Tojikiston taassurotlari

(Birinchi maqola)

Safarga chiqishning hamisha ham o'z gashti bo'ladi. Ayniqsa, uzoq yo'lga chiqayotganda har kim ham tadorik ko'radi. Ammo bugun qadimgi davrlardagidek, otu tuyalarda haftalab, oylab yuradigan zamon emas. Yaratgan Egamning inoyatiga ko'ra hazrati inson temir uchoqlarni, avto degan temir ulovlarni kashf qilib qo'yibdi. Shu bois, imkon bo'lsa, bir necha kunda dunyoning narigi chekkasiga borib kelish ham hech gap emas.

Bolaligimda yoshi ulug' kishilardan eshitgan edim. Bir bechora o'zi yashaydigan qish­loqdan chiqib, uzoqroq bir tepalikning narigi chekkasiga borib hayratlanib shunday debdi: “Eh he, dunyoning cheki-chegarasi yo'q ekan-da, men falon tepalikning narigi tarafiga borib keldim”. Ma'lum bo'lishicha, bu tepalik 3-4 chaqirim naridagi bir joy ekan. Shu gapni aytishib, hammamizni kuldirishar edi.

Mayli, bu bir hangomali gap, o'rinlimi- o'rinsizmi, shunchaki xayolga kelib qoldi. Aslo bugungi kunlarga ham, safarimizga ham aloqasi yo'q.

Bu galgi ijodiy safar qo'shni va birodar davlat — Tojikistonga bo'ldi.

Tojikistonda shaxsan kamina ikkinchi bor bo'lishim. O'tgan yili aynan shu oktyabr oyida O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Tojikiston Jurnalistlar ittifoqi tashkil etgan safar ishtirokchisi bo'lganim va bu yurt haqidagi tasavvurlarim nihoyatda boy bo'lganini sira unutib bo'lmaydi. Chunki bu o'lkaning nihoyatda go'zal tabiati, purviqor tog'lari, ko'm-ko'k archazorlari, mehmondo'st va samimiy odamlari yurakdan joy olgan.

Ammo hamisha shunday. Gapni nimadan boshlash, safar davomidagi taassurotlarni hikoya qilish sira oson bo'lmaydi. Chunki o'quvchiga bor ko'rgan-kechirgan voqealar, taassurotlar tafsilotini so'zlab berishning qizig'i bo'lmasligi mumkin. Shunday bo'lsa-da, taassurot va hayratlar shunchalar mo'l, boyki, ularning bari haqida o'rtoqlashging kelaveradi.

Avvalo, o'tgan haftadagi 4 kunlik safar uchun tashkilotchilarga so'zimiz avvalida minnatdorlik bildirib o'tish farzdir. Xususan, Tojikiston Respublikasining O'zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda janoblarining yordami, tashabbusi, safar davomida Tojikiston Energetika va suv zaxiralari vazirligining yaqindan bergan ko'magidan minnatdormiz. O'zbekiston va Tojikiston tashqi ishlar vazirliklarining vakillariga ham katta rahmatlar aytish joiz.

Tojikiston — ulkan tog'lar, daryolar, go'zal tabiat, GESlar mamlakatigina emas, balki azaldan o'zbekka do'st, birodar bo'lgan mard va tanti odamlar yurtidir. Bu yurtga qadam qo'ygan mehmon borki, hayratlarga oshno bo'lmasligining iloji yo'q.

Safarda esa hamrohlaring, safdoshlaring o'zingga yaqin, dilingga yaqin kishilar bo'lsa, omading kelgani shu ekan. Chunki gap-gapga qo'shiladi, uzog'ing yaqinday bo'ladi. Neki murod qilgan bo'lsang, albatta, bariga erishasan. Taniqli ustoz jurnalist, “Sevimli” telekanalining fidoyilaridan biri Shoqahhor Salimov, jasoratli inson, mohir telejurnalist, publitsist, “Mahalla” telekanali yetakchilaridan biri, jahongashta jurnalist Ro'ziboy Qo'ldoshev va O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist, “XXI asr” gazetasining Bosh muharriri Norqobil Jalil bilan safarimiz qanday o'tganini sezmay qoldik.

Ammo yaxshi eslaymiz. Bundan 6-7 yil oldin yurtdoshlarimizning Tojikistonga borib-kelishi yoki tojikistonliklarning O'zbekistonga kelib ketishi haqida o'ylashning o'zi mushkul edi. Asrlar davomida do'st-birodar, quda-anda bo'lgan bu ikki yurt kishilarining yo'llari simtikanlar bilan to'silgan, undan ko'ra okean ortiga borib kelish osonroq edi.

Ha, bu sir emas. Hatto chegara hududlardagi ikki yurtning odamlari xuddi katta qamoqxonadagi mahbuslar kabi uzoqdan bir-birlariga qo'l silkitib, ovozlarining boricha baqirib-chaqirib so'zlashganlar, bir daryoning yoki ariqning u yoqasidan bu yoqasiga o'tishning aslo imkoni bo'lmagan-da. Qondoshlar, qarindosh­lar bir-birlarining mehrlariga zor, chegaralarga taqataq qulflar urib tashlangan edi. Bugun-chi?

Xayriyatki, bu kunlar ortda qoldi. Bugun har ikki davlat chegarachilarining munosabati samimiy, iliq. Bor-yo'g'i besh daqiqaga qolmasdan O'zbekistondan Tojikiston hududiga o'tildi. Buning uchun O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon janoblarini haqli ravishda har ikki xalq alqamoqda. Ana shunday yorug' o'zgarishlarga, do'stona munosabatlarga endi hech qachon ko'z tegmasin, – deya hamkasb do'stlarimiz bilan safarni davom ettirdik.

Tojikistonning So'g'd viloyati, bu qadim yurtdagi ilk uchrashuvlar, yangi do'stlar bilan tanishuv va mamlakat poytaxti Dushanbe shahri bilan bog'laydigan Shahriston dovonidan o'tishdagi hayajon, yashirmaymiz, ozgina hadik bilan o'tgan lahzalarni ta'riflashga so'z ojiz. Turkiston tog' tizmalarining osmontalash cho'qqilari, bulutlar bag'rini teshib o'tgan o'tkir qoyalar, yam-yashil archazorlarga burkangan bu jannatiy go'shalarda eng qadim nomlarni olgan yuzlab tog' qishloqlari… Bu qishloqlarning ko'zga yaxshi ko'rinadigan, dilga payvasta bo'ladigan, hech qachon eskirmaydigan nomlari juda issiq, yoqimli tuyulgani uchun ham mashinada ketayotib, hamrohlarimiz bugungi “zamonaviy plastik daftar” — shapaloqdek telefonlarimizga yozib boraverdik. Ular: O'roqli, Chorbog', So'fi Orif, Qo'rg'oncha, Lakat, Yakkatol, Vaxdat, Yangiqo'rg'on, Chashmasor, Obizilol, Qadamjo, Dalyon, Surxi, Objuvoz, Qal'achai kalon, Kurush, Saroy, Surxiy, Qadi ob, Sino, Obigarim… Shu va boshqa o'nlab makon nomlaridagi joylarda shunday go'zal manzaralarning shohidi bo'ldikki, qarang, qanday jannatiy joylarda yashasharkan, deymiz bu yerdagi go'zal tabiatdan hayratimiz oshib. Yana o'nlab katta-kichik daryolar. Ularning hammasini eslab qolish qiyin, albatta. Varzob, Yaxnob, Pite, Fondaryo, Kumarix, Chirino-Kondara-Gajne-Tagob, Takfon-G'abirud… Tip-tiniq va osmon rangidek ko'm-ko'k bo'lgan zilol suvlar oqayotgan tog' daryolarining bari Zarafshonga, Amudaryoga kelib quyiladi.

Iste'dodli jurnalist, jahongashta publitsist Ro'ziboy Qo'ldoshev safarimizning ilk taassurotlari haqida o'zining “Facebook”dagi sahifasida shunday yozdi:

“Sug'd viloyatining qadimiy shaharlaridan biri bo'lgan Istaravshanda qisqa fursat to'xtab, mamlakat poytaxti Dushanbe shahriga yo'l oldik. Sug'd viloyatini Dushanbe shahri bilan bog'laydigan Shahriston dovonining bosh­lanish joyiga yetgach, yo'lning ikki tomonidagi qalin archazorlar va baland tog'larning ajib ko'rinishlaridan huzurlanish, tog'ning musaffo havosidan sipqormoq maqsadida avtomashinadan tushib, bizga peshvoz chiqqan haybatli cho'qqilar poyida to'xtadik. Turkis­ton tog' tizmalarining eng baland va archazor cho'qqilari shu manzilda qo'nim topgan. Bu yerdan bir oz kunchiqar tomonda yana bir purviqor tog' cho'qqisi bor. Uni Osmon yaylov deydilar. Osmon yaylovning etagidagi mo''jazgina qishloqda kaminangiz tug'ilgan. Qiziq tomoni shundaki, men shu yerda tug'ilib, o'sgan bo'lsam-da, osmono'par Shahriston dovonidan yurmaganman. Dushanbe shahriga ham kelmaganman. O'rta maktabni bitiriboq Toshkentga o'qishga borib, keyingi hayotim qadrdonim — Toshkentimga bog'lanib ketdi. Agar shunday deb aytish joiz bo'lsa, men o'zimni o'ta baxtli inson deb hisoblayman. Chunki, Parvardigori olam meni ikkita qondosh va qardosh xalqning farzandi etib yaratdi”.

Ha, shunday. Biz shuning uchun ham Ro'ziboy akaga hazillashib: “Bizga rahmat deyishingiz kerak, biz bo'lmasak, O'ratepada tug'ilgan bo'lsangiz ham Shahristonning bu qo'rqinchli, lekin go'zal dovonidan o'tmagan, Dushanbe shahriga ham bormas edingiz”.

— Ha, — deydi Ro'ziboy og'a. — Buning uchun sizlarga “haq” berishim kerak!

— “Erimay” ham ko'ring-chi, hamma sirlaringizni shu yerdagi qarindoshlaringizga aytib beraman”, — deya “po'pisa” qiladi Norqobil Jalil.

Yana bir ustoz hamkasbimiz Shoqahhor aka Salimov ham asli shu zaminda tug'ilib o'sgan. Bugun Toshkentda yashab, jurnalistika sohasining fidoyilaridan biriga aylangan. Aynan shu yil u xalqaro “Oltin qalam” mukofoti sohibi bo'ldi. Ko'p yillik samarali mehnatlari uchun yana Prezidentimizning Farmoniga binoan yuksak “Do'stlik” ordeni bilan mukofotlandi.

Safar davomida dastlab Istarafshanda qisqa fursat to'xtadik. Bizni bu yerda Istarafshan shahar hokimligining ishlar boshqarmasi boshlig'i Tohir Abduvohidov va Shoqahhor akaning tug'ishgan inisi, ya'ni akalari Toshboy Muhabbatov kutib olishdi.

— Bu kishi mening tug'ishgan akam bo'ladi. Ismlari Toshboy, Respublikada xizmat ko'rsatgan artist, Xalq ta'limi a'lochisi, o'zlari tarix muallimi. Lekin san'atni bir zum unutmagan, — deya bizni go'zal qo'shiqlar kuylab xushnud etgan do'ppi kiygan kamtarin inson bilan tanishtirar ekan. — Akamizdan minnatdor bo'lishim kerak, chunki ota-onamiz “Toshboy” ismini bekorga qo'ymagan-da, oilamizda farzandlar turavermagach, niyat qilib, irim qilib shunday ism qo'yishgan. Ana shundan keyin men tug'ilganman. Bo'lmasa… – deya kuladi Shoqahhor aka.

— O'zbekiston Prezidentidan, o'zbek xalqidan juda minnatdormiz. Chunki Tojikiston bilan azaliy do'stlik aloqalari tiklandi. Hozirgi kunda bemalol bir paytlardagidek borib kelyapmiz. Hatto haftada turli bozor-o'char uchun Samarqandga, Sirdaryoga, Toshkentga borib keladigan qancha yurtdoshlarimiz bor, — dedi Tohir Abduvohidov.

Safarning birinchi kuni Dushanbe shahriga yetib keldik. Dovonda qurilgan bir nechta 5- 5,6 kilometrlik tunnellardan o'tib, bu yo'llarning nihoyatda sifatli ekanligidan hayratlandik. Ertasi esa Tojikistonda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining salmoqli qismini beradigan nurchilar shahri — Nurak shahriga bordik. Bu yerda Nurak gidroelektrostansiyasi imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdik. Kuniga qariyb soatiga 3 ming megavatt barq ishlab chiqaradigan ushbu GES rahbari Fazliddin Shahiddinov shu yerda qariyb 50 yildan ziyod mehnat qilib kelayotgan tajribali inson ekan. Uning aytishicha, ishni oddiy ustalikdan boshlab, ushbu ulkan majmua rahbarligiga qadar bo'lgan yo'lni bosib o'tibdi. GESda 750 nafardan ziyod kishi mehnat qiladi. Eng qizig'i, Nurak GESi Ginnesning rekordlar kitobiga nima uchun kiritilganini bilasizmi? Chunki bu GES dunyoda o'zining tabiiy to'g'on platina qurilishining zichligi va zilzilaga bardoshlilik darajasi yuqori ekanligidan tashqari, qurilish balandligi 300 metrdan oshganligi uchun. Jahonda esa bunday to'g'onlar boshqa uchramaydi. Chunki bu to'g'on platina qurilishi tabiiy qum-shag'al, tosh zichligi bilan ajralib turadi. Dunyodagi aksar yirik to'g'onlar esa beton qorishmalari asosida mustahkamlangan.

— O'zi men hech qachon jurnalistlarga intervyu berishni yoqtirmas edim. Sizlarga nima bo'ldi-yu, kameralaringizga qarab ko'p so'zlab yubordim. Iltimos, gazetaga yozsalaringiz ham, televidenieda ko'rsatmasangiz, — deydi F.Shahiddinov kamtarlik bilan.

Shu kuni Nurak GESi majmuasidan qaytgach, kunning ikkinchi yarmida mamlakatdagi nufuzli o'zbek nashrlaridan biri “Xalq ovozi” hamda tojik tilida chop etiladigan “Sadoi Mardum” ro'znomalari tahririyatida ham hamkasb do'stlarimiz bilan suhbatlashdik. Ma'lumki, bugun dunyoning barcha bosma nashrlariga ham oson bo'layotgani yo'q. Chunki “hamma joyda ham xo'roz bir xil qichqiradi” deganlaridek, internet o'zining “olamshumul” karomatini ko'rsatmoqda. Ayrimlar “axborotni manavi telefondan olaveraman-da” deb yurgan bir paytda, gazetalarning o'rni, ahamiyatini tushungan tushunadi, albatta. Biz tojik hamkasblarimizdan so'radik:

— Sizlarda gazetalarga munosabat qanday?

— Yomon emas, — dedi “Xalq ovozi” gazetasi bosh muharriri Yoqubjon Abdumannonzoda. – Nashrimiz to'liq byudjet tomonidan moliyalashtirilgan. Obunadan tushadigan mab­lag'larni esa qo'shimcha imkoniyatlarimizni rivojlantirish uchun yo'naltiramiz. Obunani tashkil etish, uyushtirishga hukumat ko'mak beradi. Hozirgi paytda 8 ming adadda chop etilmoqda. Tojik tilida chop etilayotgan hukumat nashri hisoblangan “Sadoi Mardum” ro'znomasi esa 40 mingga yaqin o'quvchilariga ega.

Safarimizda ko'zda tutilgan asosiy manzillardan biri bu, shubhasiz, Tojikistonda bir necha yillardan buyon qurilayotgan “Rog'un” GESi edi. Umuman olganda, bu mamlakatda 14 ta GES faoliyat yuritmoqda. Ularning eng yirigi bo'ladigan “Rog'un” GESi esa 2030 yilgacha to'liq qurib bitkazilishi ko'zda tutilgan.

Rog'un GESiga oid bizning savollarimiz ko'p edi, albatta. Tojikistonning Vaxsh daryosi quloq boshida qurilayotgan ushbu gidroelektrostansiyasining Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O'zbekiston uchun xavfli tomonlari bo'lishi mumkinligi ko'p ta'kidlanib kelingan. Aslida, bu to'g'onni qurish g'oyasi sobiq SSSR tomonidan tasdiqlangan bo'lib, dastlab 1976 yilga kelib qurilishi boshlanib, so'ngra to'xtab qolgani aytiladi. Bahaybat to'g'on salkam 355 metr balandlikka ega. 6 ta ulkan agregatning har biri 600 megavatt kuchlanishda, jami 3600 megavatt, ya'ni soatiga qariyb 17 milliard kilovatt elektr toki ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo'lishi mumkin. Hozirda GESning ikkita agregati to'liq ishga tushgan bo'lib, lekin ayni paytda to'g'onda suvning kamligi bois, bitta tarmog'i ishlatilayotgan ekan.

Shunday qilib, afsonaviy “Rog'un” elektrostansiyasi faoliyati bilan tanishdik. Uning qurilish jarayonida hozirgi paytda 20 ming­­ga yaqin ishchi va muhandislar mehnat qilishmoqda. Avstriya, Germaniya, AQSh, Xitoy, Rossiya va boshqa o'nlab rivojlangan xorijiy mamlakat mutaxassislari ishtirokida qurilayotgan ulkan to'g'onga borish uchun dastlab GES xodimlari hamrohligida yo'lga tushgan “Toyota” rusumli avtomashina ko'zimizga, aniqrog'i tassavvurimizda, bu tog' yo'llari sabab bo'lsa kerak, go'yoki o'zimizning “Matiz”dek tuyulib qoldi. To'g'onning asosiy qurilayotgan bo'g'oziga borgunimizcha ulkan tog'lar bag'rini yorib bunyod etilgan boshi-adog'i yo'qdek tunnellardan o'tib borar edik. Go'yoki o'zimizni “tog'osti shaharchasi”ga tushib qolgandek his qilardik.

Tog'lar ostida qurilgan tunnellar shunchalik ko'p va shaxmat taxtasi monand ediki, tunnel yo'llari bir-biriga tutashib ketgan edi. Bu yer osti yo'llarida qatnayotgan ulkan turli xil yuk tashuvchi avtolar, zamonaviy, bahaybat texnikalarning keti uzilmas edi. “Tunnelda ham “probka” bo'lishini birinchi bor ko'rishim”, deya kuldi Ro'ziboy aka Qo'ldoshev. Tojik zabonida bu qurilish haqida ma'lumot berib borayotgan “Rog'un” GESining injenerlik monitoringi boshqarmasi boshlig'i Nurillo G'oziyevning gapini esa Shoqahhor Salimov bizga tez va juda sodda tarzda tarjima qilib borar edi.

Albatta, bunday to'g'onlar har yili yoxud har mamlakatda ham qurilavermaydi. Uni bunyod etish va xalq xizmatiga yo'naltirish uchun bir necha o'n yillar kerak bo'ladi. Lekin bizni ko'proq GES qurilishining ahamiyati bilan bir qatorda, uning oqibatlari, mustahkamligi, O'zbekistonga ta'siri qiziqtirar edi.

— To'g'on qurilishi ayrimlar “bashorat” qilganidek hech qanday suv zaxiralarining qo'shni mamlakatlarda kamayishiga olib kelmaydi. Chunki unda ishlatiladigan suvning hatto bir litri ham qayoqqadir isrof bo'lib yo'qolmaydi, balki maxsus agregatni aylantirishga xizmat qiladigan kuchli suv hajmi o'z oqimida davom etadi. To'g'onga yetadigan suv hajmi esa sekin-­astalik bilan barcha respublikalar ehtiyojini hisobga olgan holda va o'zaro kelishilgan asoslarda ma'lum miqdorda yig'ib boriladi. To'g'on uchun kerak bo'ladigan suv miqdori 20 yil davomida to'planadi. Bu miqdor hajmini yashirishga hojat yo'q. Yoxud “Rog'un” GES to'g'onining favqulodda holatlarda yorilib ketishidan hadiksirash, uning fojialarni keltirib chiqarishi haqidagi xavf-xatarlar o'rinsiz ekanligini sizlarga ochiq ma'lum qilishimiz lozim. Buning uchun avvalo to'g'onda amalga oshirilayotgan qurilish jarayonlari bilan tanishishingiz kerak.

Shunday. Ming bor eshitgandan ko'ra, bir bor ko'rgan afzal. To'g'on qurilishi bilan tanishish uchun ustoz hamkasblarimiz GES mutaxassisini savollarga ko'mib tashladi.

To'g'on haqida uning faqat istiqbolli taraflarini so'zlab bergan G'oziyev Nurillo Abdullayevich “Rog'un” GESida qachondan buyon ishlaydi va uning ishonch bilan bildirayotgan fikrlari qanday ilmiy va amaliy asoslarga ega?

Abdirasul JUMAQUL.

(Davomi kelgusi sonda)

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

11 + thirteen =