Kitob o'qiydigan rejissyorlar bormi?

Rejissyor – ijodiy ma'noda aytganda, yaratilgan narsaning yaratuvchisi, dramatik asarni jonli spektakl qiladigan usta. U dramaturg g'oyasini jamoadagi aktyorlar, rassom va boshqa sahna xodimlari bilan birgalikda tomoshabin hukmiga havola etuvchi ijodkor. Mabodo, tug'ma iqtidor bo'lmasa, undan haqiqiy rejissyor chiqadimi? Yo'q, albatta.

Afsuski, salohiyati yetsa-etmasa ham ayrim rejissyorlar spektakl “yasashyapti”. Lekin bunaqa spektakllar uzoq yashamaydi — chunki ular chala tug'ilgan. Bunday rejissyorlar aktyorlar kuchi va mahorati tufayli rejissyor nomiga ega, xolos. Hatto shundaylari borki, dramaturgiyaning nima ekanligini tushunmaydi, tushunaman deb o'ylaydilar, xolos. Yana uning roziligisiz asar teatrda qo'yilmaydi.

Shunday ekan, rejissyor avvalo halol, o'z fikriga ega, asar mohiyatini tushuna oladigan darajada yuksak did va salohiyatga ega bo'lishi va eng muhimi, asar qahramonlarini teatr aktyorlarida ko'ra olishi lozim.

Shu ma'noda qaysidir rejissyor qo'ygan asarni “o'zgartirib” qo'ygan rejissyorni hamma vaqt ham rejissyor deb bo'lmaydi. U faqat rejissyor yordamchisidir. Ya'ni, kim asarni birinchi bo'lib sahnalashtirgan bo'lsa, uning nomi birinchi qo'yilib, keyin spektaklga qo'l urgan rejissyorning nomi yozilishi kerak.

Xo'sh, O'zbekiston san'atida bugungi kunda o'zini bilgan rejissyorlar bormi? Shubhasiz, bor. Men bir qancha bunday rejissyorlarni bilaman va hurmat qilaman. Ammo salkam 33 million aholisi bor mamlakatda ularning soni barmoq bilan sanarli. Lekin ular ham: “Bir-ikki nafar o'zim tengi, hatto o'zimdan ham baland rejissyorni tarbiyalab yetishtirdim”, deb ayta oladilarmi? Afsuski… To'g'ri, bunda ularning aybi yo'q. Chunki shogird ustoz san'atini ijobiy ma'noda “o'g'irlab” o'rganishi kerak. Bunday o'rganganlar ham topiladi. Biroq ular dramaturg bilan ishlashda baribir oqsaydilar. Toshxo'ja Xo'jayev bilan Erkin Vohidov hamkorligi bu borada barcha rejissyorlarga ibrat bo'lmog'i kerak. Ular asarni hamisha birgalikda o'qib chiqishgan. Bir-birlari bilan bamaslahat rol tanlashgan. Aktyorlarning ijro darajasi birgalikda muhokama qilingan. Hozir ham muallif bilan shunday ishlaydigan rejissyorlar bordir. Ammo nega o'shalar haqda matbuot indamaydi?

Rejissyorga asar bersang yo yo'qoladi, yoki … ishqilib, ulardan asaringni qaytib ololmaysan. Hatto asaring yuzasidan fikr aytishga vaqtlari yo'q. Axir, muallif sahnalashtiruvchi rejissyor bilan ishlashdan faqat quvonadi. Kamchiliklari bo'lsa, har doim tuzatishga tayyor. Asar muallifi umidvor bo'lib yuraversa, rejissyor asarini o'qimasa, yaxshi-yomon demasa, dramaturgning teatrdan ko'ngli sovib ketmaydimi?

O'zbekiston Davlat san'at va madaniyat institutida qancha yoshlar tahsil oladi, har yili bir necha rejissyor uchirma qilinadi. Qiziq, qani ular? Nima ishlar bilan band?

Menimcha, teatrga ishlasa, ishlamasa, faqat maosh olib yuradigan rejissyor kerak emas. Shtatdan ularni olib tashlash kerak. Shartnoma asosida qo'ygan asarlariga haq olishlari lozim. Ehtimol, shunda ular orasida ijodiy raqobat hosil bo'lar, ular ham dramaturgga ehtiyoj sezarlar? Hozir dramaturglar sarson-sargardon. Bir ahvolda sahna yuzini ko'rgan asari haqini ham vaqtida olisholmaydi. Nima qilsin, asarini matbuotga to'liq chiqarolmasa. Respublikada dramatik asarlar chop etilishi kerak bo'lgan “Teatr” jurnalidan boshqa ommaviy axborot vositasi bo'lmasa?.. U ham sahnalashtirilgan spektakllarga munosabatlardan ortmaydi. Teatr uchun yozilgan dramatik asarlarni yoritib boradigan alohida matbuot nashri bo'lishi shartmikin deb o'ylab qolasan.

Endi ayting, teatr uchun birlamchi omil vositasi — dramaturg, rejissyor va aktyorlar hamkorligi nega yo'qolib bormoqda? Rejissyor Jo'ra Mahmudovning “Teatr va uning nusxasi” nomli kitobi bor. Bu asar rejissyor va aktyorlar, hatto dramaturglar uchun bebaho manba. Boshqa tajribali rejissyorlar ham shunday asarlar yozishsa yaxshi bo'lardi. Chunki teatrda ko'tarib chiqish zarur bo'lgan muammolar juda ko'p: rejissyor asarni qabul qilgach, aktyor tanlarkan, birinchidan — xarakter yarata oladiganlarni birinchi o'ringa qo'yishi kerak. Oshna-og'aynigarchilik, nimadandir umidvor bo'lib ish tutish aqlsizlik va kasbga xiyonatdir; ikkinchidan – rejissyor asar mohiyatidan kelib chiqishi, ilk repetitsiyadayoq kim nimaga qodirligini aniqlay olishi lozim; uchinchidan – rejissyor asarning mantiqiy xulosasini o'zgartirmagan holda rassom ssenografik ko'rinishni yarata oldimi, degan savolga javob bersin; to'rtinchidan, u dramaturg asarining bayonchilik bilan yozilgan o'rinlarini xatti-harakatlar, dialoglar orqali ochib bera olsin;   beshinchidan, daniyalik qora tanli aktyor Ladi Emeruva ta'biri bilan aytganda, chinakam san'at asari har qanday irqiy yoxud milliy kayfiyatdan ustun turishi, umumestetik mezonlarga javob berishi lozim.

Ha, bejiz ushbu mulohazamizga rejissyor kitob o'qiydimi, shunday san'at fidoyilari bormi degan ma'noda sarlavha qo'ymadik. Chunki va ming bora afsuski, bugun teatrlarimizda sahnalashtirilayotgan asarlarning hammasi ham uzoq sahnada qolmaydi. Buning sababi nimada? Yaxshi asarlar yo'qmi? Aksincha, shu paytgacha yozilgan yuksak saviyali asarlarni sahnalashtiraman degan arboblar uchun zahira—100 yilga yetadi. Ne-ne ulug' asarlar o'zbek adabiyotidan ham, boshqa xalqlar adabiyotidan ham istalgancha topiladi. Qolaversa, Shekspir yoki Said Ahmadday yozuvchilar har doim ham bo'lavermaydi. Muammo boshqa yoqda. Jon kuydirish, asar ustida tinimsiz izlanish yo'q, yaxshi asarni tanlash, o'qish yo'q desak, afsuski haqiqatni aytgan bo'lamiz.

Yuqoridagi mulohazalarim bilan biror rejissyorni kamsitmoqchi emasman. Faqat ularning dramaturglarga biroz e'tibor va mehr bilan qarashlarini istardik. O'zini bilgan rejissyor dramaturgning omadi, baxti. Qolaversa, xalq uchun kerakli ishga birgalikda mas'ulmiz.

To'lqin MUHIDDIN,

dramaturg

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × five =