O'zingiz o'tirgan daraxt shoxini arralamang!

Chilonzor tumanidagi “O'zbekfilm” kinostudiyasi joylashgan mahallada katta bo'lganman. Onam rahmatli aytib bergan bir gap qariyb 30 yildan buyon esimdan chiqmaydi, aksincha, tez-tez esimga tushib turadi. Onamning aytishlaricha, o'shanda ko'chamizda orasta kiyingan, madaniyatli, odobli ikki ayol o'zaro suhbatlashib, aylanib yurishgan ekan. Ular o'zlarini tanishtirishibdi. Xorijda yashayotgan o'zimizning vatandoshlardan ekan. Uzoq yurtlarda o'z milliy qadriyatlarini, urf-odatlarini, tilini saqlab qolganliklari uchun o'zbek tilida juda toza gapirisharkan. Endi O'zbekiston mustaqil bo'lganidan ruhlanib, ona yurt bilan quda-andachilik rishtalarini bog'lash niyatida o'zbek qizlariga sovchilikka kelishgani haqida so'zlab berishibdi. Bir piyola choy ustida vatandoshlar bilan suhbat qizibdi.

Yillar o'tib, o'zim ham xizmat yuzasidan xorijiy mamlakatlarga safarga chiqadigan bo'ldim. Tabiiyki, O'zbekistondanman, desam, suhbatdoshlarim yurtimizga qiziqishlarini yashirolmas, ajoyib savollar berishardi. Bir safar ota-bobolari qachonlardir yurtimizdan ketib qolgan vatandoshlardan biri gap orasida: “O'zbek qaynonalari shunchalik vahshiymi, kelinlariga kun berishmas ekan, erkaklari ikki-uchtalab xotin olib, go'dak bolalari bilan tashlab ketaverishar ekan, qizlar shunchalik yomon yo'llarga kirib ketganmi?” deb qoldi.

Albatta: “Yo'q, bu kabi gaplarni yurtimizning g'animlari tarqatishayotgandir, bu gaplarni qaerdan topdinglar?” deb aytdim. Ular: “Yo'q, biz o'zbek kinoseriallarini internetdan olib, o'zimiz ko'ryapmiz”, deyishgandi. O'ylab qolaman, hozir ham axborot almashuv texnologiyalari rivojlangan shu kezlarda ular ham barcha telekanallarimizda namoyish etilayotgan seriallarni ko'rishayotgandir? Balki, ayrimlari ustimizdan kulishayotgandir, balki, o'z vatandoshlarining ahvolidan achinishayotgandirlar? Kun-kunora guvohi bo'layotganingizdek, qaynona-kelin mojarosi, qo'shxotinlik janjallari, birovning erini yo'ldan urish, fahsh botqog'iga botganlar haqidagi teleseriallarimiz xorijliklar nuqtai nazarida o'zligimizni yerga urmayaptimi, kelinlarimizga, nevaralarimizga qaysidir ma'noda “yo'l-yo'riq” ko'rsatmayaptimi? Bu kabi seriallarni bola-chaqalarimiz bilan ko'rishga ham orlanib qoldik. Janob kinochilarga bundan boshqa mavzu yo'qmi?

Televidenie masxarabozlik maydoni emas axir! Bundan odamlar o'zlari uchun namuna oladi. Hatto ayrim oilalarda kelinlar kinoseriallardagidek ota-onaning gapiga quloq solmay, qaerdagi soxta ruhshunoslarga borib, ularning maslahati tufayli eri bilan jiqqamusht bo'lib, ajrashib ketishyapti. Bu masalada shunchaki gapirib qo'yib bo'lmaydi, jamoatchilik, soha mutaxassislari bilan aynan shu seriallar masalasini jiddiyroq muhokama qilishimiz kerak.

Esimda, bir gal Olot tumaniga safarga borganimizda, tuman xotin-qizlar bo'limining rahbari bizdan: “Televidenie kattalariga bizning fikrimizni yetkazinglar, kelinlarimiz shu paytgacha qaynonasi o'tirgan uyning to'riga o'tmasdi, Toshkent televidenielari namoyish etayotgan seriallarni ko'rib, hozir gap qaytaradigan, yuzga chopadigan bo'lib ketyapti”, degandi. Haqiqatan ham, bu mavzu shunchaki gap emas. Keyingi paytda oilalarning buzilib ketayotganidan jamoatchilik tashvishda. Bu holning sababini esa hech kim televideniedan izlamayapti. Axir kino, televidenie axborot makoni-ku!

Xulosa shundayki, ommaviy axborot vositalarida ham, televidenie sohasida ham, kino ekranlarida ham bilib-bilmay yozilayotgan, namoyish etilayotgan oilaviy mashmashalar, qaynona-kelinlarning shang'illashlari, ur-to'polon syujetlarini “dolzarb” deb tasavvur qiladigan rejissyorlar, teleseriallarni, filmlarni qatorlashtirib suratga olayotganlar, bilib qo'ying, o'zlaringiz o'tirgan daraxtning shoxini arralayapsizlar. Bu bilan oila a'zolaringizni, farzandlaringizni, umuman, millatimizni ma'naviy inqiroz sari yetaklamayapsizmi? Buning ustiga, ayrim yoshi ulug', nomdor “sanoat”korlarimiz ham o'ylamay-netmay bezbet qaynonalar rolini oshig'i bilan ijro etib beryapti, oqibati esa mana: “Qush uyasida ko'rganini qiladi”, deganidek, ko'rganlarimiz jamoatchilikka teskari ta'sir qilyapti. Qaysi serial shunday ekan, deganlarga qarata aytaman, juda ko'pining bodringchalik maza-matrasi yo'q. Ming afsus…

To'g'ri, o'zbek kino ijodkorlari yaxshi, ibratli tele-seriallar ham olishmoqda. Sohada yaxshi o'zgarishlar qilinayotgani ham bor gap. Chunki Davlatimiz rahbari kino sohasiga katta e'tibor, mablag' ajratayotganini eshitib turibmiz, o'qiyapmiz matbuotdan. Ammo aksariyat telekanallarda namoyish etilayotgan seriallarning mavzusi deyarli bir xil bo'lib, tarbiyaviy ahamiyatdan ko'ra, salbiy ta'siri ortiqroq bo'layotganga o'xshaydi.

Mirhamid ABDULLAYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × four =