“Botu ro'dapolarni qabul qilmaydi”

Azaldan Sharq va G'arb munosabatlari ilmiy-ma'rifiy jamoatchilikning diqqat markazida bo'lib kelgan. “Quyosh – Sharqdan” iborasi bilan jami ezguliklar kun chiqish tarafdan boshlanadi, tarzidagi aqida ham paydo bo'lgani sir emas. Shunga ko'ra doim Sharq dunyo e'tiborini o'ziga torib kelavergan va uning sinoatlarini o'rganish uchun sa'y-harakatlar uzluksiz davom etgan. Jumladan, Gobi sahrolaridan boshlangan Chingizxon yurishining shov-shuvi xuddi qum bo'roniga o'xshab Yevropani ham qoplab oldi. Uning aks-sadosi tufayli Sharqqa qiziqish odatdagidan kuchaydi. Turli qiyofalarda va har xil maqsadlar bilan keluvchilar ko'paydi. Shulardan biri Villem (Vilgelm, Giyom, Gilom) Rubruk (1220 – 1293) edi. U Botuxonning qarorgohigacha kirib bordi, hatto Qoraqurumda bir qish yashadi. Bir qarashda shunchaki qayd qilib qo'yiladigan bu tarix hiyla qiziq va sarguzashtlarga boy.

Ma'lumki, Yevropada katta mavqega ega bo'lgan Rim papasi ko'p­lab mafkuraviy harakatlarning tashkilotchisi va rahnamosi bo'lgan. Jumladan, Iso Masihning qabrini izlab topish maqsadida uyushtirilgan Salib yurishlari mintaqalar tarixida o'chmas iz qoldiradigan darajada jiddiy ta'sirga ega bo'lgan. Shunday yurishlarning yettinchisi kutilmaganda juda muvaffaqiyatsiz chiqadi. Mongollar qarorgohigacha yetib borishi va kerakli ma'lumotlarni olishi lozim bo'lgan Andre de Lonjyumo (u diplomatik vazifasini sir tutib, monax qiyofasiga kirib olgandi) topshiriqni muvaffaqiyatli uddalay olmaydi, boz ustiga hayoti sirli ravishda yakun topadi (1253). Lekin maqsadga erishishdan umidini uzmagan Fransiya qiroli Lyudovik IX flamandiya­lik monax Giyom Rubrukni chorlab, unga jiddiy topshiriq – Sharqqa yo'l olish va Botu yoki boshqa Chingiziylar bilan uchrashish, ularning keyingi maqsadini aniqlash (ular mongollar bostirib kelishidan xavfda edilar) kabi vazifalarni yuklaydi.

Rubruk VII-salib yurishida Lyudovik bilan birga edi va hammasidan xabari bor edi. Bu safar tayyorgarlikni yana ham puxta qilib, 1252 yil bahorida yo'lga chiqadilar. Dengiz yo'li orqali Konstantinopolga yetib kelgach, muammolar paydo bo'ladi va ular shu joyda bir yil qolib ketishadi. Keyingi yil 7 mayda Rubruk va hamrohlari yo'lga chiqib, Qora dengiz orqali Qrim janubidagi Sudak portiga yetib keladilar. Shu yerda to'rt g'ildirakli ikkita arava sotib olishdi va ikki oy davomida yo'l bosib, yetib kelgan joylari Botuxonning o'g'li Sarto'qning qarorgohi bo'ldi. Yetarlicha mulozamat va sovg'a-salomlardan keyin Sarto'q ular bilan uchrashishga rozi bo'ladi, uning saroyida   birinchi muzokaralar ro'y berishi lozim edi.

Uzun qora ridoga burkangan, bo'yniga xoch osib olgan, qo'lida uzun aso, belida zunnor monaxlar qo'lida yostiqcha ustiga qo'yilgan Injil bilan nasroniy duolarni baland ovozda kuylab, xonzodaning qarorgohiga yaqinlashadilar. Izdihomni maxfiy kuzatib turgan Sarto'q bunaqa dabdabadan hafsalasi pir bo'ladi va ularni qabul qilishdan voz kechadi. Lekin o'jar va qat'iyatli monaxlar ahdidan uncha-bunchada qaytadigan emasdi (chunki topshiriq qattiq bo'lgandi-da!). Ular mahkam oyoq tirab olgach, chaqirilmagan mehmonlarni xon huzuriga – Botuxonning saroyiga jo'natishga qaror qilinadi.   Aksiga olib, vaziyatdan yaxshi xabardor qilingan Botuxon fransuz qirolining elchilari bilan muzokara olib borishni rad etadi va ularni ulug' xon Munka hoqon huzuriga borishini ta'minlaydilar. Shu joyda Rubrukning hamrohlari olib qolinadi va o'zi Qoraqurumga yo'l oladi. Uning bosh maqsadi – nasroniylikni targ'ib qilish, mongollarni shu dinga kirishga da'vat etish va, albatta, zimdan ularning keyingi rejalarini aniqlash edi.

G'arbliklar karvoni 8 avgustda Volga daryosi qirg'oqlariga yetib kelishadi. Rubruk kattaligi jihatidan yer yuzidagi to'rtinchi deb ta'riflagan daryoda bir oydan ko'proq suzib, Ural tog'lari orqali Sirdaryo havzasiga yo'l oladilar. Shu yerdan yo'nalish janubi-sharqqa buriladi, 7 kun yurib, Olatov orqali 8 noyabr kuni Talas vodiysiga qadam qo'yadilar. Shunisi aniqki, rohiblar qiyofasidagi ayg'oqchilar hech narsani ko'zdan qochirmaslikka harakat qilishar, bosgan qadamlarini kunma-kun qayd qilib, har bir unsur sharhini ham uning yoniga tirkab qo'yishardi.

Bu joylarning manzarasi g'arb­lik martabali mehmonni lol qoldiradi. Havo mo''tadil, yo'l ketishda o'ngda tog' va qirlar, chapda ko'l va dengiz. Mahalliy aholi ularga yetarlicha izzat ko'rsatishadi. Shu xilda 15 kun yo'l bosib, 26 de­kabrda Qaraqurum shahriga kirib borishadi.

Albatta, shahar   ko'rinishi bilan ular o'rgangan manzaradan o'zgacha edi. Asosan, yalanglik; loydan tiklangan pastqam uylar, hamma joyda chorva mollari poda-poda bo'lib yurardi. Rubruk monaxlar odati bo'yicha yalangoyoq bo'lib olgandi. Uning oyoqlari mo'mataloq bo'lib, panjalari yorilib ketgandi. Bu hol e'tiqodi yuzasidan o'ziga farog'at bag'ishlasa-da (xrestianlarda din yo'lida qancha aziyat cheksa, qon to'ksa, mukofoti shuncha baland bo'ladi, degan aqida bor), mezbonlar unga tushunishmasdi.

Tasvirlanishicha, shahar devor bilan o'ralgan, uning to'rt darvozasi bor. Shaharda 4 masjid, 1 cherkov mavjud. Yevropalik janob bu manzaralardan uncha ta'sirlanmadi, biroq unga turli dinlar ibodatxonalarining yonma-yon turishi o'ta g'ayritabiiy tuyuladi. Nasroniylarning talqinida musulmonchilikka marhamat ko'rsatish tan olinmasdi. U dinlar borasida Osiyoga xos bag'rikeng­likni tushunmaydi, qabul qila olmaydi. Ha, uning tabiatida o'zga dinga yon bosish kayfiyati yo'q edi va mongollarga nasroniy dini qoidalarini targ'ib kelib kelardi.

Shu kunlarda ulug' xon shaharda emas edi. Uni tog' bag'ridagi qarorgohiga boshlab boradilar. Qabulga kirganda qalin kigizga yonbosh­lab yotgan, to'la girdig'um gavdali, yapasqi burun odamni ko'radi. Munka hoqonning atrofida oltita burgut va boshqa qushlar tizilib turardi.   Zarur tartiblar ado etilgach, suhbat   boshlanadi. Mehmonlarga ichimliklar: araq, qimiz, asal taklif etiladi, ular odatlari bo'­yicha ichimlik tanovul qilmaydilar. Fransuzlar xon saro­yida o'z millatdoshlari va nemislar asirda ekanligiga guvoh bo'ladilar. Ular qurol-yaroq va uy-jihozlari tayyorlashga jalb qilingan edilar.

Shu qish ichi Rubruk Qoraqurumda qoladi. Fursatdan foydalanib, Xitoy, Koreya, Manchjuriya haqida ma'lumotlar to'playdi. Bu dalillar Sharqqa juda katta qiziqish bildirayotgan va o'z manfaatlarini sir tutmayotgan G'arb uchun muhim yangilik edi, albatta. Ma'lumotlar tasdiqlayaptiki, missionerlik harakati ancha oldin boshlangan, bu joylarda yevropaliklarni uchratish odatdagi hol bo'lib qolgan. Hatto Rubruk Mongoliyada Rim papasining elchisi Ioann de Poliranoga duch kelgan. O'zi bilan birga kelgan monax Bartolomeo esa vataniga qaytishdan voz kechib, shu yerdagi mahalliy cherkovda ishga qoladi.

Vilgelm Rubruk 1254 yil 6 iyunda Qoraqurumni tark etadi va kelgan izi bilan ortga qaytib, atrof-tevarakni o'rganib, 1255 yil avgustida o'z monastriga yetib boradi. Albatta, undan taassurotlarini bayon etish so'raladi. Uning qalamiga mansub yozuvlar ma'lum doi­ralarda obdon o'rganilgani ham sir emas. Nihoyat, lotin tilidagi yozuvlar 1589 yilda birinchi marta nashr etiladi. U “Sharqdagi mamlakatlarga sayohat” deb nomlangandi.

Bu kitob 53 bobdan iborat. Unda sahrodagi hayot butun mayda-chuydasigacha aks ettiriladi. Muallif nima ko'rgan, eshitgan bo'lsa, juda aniqlikda qog'ozga tushirgan. Masalan, “Uy tutumi, odatlar va boshqalar” degan 3-bob shunday boshlanadi: “Tatarlar uy qursa, eshikni janubdan ochadi. To'rda xo'jayinning xonasi bo'ladi, undan chap tarafda, ya'ni quyosh chiqish yoqda ayollar bo'lmasi joy oladi…” Shu xilda mongollarning yotib-turishidan tortib, ovqatlanishi, taomlanish paytidagi yeb-ichish tartiblari, ichimliklar va ovqatlar, ularning tayyorlanishi, erkaklar va ayollarning kiyim-kechak­lari, hatto soch oldirishning usullari va irimlari, xullas, hamma narsa haqida mufassal ma'lumotlar beriladi. Joylarning geo­grafik tuzilishi, daryolar, tog'lar, boshqa manzillar haqida-ku ipidan-ignasigacha ta'rif-tavsiflar keltiriladi.

Hatto ba'zi qanotli iboralar ham unga nisbat beriladi. Ijtimoiy tarmoqlarda shunday xabar tarqaldi: “Evropa va Amerikada Chingizxonni o'ta shafqatsiz bo'lgan deb bilishadi. Jumladan, uning ayt­gan mana bu gapi odamlar orasida mashhur: “Erkak uchun eng lazzatli narsa — dushmanlaringni ishg'ol qilib, oldinga solib quvlash, ularning mol-mulkini qo'lga kiritish, yaqinlarini yig'latish va xotin-qizlarini to'shakda bag'ringga bosish…”. Buni Yevropa manbalarida o'sha payt Mongol imperiyasiga sayohat qilgan flamandlik (hozirda Belgiya) monax hujjatlashtirib qoldirgan”. Bu “monax”ning Vilgelm Rubruk bo'lganini bilib olish qiyin emas.

Rubrukning faoliyati ilmiy va xos davralarda munosib qadrlanadi. Uning kitobini O'rta asrlarning nodir geografik durdonasi, deb baholaydilar. Bu bejiz emas edi. Rubruk birinchi marta G'arb ilm ahliga Kaspiy dengizini mufassal tasvirlab beradi va Markaziy Osiyo quruqligi relyefida tog'larning mavqeini ta'kidlab ko'rsatadi. “Bu hududlarni birodarim Andre (Lonjyumo) janub va sharq tomondan aylanib o'tgandi, men esa shimol va g'arbdan kuzatib chiqdim”, deb yozadi u. Uning xizmatlari va mavqeini o'sha davrning mashhur sayyohi Marko Polo (1254 – 1324) bilan tenglashtirishlari bejiz emasdi. Rus shoiri Nikolay Zaboloskiy “Rubruk Mongoliyada” degan poema ham yozgan.

“Sharqqa sayohat” kitobi A. Malein tarjimasida 1911 yilda birinchi marta rus tilida nashr etilgan. Shubhasiz, undagi ma'lumotlar Osiyo, jumladan, O'rta Osiyoga uyushtirilgan keyingi ekspedi­siyalarda juda asqotgani shubhasiz. Kitob 1957 yilda Moskvada qayta nashr etilgan.

Albatta, har qanday ilmiy manba sifatida bu asar yillar osha o'z qad­rini oshirib boraveradi. Garchi V.Rubruk bizning yurtimizda bo'lmagan, u haqda ma'lumot bermagan bo'lsa-da, ammo hududlari, tarixi tutashib ketgan el-elatlar haqidagi bitiklari, ularning taqdiri, ya'ni qanday maqsadlarga xizmat qilgani biz uchun ham qiziqarli. Chunki turmush tarzimizning ko'p qirralari Rubruk vasf etgan hayot manzaralari bilan hamohang.

Hakim SATTORIY

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × three =