O'zimizning Rasul og'a

Dunyoda Dog'iston xalq shoiri Rasul Hamzatovni tanimagan, asarlarini sevib o'qimaydigan adabiyot muxlisi bo'lmasa kerak. Uning tog'liklarga xos quyma iboralarga, yangi tashbehlarga, ajib ifoda usuliga yo'g'rilgan asarlari har bir adabiyot muxlisi uchun yashash joyidan, millati, dini, e'tiqodi va yoshidan qat'i nazar aziz, mo''tabardir. Shu sababdan shoir benazir asarlari uchun nufuzli unvon va mukofotlarga munosib ko'rildi. 1977 yil 8 martda koinotda kashf etilgan 7509-raqamli asteroid Hamzatov nomi bilan ataldi. 2000 yil oxirida esa “XX asrning eng buyuk shoiri” sifatida e'tirof etildi. 2003 yili vafotidan keyin nomini abadiylashtirish maqsadida ko'plab joylarga va Dog'iston tog'laridagi baland cho'qqiga Hamzatov nomi berildi. To'g'ri, tog'dagi Hamzatov cho'qqisiga ko'tarilish mumkin, ammo Rasul og'a adabiyotda yaratgan yuksak cho'qqiga chiqish kamdan-kam ijodkorlarga nasib etadigan baxtdir!

Yurtimizda uni o'zimizning Rasul og'a deya e'zozlashardi. Rasul og'a atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidovdan O'zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripovgacha bo'lgan taniqli adiblarimiz bilan qadrdon do'st edi, yurtimizda o'tadigan adabiy anjumanlarda mamnuniyat bilan qatnashardi. Qariyb oltmish yildan buyon Rasul og'a asarlarining ona tilimizdagi tarjimalari, adabiyotimiz, xalqimiz haqidagi haroratli fikrlari gazeta-jurnallarimizda, teleko'rsatuv va radioeshittirishlarda muntazam ravishda berilmoqda. Shoirning ona tilimizda “Yuksak yulduzlar”, “Bir xonadon farzandlari”, “Ishq oldida hamma teng”, “Mening Dog'istonim”, “Onalarni asrang”, “Umr karvoni”, “Men yuz qizga shaydoman”, “She'rlar”, “Ayollar ko'p, Ona yagona”, “Mening qalbim tog'larda”, “Oq turnalar”, “Buyuk tuyg'u” nomli kitoblari chiqqan(kitob­lari ro'yxatining o'zi har bir yozuvchining havasini uyg'otadi), shuning­dek, asarlari ko'plab to'plamlarga, darsliklarga kiritilgan. Ayniqsa, mashhur “Mening Dog'istonim” kitobi 2008-2019 yillar oralig'ida olti marta katta adadlarda chop etildi. “Tog'lik qiz” dramasi Jizzax teatrida   sahnalashtirilgan, bu sahna asari O'zbekiston radiosi ijodkorlari tomonidan yozib olingan. She'rlarini Botir Zokirov, Sherali Jo'rayev kabi xonandalarimiz qo'shiq qilib kuylashgan. Shu bois yurtimizda Rasul og'aning asarlari kirib bormagan biror xonadon yo'q desak, mubolag'a qilmaymiz.

Ardoqli shoirning 75 yillik tavallud to'yi munosabati bilan Dog'is­tonga borgan Abdulla Oripov uni O'zbekistonga taklif qiladi. “Men o'zbek do'stlarimning xotirasida sog'lom, tetik Rasul sifatida qolishni istayman”, – deydi u bir oz mungli va lekin o'ktam ovozda. Ha, Rasul Hamzatov o'zbek kitobxonlari xotirasida sog'lom, tetik qiyofada qoldi va yurtimizda uning o'ktam ovozi hamisha yangrayveradi.

1923 yili 8 sentyabr kuni Dog'is­tonning Xunzax tumanidagi yetmish xonadondan iborat Sada ovulida tug'ilgan Rasul Hamzatov qanday qilib dunyo­­ga taniqli shoir bo'ldi? Bu savolga ona tilini, millatini, xalqini, qadriyatlarini, Vatanini sevgani va ularni asarlarida osmon qadar ulug'lagani uchun deya javob bersak, ayni haqiqatni aytgan bo'lamiz. Bag'ri keng shoir barcha xalqlarning urf-odatlarini hurmat qilardi, ko'p­lab millatlarning namoyandalari bilan qalin do'st edi. Shoir o'zgalarni hurmat qildi, o'zgalar ham uni e'zozlashdi. Endilikda hamma Rasul Hamzatov deganda Dog'istonni, Dog'is­ton deganda Rasul Hamzatovni ko'z oldiga keltiradi.

Bundan oltmish yillar muqaddam uning “Ona tilim” she'ri mashhur bo'lgandi. She'rni barcha millat vakillari sevib o'qishdi. Uni sevimli shoi­rimiz Erkin Vohidov ona tilimizga mahorat bilan o'girgach, bu she'rni davralarda yoddan o'qish yaxshi an'anaga aylangandi. O'z e'tiqodiga sobit shoir “Mening Dog'istonim” kitobini e'lon qildi. Sevimli shoirimiz Abdulla Oripov ta'biri bilan aytganda: “Ushbu asarda shoirning butun borlig'i: dunyoqarashi, ma'naviyati, iztirobi, armoni, faxri va g'ururi – barcha-barchasi mujassam. Bu bepoyon tuyg'ularni esa Rasul akaning o'z ona tiliga, mitti bo'lsa ham yagona Dog'istonga cheksiz muhabbati birlashtirib turadi. Kitobda yuzlab, minglab yombi fikrlarni, hikmatlarni uchratish mumkin. Muallif ajdodlar, zamondoshlar tajribasiga tayanadi. Har qanday siyosatning igna ko'zidek teshigidan ham “tuya”ni bemalol o'tkaza oladi. Mana buni mahorat desa bo'ladi”. Sevimli shoirimiz ta'riflagan kitobdagi yombi fikrlar, hikmatlar o'quvchilar yodiga tushgan bo'lsa ajabmas.

1968 yilda Hazrat Alisher Navoiy tavalludining 525 yilligi Toshkentda keng nishonlangandi. Unda turli mamlakatlardan kelgan taniqli davlat arboblari, olimlar, adiblar qatori mashhur avar shoiri Rasul Hamzatov ham ishtirok etgandi. O'sha kezlarda mashhur shoir va undan intervyu olmoqchi bo'lgan jurnalist o'rtasidagi suhbatni ziyolilarimiz tez-tez hayrat bilan tilga olishardi.

Restoranda ijodkor do'stlari bilan kechlik tanovulini boshlagan Rasul og'a oldiga jurnalist hovliqib kelib deydi:

– Assalomu alaykum, Rasul Hamzatovich! Agar siz menga hozir Navoiy haqida intervyu bermasangiz va bu intervyu ertaga gazetamizda chiqmasa, bosh muharrir meni ishdan haydaydi.

Rasul og'a vazmin undan so'raydi:

– Ayt-chi birodar, musulmonmisan?

– Alhamdulillo, musulmonman.

– Alhamdulillo, men ham musulmonman. O'zing ayt, musulmon kishi tahorat olmasdan namoz o'qishi mumkinmi?

– Yo'q.

– Men hozirgina muqaddas kitobimiz taqiqlagan mana bu savildan ho'p­lab qo'ydim, tahoratim buzildi. Ul zotning nomini tahorat olmasdan tilga ololmayman, ertalab kel, tahorat olib seni kutib turaman. O'shanda intervyu olasan.

Afsuski, o'sha mustabid tuzum davrida bu suhbatni, ya'ni ibratli intervyuni yozib bo'lmasdi. Oradan qirq yil o'tib bu suhbat tafsilotini sevimli adibimiz O'tkir Hoshimov o'z esdaliklarida yozdi.

Taniqli qirg'iz yozuvchisi Chingiz Aytmatov Rasul Hamzatovga shunday ta'rif bergandi: “Shoirlar ko'p, ularning ko'pchiligi men shoirman deb o'ylashadi. Ammo Rasul Hamzatovga o'xshashlar favqulodda kam uchraydigan noyob hodisa”. Rasul og'aning Hazrat Navoiy nomini tahorat olmasdan tilga olib bo'lmaydi deya e'zozlashi uning favqulodda kam uchraydigan shoirlardan biri ekanligidan dalolatdir. Axir, zar qadrini zargar, shoir qadrini shoir biladi, deya bejiz aytishmaydi.

Ulkan iste'dod sohibi bo'lgan Rasul Hamzatovning shunday dilbar she'rlari borki, ular qo'shiqlarga aylanib “Turnalar” misol butun dunyo bo'ylab parvoz etmoqda. U bu she'rida shahid askarlar ruhlarini oppoq turnalarga mengzaydi.

Mening bilishimcha,

                        qonli janggohdan

Yurtiga qaytmagan shahid

                                     yovqurlar.

Hali yumshoq o'rin topmay

                                     tuproqdan,

Oppoq turnalarga aylangan ular…

She'r Naum Grebnev tomonidan rus tiliga o'girildi. Unga taniqli bastakor Yan Frenkel kuy bastaladi. Noyob ovoz egasi Mark Bernes qo'shiqni ijro etishga kirishdi. U o'limiga sanoqli kunlar qolganini bilsa ham qo'shiqni ovoz yozish studiyasida magnit tasmalariga yozib olish ishlarini nihoyasiga yetkazdi. Qo'shiq efirga berilgan kundan dunyodagi barcha xalqlarning sevimli qo'shig'iga aylandi.

Shuni faxr bilan ta'kidlashimiz kerak, “Turnalar” qo'shig'iga qo'yilgan birinchi yodgorlik 1972 yil 8 may kuni Chirchiq shahrida ochilgan. O'zbekistonga kelgan Rasul og'a o'z qo'shig'iga qo'yilgan yodgorlikni ko'rish uchun Chirchiq shahriga boradi va hayratlanib “Qo'shiqqa madaniyatli va san'atsevar xalqgina haykal qo'yadi. O'zbek xalqi ana shunday madaniyatli va san'atsevar xalq” deya baralla aytadi. Rasul og'a bu so'zlarini nufuzli davralarda va katta anjumanlarda ham ko'p bor hayajon bilan takrorlaydi. Shoir so'zlaridan boshqa xalqlar ibrat olishib, o'zlarida “Turnalar” qo'shig'iga yodgorlik o'rnatish ishlarini boshlab yuboradi. Hozirgi kunda bunday yodgorliklar dunyoning 180dan ortiq manzilida bunyod etilgan. Dunyodagi boshqa biror qo'shiq bunday e'tirof etilmagan.

Albatta, Rasul og'aday serqirra ijodkorning har bir asari, ayniqsa, adabiyotda yangilik bo'lgan yozuvlar janri haqida uzoq fikr yuritishimiz mumkin, lekin bu urinish kamalakni quchishga o'xshab ketadi. Biz shoir tavalludiga bir kam 100 yil to'lishi munosabati bilan uning ayrim asarlariga baholi qudrat chizgilar chizishga urindik. Chunki uning ijodiga bag'ish­langan salmoqli maqolalar endi yoziladi. Kelgusi yilda jahondagi madaniyatli va san'atsevar xalqlar Rasul Hamzatov tavalludining 100 yilligini keng nishonlaydi. Albatta, Rasul og'a e'tirof etgan madaniyatli va san'atsevar o'zbek xalqi bu tantanalarning old qatorida bo'ladi.

Asror MO'MIN,

shoir va tarjimon,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen + 18 =