Fikr erkinligi asri

Bundan yigirma to'rt yil avval Toshkentda ulug' adib Chingiz Aytmatov bilan bo'lgan bir suhbat matnini muhtaram gazetxonlar hukmiga havola etishni lozim topdik.

 

Istiqlolimizning sakkizinchi yili edi. Yelkamizga erkinlikning yoqimli shabadasi tekkan bo'lsa-da, adabiy, madaniy-ma'rifiy sohada ma'lum uzi­lishlar hamon davom etayotgan, mustaqil davlatlar bu yo'nalishda bir-biridan uzoqlashib, hamkorlik, qardoshlik yo'llarida sun'iy to'siqlar paydo bo'lgan, Chingiz og'aning so'zlari bilan aytganda, “har kim o'z holicha ot surayotgan” payt edi.

Toshkentda mehmon bo'lib turgan adibga Yozuvchilar uyushmasida bo'lib o'tgan uchrashuvda bir necha savollar bilan murojaat qildim. Chingiz Aytmatov o'zi rahbarligida Toshkentda tuzilgan Madaniyat arboblari assambleyasining ta'sis qurultoyi minbarida turib aytgan jo'shqin fikrlarini yanada keng ma'noda sharhlab berdi. Bugun mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar zamirida ayni shu maqsad – yaxshi qo'shnichilik, o'zaro ishonch va hurmat, madaniy-ma'naviy birlik, manfaatli hamkorlik, umuminsoniy qadriyatlarni qadrlash, turkiy dunyoning birligiga qaytish, bu borada amaliy ibrat namunalarini ko'rsatish g'oyasi yotadi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining Samarqand shahrida o'tkazilgan navbatdagi majlisida, shuningdek, Turkiy Davlatlar Tashkilotining birinchi sammitida bugun dunyo miqyosidagi eng murakkab muammolarni manfaatli hamkorlik, yaxshi qo'shnichilik, o'zaro ishonch bilan hal etish mumkinligiga   to'xtalib,   Samarqand qadim-qadimdan Sharqiy Osiyodan to Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq va Yevropagacha bo'lgan makonda yashaydigan xalqlar o'rtasida ma'naviy, iqtisodiy, madaniy va ilmiy almashuvlarning markazi bo'lib kelganini ta'kidladi. Turizm sohasidagi hamkorlikka yangi sur'at bag'ishlash uchun 2023 yilni “ShHT makonida turizmni rivojlantirish yili”, deb e'lon qilish taklifi ma'qullandi.

Dunyo bugun birlashmaslik, bir-birini tushunmaslik, har bir tomon o'z manfaatini boshqalar manfaatidan ustun qo'yishidan, o'zi kabi boshqalarning ham milliy taraqqiyot yo'lini mustaqil belgilashga huquqi borligini e'tirof etmaslikdan azob chekmoqda. Yer yuzida tiriklik taqdirini bundan buyon harbiy kuch-qudrat namoyishi emas, bamaslahat ish tutish, boshqalarni ham eshitish, savdo-sotiq yo'llarini ochish hal qilishi mumkinligini anglab yetish vaqti keldi. Shu ma'noda ushbu tiyran mushohadalar adib ixlosmandlariga o'ziga xos sovg'a bo'lishi mumkin, degan fikrdamiz.

                                                                               Ahmadjon MELIBOYEV,

“Jahon adabiyoti” jurnali Bosh muharriri

 

 

Chingiz Aytmatov:

“Shunchaki kuzatuvchi bo'lib yashash mumkin emas!”

 

“Biz hozir tamomila yangi bir davrda, yangi sharoitda yashamoqdamiz. Tarixning cho'ng sinovidan o'tmoqdamiz, deb ham aytish mumkin.   Bugun biz — ziyolilarga shunday sharoitda yashash, ijod qilish, shu ulug' sinovdan qanday o'tamiz, nimani topamiz, nimani yo'qotamiz qabilidagi savol-so'roqlarga javob topishga, yangi vaziyatda o'z o'rnimizni topishga to'g'ri keladi. O'z o'rnimiz deganim shuki, endilikda atrofimizda kechayotgan voqea-hodisalarga befarq munosabatda bo'lib, aytaylikki, shunchaki kuzatuvchanlik maqomida yashash mumkin emas. Egamenlik (mustaqillik), erkinlik davrning tezkor shiddatiga mos qadam tashlashni, uning g'oyalariga aniq-ravshan munosabatda bo'lishni, ya'nikim, o'ziga xos ijtimoiy faollikni talab etadi. Ko'z qarandi bo'lmasdan yashash – bu eng avvalo, fikr erkinligi ham ekan.

Biz, ko'plarimiz, mana erkinlik bo'ldi, demokratiya bo'ldi, endi zo'r asarlar yozamiz, qo­yillatib tashlaymiz, kitoblarimiz beto'xtov chiqadi, deb o'ylagan edik. Yo'q, bunday emas ekan. O'quvchiga manzur bo'ladigan haqiqiy badiiy asarni yaratish uchun, avvalo, shu erkinlikni jon-jondan his etish, qalban idrok etish, mohiyatini anglash, mas'uliyatini tushunish zarur ekan. Bu endi – dil qiynog'i, jon azobi degani, birodarlar. Erkinlik bo'lsayoq hammayoqni zo'r kitoblarga to'ldirib tashlaymiz, degan o'y yanglish o'y ekan, mana, oradan sakkiz yil o'tyapti – o'sha kutilgan zo'r ki­toblar hali-hanuz yaratilmaganining sababi ham shunda. Zamon o'zgardi, o'quvchilar ham o'zgarmoqda. Endi ularni yakuni avvaldan ma'lum bo'ladigan jo'n sevgi qissalari, syujeti bir-biridan farq qilmaydigan hikoyalar bilan ovutib bo'lmaydi. Bugungi va ertangi kun kitobxonlariga yangi qahramonlar, ularning yangicha qarashlari, yangi yechimlar kerak. Buning uchun yozuvchi issiq xonalarni tark etib, hayotning jo'shqin chorrahalariga otlanishi, yoshlarga yaqin bo'lishi zarur.

Avvallari sobiq mafkura bizni ko'p jihatdan jilovlab qo'yar edi. Ochig'ini aytishim kerak, men, har qalay, ancha-muncha kitoblar yozgan, xorijiy mamlakatlarda ham o'z o'quvchilarimga ega bo'lgan yozuvchiman. Lekin mening asarlarim ham jiddiy nazoratdan o'tardi. Ba'zan esa ochiqdan-ochiq: “Mana bu masalani bunday yozish kerak, oxirgi xulosasi bunday bo'lishi kerak”, degan ko'rsatmalar ham bo'lardi. Sir emas, biz bunday rahbarlikka ko'nikishga majbur edik. “Jamila” asarimni yaxshi bilasizlar. Dunyoning necha o'nlab tillariga tarjima qilingan. Ikki yoshning sof muhabbati, insoniy tuyg'ulari to'g'risidagi asar. Shu asarim uchun o'sha kezlari ko'p malomatga qolganman. Adabiy yig'inlarda meni do'pposlash odat tusiga kirgan edi, desam ham bo'laveradi. Sizlarga aytsam, u paytlari Yozuvchilar uyushmalarida partiya majlislari juda shafqatsiz o'tardi. Hozir buni kulib eslaymiz, ijod uyi­­da partiya majlisiga nima bor? Ammo o'sha kezlari shunday edi. Otashin ayblov nutqlaridan keyin kimningdir taqdiri hal bo'lardi-qo'yardi.

Shunday yig'ilishlardan birida o'zini qirg'iz adabiyotining tirik klassigi deb yurgan oqsoqol adiblarimizdan biri so'z olib qoldi-ku. U biz tomonga ma'noli qarab so'zini mana bunday boshladi: “Yaqinda kolxozchilar qanday yashayapti ekan, turmushlari qanday ekan deb, shu masalani o'rganish uchun chekka qishloqlardan biriga chiqqan edim. Bir kuni qishloq yo'lidan ketayotsam, bir aravakash kelayapti. Albatta, meni tanidi. “Siz falonchi yozuvchimisiz”, deb so'radi. “Ha, o'sha sen aytgan yozuvchi men bo'laman”, dedim. “O'rtoq yozuvchi, bu sizlarning orangizdan Aytmatov degani chiqibdi. “Jamila” degan bir narsa yozibdi. U yoqda urush ketayotgan emishu, frontga ketgan sovet jangchisining xotini bu yoqda boshqa birov bilan donlashib yurib, oxiri u bilan qochib ketgan emish. Agar o'sha Aytmatovni ko'rib qolganimda bormi, mana shu qo'limdagi qamchinim bilan boplab ta'zirini berib qo'ygan bo'lardim…”

“Hoy uka, – dedi oqsoqol menga qahrli yuzlanib, – agar qo'limda hozir o'sha aravakashning qamchini bo'lganida bormi, men seni shu yerning o'zida, shu partiya majlisida po'stagingni qoqardim…”

Bunaqa gaplar ko'p bo'lgan. Adabiyotimizga endi-endi kirib kelayotgan yoshlar buni bilish­lari kerak. Hozir esa, hammamiz yangi bir tarixiy birlik sharoitida yashamoqdamiz. Marhamat, qalamni qo'lingga olu yoz. Mavzular to'lib-toshib yotibdi. Hech kim senga to'sqinlik qilmaydi. Imkoniyat eshiklari lang ochib qo'­yilgan. Lekin shuni unutmaslik kerakki, egamenlik, erkinlik tushunchalari qotib qolgan, harakatsiz tushunchalar emas. Ular doimiy harakatda, doimiy rivojlanishda. Ha, biz erkin bo'ldik, ozodlikka erishdik, deya gapirib qo'yishning o'zi bo'lmaydi. Unga doimiy e'tibor zarur,   g'amxo'rlik, parvarish lozim. Odamlar kabi egamenlikning ham o'ziga yarasha ehtiyoji bo'ladi. Undan ogoh bo'lib turish kerak. Fevral oyida Toshkentda sodir bo'lgan va mening ham qalbimni larzaga keltirgan, ich-ichimda og'riqli bir aks-sado bergan noxush voqealar buni yaqqol ko'rsatdi.

Yoshim yetmishga yetdi. Bu yoshga yetgan kishi o'z umrining ortda qolgan so'qmoqlariga, qilgan ishlariga, aytgan-deganlariga bir qarab oladi. Butun dunyodagi muxlislarimdan ko'p­lab xatlar, tabriklar olar ekanman, men ko'proq o'z-o'zimga, “Xo'sh, endi nima yozaman, qanday yozishim kerak, qaysi mavzuni, qay muammoni ko'tarishim kerak”, degan savol beraman. Milliy adabiyotlarimiz, milliy madaniyatlarimiz oldida turgan umumiy vazifalar nimalardan iborat ekanligini anglashga, shu to'g'rida fikr yuritishga harakat qilaman. O'zini ziyoli deb hisoblaydigan har bir ijodkor shunday qilishi kerak.

Mening nazarimda, bugun biz – ijodkor ziyo­lilar, bir-birimizdan uzoqlashib ketmaslik yo'llarini axtarishimiz zarur. Erkinlikning taqdiri ko'p jihatdan shunga bog'liq. Milliy madaniyatlar o'z mohiyatlarini yo'qotmagan, saqlagan holda, bugun taraqqiyotning qaysi yo'nalishlaridan bormoqdalar, qay tamoyillarga amal qilmoqdalar, nima e'tiborimizda, nima chetda qolmoqda – bundan boxabar bo'lmasak bo'lmaydi. Endilikda hech kim, hech bir adabiyot, hech bir madaniyat o'z holicha, bosh­qalardan uzilgan holda yashay olmaydi. Dunyoniig taqdiri umumlashib bormoqda, odamlar taqdiran bir-birlariga yaqinlashmoqdalar. Buni anglashimiz, aql-farosat bilan ish ko'rishimiz kerak. Mana shu yaxlitlikning go'zal qirralarini milliy o'ziga xosliklar ham belgilashini unutmaylik.

Bizning Toshkentda tuzilgan Assambleyamiz o'z oldiga juda olijanob vazifalarni qo'ygan. Hozirgacha ancha-muncha ishlar qildik. Parijda Assambleyamizning rasmiy taqdimoti bo'ladi. Yevropaliklar ulug' bir mintaqada yashayotgan qondosh-jondosh bir necha xalqlar madaniyatlarining o'zaro uyg'unligini, bir maqsad yo'lida har birlari o'zlari tanlagan taraqqiyot yo'lidan bir-birlariga halaqit bermay olg'a tomon borayotganlariga jiddiy qiziqish bilan qaramoqdalar.

Assambleyamizning navbatdagi majlisida milliy madaniyatlar rivoji bilan bog'liq ko'p masalalarni muhokama qildik. “Turizm za milliy madaniyatlar” degani bir qarashda bizga bevosita daxldor emas. Ammo chuqurroq o'ylab ko'rilsa, bu nihoyatda muhim masala. Sayyohlik kerak, uni rivojlantirish zarur. Marhamat, odamlar kelib ko'rishsin yurtimizni, Samarqand, Buxoroda bo'lishsin, Issiqko'ldan zavqlanishsin, osmono'par tog'larimizda dam olishsin, o'zlariga kerak narsalar bo'lsa o'rganishsin. Ammo milliy madaniyatlar “Sayyohlarga mana bu narsa yoqar ekan, mana bunga zo'r chapak chalishar ekan”, deb ularning shunchaki qiziqishlariga moslashib ketsa, buning oqibati yaxshi bo'lmaydi. Milliy madaniyat o'zining xususiyatini yo'qotadi.

Bir misol keltiray. Bizda turistlar kelsa ularga qo'bizini sayratib, kerak bo'lsa ertadan peshinga qadar, hatto kechga qadar ham tinimsiz she'r to'qishga qodir, mehmonlarning sha'niga bir pastda madhiyalar to'qib tashlaydigan iste'dodlar bor. Albatta, bu ish hammaning ham qo'lidan kelavermaydi. Juda katta talant kerak. Lekin yomoni shundaki, bunday kishilar mehmonlar kelishini kutib turishadi. Ularni qanday madh etishni, o'zlariga rom qilib, bir nima undirishni o'ylashadi. Natijada, ijod, badiiylik o'ladi. Quruq madhiya qoladi, xolos. Turizmda bunga yo'l qo'ymaslik kerak, deb o'ylayman. Milliy madaniyatimiz eng avvalo o'zimizga xizmat qilsin, bizning ehtiyojlarimizni qondirsin.

Milliy madaniyatlar rivojini milliy kino va teatr rivojisiz tasavvur qilib bo'lmaydi. Hozir bu sohalar ham o'z yog'iga o'zlari qovrilib yotibdi. Qirg'iz va qozoq kinolari sustlashib ketdi. Sizlarda ma'lum harakatlar bo'lmoqda. Bu sohalarga kuchli homiylar kerak. Ammo homiylar mavzu va mohiyatni belgilashda birlamchilik maqomiga ega bo'lib ketmasin.

Oldimizda yangi asr turibdi.   Bu – yoshlar asri. Ularga aytarim shuki, sizlar yangi asrda erkin ijod qilasizlar, o'zlaringizni erkin namoyon qilasizlar. Ammo bilingki, bu holat zimmangizga juda katta mas'uliyat yuklaydi. Erkinlik, demokratiya deganlari asosan burch va mas'uliyat ekanligini unutmaslik kerak. Mening bu fikrlarim asarlarim haqida ko'p maqolalar e'lon qiladigan o'zbek mat­buoti orqali o'quvchilarga yetib borsa, bundan, shubhasiz, mamnun bo'laman”.

1998 yil, Toshkent

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 + 5 =