Tojikiston taassurotlari
(Ikkinchi maqola)
Shunday qilib, Tojikiston davlati qurayotgan “Rog'un” gidroelektrostansiyasi nafaqat mamlakat iqtisodiyoti, balki butun Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun istiqbolli imkoniyatlarni tuhfa qilishi mumkin ekan. Bu GESning faqat foydali jihatlari bo'lishi mumkinmi? Bizni esa bugungi kunda butun dunyoda qurg'oqchilik kuzatilayotgan bir paytda ertaga Vaxsh daryosidan bu ulkan GES uchun uzoq yillar davomida to'planajak suv zaxiralarini shakllantirishi bois, qo'shni mamlakatlarga ziyon keltirishi, eng yomoni, bu hududlar seysmologik zonaga taalluqli ekanligi, Xudo ko'rsatmasin-u, mabodo kuchli yer silkinishlari ro'y beradigan bo'lsa, tasavvur qilib bo'lmaydigan xavf-xatarlarga qanday kafolat bera oladi, degan savollar qiziqtirardi.
Ochiq aytganda, hamkasblarimizning GES mutasaddilariga, mutaxassislariga bergan shu va shu kabi ko'plab savollariga ishonchli, atroflicha javob qaytarildi.
— Birinchidan, qariyb yigirma yil davomida to'planadigan suv zaxirasi kelajak uchun ham juda muhim ahamiyatga ega bo'lishi mumkin. Aytaylik, bir necha yil davomida qurg'oqchilik kuzatiladigan bo'lsa, bu yerda yig'iladigan suv hajmi, nafaqat Tojikiston xalqi uchun, balki qo'shni respublikalarga ham asqotishi turgan gap. GES to'liq ishga tushirilganda esa, Vaxsh daryosining eng yuqori qismidan keladigan suvning bir litri ham isrof qilinmaydi, balki zamonaviy agregatlarni aylantirish asnosida o'z oqimida davom etaveradi. Albatta, xavfsizlik masalasi juda muhim va bu narsani butun ikir-chikirigacha hisobga olmaslik mumkin emas. Shu boisdan ham hali sizlar to'g'on qurilishiga oid ko'plab ob'yektlarni, uning to'qqiz ballgacha chidamliligini ta'minlaydigan darajada ishlar olib borilayotganini ko'rasizlar, — dedi ishonch bilan suhbatdoshimiz, “Rog'un” GESi injenerlik-monitoringi boshqarmasi boshlig'i Nurilla Abdullayev.
Bu, albatta, ushbu inshoot qurilishidagi mas'ul mutaxassislardan birining gapi edi. Lekin to'g'on qurilishida olib borilayotgan ishlarni ko'rib, rostini aytganda, aql bovar qilmas bunyodkorliklarga guvoh bo'ldik.
Birinchidan, to'g'onda to'satdan suv hajmi oshishining oldini olish maqsadida shunday kommunikatsion loyihalar ijrosi ketayotgan ekanki, uning kelajakdagi yuz yillarga xizmat qiladigan infratuzilmaga egaligiga inonmay iloj yo'q edi. Ulkan qoyalar bag'ridan o'yilgan tunnelli “kanal”lar maxsus qopqalarga ega. U bir nechta bo'lib, zarur holatlarda ochilib yopiladi. Shu zayl favqulodda holatlar yuz beradigan bo'lsa, To'g'ondagi suv daryoga chiqarib yuborilishi mumkin.
Ikkinchidan, to'g'on mustahkamligini, ishlab chiqilgan loyihalarning muvofiqligini bir qancha xalqaro ekspertlar, sohaga javob beradigan jahondagi nufuzli institutlar ma'qullagan.
Uchinchidan, to'g'onning chor-atrofini Allohning mo''jizasi bo'lgan cho'qqilari bulutlarga tegib turgan tog'lar qurshab olgan.
Qolaversa, oraliqdagi tog'lardan ho'o' uzoqlikdagi soyliklargacha shunday beton qal'alar quyilmoqda ekanki, qoyil qolmasdan iloj yo'q.
Tojikistonning Pomir tog'lariga tutash hududida dengiz sathidan qariyb 3255 metr balandlikda joylashgan “Sarez” ko'li haqida ham so'z bordi. Ochig'ini aytganda, hamkasblarimiz bilan ana shu ko'lga borishni ham o'ylab qo'ygan edik. Lekin mezbonlar u manzilga eng yaxshisi yoz oylarida borish ma'qul ekanligini, hozirda borish o'ta xavfliligini aytishdi.
Ma'lumotlarga qaraganda, “Uyqudagi ajdarho” deyiladigan “Sarez” ko'li 1911 yilda sodir bo'lgan zilziladan so'ng Bartang daryosi oqimi tabiiy to'g'on shaklida yopilib qolish ortidan paydo bo'lgan. Mutaxassislarning fikricha, o'shandan buyon uning chuqurligi 500-600 metrga yetgan. Ushbu ko'lda to'plangan suv shu qadar katta hajmdaki, uni ko'z oldingizga keltirish uchun, Toshkent viloyatidagi Chorvoq suv omboridagidan qariyb 40 marta ko'proq ekanligi ta'kidlanadi. Ammo “Sarez” ko'lining, umuman, Tojikistondagi Norak GESi bunyod etilgan Vaxsh daryosining yoki bu mamlakatdagi katta-kichik daryolarning suvi shu qadar tiniq, zilolki, ta'riflashga til ojiz.
— Men dunyoning ko'plab yurtlarida bo'lganman, ne-ne dengizlarni, daryolarni ko'rganman. Aytaylik, Turkiyadagi Marmara dengizining suvi ham juda go'zal, lekin bu yerdagi ko'm-ko'k suvni hech qaerda ko'rmaganman, — dedi ustoz jurnalist, taniqli publitsist Ro'ziboy Qo'ldosh hayrat bilan.
Darhaqiqat, shunday. Bu suvlarga go'yo siyoh qo'shib qo'yilgandek shu qadar ko'm-ko'kki, zavqlanmay iloj yo'q.
—Bu daryolarda faqat farel-gulmohi baliqlar bo'lsa kerak-a, – deya so'radi “XXI asr” gazetasi bosh muharriri Norqobil Jalil. — Bemalol, to'g'on bag'rida baliqchilikni ham tashkil etish mumkin shekilli?
— Ha, — dedi N.Abdullayev. — Gulmohi baliqlar juda ko'p. Lekin bizning eng oliy orzuimiz hozircha to'g'onni qurib bitkazish. “Rog'un” GESi to'liq bunyod etilganda mendan baxtli odam bu dunyoda bo'lmaydi. Butun hayotimni ana shu ishga baxshida etganman.
Darvoqe, so'zimiz “Sarez” ko'li haqida ketayotgan edi. Ushbu ko'lning balandligini yuqorida aytdik. Dengiz sathidan 3255 metr yuqorida bo'lib, uzunligi 70-75 kilometrni tashkil etadi. Ko'lning o'rtacha eni esa 3,3 kilometr. Ko'l egallagan maydon — 15 755 m2, suvning umumiy hajmi 17 km3. Ko'l suvi yiliga 0,2 metrdan ko'tarilib borayotgani aytiladi.
“Sarez” ko'lini, shubhasizki, mutlaqo xavotirsiz, xavfsiz deb bo'lmasa kerak. Bu shaxsiy fikrimiz, albatta. Ammo mamlakatda tegishli soha vakillari xavotirlarning asossiz ekanligini ta'kidlashadi. Xususan, so'nggi 80 yil ichida “Sarez” ko'li oldida jiddiy zilzilalar kuzatilmagan.
—“Sarez” ko'lidan foydalanish, unga investitsiya kiritish yuzasidan bir qancha yirik mamlakatlar takliflar bilan chiqqan. Jumladan, Xitoy, Isroil kabi davlatlardan. Lekin, hisob-kitob qilinganda, bu suv nihoyatda qimmatga tushib “tilla suv”ga aylanar ekan. Ammo kelajakda “Sarez” ko'lidan foydalanish, albatta, amalga oshishiga shubha yo'q, — dedi Tojikiston Respublikasi Energetika va suv zaxiralari vazirligining xalqaro aloqalar boshqarmasi boshlig'i Parviz Yahyoyev.
Keyingi yillarda O'zbekiston va Tojikiston o'rtasidagi do'stona aloqalar qayta tiklanganidan so'ng ikki mamlakat o'rtasida juda ko'plab xayrli ishlar ro'yobga chiqarilmoqda. Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 9-10 mart kunlari Tojikistonga qilgan tashrifi davomida Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon kelajakda O'zbekiston bilan hamkorlikda “Sarez” ko'lidagi suvdan foydalanish mumkinligini istisno etmagan edi. Bu haqda turli nashrlarda yozilgandi.
— Bugun Tojikiston va O'zbekiston mamlakatlarining do'stona aloqalari har qachongidan baland darajada. Bunga har ikki mamlakat rahnamolarining sa'y-harakatlari tufayli erishilmoqda. Bugun Tojikistondan O'zbekistonga elektr energiyasi uzatilishida ham hech qanday uzilishlar yo'q va bu sifat yanada yaxshilanadi, – dedi suhbatdoshlarimizdan biri “Barqi Tojik” ochiq aksiyadorlik xolding kompaniyasining xalqaro aloqalar bo'limi boshlig'i Baxtiyor Siddiqov.
Bizni hayratlantirgan jihatlardan biri Tojikiston maktablarida maktab o'quvchilari uchun forma mavjud bo'lib, o'quvchilarning unga amal qilishi majburiy etib belgilangan. Maktablarda o'quvchilar darslarga qo'l telefonlarini olib kirishi mutlaqo mumkin emas. O'quvchilar maktabga kirishlarida telefonlarini topshirib, ketishlarida olib ketishlari mumkin. Dars vaqtida telefon titkilab o'tiradigan bolaning qulog'iga bilim ham, saboq ham kirmasligi bir bo'lsa, dars jarayonlaridan bizdagidek turfa xil “reportaj”lar ijtimoiy tarmoqlardan ham o'rin olmaydi. Bu tartib mamlakatdagi, hatto oliy ta'lim muassasalariga ham taalluqli ekan. Qoyil qolmay iloji yo'q. U yerdagi boyvachcha talabalar ham o'quv dargohlariga shaxsiy avtomashinalarda borishi taqiqlangan. O'zimizning oliy ta'lim o'choqlarida esa… qandayligini yaxshi bilasiz.
Mamlakat yo'llarida bizdagi kabi har qadamda turli xil taqiqlovchi belgilar qo'yilmagan. Bu ham haydovchilarga katta e'tibordan darak. Haydovchilarni jarimaga tortish, radarlar o'rnatilishi jihatdan ham biz ancha ilgarilab ketgan ekanligimizni ko'rishimiz qiyin bo'lmadi.
Matbuot nashrlariga Tojikiston hukumati har tomonlama e'tibor qaratgani, obuna reja-tavsiyalarining berilishi ham hech kimni bizdagidek taajjubga solmaydi. Buning ustiga gazeta va jurnallar byudjet tomonidan moliyalashtirilgan.
…Safarimiz davomida bu zaminda mangu qo'nim topgan ulug' zotlarning qadamjolarini ziyorat qilish ham nasib etdi. Xususan, Islom va Sharq dunyosida mashhur bo'lgan zabardast olim, Naqshbandiya tariqatining yetuk namoyandasi, nazariyotchi Mavlono Ya'qub Charxiy hamda ilmu ma'rifat ahli tomonidan “Hoji Hindistoniy”, “Mavlaviy Hindistoniy”, “Hoji domullo”, “Hazrati Mavlaviy” singari nomlar bilan qadrlab kelinadigan ulug' vatandoshimiz, asli ismi Muhammadjon mullo Rustam o'g'lining mangu qo'nim topgan Dushanbe shahridagi Hazrat Mavlono masjidi hovlisi yonidagi maqbaralari ziyorat qilindi.
Ma'lumki, XV asrning birinchi yarmida Movarounnahrda yashagan naqshbandiya ta'limotining yirik vakillaridan Xoja Ahrori Valiyning ustozi bo'lmish mavlono Ya'qub Charxiy G'azna (Afg'oniston) shahriga tobe qishloqlardan biri hisoblangan Charxda tug'ilganligi uchun Charxiy taxallusini olgan. Manbalarning guvohlik berishicha, u o'z davridagi ilmlarni egallagach, ko'nglida tasavvufga nisbatan xohish paydo bo'lib, Buxoroga keladi va Xoja Bahouddin Naqshband bilan uchrashadi. Bu voqealarning tafsiloti uning “Risolai unsiya” (“Do'stlik haqida risola”) nomli kitobida bayon qilinganidan xabaringiz bo'lsa kerak. Mavlononing “Tafsiri Charxiy” (“Charxiyning Qur'oni karimga qilgan tafsiri”), “Risolai unsiya” (“Do'stlik haqida risola”), “Ar-risolat ul-abdoliya” (“Abdollar haqida risola”), “Risola dar ilmi faroyiz” (“Farz narsalar haqida risola”) singari yigirmaga yaqin kitoblari ma'lum.
Mavlaviy hoji Hindistoniy. Asli ismi Muhammadjon mullo Rustam o'g'li bo'lgan bu alloma 1892 yilda Qo'qon muzofotiga qarashli Xoja Muhammad Valiy qabristoniga yaqin Chorbog' qishlog'ida tug'ilgan.
Adabiyotshunos Alisher Nazarning yozishicha, domla Hindistoniyning ota-onalari ham ilmli, ma'rifatli kishilar bo'lib, farzandlarining yoshlikdanoq ilm olishiga jiddiy e'tibor berishgan. Shuning uchun ham Muhammadjon o'n to'rt yoshida hofizi Qur'on bo'lib yetishgan. Dastlab Qo'qon va Buxoro madrasalarida, keyinchalik Afg'onistonning Balx va Mozori Sharif shaharlarida saboq olgan. So'ngra ulug' ustozlarining tavsiyalariga binoan Hindistonga safar qiladi va Ajmir shahridagi “Usmoniya” madrasasida yana sakkiz yil ilm o'rganadi. Uning Hindistoniy taxallusini olishi shundan.
Muhammadjon domla 1929 yil yurtga qaytadi. 1932 yili “sinfiy dushman” sifatida bir yilga ozodlikdan mahrum qiladilar. Muhammadjon domla 1933 yili qamoqdan qaytgach, fitnalardan yiroq bo'lish uchun tez-tez yashash joyini o'zgartirib turishga majbur bo'lgan. Domla Toshkent viloyatining Ohangaron tumaniga qarashli Ablig' qishlog'iga, Toshkent shahar tasarrufidagi “Oq yo'l” kolxoziga ko'chadi. Domla ilmu salohiyati ortidan yana tuzoqqa tushdi. Unga bu safar “xorijiy davlatlarda o'qigan” degan ayb qo'yilib, uch yilga ozodlikdan mahrum qilishadi. Bu safar u Rossiyaning Sverdlovsk viloyatidagi mahbuslar lagerida qarag'ay kesishga mahkum bo'ladi.
Navbatdagi jazo muddatini o'tab qaytgan Muhammadjon domla endi urushga safarbar etiladi. U 1942 yili urushda qattiq jarohatlangach, Rossiyaning sovuq mehnat lagerlaridan biriga yuboriladi va bu mash'um joylarda 1946 yilgacha qolib ketadi.
Muhammadjon domla navbatdagi surgundan qaytib, Tojikiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining qo'lyozmalar bo'limida tarjimon bo'lib ishlay boshlaydi. Domla ana shu bo'limda ikki yil arab tilidagi kitoblarni fors va o'zbek tillariga o'girish bilan mashg'ul bo'lgan. Xususan, shu yillarda u Zamaxshariyning “Navobig'ul kalim” hamda “Maqomoti Zamaxshariy” asarlarini arab tilidan fors tiliga, Imom Barzanjiyning “Mavludun nabiy” asarini o'zbek tiliga, arab shoiri Farazdaqning Imom Zaynul Obidinga bag'ishlangan qasidasini o'zbek tiliga tarjima qilgan.
Biroq tinimsiz ta'qib va tazyiqlar, mehnat lagerlaridagi og'ir hayot, mash'um urush balolari asta-sekin o'z asoratlarini namoyon eta boshlagan edi. Domlaning ko'zlari xiralashib qoladi. Shifokorlar u kishiga doimiy kitob bilan shug'ullanish zararli deb tashxis qo'yadilar. Shundan so'ng domla endilikda to'plagan ilmini boshqalarga berish mavridi kelganini anglab, bir qancha kitoblar tasnif etishga muvaffaq bo'ladi. Jumladan, domla Qur'oni karimning ma'naviy tarjimasi — “Bayonul Furqon fi tarjimatil Qur'on” kitobini tasnif etdi. Bu muborak kitob O'zbekiston Fanlar Akademiyasi ilmiy xodimi, zahmatkash olim Sayfiddin Rafiddinov tomonidan 2006 yilda nashrga tayyorlanib, “Movarounnahr” nashriyotida chop etilgan. Bobomiz Imom Buxoriyning “Al-jomi' as-sahih” hadislar to'plamini, Burhoniddin Marg'inoniyning “Hidoya”, Imom A'zamning “Fiqhi akbar”, Abdurahmon Jomiyning “Sharhi Mullo”, Muhammad Fazlul- imom Xayriobodiyning “Mirqotul-mantiq” asarlarini sharh qiladilar.
Muhammadjon Hindistoniy domla 1989 yil 97 yoshlarida olamdan ko'z yumgan. U kishi o'zi istaganidek Mavlono Ya'qub Charxiy mozoriga dafn etilgan ekan.
…Donishlar aytganidek, qay yurtga borsang, uning bozorini ko'rmay to'liq shu yurt haqida tasavvur qilish mumkin emas. Biz ham Dushanbedagi katta bozorga tushib, bu yerdagi to'kinlik, obodlikning guvohi bo'ldik. Narx-navolarga kelsak, yashirib nima qildik, o'zimizdagidan biroz arzonchilik ekan. Aytaylik, bir kilo qo'y go'shti 70 somoni, ya'ni bizning pulga 70 ming so'm va hokazo.
Safar haqidagi taassurotlarimiz, shubhasiz, bir-ikki maqolaga sig'maydi. Mamlakat poytaxtidan taksiga o'tirib, to'rt nafar jurnalist yurt sari yo'l oldik. Vatanga qaytdik. Qaytishda hamma joyda ham uchrab turadigan ba'zi bir narsalarga ham e'tiborimiz tushdi. Buni aytib o'tirmasak ham bo'lardi-yu, lekin siz aziz mushtariylarga borini hikoya qilamiz deb lafz qilganmiz. Taassurotlarimizda qayta-qayta ta'kidlaganimiz, chindan ham yo'llar nihoyatda tekis va sifatli bo'lib, bu yerda allaqachon pullik yo'llar xizmati ishga tushgan. Lekin sobiq Ittifoq zamonidan qolgan “qusur” bo'lsa kerak, yo'llarda haydovchilardan arzimagan choychaqalarni olish tojikistonlik GAI xodimlariga xos ekan. Bizni olib kelayotganda ham, ketayotganda ham kirakash haydovchilar kulib “yo'liga qarab besh somon, mana hozir bir somon tashladim” dedi. Nima bo'lganda ham tojikistonlik yo'l harakati nazoratchilarining insofi bor ekan, bir somon, ya'ni bizning pulga ming so'mni hatto tangada bo'lsa ham indamay olib qo'yishar ekan.
Xullasi kalom, go'zal tog'lar, daryolar, ko'm-ko'k archazorlar vatani bo'lgan, eng muhimi, o'zbek xalqidek mehmondo'st, ochiqko'ngil yurtdan olam-olam taassurotlar bilan qaytdik.
Abdirasul JUMAQUL.