Afsonaviy darvesh (Vamberi)

Bundan   30   yillar muqaddam vengriyalik kinochilar   Xiva shahrida badiiy   film suratga olishdi. Ommaviy sahnalarda mahalliy aholi   ham ishtirok etdi.   Shaharning o'zi film   uchun tayyor dekoratsiya   vazifasini bajardi.

Keyin bu filmni   ko'rdim. U mashhur vengr   olimi, g'arbda “Oqsoq   darvesh” nomi bilan tanilgan Vamberi haqida edi.

 

Ensiklopediya ma'lumotlari:

“Arminiy VAMBERI   (1832—1913) vengriyalik   turkshunos olim,   etnograf, sayyoh, Vengriya Fanlar   Akademiyasining muxbir a'zosi, professor. 20 ga yaqin   tillarni o'rgangan. Chig'otoy, uyg'ur, turk—tatar, fin—ugor tillari   leksikasiga oid asarlar   yozgan.

1863 yili   darvesh niqobi ostida   Xiva va Buxoro, Shimoliy Afg'onistonda bo'lgan. Uning   “O'rta Osiyoga sayohat” kitobi barcha yevropa     tillariga tarjima qilingan.”

Bu ilmiy nashrlarda   berilgan ma'lumotlar.

Shuning o'zi Vamberini   Markaziy Osiyo haqida   G'arb mamlakatlari uchun   mukammal ma'lumot bilan   tanishtirgan olim ekanidan   darak beradi.

Tarixdan ma'lumki, vengrlar bir vaqtlar Volga bo'yida   yashab, xalqlarning yalpi   ko'chishi oqibatida hozirgi   joyga — Vengriyaga borib o'rnashib   qolishgan. Vamberi aynan shu   masala yuzasidan, ya'ni, vengrlarning ajdodi qaerdan ekanligi   ustida jiddiy o'ylanadi. Sharq mamlakatlari, xususan,   Markaziy Osiyo uning   diqqatini jalb qiladi.

O'zi nogiron, oqsoq bo'lishiga   qaramay, nihoyatda   mashaqqatli va xavfli   safarga otlanadi.

U Istambul shahriga   yetib kelgancha yo'l-yo'lakay   turk tilining Istambul   shevasini mukammal o'rganib   oladi. Islom dini   amallarini to'la o'zlashtirib, Haj safariga ketayotgan guruh bilan   Makka va Madinada   bo'ladi. Keyin Tehron shahriga   keladi. Safar davomida arab   va fors tillarini   o'rganadi.

Oldinda Dashti namak, Qoraqum va Qizilqum sahrolari, ularning ortida   esa afsonaviy Xorazm va   Buxoro uni o'ziga   tortardi.

Bu nihoyatda qaltis   safar edi. Buxoro va   Xivaga qadam qo'ygan   yevropaliklarning boshi kesilardi.   Ularga ayg'oqchi, josus sifatida   shubha bilan qaralardi.

Vamberi Haj safaridan   qaytayotgan darvesh qiyofasida   tuyalar karvoni ketidan   piyoda Xiva sari   yo'l oladi!

Yo'l davomida sayyoh   qancha tashvishlarni bosh­dan   kechirmaydi, deysiz! Bir gal kechasi, sahroda uyqusirab, o'z ona   tilida gapirib yuboradi. Hamrohi — afg'on uni   kofir deb sirni   fosh qiladi. Vamberi   diniy amallarni mukammal   bajo keltirgani sababli   o'limdan qoladi. Keyingi   gal karvonboshi   sinchiklab kuzatib,   uni “ajnabiy” ekanligini   sezib qoladi va   jazo sifatida yolg'iz   o'zini qum sahroda   tashlab ketishga qaror   qiladi. Vamberi avliyo   darvesh obraziga kirib, jazava bilan shunday zikr   tushadiki, to'satdan garmsel   to'foni ko'tarilib, karvon qum   ostida qoladi. Garmsel tugaganda   odamlar va tuyalarni   qum ostidan chiqarib   oladilar. Karvonboshi Vamberini   haqiqiy avliyo — darvesh deb   tan oladi va   muruvvat ko'rsatadi.

Nihoyat, karvon Xiva   shahriga kirib keladi.

Vamberi o'zini naqshbandiylar ta'limotining muridi bo'lgan   turk sayyohi Rashidbek   deb tanishtiradi. Xiva   xoni uni qabul   qilib, suhbatlashadi, moddiy   va ma'naviy ko'mak   ko'rsatadi.

Xivaliklar undan duo olishga, betoblar esa dam solishiga muntazir bo'lib turishadi.

Vamberi Xorazm vohasining   Gurlan, Hazorasp, Xonqa, Kunya   Urgench, Mang'it, Qo'ng'irot va   boshqa shaharlarida bo'ladi, Amudaryoning Orol   dengiziga quyilish joylariga   boradi, o'zbeklar,   turkmanlar, qoraqalpoqlar, qozoqlarning tili, hayot tarzi,   urf-odatlari, tarixini   o'rganib, boy etnografik   materiallar to'playdi.

Vamberi xotiralaridan satrlar:

“Bog'larga   ko'milgan Xiva tarixiy   obidalari bilan uzoqdan   kishida ajoyib his   tug'diradi”.

“Soya joyda to'xtashim   bilan meni olomon   o'rab olib, Xivadan ham   yaxshiroq joy bormi?, deb so'rashadi.”

“Xiva   musiqachilari va qo'shiqchilari   nafaqat Turkiston o'lkasida, balki butun musulmon   dunyo­sida   eng mohir mashshoqlar   bo'lishsa kerak. Ular g'ijjak, doira, dutor chalishadi.   Xon huzurida Navoiy   va boshqa sharq   shoirlari she'rlarini kuylashadi”.

“Xivalik o'zbek kamtar   va sodda, juda odamshavanda   ekan”.

“Kunya Urgench   xarobalarini ko'rib, bu shahar   bir vaqtlar qudratli   Xorazm davlatining poytaxti   ekani ko'z o'ngimda   gavdalandi.To'rabek xonim, Piriyor, Shayx Sharif, Najmiddin Kubrolarning ulug'vor   qabrlari kishini hayratga   soladi.”

Sayyohning shu satrlariyoq   bizda unga nisbatan   minnatdorlik hissini uyg'otsa,   quyidagi xabar:

“Orenburg — Xiva yo'nalishida kelayotgan   2000 tuyadan iborat karvon   qaroqchilar bosqiniga uchrab,   undagi 60 kishidan   atigi 8 kishi zo'rg'a Xivaga qaytib   kelganlar” satrlari esa   bizni o'sha davrdagi   hayotga qaytaradi.

Vamberining   Buxoro amirligiga safari   ham xuddi shunday   qiyin bo'lgan. Buxoroga   karvon ketidan kelayotganda   uning yevropalik ekani   fosh bo'lib   qoladi. Yuqorida aytganimizdek, uyqusida o'z   tilida gapirib yuborganini   karvon soqchilari eshitib   qolishadi. Endi uni   o'lim kutardi. Shunda   Vamberi ob-havoning o'zgarib   borishini sinchiklab kuzatib,   jazava bilan zikr qila bosh­laydi. Gapidan u   Ollohdan bo'ron-garmsel yuborishini   so'rardi. Hech kim unga   ishonmaydi. Biroq birozdan   so'ng shunday qattiq   qum bo'roni bo'ladiki,   karvon qum ichida   qolib ketadi. Ertasiga   o'ziga kelgan karvonboshi   Vamberiga ta'zim qilib,   uning avliyosifat inson ekaniga   ishonch bildirib, o'z otini unga   sovg'a qiladi!

Olim bir yildan so'ng Buxoro, Samarqand, Qarshi, Kerki, Andxoy, Maymana, Hirot, Mashhad orqali Tehronga qaytib keladi.

Uning safar xotiralari   Yevropa va Amerikada   katta qiziqish uyg'otadi. Bu davrda rivojlangan mamlakatlarning diqqati Markaziy Osiyoga   qaratilgan zdi. Rossiya   Turkistonni zabt etishni   bosh­lab yuborgan, oqibatda Rossiya   va Angliya o'rtasidagi   munosabatlar keskinlashib ketgandi.

Bosqinchilarni bu yerlarning   behisob boyligi, “oltinni oddiy   belkurak bilan qoplarga   solish mumkin”ligi haqidagi   afsonalar, eng muhimi, uning   strategik ahamiyati va   arzon xomashyo qiziqtirardi.

Vamberi — tilshunos, etnograf, geograf olim   edi. Ayni vaqtda uning   asarlaridagi ba'zi ma'lumotlar   harbiylarni ham qiziqtirgan   bo'lishi mumkin. Masalan, uning quyidagi izohlariga   e'tibor qiling:

  1. “Amudaryoning   hamma joyida kema harakatini   amalga oshirib bo'lmaydi.   U Turkistonning asosiy   suv yo'li bo'laolmaydi. O'rta Osiyoni zabt   etish, Turkistonning ichiga kirib   borish uchun Sirdaryoning   ahamiyati ko'proq.
  2. Amudaryoda   uchta paroxod bilan   Xiva xonligini nazoratda   tutish   va harbiy   qismlarni Turkiston yuragi — Buxoroga yetkazib borish   mumkin.  
  3. Amudaryo   Xiva shahridan — 6 tosh (chaqirim), Toshovuz — 6 tosh, Xo'jayli — 2 tosh, Gurlan—1 tosh, Xonqa—1 tosh, Kyat —1,5 tosh. Ilyali – 8 tosh uzoqlikda joylashgan.
  4. Amudaryo — tezoqar   daryo, o'z o'zanini tez   o'zgartirib turadi. Daryo ostidagi   qum uyumlari kemachilikka   halal beradi.”

Bu kabi ma'lumotlar   Fanlar Akademiyasi qatori   kuchli Yevropa davlatlari   harbiy kuchlari Bosh   shtablarini ham qiziqtirgan   bo'lsa kerak.

Vamberining o'zbek tilida   nashr etilgan “Buxoro   yoxud   Movarounnahr tarixi”   kitobidan parchalar:

“O'tmishi   ko'milgan millatning istiqboli   ham zulmat pardasi   ostidadir”.

“Temur   saltanatida asarlari bilan   bizni hayratga solgan   rassomlar, me'morlar va bosh­­qa   san'at ahli doimo   ijod qilganiga mazkur imoratlar   shohiddir. Naqadar vaxshiy   etib tas­virlangan jahongirning dilida go'zallik va   yuksaklikka muhabbat — shu qadar   kuchli ediki, bunga uning   davrida yaratilgan san'at   va me'moriy   asarlar   dalildir… O'rta Osiyoning ma'naviy   taraqqiyoti, bilvosita bo'lmasa   ham, har holda Amir Temur   xizmati va himmatiga   chambarchas bog'liq holda   kechdi”.

“Bobur Mirzo o'sha   vaqtda yosh yigit   bo'lib, shahzodalarning eng   aqllilaridan edi. Uni   haqli ravishda sharqu — g'arbning   eng sharafli shahzodalaridan biri desa arziydi.   O'sha zamon sharqshunoslari xotirasida u sharq   Qaysari (Sezari) deb zikr   etiladi. O'zining “Boburnoma” esda­liklarida yozgan   narsalari bilan u   bizning ko'z o'ngimizda   hayron qoladigan darajada   ham shoir, ham siyosiy   arbob, ham faylasuf sifatida   gavdalanadi.”

Bu satrlar 1863 yilgi   safar xotiralari bo'­yicha, bir yarim asr muqaddam yozilgan bo'lib, Vamberi qalamiga mansubdir.

1957 yili   Leypsigda nashr etilgan   “Chig'otoy tili” darsligida Navoiy   haqida shunday yozgan: “Men birinchi bo'lib turkiy   tilni joriy etgan, o'sha   tilni asos bilib,   o'z asarlarini bitgan   ulug' olim Mir   Alisher yurti madaniy   boyliklarini Ovrupo xalqiga   ma'lum   qilmoqchimanki…hozirgi   kunda Navoiy tili   O'rta Osiyoning adabiy   tiliga aylangan”.

Arminiy Vamberi jasur etnograf, iqtidorli va   serg'ayrat olim, g'arb mamlakatlari uchun Turkistonni ochgan odam   sifatida shuhrat qozongan.

Vamberining   asarlari:

“Nemischa—turkcha   lug'at”.

“Nemischa—chig'otoycha   lug'at”.

“Chig'otoy tili darsligi”.

“Buxoro yoxud Movarounnahr tarixi” (o'zbek tilida ham nashr qilingan).

“O'rta Osiyoga sayohat”.

“Mening hayotim”.

“Erondagi   darbadarlik va tashvishlarim”.

“Sharq hayoti va   urf-odatlari”.

Turkiy xalqlar   folkloriga oid 30 dan   ortiq asarlar haqida   ma'lumotlar va parchalar, Navoiy, Fuzuliy, Nasimiy, So'fi Olloyor g'azallaridan namunalar, 112 ta o'zbek maqolini arab   va lotin yozuvida va nemischa tarjimasini   tayyorlagan.

Ha, Afsonaviy darvesh A.Vamberi   yurtimizni, tariximizni, madaniyatimizni   dunyoga olib   chiqishga hissa qo'shgan zahmatkash olim,   jahongashta sayyoh edi. Uning hamma   asarlarini o'zbek tiliga   o'girib, nashr qilinsa, ajoyib ish bo'lar edi. Negaki, bu tariximizni, o'tmishimizni yanada yorqinroq o'rganish yo'lida katta ahamiyatga egadir.

Anvar TOJIYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine − 8 =