Shamollarning iztirobli qo'shig'i

“Bir boshga – bir taqdir”. “Bir boshga – bir o'lim”. Va… “Bir boshga – bir roman”. Bu ibtido va intiho oralig'ida bir insonning yashash formulasi aks etgan. Zero,tirikchilikni maqsadli odamlar ana shunday qat'iy chegaralarda o'tkazadilar va bu oraliq temir nizomlar asosida davom etib, baribir hayotda o'chmas iz qoldiradi. Chunki maqsad keskin qo'yilgan bo'ladi. Albatta, amerikalik yozuvchi Margaret Manerlin Mitchel (1900 yil 8 noyabr – 1949 yil 16 avgust) umr falsafasini bu darajada murosasiz belgilamagandir, ammo uning hayoti keyingi yillarda muhokama qilinib, taroziga qo'yilganda, go'yo adiba dunyoga kelib, shunday maqsad bilan yashagandek taassurot uyg'otadi.

Margaret Mitchelning “Shamollarda uchgan hislarim” romani bir insonning tirik­ligiga bor-yo'g'ini dalolat qiladigan hujjat, bir qalbning alangali izhori, jahon ada­biyotining esa eng ta'sirchan va samimiy asarlaridan biri bo'lib qoldi. Albatta, olatasir dunyo­­da qalbida ezgulik yashagan inson kelajakka hech qurisa, bir daraxt ekib qoldirsam yoki esli-hushli farzandlarni avlodlarga hadya etsam, deb yashaydi. Margaret xonimda bunday boqiylik istagi qay holda zuhur bo'lgan, bilmadik, lekin u kelajakka go'zal bir asar xotira qoldirdi.

Romanning fazilatlari haqida ko'p gapirishgan, shu   asosda suratga olingan   “Shamollarda uchgan hislarim” va “Skarlet” (1994 yil, AQSh, Italiya, Fransiya, Germaniya qo'shma loyihasi)   badiiy filmlari kino san'atining nodir namunasi sifatida milliardlab qalblarni zabt etgan.

Ana shunday shuhrat nasib etgan yozuvchining hayot yo'li va ijodi, albatta, ko'pchilikni qiziqtirishi shubhasiz.

Margaret ota tomondan ham, ona tomondan ham boobro', jamiyatda e'tiborli kishilar silsilasidan edi. Ota tarafdan bobosi Tomas Mitchel shotlandiyalik bo'lib, 1777 yilda Jorjiyaga ko'chib kelgan, AQShda mustaqillik uchun olib borilgan urushlarning ishtirokchisi edi. O'g'li Rassel esa Amerikadagi Grajdanlar urushida qatnashgan, og'ir yarador bo'lib, safdan bo'shatilgandan keyin ishlab chiqarish bilan shug'ullangan, Atlantada yetarli boylikka ega bo'lgan. Uning ikki xotinidan 13 nafar farzandi bo'lib, kattasi Mitchelning otasi Yujin edi.

Ona tomonidan fransuzlarga xos bo'lib, katta bobosi Filip Fisdjerald Irlan­diyadan muhojir bo'lib kelib, Jorjiyaga yaqin joyda o'rnashadi. Uning oilasida bir o'g'il va yetti qiz voyaga yetayotgandi. Qizlari Enni 1863 yilda Jon Sfenesga turmushga chiqdi, kelin armiya kapitani, kuyov esa katta mulk egasi, keyinchalik Angliyada tramvay xizmatining asoschilaridan biri bo'ldi. Ularning oilasida o'n ikki   nafar farzand voyaga yetayotgandi. Yettinchi qiz May Bell Yujin Mitchelga turmushga chiqdi. Yujin Jorjiya universitetining huquq maktabini tugatdi, May esa Atlantadagi ayollar institutida tahsil olgandi.

Oilada uch nafar farzand bo'lib, Margaret Mitchelning ikki akasi bor edi. Uning bolaligi yaqinda bo'lib o'tgan tarixiy voqealar fonida kechdi. Bobolari qizg'in jarayonlarning ishtirokchisi, taassurotlar to'lib-toshib yotibdi, ularning qiziq va hayajonli hikoyalari ta'siri ostida kichkina Mitchelning qalbida Grajdanlar urushi voqealari o'zgacha bir tarzda aks etar, tushlarida ham bu taassurotlardan qutula olmasdi chamasi. Ta'sirchan qizaloqning tuyg'ulari yanada teranlashishida otasining mahalliy tarix jamiyatining raisi bo'lib faoliyat yuritayotgani, shu bilan bog'liq   yumushlari jiddiy ta'sir etardi.

Shunday qilib, Amerika qit'asida Janub va Shimol o'rtasida kechgan urush taassurotlari uning borlig'iga aylandi. Go'yo tiriklik va o'lim muhorabaga kirishgan ayovsiz to'qnashuvlar, odamlar jon berib-jon olayotgan izdihom ichida yashayotgandek bo'lardi, o'zi ham urush odamiga aylanib qolgandek tuyulardi. Yana taqdirning achchiq kinoyasini qarangki, urush suronlari ta'siri ichida kunlari osuda o'tayotgan Margaretga shirin hayotida mangu ayriliqning zahar-zaqqumini tatib ko'rish azobi ham ravo ko'rildi. Oqibatda, urush va o'lim dahshati uning tarjimai holiga o'chmas surati bilan kirib keldi: 1918 yilda uning qaylig'i – unashtirilgan yigiti leytenat Genri Klifford Fran­siyada Birinchi jahon urushi frontida halok bo'ldi. Shu yili onasi ham ispan gripi pandemiyasi bilan vafot etgandi.

Bu voqealar uning hayot tarzini o'zgartirib yubordi. Ma'lumotini oshirish uchun Vashington seminariyasida tahsilni boshlagan Margaret uni Massachuetsdagi Smit kollejida davom ettirayotgan edi, oilaviy baxtsiz­liklardan keyin hammasini yig'ishtirib, mulkni boshqarishda akasiga yordam berish va otasiga qarashish uchun Atlantaga qaytdi.

Tabiatida ijodkorlik bo'lgan – maktab paytidayoq sahna ko'rinishlari yozgan, o'quvchilar chiqaradigan “Faktlar va fantaziya”   jurnaliga muharrirlik qilgan Margaret xo'jalik ishlari bilan o'ralashib qolishi mumkin emas edi. Mustaqil ravishda mutolaani davom ettirdi, ko'ngil kechinmalarini qog'ozga tushirib bordi. Xayolida esa baxtsiz muhabbati yashar, uning xotirasi bilan ovunardi. Dil tug'yonini she'rlarda ifodalar, Genrining xotirasini sharaflab, har yili u halok bo'lgan kun baxt­siz yigitning onasiga gulchambar yuborishni kanda qilmasdi.

Uning qalbida kuchli bir po'rtana yashar, go'yoki yorug'likka chiqishga yo'l izlardi. Nihoyat, ishlarni joyiga qo'yib, ancha o'ziga kelib olgach, dunyoga ishtiyoq bilan boqdi, jonli ijodiy muhit quchog'ida bo'lishni istadi. Shunday qilib, 1922 yilda maktabdagi laqabi Peggi nomi bilan “Atlanta jornal” haftaligida reportyor bo'lib ishga kirdi. AQShda mat­buotda ishlashning o'ziga xos talablari bo'lgan. Bu haqda Ernest Xemenguey ham qiziqarli ma'lumotlar keltirgan. Mahalliy matbuot xodimi, ya'ni reportyor o'ziga berkitilgan hududdan qiziqarli voqealarni gazeta-jurnal (har kun nashr etiladiganlar – gazeta, haftaliklari – jurnal deb yuritilgan) sahifasiga olib chiqishi lozim bo'lgan. Mavzular cheklanmagan (to'y, tug'ilish, oldi-sotdi, ko'cha xabarlari va boshqalar), faqat ularni qiziqarli va ravon bayon etish, ko'pchilikning diqqatini tortish, shu orqali nashrning adadini oshirib borish nazarda tutilgan. Margaret Mitchel “Atlanta…”da ishlagan yillari turli-tuman mavzularda 129 maqola, 85 xabar va bir nechta taqriz e'lon qilgan ekan.

Ishga kirgan yili Berryen Kinnar Apshouga turmushga chiqqandi. Kotrabandist bu odamni okrugda hamma tanir, harbiyda omadi yurishmagach, yashirin ichkilik savdosi bilan shug'ullanar, ko'chabezoriligi bilan nom chiqargandi. Tabiatan o'jar va bir so'zli bo'lgan Margaret uni ko'nglidagi odam deb bildi va unga bosim bilan egalik qilmoqchi bo'lganda ham o'ziga ishonib, rozilik berdi. Turmushining tatimasligi boshlanishidanoq aniq edi – ayol adashgandi, baribir “o't va suv qo'shila olmadi” va uch oydan keyin ajralishga majbur bo'ldi. Birinchi nikohidan qolgan esdalik shu ediki, toki Apshouning o'limi haqidagi xabarni eshitmaguncha yonidan to'pponchani qo'ymadi.

Oradan uch yil o'tib, 1925 yilda sug'urta agenti Jon Marshga turmushga chiqdi. U Margaretning birinchi nikohida kuyovnavkar (shafer) sifatida qatnashgan, omadsiz turmushdan xabari bor, nima bo'lishini kuzatib yurardi. Jon ancha ma'rifatli, har holda Margaretning qalb kechinmalarini tushunadigan odam edi. Ammo ko'p o'tmay, Mitchel sevimli mashg'uloti – reportyorlikdan voz kechishiga to'g'ri keldi. Oyoq panjasining sinishi oqibatida yurishi qiyinlashdi va uyda o'tirib qolishga majbur bo'ldi.

Eri Jon Mitchelga uy bekasi sifatida o'z ishini bajarib, hovlida jimgina yurishni maslahat berdi, lekin tabiatan erkin bo'lgan ayolga “qozon-tovoq dunyosi” torlik qilardi. Pirovardida esa eri uyda o'tirib qolgan reportyorga o'zini yengishi, ovutishi uchun bir dunyo kitoblar keltirib,   mutolaa qilishga imkon yaratdi. Bu bilan ham cheklanib qolmay, amalda xotinini zerikkanda, ermak uchun, vaqtni qaritish maqsadida “Nuqul birovlarning kitobini o'qiyverasanmi, o'zingning kitobingni qachon yozasan?” deb, yozish-chizish bilan shug'ullanishga majbur qildi. Shunchaki ermak uchun boshlangan   mashg'ulotdan katta umid yo'q edi, “Faqat o'zing uchun yoz”, degan talab bo'ldi, xolos. Hatto unga yozuv mashinkasi olib kelib berdi.

Tashqi voqelik unga jiddiy bir ishga kirishishni tavsiya qilayotgandek edi. Shu yo'sinda bolalik taassurotlari, bobolaridan tinglagan hayajonli hikoyalar, qalb kechinmalari va iztirobi – leytenant Genrining o'limi, boshidan o'tkazgan issiq-sovuq kunlaridan hosil bo'lgan taassurotlar qorishig'idan yozishga kirishdi va u keyinchalik “Shamollarda uchgan hislarim” nomi ostida roman shaklida mashhur bo'ldi. Nomi shoir Ernest Dousen she'rining bir satridan olingan roman (birinchi nomi “Ertaga – boshqa kun”) ustida ish muttasil o'n yil davom etdi, ya'ni Margaret Mitchelning o'n yil davomidagi tarqoq bitiklari shunday roman bo'lib yaraldi.

Margaretning tabiati shunday ediki, shu yillar davomida roman yozayotganini iloji boricha sir tutdi, yaqin kishilari ham bilmadi. Eri uning birinchi o'quvchisi va tan­qidchisi edi, shuningdek, Jon tarixiy dalillarni oydinlashtirish, qo'shimcha manbalar topish, syujetlar to'qish, urush voqealarini ishonchli gavdalantirishda, hatto yozilgan matnlarni badiiy tahrir qilishda Margaret Mitchelga yaqindan yordam berib bordi. Va er-xotin vaqtlar o'tgan sari ishonib boraverdilarki, faqat o'zlarini emas, ko'pchilikni qiziqtiradigan bestsiller yuzaga kelayapti. Atlantaga tashrif buyurgan kattagina nashriyot muharriri yirik manuskript (qimmatli qo'l­yozma) borligidan xabar topdi (yozuvlar ming bosma toboqdan oshib ketgandi) va muallif bilan muzokara olib bordi. Margaret kitobni nashr etishga birdan rozilik berdi. Keyingi yil qo'lyozma ustida jiddiy ishladi, asosan, e'tiborni tarixiy dalillar va sanalarni aniqlashtirishga qaratdi.

Yangi kitobning ko'plar uchun qiziqarli ekanligi borasidagi taxminlar o'zini oqladi — haqiqatan ham shunday bo'lib chiqdi. Asarni yorug' taqdir, shon-shuhrat kutayotgan edi. 1936 yilda e'lon qilinishi bilan asarning shonli yurishi boshlandi. Shu yili eng yaxshi roman uchun milliy kitob mukofotini oldi. Yil o'tib esa Amerikadagi eng nufuzli – Pulitser mukofotini badiiy adabiyot nomina­siyasi bo'yicha qo'lga kiritdi. 1939 yilda asar asosida rejissyor Viktor Fleming suratga olgan shu nomdagi film   sakkizta “Oskar” mukofoti (“Eng yaxshi ssenariy”, “Eng yaxshi rejissyorlik ishi”, “Eng yaxshi erkak roli”, “Eng yaxshi ayol roli” singari) bilan taqdirlandi.

Romanning markazida XIX asr o'rtalarida kechgan Amerikadagi grajdanlar urushi vo­qealari tursa-da, uning bosh qahramonlari – O' Xara Skarlet, Eshli Uelks va Rett Batler yozuvchi bilan tanish, ya'ni qalbiga yaqin kishilar edi. Ular xarakterida qadrdon tuyg'ularini singdirdi, qalb kechinmalari uning o'z quvonchlari, iztiroblari edi. Bu romanni Margaretning fojiali muhabbatiga qo'yilgan obida, deyish mumkin, faqat bu oliyjanob hislarga tarixiy voqealar, ko'plab personajlar libos qilib kiydirilgan edi. Hatto roman bosh qahramonini Pansi (o'zining la­qablaridan biri) deb atagan, faqat nashriyotdagi ish jarayonida uni birdaniga “Skarlet” bilan o'zgartirgan edi. Qiz ruhiyatida o'zining barcha kechinmalarini ifodaladi, leytenant Genriga atalgan bokira hislari ham unda mujassamlashdi. Batler (filmda bu rolni Klark Geybl o'ynagan) esa u tasavvur qilgan va sevgan, mavjud va o'z o'rnida ilohiy yigit timsoli edi.

Roman katta muvaffaqiyat qozonib, uni ekranga ko'chirish maqsadi paydo bo'lgach, undagi bosh qahramon rolini ijro etishga 14 ming da'vogar xohish bildirgan. 400 nafari kastingda qatnashgan. Ularning orasida britaniyalik Viven Li bitta ovoz (!) olib, g'olib bo'lgan ekan, ya'ni muallif Mitchelning “Mana O' Xara!” degan undovi hammasini hal qilgan…

Ana shunday shov-shuvli “tarjimai hol”ga ega bo'lgan roman ham, film ham hamon millionlarning qalbini maftun etishdan to'xtagani yo'q. Uning yangi-yangi muxlislari turli avlodlarda paydo bo'laveradi.

Margaret Mitchel har qancha qistasalar ham boshqa asar yozmagan. Hozirgacha “Shamollarda uchgan hislarim” romani 40 ga yaqin tilga tarjima qilingan, AQShning o'zida 70 marta nashr etilgan.

Hakim SATTORIY

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four − 1 =