Ertaklar haqiqatga aylangan yurt!
Olimjon O'SAROV,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi raisi
Bolalik xotiralarni yodga olarkanman, beixtiyor sham yog'dusida kitob o'qishlar, dars tayyorlashlar-u, ertak tinglab uyquga ketgan oydin kechalar yodimga tushadi. Ba'zan yoz kechalarida suv sepilgan hovli o'rtasiga joy solib, onamga “ertak ayting, ertak ayting” deb xarxasha qilardim. Oyim ham yo'q demasdan ertak aytishga tushardi.
Osmondagi yulduzlarga ko'z tikib tinglarkanman, o'zimni go'yo ertakka tushib qolgandek his qilardim. Ayrim ertaklarni qayta-qayta eshitayotgan bo'lsam ham zerikish nimaligini sezmasdim, yana va yana eshitgim kelaverardi. Ha, ertaklar — o'zga bir olam edi.
Hatto kapalaklar-u, qaldirg'ochlarga oshno bo'lgan yillarda onamning etagidan tutib bir chaqirim naridan suv olib kelgan vaqtlarimiz hanuz elas-elas esimda. Loy, tuproq yo'llar, zim-ziyo ko'chalar: ba'zan yiqilib, loyga belanganim, qishning ayozli kunlarida chelak ko'targan qo'llarning muzlab qolishi-yu, bir tomchi suvning qadri…
Go'yo ertakka tushib qolgimiz kelardi: Ertaklarda obod yurt, farovon hayot, to'kin-sochin bozorlar, katta-katta yer egalari va ularning saxovatpeshaligi hamda xalqi farovonligi uchun kecha-kunduz jon kuydiradigan adolatli podsho… va albatta, har ertak doim yaxshilik bilan murod-maqsadiga yetardi.
Endi o'ylab qarasam, og'ir turmush tarzi, yo'qchilik, inson va uning qadr-qimmati butkul unutilgan o'sha zamonlarda ertaklar tinglab, unda xayolan yashab, baxtli hayotni his etarkanmiz. Boshqacha bo'lishi ham mumkin emasdi-da: eshiging tagigacha paxta ekilgan, reja bajarilmasa, ko'rpachangning paxtasini olib, davlatga topshiriladigan, 1 sentyabrda birinchi qo'ng'iroq chalingan kundan to dekabrgacha barcha maktab bolalari paxtaga, dalaga quvilgan zamonlar edi. Bugun ushbu xotiralarni gapirib bersam, aksariyat yosh avlod ishonmasligi mumkin, go'yo ertak eshitayotgandek lol qolishar ehtimol. Aslida esa bularning bari haqiqat va katta avlod bu davrning jonli guvohi.
Shukurki, bugun hur va ozod yurtda yashayapmiz, inson manfaatlari, huquq va erkinliklari, osuda va farovon hayoti kafolatlangan. Yurtimiz tinch, bozorlarimiz to'kin, ko'chalarimiz charog'on, xonadonlarimiz fayzli. Fermerlarimiz — katta-katta yer egalari, tadbirkorlarimiz — saxovatli, eng asosiysi, Yurtboshimiz xalqparvar, adolatli, inson qadrini ulug'lagan. Xullas, ertaklar haqiqatga aylangan yurtda yashayapmiz. Iloha, ko'z tegmasin! Tangri taolo o'z panohida asrasin yurtimizni, xalqimizni va uning Yurtboshisini!
Darhaqiqat, istiqlol tufayli o'z yurtimizga egaligimiz, ko'hna tariximiz, boy merosimiz, milliy davlatchiligimiz, muqaddas dinimiz, urf-odat va an'analarimiz qayta tiklandi. Mehr-oqibat, bag'rikenglik, hamjihatlik kabi fazilatlar, farovon turmush, olijanob Yurtboshi, ona Vatan taqdiri va kelajagiga daxldorlik tuyg'usi – bularning barchasi qalbimizda g'urur, tafakkurimizda yuksalish, yuragimizda ishonch uyg'otdi.
Darhaqiqat, Prezidentimizning “Obod mahalla dasturi to'g'risida”gi, “Obod qishloq dasturi to'g'risida”gi Farmonlari hamda 2021 yilning 2 aprel kuni qabul qilingan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari asosida bugun qishloqlarimiz har qachongidan-da chiroy ochib bormoqda. Bir paytlar o'nqir-cho'nqir, ayniqsa, yog'in-sochin kunlarda yurib bo'lmas loy ko'chalar bugun keng va charog'on, asfaltlangan, eng chekka qishloqlarda ham har bir xonadon toza ichimlik suvi bilan ta'minlanmoqda. Qisqasi, hududlar qiyofasi tubdan yaxshilanib bormoqda.
Shukurki, ertaklar haqiqatga aylandi!
Ha to'g'ri, bugungi odamlar kechagi odamlar emas, bugungi O'zbekiston kechagi O'zbekiston emas. Tarixga nazar tashlasak, XIX asrning ikkinchi yarmida mamlakatimiz istilo qilingan, mustaqillik uchun kurashganlar qatag'on qilingan. Nafaqat iqtisodiyotda, ilm-fan, madaniyat, san'at sohasida ham turg'unlik davri boshlangan. Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, diniy, mafkuraviy tazyiqlar avj olgan. Hech kim o'z fikrini ochiq-oydin aytolmas, aytganlarning esa boshiga misli ko'rilmagan kulfat yog'ilar edi. Manfur siyosat tufayli millatning asl farzandlari, ziyolilar ulug' shoir ta'biri bilan aytganda, “tug'ildi-yu, shu on bo'g'ildi”.
Bugun esa O'zbekistonning o'z yo'li bor, maqsadi aniq, ertasi bugunidan-da, nurli ekaniga ishonch mustahkam. Shiddat bilan rivojlanayotgan yurtimizda o'zgarishlar har sohada o'z aksini topmoqda. Eng asosiysi, Yangi O'zbekistonda inson, uning qadr-qimmati oliy qadriyat darajasiga ko'tarildi.
Prezidentimiz ta'kidlaganlaridek, “Davlat – inson uchun” degan xalqchil g'oya izchillik bilan qaror topmoqda. Jamiyatda aholi va siyosiy partiyalarning faolligi, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining roli va ahamiyatini oshirishga qaratilgan, tizimli ishlar olib borilmoqda. Inson, uning haq-huquqlari, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va qonuniy manfaatlarini ta'minlash hamda ishonchli himoya qilish Yangi O'zbekistonning bosh tamoyiliga aylanmoqda.
Aytish joizki, o'tgan davr mobaynida keng ko'lamli islohotlar amalga oshirildi, hayotimizning barcha jabhalarida tub o'zgarishlar ko'zga tashlandi. Muxtasar aytganda, O'zbekiston o'z taraqqiyotida yangi bosqichga qadam qo'ydi.
O'zbekiston xalqining ko'p asrlik boy tarixiga nazar tashlar ekanmiz, unda taraqqiyotning bir necha rivojlanish bosqichlarini ko'rish mumkin. Bu bosqichlarda davlatchiligimizning shakllanishi, jamiyatda ilm-fan, san'at va madaniyatning yuksalishi jahon tamaddunining rivojiga hissa qo'shishdek iftixorli jarayonlar ko'z oldimizda gavdalanadi.
Bunday ijtimoiy noyob hodisa “Renessans” – uyg'onish, qayta tiklanish, yuksalish deb ataladi. Sir emaski, bugungi kungacha O'zbekiston ikki buyuk uyg'onish davriga beshik bo'ldi. Bu jahon ilm-fanida o'z isbotini topgan va tan olingan tarixiy haqiqatdir. Bugun yana bir muhim Uyg'onish jarayoniga tamal toshi qo'yilmoqda. “Yangi O'zbekiston” va “Uchinchi Renessans” so'zlari hamohang jarang sochmoqda, xalqimizni ulug' maqsadlar sari olg'a qadam tashlashga undamoqda. Zero, Prezidentimiz ta'kidlaganlaridek, “Biz — dunyoga, dunyo — bizga ochiq bo'lishi kerak. Bugungi hayot, bugungi taraqqiyotning talabi ham aslida shu. Biz ana shu hal qiluvchi tamoyilni albatta hayotimiz qoidasiga aylantiramiz”.
Erkinlik… Bu eng ulug' ne'mat! Insoniyat yaralibdiki, erkin, ozod, farovon hayot kechirishni orzu qiladi.
So'z erkinligi — demokratik jamiyatning asosiy ustunlaridan biri hisoblanadi. Shu ma'noda bugun mamlakatimiz media makonida ham keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Buni so'nggi besh-olti yilda ommaviy axborot vositalari faoliyatida, ayniqsa, internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlardagi faollikda yaqqol kuzatish mumkin.
Qolaversa, Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida yurtdoshlarimizdagi daxldorlik tuyg'usi, o'z kelajagiga befarq emaslikni bevosita kuzatib, shunga amin bo'ldikki, boshlanayotgan yangi davr o'zgarishlariga fuqarolarimiz o'zlari tashabbuskor bo'lmoqdalar, islohotlarni faol qo'llab-quvvatlamoqdalar.
Xabaringiz bor, Prezidentimizning tomonidan “Inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida islohotlar poydevoriga tamal toshi qo'yilgan edi. Endilikda ushbu yondashuv hayotimizning muhim qadriyatiga aylandi.
Buni yaqinda O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining o'ttiz bir yilligi munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimizga yuksak davlat mukofotlarini tantanali topshirish marosimida guvoh bo'lganim voqea misolida ifodalamoqchiman. Taniqli suxandon Dilorom Umarova Prezidentimiz qo'lidan “Mehnat shuhrati” ordenini qabul qilib olarkan shunday dedi: “Umrimning 35 yili televidenieda o'tdi, 10 yildan buyon nafaqadaman, ammo sohadan uzilib ketmadim, yoshlarga o'z tajribamni baholi qudrat o'rgatib kelmoqdaman. Bu mukofot men uchun kutilmagan bo'ldi. Demak, mehnatlarim qadrlandi. Yurtimizda hech bir inson e'tiborsiz qolmaydi, olib borilayotgan islohotlarning barchasi — “Inson qadri uchun”.
Istiqlol — bu shunday ulug' ne'matki, u asrlar to'fonidan sog'-omon o'tib, o'zligimizni, milliy an'ana va qadriyatlarimizni anglash imkonini berdi. Uzoq yillar hukmronlik qilgan zo'ravon va mustabid tuzumning qurboni bo'lgan ota-bobolarimizning orzusi, istak va maqsadlari istiqlol tufayli ro'yobga chiqdi.
Bugun yurtimizning qay bir go'shasida bo'lmang, shahar-u qishloqlarimizga bormang, qaysi bir yurtdoshimiz bilan suhbatlashmang, ularning nigohida kelajakka ishonch, ko'tarinkilik, qalbida g'urur tuyg'usi hukmronligiga guvoh bo'lasiz.
To'g'ri, yurtimizda hali muammolar ham kam emas. Hali yo'llari to'kis bo'lmagan, chang va o'ydim-chuqur ko'chalar ham oz emasdir. Toza ichimlik suvi, tabiiy gaz yetib bormagan joylar ham bor. Hali ish bilan ta'minlashdagi muammolar ham yetarli. Ta'limda, sog'liqni saqlash tizimidagi kamchiliklar ham bor gaplar. Sud-huquq tizimidagi va boshqa sohalarda korrupsion holatlar uchrayotgani ham yolg'on emas. Bular bor. Lekin iymon bilan, ishonch bilan ayting, dunyoning qay yurtida muammo, kamchilik yo'q o'zi?
Ayting, ayniqsa, so'nggi 5-6 yilda ona diyorimizda qanchadan-qancha muammolar hal etilmadimi, har sohada yangilanish sezilmadimi? Albatta, sezildi, namoyon bo'ldi! Buni ko'rmaslik, e'tirof etmaslik insofdan bo'lmas.
Yurtboshimiz doim aytmoqda, hamma muammolarni faqat o'zimiz, o'z kuchimiz bilan bartaraf etamiz, uni hech kim chetdan kelib hal qilib bermaydi. Shunday ekan, yurt ravnaqi, el farovonligi va inson qadri ustuvor jamiyat uchun, Yangi O'zbekistonni barpo etish uchun bir bayroq ostida birlashaylik. Uchinchi Renessans poydevorini birgalikda quraylik va kelajak avlodlar uchun faxr-iftixorga aylanaylik.