Zuvalasida “o'zbek” bor

Uni eshitmaganlar o'z olamini (agar o'zbek bo'lsa) bir zaylda ko'rib yurgandirlar. Mabodo mazkur ma'lumotlar qiziqish dunyosida zohir bo'lsa, yo ajablanishi, yo pushaymon bo'lishi (pinagini bo'zmasligi mumkin emas) turgan gap. Ma'lumotlar ancha sirli va mubham. Ko'p o'rinlar shunchaki ochiqlangan, ba'zan ommabop axborotlar tarqalgan, xizmat yuzasidan rasmiy ma'lumotnomalar tayyorlangan holatlar ham bor. Biroq shunisi aniqki, ko'p, balki eng muhim ma'lumotlar ochiqlanmay qolaveradi. Buning yo iloji bo'lmaydi, yo zarurat yo'q, yo shunday tamg'a bosilgan. Nima bo'lganda ham ushbu mavzuga xoslik shundaki, tabiiy qobiliyat bilan yetarlicha sarafroz qilingan   bir bandai ojiz hayotning turli nag'malariga duch keladi, bori insonlar kabi shodlanadi yoki g'am chekadi (afsuski, uning chekiga keyingisi ko'proq nasib etgan ekan), ammo har qanday holatda ham o'ziga Yaratgan ato etgan qobiliyat tufayli xos yechimlar topadi, shu tarzda atrofidagi muhitda yetakchiga aylanadi yoki vaziyatning quli bo'lmay, har qanday muammoga yechim topish yo'lidan boradi. Va bunga erishadi ham.

Bunday fenomenlar (qobiliyat egalari) ommada (xalq orasida) ko'p uchraydi, taassufki, ular ko'zga tashlanavermaydi. U(lar)ning sa'y-harakatlari yo do'lvorlik, yo hovliqmalik, hatto devonalik deb qaraladi. Shu tufayli ayni paytda ularni anglash qiyin bo'lganidek, kelajakda ham hayotlarini tushunish qiyin bo'ladi. Faqat umumiy tarzda “Unga shunday buyurilgan edi va u shunday ado etdi, bajardi” tarzida baho berib, yutuqlarini e'tirof etib, kamchiliklarini kechirib qabul qilishga to'g'ri keladi. Negaki, bandai ojiz xato qilishdan mosuvo bo'la olmaydi (hatto payg'ambarlar ham xato qilganlar), faqat “beayb – Parvardigor” degan xalqona taskin bilan hammasini joy-joyiga qo'yish mumkin. (Shu o'rinda yana bir mulohaza – bunday sharoitda xatolarni ortga tashlab, kechirib, qabul qilish ko'proq naf beradimi yoki avval hammasiga chiziq tortib, keyin doirani kengaytirish foydalimi – buni jamiyat tartiblari belgilaydi). Masalaning ikkinchi tarafi ham mavjud: shunday xarakterdagi taqdirlar borki, ularning faoliyatini o'rganmay, o'sha davr­­ga, hatto tarixga baho berish mumkin emas, ko'lami, zalvori; binobarin, xalqaro doirada mashhur va manzurligi shunchalikki, ularni tushunmay, biror xalqni, millatni tushunib ham bo'lmaydi.

Bir vaqtlar TV orqali “Tafakkur o'yini” (“Igrы ra­zuma”) degan filmni ko'rib, matematik olimning dunyo­sini tasavvur qilishga uringan edim. Film juda ta'sirli chiqqan ekan. Masrur bo'lib, titrni kuzatayotsam,   “Film Zulfiya Nazar …romani asosida suratga olingan” degan ovoz yangrab qoldi. Chiroyli ism yodimda muhrlandi va meni bu hodisa (“Gollivud”ning kinosaltanati uncha-muncha narsaga e'tibor beravermaydi, degan tushuncha bor edi) jiddiy qiziqtirib qo'ydi. Agar yuqoridagi qaydlar sizda ham qo'zg'alish yuzaga keltirgan bo'lsa, masalaning tagiga yetishga harakat qilamiz. Davomini kuzating (o'qing)!

… E'tiborli manbalarda uning nasl-nasabini “otasi – o'zbek, onasi – nemis” tarzida qayd etishgan. Bugun zuvalasida o'zbek urpog'i bor kishilar dunyoning turli burchaklarida umrguzaronlik qilib yurganlari haqida ko'p gapirilyapti. Bular, asosan, siyosiy ayb­lovlar bilan bir paytlar yurtidan chiqib ketgan yoki quvg'in qilingan zotlarning avlodlari. Aniq bo'ladiki, chor bosqini boshlangandan keyin ulgurganlar xorijni ixtiyor qilgan, turli makonlarda kun ko'rib, avlodlari bugungacha yetib kelgan. Ular Germaniyada o'qishga yuborilgan jadidlarning urug'-aymoqlari, xonlar, amirlarning zurriyodlari va boshqa musofirlar edilar. Masalan, fransuz kinosining mashhur yulduzlaridan biri, “Anjelika” seriyasidagi filmlar bilan yaxshi tanish Rober Oseyn (1927-2020, aslida “Husayn”)ni Buxoro amirining qarindoshlaridan deyishadi. Va hokazo. Umuman, bular endi o'rganilishi zarur bo'lgan mavzular. Lekin Zulfiya (ya'ni Selviya) Nazar haqida ko'p narsalar jamoatchilikka tanish.

Uning otasi Qo'qonda, shohichi hunarmand oilasida dunyoga kelgandi. Ota Jamshid Umrzoq o'g'li ma'rifatli, ruhan jadidlarga yaqin kishi, onasi Tojiniso Qo'qon xonlari avlodidan bo'lgan. Ayni olatasir yillar, sho'roning qilichidan qon tomadi. Oilaning katta farzandi Yo'ldosh qori ham o'sha siyosatning qurboni bo'lgach, uka Ro'zi boshqa yo'lni tanlaydi. Bu buhronga qarshi turib bo'lmasligini sezib, sovetning xizmatiga o'tadi, hatto firqa tashkilotlarida faollardan bo'ladi. Urushga chaqiriq bo'lgach, 1941 yil, 24 yoshida frontga safarbar qilinadi. Shundan keyin uning sarguzashtlarga boy uzoq hayoti boshlanadi. Ukraina hududlarida jangga kirib, yarador bo'ladi, lekin asirga tushmaydi. Uni mahalliy odamlar o'z oilalarida saqlab, davolaydilar, dushmandan yashirib yuradilar. Ayni o'rinda ziddiyatli bir holat ro'y beradi:   nemislar bu joylarni egallagach, ular tarafiga o'tdi.

Xullas, kuchli tabiiy iqtidor egasi bo'lgan Ro'zi Nazar hayotiy kuzatishlari asosida gap nimadaligini tushunib yetgandi, chamasi, akasini mulla bo'lgani uchun otib tashlagan sho'ro tuzumining millat uchun balo ekanini sezib, unga qarshi kurash frontiga qo'shiladi. Ba'zi manbalarda uning “Turkiston legioni”ni tashkil qiluvchilardan bo'lgani qayd qilingan. Taqdir taqozosi va ichki mayllari,   balki e'tiqodi tufayli u frontning bu tomoniga o'tib olgandi. Tabiiyki, safida ona yurti O'zbekiston ham bo'lgan “qizil imperiya”ga qarshi kurashishga ongli ravishda, kelajakdan umid qilib qo'l urgani shubhasiz. Oradan yetmish yillar o'tib, parchalanib ketgan majburiy ittifoqning kelajagi yo'qligini bu zot o'shandayoq ko'ra olganmidi, deb ajablanadi kishi.

Afsuski, har doim ham orzular amalga oshavermaydi, “tavakkalning boshi kal” deganlaridek, voqealar rivoji teskarisini ko'rsatadi. Nemislar qatori “Turkiston legioni” ham muhorabada yengiladi va Shimoliy Italiyaga chekinadi. Urush tugab, hammasi bos­ti-bosti bo'lgach, Ro'zi Nazar Germaniyaga qaytadi, Rozenxaym shahrida yashirinib yuradi. Shu joyda 1946 yilda asli antifashist, Bavariya katolik cherkovi sudyasining qiziga uylanadi. 1947 yilda Ermilinda Rot xonim bilan nikohidan tug'ilgan qizga ona yurtining hurmati ramzi bo'lsa kerak, Zulfiya deb ism qo'yadi. Aytish mumkinki, Ro'zi Nazar millatini unutmagan, balki qalbida unga nisbatan so'nmas muhabbati ham bor edi.

Umuman, bu insonning tarjimai holi bilan tanishgan kishi unda katta kuchga ega ichki qudrat borligini va o'zbek millatiga muhabbat, uning yorug' kunlariga xizmat qilish niyati bilan to'yinganini, ana shu imkoniyatini turli yo'llar bilan millati istiqboli yo'lida sarflaganini tushunib olishi qiyin emas. Gap bu o'rinda boshqa mavzuda bo'lgani uchun tafsilotlarga nuqta qo'yamiz va Ro'zi Nazarga O'zbekiston mustaqilligini ko'rish nasib etganini, ozod yurtga 1992 yilning may oyida tashrif buyurganini, o'g'li Erkin bilan yangi tashkil etilgan “Xalq so'zi” gazetasi tahririyatida ham bo'lganini ta'kidlash bilan cheklanamiz.

Suronli hayot qizaloq Zulfiya hayotiga jiddiy ta'sir etgan. Ota Germaniyada yashagan yillarida o'zbek, umuman, O'rta Osiyo respublikalaridan muhojirlikda yurgan eldoshlar bilan yaqin munosabatda bo'lishga harakat qiladi, turli tashkilotlar vositasida ular bilan aloqa o'rnatishga intiladi. 1951 yilda Ukraina va O'rta Osiyo millatparvarlarining Myunxendagi tashkiloti bilan bog'lanib, Stepan Bandera va Yaroslav Stesko bilan yaqin munosabat o'rnatadi. Shu shaharda antisovet targ'ibotiga yo'naltirilgan radiostansiyalar ishga tushishida faol bo'ladi.

O'ziga xos qobiliyat egasining xatti-harakati AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining e'tiborini tortadi va uni Amerikaga taklif etishadi. Shunday qilib, oilasi bilan Amerikaga tashrif buyurganlarida Zulfiya 4-5 yoshda edi. Bu “sehrli diyor”da uni uzoq va sarguzashtlarga boy hayot kutib turardi. Shu o'lkada uning ismi talaffuzda qulay bo'lishi uchun “Silviya”ga o'zgardi, amerikancha hayotda yashadi. O'zini ko'rsatdi, e'tirof etildi, jamoatchilik uni taniydi.

Albatta, otaning hayot maromi oddiy odamlar umrguzaronligidan tubdan farq qilar, shunga mos ravishda oilaning yashash tarzi ham o'zgacha edi. Shunday yopiq muhitda Silviya (Zulfiya)ning bolalik – beg'uborlik yillari o'tgan. Gap bu o'rinda cheklanganlik, mahdudlik haqida emas, bolaning qanday ulg'ayishi, uning tabiiy qobiliyatlari kamol topishi haqida ketadigan bo'lsa, Silviya tengdoshlaridan ortda qolmaganligini, u katta hayotga obdon tayyorlanganini, ya'ni porloq kelajakni ta'minlaydigan tag-zamin puxta qo'yilganini ta'kidlash joizdir. Bu o'rinda o'ziga ham (bu hol uning xizmat burchiga ham kirardi), atrofidagilarga, jumladan, oilasidagilarga ham o'ta talabchan bo'lgan otaning o'rni hal qiluvchi mavqe kasb etgan, deyish mumkin.

Xuddi shu qaynoq hayot talabi bilan yashash joylarini yana o'zgartirishga to'g'ri keldi. 1959 yilda otasining xizmati tufayli Turkiyaga yo'l olishdi. Ikki qit'adagi bu mamlakatda o'n yildan ko'proq yashadilar. Odatda, hamma siyosat ichida yashaydi (odatdagi hol – “bozordagi narx baland   yoki past” deyish ijtimoiy munosabat hisoblansa, bunday savol hammada tug'ilishi tabiiy va har qanday odam shu tufayli siyosat ichida yashayotgan bo'ladi). Ne ajabki, “dunyodagi eng bemaza ish” – siyosat bilan hamma shug'ullanadi, uni o'zicha talqin qiladi, tortishadi, quvvatlaydi, la'natlaydi, ya'ni shu qozonda qaynaydi. Shunday toifa borki, ular ana shu ommaga muhokama uchun ozuqa beradigan “siyo­sat”ni yaratadi. Ularning hatti-harakati turlicha talqin qilinadi, shov-shuvlarga yoki noxos vahimaga sabab bo'ladi va hokazo. Ota ana shunday hayot ichida edi, bu mamlakatda “elchi va harbiy missiya oralig'idagi vazifani bajaruvchi   tanlangan ofitser” lavozimida faoliyat ko'rsatdi. Otaning xizmat to'lqini Silviyaning bola hayotida ham aks etardi.

Nihoyat, Turkiyadagi navbatdagi harbiy to'ntarishdan keyin Amerikaga qaytishdi. Silviya Nazar 1970 yilda Ogayo shtatidagi kollejlarning birini bitirib, adabiyot bo'yicha bakalavr darajasini oldi. Shu bilan uning hayotiy yo'nalishi aniq bo'lgandek edi. Albatta, Silviyaning tarjimai holi yuzasidan yetarlicha ma'lumotlarga ega bo'lish qiyin, lekin faraz qilish mumkinki, u keyingi yillarda iqtisodchi Derril Makleodga turmushga chiqqan. Uch farzand: Klara, Lili, Jekning onasi bo'lgan. Balki turmush o'rtog'ining ta'siridadir, adabiyot yo'nalishini o'zgartirib, 1976 yilda Nyu-York universitetining iqtisodiyot bo'yicha ma­gistrlik diplomini olgan.

Shundan keyin uning qarshisida ikki yo'l paydo bo'ldi. Keyingi hayotini tahlil qilib ko'rsak, u iqbolini goh iqtisodiyot nazariyasi sohasidan, goh adabiyot (jumladan, jurnalistika) yo'nalishidan izlaganini ko'rish mumkin. Dastlab Rossiyadan bosh olib ketgan, keyinchalik Nobel mukofotini qo'lga kiritgan iqtisodchi, akademik Vladimir Leontyev (1905-99) rahbar bo'lgan Iqtisodiy tahlil institutida faoliyat ko'rsatdi. Raqamlar va ularning sirlari bilan rosa oshno bo'lib olgach, 80-yillardan boshlab jurnalistika va adabiyot bilan shug'ullana boshladi. Dastlab ishbilarmonlarning “Fortuna” jurnalida doimiy muallif bo'lib ishladi. 1990 yildan esa “Amerika yangiliklari va dunyodan xabarlar” nashrida sharhlovchi sifatida faoliyat yuritdi.

Uning chiqishlari tezda jamoatchilikning e'tiboriga tushgan shekilli, mamlakatda va dunyodagi yirik nashrlardan biri hisoblanmish “Nyu-York tayms” gazetasiga iqtisodiy mavzudagi muxbir bo'lib o'tdi. Bu mashhur gazetadagi o'n yilga yaqin faoliyati davomida qizg'in hayotiy jarayonlar ichida bo'lish bilan birga atrofidagi odamlar (ular safida ishbilarmonlar, millionerlar, mashhur shaxslar, masalan, Nobel mukofoti singari yuksak e'tirof egalari ham bor edi) hayotiga teran razm soldi, ularning qiyofalari, ichki olami, muvaffaqiyatlarining siri haqida ko'lamli mulohazalar yuritishga imkon topdi. Bu taassurotlari balki bolaligidayoq zehniga singan tezkorlik, kes­kinlik xislatlariga erk berdi, buyuklarning muvaffaqiyatlari sirini kashf etishga intilib, inson tabiatidagi nodir jihatlarni ilg'agandek bo'ldi. Uning asarlaridan kelib chiqadigan xulosalar shu zayldagi   taassurotlarni tasdiqlaydi.

Ana shunday kayfiyatda 1998 yilda Amerikaning taniqli matematigi, 1994 yilda iqtisodiyot bo'yicha Nobel mukofotini qo'lga kiritgan Jon Forbs Nesh va turmush o'rtog'ining taqdiri haqida “Yorqin aql. Daho matemaatik, Nobel mukofoti laureati Jon Nesh hayo­­ti” (inglizcha: A Beautiful Mind. The Life of Mathematical Genius and Nobel Laureate John Nash) kitobini yaratdi. Unda iqtisodiyot ilmida “Nesh tengligi” formulasini, matematikada Nesh-Kyopper teoremasini yaratgan, bir vaqtning o'zida matematika sohasida keyinchalik Abel mukofotini qo'lgan kiritgan (Nobel va Abelni olgan yagona olim) mashhur matematik va iqtisodchi hayotining turli qirralari qalamga olingan. Buyuk aql va tafakkur egasining bir qolipga tushmaydigan hayoti – u ba'zan yechinish xonasida jamoat tartibiga amal qilmaydi yoki tartibga bo'ysunmay, politsiyaning talablarini bajarishdan bosh tortadi, turmushda esa tuturuqsiz shaxs – sevgan ayoli farzand ko'rgani uchun uni tashlab ketadi – ana shunday ziddiyatlar orasidagi shaxsning qiyofasi asarda ishonarli aks etgan. Asar qahramonining ilmdagi buyuk kashfiyotlari shaxsiy hayotidagi zarbalarni yengib o'tishi bilan payvasta kechgani – ikki o't orasidagi hayoti qiziqarli va keskin lavhalarda ochib berilgan.

Olimning turmushidagi omadsizlik tufayli shizofreniya kasalligi xuruj qiladi. Fanga, sohasiga bo'lgan e'tiqod bu majburiy jinnilik kasalini yengib o'tishga kuch ato etadi. Uning irodasiga, kasallikni yenga olganiga mutaxassislar ham qoyil qoladi, chunki meditsinada bunaqasi bo'lmagandi. Neshning kasallik bilan kurashishi, ilm yo'lidagi zahmatlari asarda juda hayotiy va ta'sirchan ifodalangan. Kitob e'lon qilinishi bilan mashhur bo'lib ketdi. Birdaniga o'ttizga yaqin tilga tarjima qilindi, “Tanqidchilar davrasi”ning milliy mukofotiga sazovor bo'ldi, Pulitser mukofotiga tavsiya qilindi.   Kitob asosida rejissyor Ron Xovard “Tafakkur o'yini” nomli badiiy film suratga olgan. Unda bosh rolni Gollivudning mashhur aktyorlari Rassel Krou va Jennifer Konnelli o'ynagan. Film to'rt yo'nalishda Oskar mukofotini qo'lga kiritdi, “Oltin globus”ga sazovor bo'ldi va yana ko'p bora e'tirof etildi.

Albatta, katta davralardagi bunday e'tibor iqtisodchi va jurnalist hayot tarziga yangi daraja va ko'lam baxsh etdi. Zulfiya Nazar hayotining yangi bosqichi bosh­lanayotgandi. Endi kechirayotgan tuyg'ularining sharhi kichik gazeta maqolalariga yoki ixcham sharhlarga sig'masdi. Kechinmalarini bir nuqtada jamlash, taassurotlarini tartibga solish va   kitoblar yozishga tayyorlanish maqsadida   2001 yil gazetani tark etdi va Kolumbiya universitetida amaliy jurnalistika professori vazifasida ish boshladi.

2011 yilda Silviya Nazarning ikkinchi kitobi jamoatchilikka yetib bordi. “Buyuk maqsad sari. Bir iqtisodiy g'oya taqdiri tarixi” (inglizcha: “Grand Pursuit: The Story of Economic Genius”) kitobini e'lon qildi. Unda Karl Marks, Alfred Marshall, Irving Fisher, Yozef Shumpeter, Djon Keyns, Fridrix fon Xayek, Milton Fridman va Amartiya Sen singari buyuk iqtisodchilar faoliyati haqida hikoya qilinadi, ularning bu fan sohasiga qo'shgan hissalari tahlilga tortiladi. Muallif fikrlarining xulosasida ana shu yirik olimlarning benazir xizmatlari tufayli mavhum tushunchalardan iborat bo'lgan iqtisodiyot ilmi insoniyat hayotini qayta qurishga olib kelgan vositaga aylandi, deb ta'kidlaydi. Kitob nufuzli davralarda munosib e'tirof etildi. “Los-Anjeles tayms” gazetasining yillik mukofotiga sazovor bo'ldi.

Zulfiya (Silviya) Nazar hamon oliy o'quv yurtlarida ma'ruzalar o'qiydi. Uchinchi kitobini yozib tugallash arafasida. Bu kitob kollaboratsionalizm, ya'ni harbiy sharoitda okkupatsiya qilgan mamlakat tarkibida turib, o'zining huquqlarini himoya qilish, aniqrog'i — “Turkiston” legioni, uning faoliyati va taqdiriga bag'ishlangan bo'ladi. Ma'lumki, o'tgan asrning eng ziddiyatli va bahstalab voqealaridan biri – Ikkinchi jahon urush davrida tashkil qilingan “Turkis­ton legioni” mavzusi hamon muhokamalar doirasidan tashqarida bo'lib turibdi.

Gap shundaki, keyingi sakson yilda kechgan voqealar ko'plab qarashlar va nazariyalarni ostin-ustun qilib yubordi. Bir vaqtlar insoniyatni “fashizm balosidan qutqazgan xaloskor” sifatida qaralgan “qizil imperiya” kunpayakun bo'ldi. Endi uning asosida turgan va merosxo'ri bo'lib kelgan shovinistik davlatning kelajagi ham mavhum bo'lib turibdi. Qolaversa, odamzot bu saltanatning zulm va istibdodga asoslanganiga to'la ishondi.

Xalqimizda “Jo'jani kuzda sanaymiz” degan purma'no hikmat bor. Ne ajab, bu “jo'ja” shunchalar battol ekanki, to sanoqqa kelguncha qancha issiq-sovuq kunlar o'tdi. Afsuski, dunyo bu haqiqatlarni tan olgunicha,   tasdiqlagunicha qanchalab qurbonlar berdi?! Shunday sharoitda bugun la'natlanilayotgan tuzumga, tizimga, mafkuraga qarshi kurashni o'z paytida boshlagan fidoyi zotlar faoliyatiga ham xolis baho beriladigan kunlar kelgani aniq. Tomirida o'zbek qoni oqayotgan, taniqli olim va yozuvchi Zulfiya   Ro'zi Nazar qizi (Silviya Nazar)ning keyingi kitobi ana shu savollarga oydinlik kiritishini umid qilib qolamiz.

Intervyularining birida to'la huquq bilan “Men o'zbek qiziman” deb e'tirof etgan millatdoshimiz jo'shqin ijodiy rejalar qurshovida, farzandlari bilan Nyu-York shahrining Tarritaun qishlog'ida doimiy yashaydi.

Hakim SATTORIY

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − seven =