-birlarini eshitishi mumkin edi. Lekin diydor ko'rishmoq mushkul edi. Sababi o'rtada tikonli simlar tortilgan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O'zbekistonimizga davlat rahbari bo'lgach, qo'shni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bilan chegaralarimizni ochdi, ikki davlat o'rtasidagi azaliy bordi-keldi, mehr, samimiyat yana qaytdi.
Mayli, bu gaplar bugun ortda qoldi. Uni ko'p eslash ham joiz emasdir ehtimol. Shunchaki, safarimiz davomida bo'lgan uchrashuvlardagi mehr, diydor sabab siyosatda kimdir xato qilsa, yuragi sher boshqa bir rahbar uni tuzatar ekan-da, degan o'ylar kechdi-da!
…Shu yilning may oyida Toshkentda O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Olimjon O'sarov va Tojikiston Jurnalistlar ittifoqi raisi Zinnatullo Ismoilzoda uyushmalar o'rtasida o'zaro hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Unda har ikki mamlakat jurnalistlari, matbuot va OAV vakillarining yaqinligini, o'zaro muloqotlarini uyushtirish, tajriba almashish, ijodiy bordi-keldi yumushlarini bajarish ko'zda tutilgan edi. Ana shu hujjatga ko'ra Tojikiston Jurnalistlarining rahbari Z.Ismoilzoda O'zbekiston jurnalistlari sardori Olimjon O'sarovga taklif bilan chiqdi. Mehmonga chaqirdi. Elimiz “chaqirilgan joydan qolma”, deydi.
Xullas kalom, shu yilning 12-16 oktyabr kunlari — 5 kun davomida bir guruh matbuot va OAV vakillaridan iborat ijodiy guruh Tojikistonga yo'l oldi. Uyushma sardori O.O'sarov boshchiligida 11 kishi 12 oktyabrning tongida Toshkent viloyatining Bekobod tumanidagi “Oybek” — chegara bojxona postidan tojik zaminiga o'tdi. Ochig'i, bunday postlardagi bir zamonlardagidek sarson-sargardonlik, asabbuzarliklardan asar ham yo'q. Chindan ham o'zgaribmiz! Hammasi har qanday erkin, rivojlangan davlatlardagidan avlo, munosabat tez va samimiyat bilan. Buning uchun chegarachilarimiz, bojxonachilarimizga tashakkur bildirsak arziydi.
Chunki xushkayfiyat bilan qarshi olish, xayrli safarlar tilash, hujjatlarni tekshirish, o'zga mamlakatga chiqishga izn beruvchi muhrlarni pasportlarimizga qo'yish juda tez amalga oshdi.
— Sizlarni Tojikistonda, qadim Xo'jand shahri (Sug'd viloyati)da peshvoz chiqib kutib olayotganimizdan bag'oyat xursandmiz. Sizlar kelib bag'rimiz to'ldi, oldinda qancha uchrashuvlar, sayru sayohatlar kutib turibdi. Axir, necha o'n yillarki bunday uchrashuvlarga mushtoq edik, — dedi Zinnatullo Ismoilzoda.
— Ikki davlat o'rtasidagi qondosh-jondosh o'zbek va tojik elining azaliy bordi-keldisini tiklagan mamlakatlarimiz Prezidentlariga mingdan-ming rahmat. Biz ham Davlatimiz Yo'lboshchilari tomonidan yaratib berilgan ana shunday ulug' saodat tufayli diydor ko'rishib turibmiz. Qarang, biz kelgan va sizlar kutib olgan mana shu chegara manziligacha avtomobillarimizgacha o'tib turibdi. Axir, dilimiz ham, ezgu maqsadlarimiz ham bir, —dedi Olimjon O'sarov.
Darhaqiqat, samimiyat, mehr, hurmat va ko'ngli birlikda gap ko'p.
Demak, Tojikistonga safarimizning birinchi kuni qadim Xo'janddan boshlandi. Bu o'lkaning tarixi o'zimizning Samarqand yo Termiz shaharlaridan kam emas. Ulug' xo'jandiylarni kamolga yetkazgan qadim kentda ilk uchrashuv bu yerdagi “Kohi matbuot” ya'ni “Matbuot uyi”dan boshlandi. Yashirmaymiz, hayratimiz ana shu manzildan boshlandi. Birinchidan, shaharni qoq ikki bo'lib o'tgan daryo—Sirdaryo yastanib, to'lib oqayotgan edi. Chor tarafi tog'lar, qirlar bilan o'ralgan shahar ertaklardagidek taassurot uyg'otardi. Ikkinchidan, bitta viloyat matbuoti ixtiyoriga bu yerdagi hukumat (hokimiyat) 13 qavatli binoni ajratib qo'yibdi! “Sug'd haqiqati”, “Sagdiyskaya pravda” va “Haqiqati Sug'd” — uch tilda chiqargan viloyat nashrlari ana shu binoda joylashgan. Boshqa xususiy nashrlar, Respublika nashrlarining viloyatda faoliyat yurituvchi muxbirlari ushbu matbuot maskanidan joy olgan. Yo'q, o'ylamang, ular buning uchun bizdagi tahririyatlar kabi otning kallasiday ijara haqi to'lashmas ekan.
Albatta, bugun gazetachilarning “bosh og'rig'i”, bosh muammosi nima? Obuna masalasi-da. Sug'd viloyatida gazetalar qancha adadda chiqyapti, ularni o'qishyaptimi, ularga kim yordam beryapti? Shu kabi savollarga ham javob oldik. Faqat endi shu joyini alohida ta'kidlab aytmoqchimiz: Viloyat hukumati bosma nashrlarni to'liq davlat qaramog'iga — byudjetga olgan, bizdagi kabi “majburiy obuna” yoki boshqa u-bu degan e'tirozlarga ham o'rin qoldirmabdi. Qanday deysizmi, masalan, tuman nashrimi — tumandagi barcha tashkilot, korxona va o'quv muassasalari gazetaga obuna bo'lishlari shart ekan. Rejani ham hukumat berar ekan! Kerak bo'lsa, uning ijrosini ta'minlasharkan. Nima ham derdik, omadini bersin! Axir, shu asosda ma'naviyat manbalari bilan qamrab olinibdi-ku.
Gazetalarining adadlari ham yomon emas, hech biri — 6 mingdan kam emas. Buni ko'rib, o'zimizda ba'zi bir respublika darajasidagi nashrlar bo'la turib 1000 va undan nari-beri chiqayotgan gazetalarni esga oldik.
Yana bir gap. Tojikiston bosma nashrlariga obuna narxlari — juda arzon. Bizdagi kabi 600 ming so'm yo 1 million emas, nari borsa yillik obuna bahosi bizning pulga — yuz ming so'm. I-ya, buncha arzon, qanday qilib? Qiziqsindik va darhol tushundik. Axir, bu yerda tahririyat jamoalari oylik va boshqa harajatlarini byudjetdan qoplaydi-ku. Ha, havas qildik.
Shundan so'ng viloyatda paxta tolasini qayta ishlashga ixtisoslashgan to'qimachilik korxonasida, 2006 yilda tashkil etilgan viloyat o'lka muzeyida bo'lindi. Haqiqatan ham hammasi ajoyib! Tekstil korxonasida 800 nafardan ziyod aholi ish bilan band. Tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo'lgan jarayon tashkil etilgan. Muzeyda esa nafaqat Xo'jandning, balki butun Sug'd viloyati tarixi tosh asridan kechagi kungacha bo'lgan zamonlar osha hikoyatlardan so'zlovchi 20 mingdan ko'proq eksponatlar o'rin olgan.
… Ikkinchi kun. Xo'janddan mamlakat poytaxti — Dushanbe shahriga yo'lga chiqdik. Ulovlar — zamonaviy, uchqur. Pullik yo'lni uzoq davlatlarda ko'rganmiz. Tojikistonda ham pullik yo'llar joriy qilingan ekan. Ammo juda tekis, ravon. Tangaday o'yilgan joy yo'q. “Shahriston-Varzob” dovoni orqali ketar ekanmiz, mezbonlarga qaraymiz, ular bemalol yuraverib o'rganib ketishgan bo'lishsa kerak, lekin biz — o'zbekistonlik hamkasblarimiz ko'nglidan bir xil o'y kechgani rost: “juda xavfli-ku. Xudoning o'zi asrasin-da!”
Ha, qiziqchi Avaz Oxunning aynan shu dovon haqidagi ichakuzdi hangomalari esga olindi. Pastlik, zov, jarliklarga odamning qarashga yuragi betlamaydi. Yana shunisi chatoq ekan, yo'l chetida chindan ham himoya-to'siqlar yo'q, qo'yilmagan. “Ohista ron, ey sarbon”, deya hazillashamiz mashinaga gazni bosib, inomarkasini uchirib, yana bemalol sigaret tutatib ketayotgan tojik haydovchisiga. U jilmayib qo'yadi. Bu bilan “xavotir olmanglar, hammasi yaxshi”, degandek bo'ladi.
Yaratganga shukurki, qariyb 5 soat viqorli tog'li yo'llar osha, tabiatning ne-ne mo''jizalarini ko'rib, tog' bag'ridan qiz sochiday yoyilgancha otilib chiqayotgan sharsharalar deysizmi, tog'lar poyida qaynab chiqayotgan buloqlaru, osmontalash cho'qqilar, keskir qilichdek qoyalar, xullas, Buyuk Rassom chizgan betakror manzaralarga oshno bo'lib manzilga yetib kelganimizni sezmay ham qoldik. Behazil. Tojikiston juda go'zal tog'li o'lka ekan. Umumiy hududining 93 foizi tog'lardan iborat davlat. 10 milliondan ziyod aholiga ega. Tog'lari yam-yashil archalaru, pista, bodom kabi daraxtlarga kon. Dushanbegacha kelish yo'lida har biri 4-5 kilometrli yer osti, to'g'rirog'i tog'osti yo'llari — tonellardan o'tiladi…
Dushanbeda ham boshqa manzillarda ham deligatsiya a'zolari — o'zbek jurnalistlari bor rasm-rusum, tantana bilan kutib olinayotganiga xijolat bo'la boshladik. Ammo na iloj, mezbonlarga bir narsa deb bo'ladimi?!
Dushanbedagi “HULTON” mehmonxonasida joylashildi. Ertalab mezbonlar bizni “Tojikfilm”ga taklif etdi. Bu yerda ham mamlakat kinoijodkorlari bilan samimiy muloqot, qizg'in ijodiy gurung bo'ldi. “Tojikfilm” rahbari Maxmadsaid Shoxiyon o'zbek-tojik ijodkorlarining asrga teng hamkorlik rishtalari, qanday ijodiy ko'priklarga asos solingani haqida to'xtalar ekan, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Olimjon O'sarovga tashrif uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. O'zaro sovg'a-salomlar ulashildi. “Tojikfilm” va O'zbekiston Kinematografiya agentligi bilan ijodiy hamkorlik shartnomasi imzolangani, shu yili ikki mamlakat kinoijodkorlari hamkorligida “Jomiy va Alisher” badiiy film suratga olinishi haqida so'z yuritdi. Ana shu xayrli loyihaga oid hujjatli lavhalar namoyish etildi.
Dushanbedagi ijodiy muloqotlar jumhuriyat “Varzish” televideniesida, “Kino” studiyasida davom etdi. Bu yerdagi ijodiy va texnik imkoniyatlar, hamkasblarimizning o'z ish jarayonlari haqidagi fikr-mulohazalari barchani befarq qoldirmadi.
Safar davomida Mirzo Tursunzoda shahridagi o'sha mashhur Tojikiston alyuminiy zavodiga, ha, o'sha yuraklarni og'ritgan, yurtimizning Tojikiston bilan yaqin chegaradosh hududi bo'lgan — Surxondaryoning Uzun, Sariosiyo tumanlari tabiatiga xavf soluvchi ya'ni ekinlarni qovjiratgan, hayvonot va nabotot olamiga, eng achinarlisi odamlarga ziyon berguvchi — “TALKO” korxonasiga borish, u yerdagi ahvol bilan tanishish ko'zda tutilgan edi.
Alyuminiy zavodi mas'ullari, mutaxassislari bilan ochiq suhbatlashildi. Korxona bugungi kunda havoga zaharli chiqitlar chiqarishning oldini olish maqsadida kerakli chora-tadbirlar ko'rilganini ma'lum qildi. Shuning uchun xavf-xatar masalasi orqada qolgan. Ilohim, shunday bo'lgani rost bo'lsin!
Yana ko'ngildagini aytganda, shu yerda korxona tarixi va faoliyatiga oid muzey bilan tanishish uncha yoqmayroq turgan edi. Ammo korxonaga oid barcha ma'lumotlar bilan tanishish imkoniyatini qo'ldan bermadik.
Mirzo Tursunzoda nohiyasida aynan alyuminiy zavod yaqinida joylashgan uzumchilikka ixtisoslashgan “Bog'i Somon” dehqon xo'jaligi faoliyati bilan ham tanishildi. Ta'riflashga til ojiz, naq 500 gektarlik uzumzorning o'zi—jannatning bir bo'lagimikan deb o'ylab qolasiz!
Xo'jalikning bugungi boshlig'i Muhammadamin Kamolovning aytishicha bu yerda 1100 ga yaqin doimiy ish o'rni yaratilgan. Mavsumiy esa 5000 kishi mehnat qiladi. 14 ming tonnadan ziyod bir necha navli sarxil uzumlar yetishtiriladi. Mahsulotning asosiy qismi xorijiy mamlakatlarga eksport qilinadi. Bu mehnatning zahmatlari, sir-sinoatlari haqida bog'bon amaki batafsil so'zlab berdi. Lekin hamkasblarimizdan birining “Yilda jami qancha daromad olasiz?” degan savoliga u “tijorat siri”, deb kulib qo'ydi.
Ha, to'g'ri, bu o'sha bog' — davlatimiz rahbari Tojikistonga 2018 yili tashrif buyurgan paytida xo'jalik rahbari Kamol hoji Madumarovga — asli farg'onalik usta dehqonga “Captiva” avtomashinasini sovg'a qilgan edi.
— O'zbekiston Prezidentining xo'jaligimizga tashrif buyurganini doimo eslayman,—deydi rahmatli Kamol hoji Madumarovning o'g'li Muhammadamin Kamolov. — Muhtaram Shavkat Miromonovichni Xizr ko'rgan odam desak xato bo'lmaydi. Mard va bag'rikeng yo'lboshchi. Mana yaqinda oilamizga qo'shni Surxondaryodan kelin tushirib keldik, o'g'limni uylantirdik. Xudoga shukur, o'zbek-tojik xalqlari yana avvalgidek bordi-keldi qilyapti, to'y-tomoshalarimizga bir-birimizni taklif qilyapmiz. Hech qanday muammo, to'siq yo'q. Ana shunday imkoniyatlarni yaratib bergan har ikkala davlat rahbarlarimizga tashakkur.
…Safarning uchinchi kuni yana Dushanbe shahrida davom etdi. Biz shaharda bunyod etilgan “Ko'hi Navro'z” majmuasida bo'ldik. Tojikiston mustaqillikka erishgandan so'ng qariyb 6 yildan ziyod vaqt mobaynida bunyod etilgan ushbu saroy chindan hayratlanarli.
Davlat tashriflari davomida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham qadam ranjida qilgan ushbu saroy qurilishida birorta mix ishlatilmagan. Hunarmandlar, sangtarosh ustalarning mahoratiga tan bermay iloj yo'q. Asl yong'oq daraxtidan yasalgan, naqshli eshiklar, rus yog'ochlaridan ko'tarilgan naqshinkor ustunlaru, qimmatbaho toshlar, oltin va boshqa yonbilar bilan chiroy ochgan ushbu majmuaga qancha mablag' sarf etilganini bilolmadik, “o'zimiz ham aniq bilmaymiz, bu saroy mamlakatimizdagi tadbirkorlarning xalqimizga sovg'asi”, deyishdi. Beixtiyor bizning ham dilimizdan Toshkent, Samarqand va boshqa shaharlarimizda bunyod etilayotgan ulkan bunyodkorliklardan faxr hissi kechdi.
Navbatdagi hayratli manzil — Dushanbe shahrining qoq markazida shu yil qurilib foydalanishga topshirilgan “Istiqlol” majmuasi bo'ldi. 14 qavatli ushbu majmuada boy va juda ajoyib muzey tashkil etilibdi. Butun shaharni 14-qavatga chiqib tomosha qilish esa yanada zavqli.
Albatta, ijodiy guruh faqat bunday go'zal obidalarnigina emas, o'z sohasiga taalluqli ya'ni hamkasblarimiz ishlaydigan joylarni ko'rishga, tanishishga ishtiyoqmand edi. Shu bois, kech tushib qolayotganiga qaramay “Dushanbe shahar televideniesi” va uning sayyor telestudiyasi bilan tanishishga bordik. Televidenie bosh direktori Ma'rufjon Oqilov bilan suhbat juda samimiy ruhda kechdi. U keyingi yillarda shahar televideniyasida amalga oshirilgan yangiliklar bilan, xususan, Xitoy davlatidan keltirilgan eng so'nggi rusumdagi telemarkaz, ko'chma avto-studiyalar va jurnalistlar uchun yaratilgan boshqa imkoniyatlar bilan tanishtirdi.
Ijodiy safarimiz yakunlanib bormoqda edi. To'rtinchi kun Tojikistonning Norak shahriga, mashhur Vaxsh daryosida hali Sobiq Ittifoq zamonida qurilib foydalanishga topshirilgan “Nurek” gidroelektrostansiyasiga borganimiz, Nurek GESida amalga oshirilayotgan modernizatsiya jarayonlari bilan yaqindan tanishganimiz va boshqa manzillardagi taassurotlarni birdaniga hikoya qilib bo'lmaydi. Faqat shuni aytish joizki, mamlakat elektr ta'minotining qariyb 60 foizini ta'minlovchi ushbu o'ta muhim strategik korxonadan tashqari, Tojikistonda yana o'nlab yangi GESlar ishlab turibdi. Jumladan, go'zal Vaxsh daryosining yuqori qismida — Pomir tog'lari bag'rida ulkan Rog'un GESi uzoq yillardan beri qurilayotganini yaxshi bilamiz. U manzillarga borish kelgusi safarlarga qoldirildi.
Qizig'i, o'zimizning Farg'onadagidek, Dang'ara degan joy bu yerda ham bor ekan. Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon shu yerdagi maktablarning birida o'qigan ekan. Bugun deyarli muzeyga aylangan ushbu maktabda ham bo'ldik. O'sha bir paytlarda, 1970 yillarda o'zimiz ham ta'lim olgan chog'larimizdagi oddiy yog'och-taxtali partalar, siyohli perolarda to'ldirilgan daftarlar… o'quvchilik yillarimiz yodga tushdi. Shubhasizki, bu yerdagilar bu maktabda Davlat rahbari o'qigani, shunday inson yetishib chiqqani bilan faxrlanishadi. Bu tabiiy, albatta.
…Har qanday safarning boshlanishi bo'lganidek, nihoyasi ham bo'ladi. Shu haqiqat bizning ijodiy sayohatimizga ham taalluqli edi, shubhasiz. Beshinchi kun yana o'sha tekis, ravon yo'llar, vahimali dovonlar osha ortga qaytildi. Biroq har bir kundan unumli foydalanishni ko'zlagan mezbonlar Panjikent shahridagi qadimiy Sarazm — arxeologik qadamjosiga taklif qilishdi. Bu yerdagi muzey bilan tanishildi.
Nihoyat, ulug' shoir, ana shu makonda yashab o'tgan alloma Abu Abdullo Rudakiy hazratlari qadamjosi ziyorat qilingani g'oyat unutilmas ish bo'ldi. IX-X asrlarda alloma yashab o'tgan bu makon — Rudaki qishlog'i ham tog'lar ichida, poyida qancha-qancha irmoqlardan tashkil topuvchi shoshqin soyli bir go'sha ekan. Klassik adabiyotimizda juda katta o'rin tutuvchi buyuk shoir Rudakiy qabri poyida O'zbekiston Jurnalistlarining rahbari Olimjon O'sarov Qur'on tilovat qildi. Hamma duoga qo'l ochdi… Ruhiy sobitlik yuraklarimizni yanada to'ldirgandek, tiniqlashtirgandek bo'ldi. Ulug' faylasuf Rudakiy o'n asrdan ziyod muqaddam
“Jahonning shodligi yig'ilsa butun,
Do'stlar diydoridan bo'lolmas ustun”,—deya yozgan edi.
Darhaqiqat, har ikkala mamlakat jurnalistlari uyushmalarining hamkorligi, ijodiy muloqotlari, bordi-keldilarida faqat yaxshilik, ezgulik mujassam. O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi, ijodiy guruh rahbari— Olimjon O'sarov, “XXI asr” gazetasi bosh muharriri Norqobil Jalilov, “Yoshlar” telekanali bosh muharriri Hamza Jumayev, “Ovozi Tojik” gazetasi bosh muharriri Sherpo'lat Vakilov, O'zMTRK tasvirchisi Rahmatullo Qudratov, “Ovozi Samarqand” gazetasi bosh muharriri Bahodir Rahmonov, “Sevimli” telekanali muxbiri Doston Ismoilov, “Podrobno.uz” va “Batafsil.uz” internet nashri rahbari — Andrey Teshayev, “Xabar.uz” muxbiri Ulug'bek Oripov, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi maslahatchisi, “Novosti Uzbekistana” internet nashri sharhlovchisi, ustoz jurnalist Rahimjon Sultonov hamda “Hurriyat” gazetasi muxbiridan iborat ijodiy guruhning Tojikistonga safari zavqli va hayratli onlarga boy bo'ldi. Safar davomida Dushanbe shahridagi Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy, Ismoil Somoniy haykallari o'rnatilgan maydonlar, kutubxona va boshqa ko'pdan-ko'p madaniy-ma'rifiy o'choqlarda bo'lindi. Delegasiyamiz a'zolari Jomiy va Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambar qo'yib, ulug' zotlarga hurmat bajo keltirdi. Dushanbe shahrida tungi sayohat uyushtirildi. Eng muhimi, dillar dillarga payvast, unga chetdan tarjimon kerak bo'lmadi.
Ijodiy safar yakunida O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Olimjon O'sarov, Tojikiston Jurnalistlar Ittifoqi raisi Zinnatullo Ismoilzodani tojikistonlik ijodiy guruhga bosh bo'lib O'zbekistonga ijodiy safarga taklif etdi. Taklif minnatdorlik bilan qabul qilindi.
Demak, do'stlik va ahillikka yo'g'rilgan ijodiy muloqotlar davom etadi.
Abdirasul JUMAQUL,
“Hurriyat” muxbiri