“Yöl olovli çohdan ötadi”
yoki yozuvçi Temirpölat Tillayevning “Ölim öpqoni” qissasini öqib…
Bayram kunlarida Temirpölatning “Ölim öpqoni” asarini öqişga tuşdim. Jiddiy öqiyapman. Juda katta isteʼdod sohibi ekan u. Uni uyiga borib “Nasaf” naşriyotiga çorlaganimdan ökindim. Qişloğida öqituvçilik qilib asarlar yozib yurganda yaxşiroq bölar ekanmi, deb öylab qoldim. Oçiği, şahar uning isteʼdodini kömmoçida kuydirganidan açindim. Öttiz yil avval unga qattiq daşnom berib: “Yiğiştiring anovi xoltöra jöjalaringizni xom xatala “asarlar”ni kitob qilişdan” deganim rost. Şahar ohanjamoli xotinga öxşaydi. Aldaydi. Tirikçilik yölida ivirsirişga undaydi. Temirpölatniyam yöriğiga soldi. Umr – oqar suv, uni tutib bölmaydi. Öttiz yil içida u kamida ikki-uçta roman yozişi mumkin edimi? Mumkin edi. Özimizning “Gabriel Garsia Markes”imiz bölardi. Balki Nobelga ilk özbek adibi sifatida ega çiqardi. Undagi favqulodda isteʼdod hodisaga aylanardi. Nima ham deysiz? “Ölim öpqoni” haqida taassurotlarimni yozişga ahd qildim.
Dunyoda özi bilan özi eng uzoq gaplaşadigan eng injiq odam men bölsam kerak. Baʼzan xomxayol quli yoxud bangi xayol töriga ilinib tipirçalayotgan öylarim meni köp bor çalğitgan. Nega Temirpölat adabiyotdan özini çekkaga tortdi va bir çaqaga qimmat dumbul “şoiru şoiraça”larning boşsiz boşini silaşga kirişib ketdi. Tuşunmayman. Baʼzida senga nima?, — degan içimdan sado keladi. Ammo sarkaşligim bois “devor” suzaman. Rahmatli Muhammad Oçil va Ali Niyozga “köçaning gapi bilan adabiyotni aldab bölmaydi” deganim bor gap. Negadir ikkisi ham ölimi oldidan menga: “Siz haq ekansiz?” deyişgan. Ali Niyoz “Taqdir qönğiroği” qissasi uçun yangi mavzu va ğoya topolgandi. Biroq tili qaşşoqligi ança pand bergandi. Mahorat yetişmadi. Ammo durust asar edi “Taqdir qönğiroği”. Temirpölatda esa uslub yangi, mahorat kuçli. U Dostoyevskiydan qolişmaydigan asarlar yozişi mumkin edi. U yoğini uning özi biladi. Demoqçiman, qöpol bölsayam hozir özini adabiyotşunos deydiganlar qöziqorindan köp. Ammo ulardan sado yöq. Ilmiy daraja va ilmiy unvon gadosi desam haqiqatu, yaxşisi qumga singgan suvday na ovoz, na sado bor ularda. Yöqsa, “Ölim öpqoni” haqida yozişgan bölardi. Balki eʼtiborsizlik Temirpölatniyam çalğitdimi, bilmadim, ammo izzattalablikni adabiyot yoqtirmaydi. Andak aççiqlanib aytsak, bolalariga şafqatni xuş körmaydi, siylaşdan yiroq. Şu boismi, u ijoddan töxtadi. Xayriyat, Azizbek Norov “jim”likni qözğatib yubordi. Uning “Azal va abad yöli” karvoni yölga tuşdi. Mangulik saodatini manzil etişiga umidim katta. Şeʼriyat haqida bunaqa gapirib bölmaydi. Rauf Parfining yirtiq paypoğini kiygizgan bilan şoir çiqarolmaysiz. Şoirlik — Allohdan, şeʼr — idrok mahsuli. Şoirlikning maktabi yöq (takror-takror aytamiz). Çin şoirning özi öziga maktab. Qölbola deganlarini önta akademiyaga öqitsayam şoir çiqmaydi. Urinişlar bölayapti. Ammo axiyri baxayr bölsin. “Ölim öpqoni” bahonasida tökildim. Uzr.
Temirpölat Tillayevning qahramonlari dengiz jonivorlari kabi vaznsiz olamning tutqunlaridir. Ular qiçqirgani bilan ovozini özidan boşqa eşitmaydi. Sud “tamğa”si urilmagan mahbuslar ham deysiz. Ammo ular taqiq çiziği mavjudligini özini anglab yetmagan mahkumlardan ölaroq çuqur idrok etadi, garçi absurd bölsa-da munozara va muşohada maydonida özi bilan bellaşişga kuç topadi. Bemaʼnilikdan maʼni izlaş yangi qitʼa oçişday gap. Yaʼnikim qahramonlari sarkaş, öjar, özinikini öral bilgan, hatto muallifini ham bahslaşişda oçiq maydonga quvib solişdan toymaydigan andak andişasiz, ammo ğururli, tuflagan tupugini qaytarib yutişni or biladigan özidan yuragi katta şaxslardir. Ularda subutsizlik begona, gapini içiga yutmaydigan (Norboy), vaysaqilikdan homuza tortişni ep bilgan dangal va çapani, öz raqibiga tik boqişi bilan ajralib turadi. Adibning “Voris” qissasida qişloq hayoti ayriça içki konfliktlarga qurilganligi, serhaşam böyoqlardan xoliligi, voqealar oddiydan mukammallikka uyğunligi, sipolikdan köra daştliklarga xos oçiq-oşkora “betga çopar”(rostgöy)lik kitobxonni mulohazaga çorlaydi. Maktablarda doimo muammoga aylangan öqitiş tizimi oqsoqligi, savodi haminqadar öqituvçilarning uçraşi (Mengnorov), boylikka öç kimsalarning maʼnaviy tubanligi (Çala) badiiy kaşf etilgan. Asarda çalasavodlik, fikrsizlik çalalarning yöq tanglayini “kötariş” barovarida ilmsizlik tanazzuli paydo qiliş manzaralari mahorat bilan aks ettiriladi.
Adibning “Ölim öpqoni” asari mutlaq boşqaça tarzda bitilgan. Yuqorida dengiz jonivorlari haqidagi fikrim şu asarga mosdir.
Badiiy adabiyotning abadiy va azaliy unsurlaridan biri va balkim, eng asosiysi bölgan timsol sanʼatini bilmagan, jilla qursa undan ozgina xabardor bölmagan öquvçi Temirpölat Tillayevning “Ölim öpqoni” qissasini heç qaçon tuşunmaydi, zavq bilan öqiy olmaydi, köngilni mudom bezovta qilib turadigan “qissadan çiqadigan hissa” mohiyatini anglay olmaydi, mabodo turli sabablar bilan özini majburlab öqisa ham, tuyqus dongdor, zamondoş yozuvçi kabi yakdil bir fikrga keladi: “Bu qissa borib turgan fantastika-ku?!”
Lekin men işonç bilan aytişim mumkinki, “Ölim öpqoni”— beşafqat realizm ruhi bilan suğorilgan, heç bir qoliplarga tuşmaydigan, har lahzasida insoniy iztirob va qayğular talotumida, quvonç va baxtning saodatmand gullari barq urib oçilib turgan koşonasida mangu tiriklik anduhlari aks-sado berayotgan, Vatan deb sözlab şon-şarafga çulğanayotgan kimsalar qatorida, Vatan deb qon tuflayotgan, azob çekayotgan va mana şu mangu azob lazzatidan devona bölib yaşayotgan “turonlar hayoti” adabiy sanʼat darajasida talqin qilinişini öz oldiga maqsad qilgan, baʼzi örinlarda bu salobatli daʼvoga erişgan, goh esa erişolmagan, nima bölganda ham çinakam adabiyot muxlislarining bahs-munozaralariga loyiq QISSADIR.
Fyodor Dostoyevskiyning uluğvor ğoyalarni özlarining qaşşoqlik va beçoravaşlik, fahş va tanazzul, iztirob va alam hukmronlik qilgan ipirisqi hayotlariga eş qilib olgan va mana şu beşafqat hayot iskanjasida yaşayotgan adabiy qahramonlarning teran va mislsiz ruhiy – psixologik tahlilini, Mixail Bulgakovning roman içidagi roman kompozitsion tuzilişiga ega, afsonaviy asari – “Usta va Margarita” romanining badiiyat tilsimlarini, Gabriel Garsia Markesning Olam va Hayot ibtidosi va intihosini özida mujassam etgan “Yuz yil tanholikda “ romanining fusunkor realizm ohangrabosini, Çingiz Aytmatovning “Qiyomat” romanidagi barça adabiy qahramonlarning mudhiş taqdiridan kelib çiqadigan, uluğ adibning qalb iztirobiga aylangan buyuk Ogohnomasidan ozmi-köpmi xabardor bölgan, Nazar Eşonqulning hozirgaça çop etilgan barça asarlaridagi inson hayotining mohiyatini timsollaştiriş sanʼati hodisasini biliş nazarimda, “Ölim öpqoni”ni tuşunişning birinçi bosqiçidir.
Soddaroq qilib aytsam, “Ölim öpqoni” qissasi öquvçini zeriktiradigan, tuşunişga qiynaydigan, şunçaki fantastik bölib körinadigan asar bölmasdan, özida bugungi dunyo adabiyotida keçayotgan adabiy jarayonlarning taʼsirini namoyon etgan, milliy adabiyotimizdagi yangi qissa ekanligini tuşuniş, mazkur qissaning adabiy tilsimlar qulfini oçiş, yuqorida nomlari keltirilgan adiblarning asarlarini tuşunişdan boşlanadi.
Men Temirpölatni bir qadrdon sifatida yaxşi bilganligim bois, şunday hukmi xulosaga keldim. Nazarimda, “Ölim öpqoni” asari bir inson qalb sayyorasining fojiaviy manzaralarini ibtido va intihosi tajassumi desam yanglişmayman. Roviyu hakim, Vafoqulu Turon ham bir şaxs timsolida tamsil qilingan. Gabriel Markes öz Makondosini yaratib, jaholatparastligu işratparastlik (va boşqa parastlik) girdobiga çöktirib yuborganday, Temirpölat öz Elsaroyini köngilxuşlik, xumorparastlik, loqaydligu begonasiraşlik va hokazo kabi insoniy tuyğularni qovjiratib, köngil vodiysini sahroi kabirga aylantirguvçi dözaxiy makon timsolida idrok közgusida paydo qila olgan. Xalq tilida “Elga balo dorimasin, hölu quruq baravar yonadi” degan gap bor. Elsaroyga kelgan balo Rabbim qorining alahsiraş aralaş tilga kelib aytgan gapida oçiqlanadi: “Qon tomçilayapti, bötalarim!” Uzukkun yoqqan yomğirdan usti-boşi jiqqa höl bölgan elsaroyliklar jör bölib qöşiq aytişadi:
Kim bizga duşman-yançamiz!
Yançamiz! Yançamiz! Yançamiz!
Aynigan, moğor hidi anqigan va yovuzlikka qalbini qul etib, yuragiga zulm ğulini osgan izdihomning mazaxomuz taʼnasi vujudni seskantirib yuboradi va qonni tönglatib, fikrsizlik balçiğiga itqitadi. Balki, adib Şöroning qörquv saltanati timsolida inson qalbida ezgulik gullari sölib, şiorbozlik qiyofasida mahdud va manfur körinişini şu taxlit jonlantirişniyam nazarda tutgandir. Çunki qissa şöro davrida bitilgan. Bu mening fikriy taxminlarim. Harneçuk maşʼum manzara bizning gumonlarimizga soya taşlamaydi: “Qori hazratning janozasidan qaytib, tarnov tagidagi paçoq toğaradan toşib tökilayotgan qon aralaş qip-qizil suvni körib qörquvdan badanim muzlab ketdi.
Özimni qöyarga joy topolmay, uyimiz ortidagi ariqqa çopdim; yomğirning oqova kölmaklari tuşgan suvi ham qip-qizil edi. Ana şunda şaytonlab qolişimga oz qoldi; boşim ğuvillab, badanim qizib keta boşladi”. Qişloq hakimxonasi hakimining vahimasi bosariq tuş kabi tuyulsa-da, ammo çin iqrori bu. Ana şu qonli yomğir ortidan şafqatsiz ölat voqea manzarasini oydinlaştiradi: “Axir qörqmay bölarkanmi; aytganimday — yomğirning birinçi kuni, Eski elsaroylik Rabbim Qori olamdan ötdi, ikkinçi kuni — Şerna baxşi Qillining keçuvida falokatga yöliqdi, otining beli sinib, özi tildan qoldi, uçinçi kuni — Eloğa oqsoqolning boşiga qon quyilib bir umr falaj bölib — töşakka mixlanib qoldi, törtinçi kun — Qiron mergan böri qopqoniga xörak tayyorlayotib özini-özi zaharlab qöydi, oqibat közdan ajraldi, beşinçi kun — Oytuman yanga öziga qöşib ikki bolasiga ham öt qöyib yubordi, özi-ku mayli-ya, ikkita norasidaning qoniga zomin böldi, oltinçi kun — Turkon oqsoqolning egizaklari tepalaşib bir-birlarini qonga botirdi; birovning öng qöli yelkasidan çiqib ketdi, ikkinçisining oyoği oşiğidan sindi; siniq-mertiklarning oğriği endi ularga umr böyi azob beradi, yettinçi kuni — ha, öşanda yettinçi kuni bölajak falokat sodir bölmagandi. Köp qator men ham hali sodir bölişi mumkin bölgan bu falokatning sodir bölmasligini juda-juda xohlardim. Olti kundirki, yugur-yugur va çopa-çoplar mening tinka madorimni quritib yuborgan edi. Lekin men bir narsaga amin edim; poyma-poy sodir bölayotgan bu falokatlarning birdan-bir sababçisi yomğir edi. Mana şu yomğir töxtasa butun Elsaroyga yuqumli ölatday dahşat solgan tuyqus falokatlar ham barham topişiga men — qazaversa qoq yerdan ham oltin çiqişiga işongan telbadek işonardim”.
Qonli yomğir – ramz, zulm va zöravonlik ramzi. “Yançamiz” esa yöq joydan ğanim izlab, bani başarni yançiş uçun xunrezlik mayiga bökkan elsaroyliklarning jörovoz qöşiği, balki madhiyasidir. Öşa yomğirning yettinçi kunida hakim xumorparast, köngilxuşlik yölida atrofni, odamlarni, özlarini unutgan ulfatlar yonidan qaytib, öt-olov içida ihranayotgan Turonni muolaja tufayli hayotini saqlab qoladi. Uning alahsiraş aytgan aççiq ihtezosida ongimiz tubida “öz yoği”ga qovrilib yotgan tilsim oçiqlanadi: “Lekin keyin ham men uzoq vaqt uning öşanda alahsib aytgan gaplarini unutolmay yurdim. “Tillariga zanjir osgan laʼnati itbaliqlar! Laʼnati itbaliqlar! Laʼnat! Laʼnat! Laʼnat!” — deb baqirgandi u öşanda birinçi marta alahsiganda.
Keyingi alahsib aytgan gaplari ham hozir quloğim ostida jaranglab turibdi. Lekin hozir ham, öşanda ham heç narsaga tuşunmagan edim. “Hurriyat olovli gulxan ortida! Yöl olovli çohdan ötadi, hoy itbaliqlar!” — deb ökirib-ökirib yiğlab yuborgandi öşanda Turon”.
…Yon-veringda, xususan, Qarşida yaşab doimiy suhbatdoş, fikrdoş adib borligidan könglim nurlanadi. U özi öqigan barça asarlar haqida fikr yuritganda, tasodifiy va kutilmagan bir holda yangi gaplar aytadiki, öz qalb sayyoramga yovuqlaşaman. Baʼzida taʼnali, aççiq istehzomni ham kötaradi. Bunday adabiy suhbatlarni men — taniqli rassom Azamat Sattorov va Temirpölat bilan birgalikda tunlarni tonglarga, kunlarni oylarga ulab suhbat qurganmiz. Xuddi şu örinda menga adabiyotning azaliy mavzularidan biri taqlid va taʼsir mavzusi böy körsatdi.
Öylaşimça, “ÖLIM ÖPQONI” qissasini keng kitobxonlar ommasi “qabul qila olmayotganligi”ning yana bir sababi şundaki, qissa voqealari köp qatlamli, köp ohangli va köplab qarama-qarşi fikrlar asosiga qurilganligidir.
Aytiş mumkinki, qissa polifoniyasi juda murakkab va mantiqiy çalkaşlik asosiga qurilgan. Aslida, mana şu “murakkablik va mantiqiy çalkaşlik” ham yozuvçining öziga xos adabiy uslubining yorqin bir qirrasidir.
Töğri, bu jarayon badiiy adabiyotda mavjud hodisa. Bugungi jahon adabiyoti vakillari bölgan köplab atoqli yozuvçilarning qariyb barça asarlarida bu jarayon yaqqol közga taşlanadi va ularni uluğlik şohsuppasiga kötargan “adabiy kaşfiyot”larining asosini taşkil etadi.
Taniqli adabiyotşunos olimlarning fikriga köra, polifoniya istilohini badiiy adabiyotga birinçi marta faylasuf va uluğ nazariyotçi olim Mixail Baxtin olib kirgan bölişi mumkin. Lekin nazarimizda adabiy polifoniya hodisasi azal va abad adabiyotning tub mohiyatini belgilaydigan unsurlardan biri sifatida mavjuddir.
Homerning “Iliada” va “Odessiya” kabi asarlarida bölgani kabi Navoiyning har bir ğazalida va hatto har bir satrida köp qatlamlilik, köp ovozlilik va ayni lahzalarda bir-birini inkor etadigan turfa fikrlilik hodisasi mavjud.
“Ölim öpqoni” polifoniyasini men şunday tasavvur qildim va angladim: bu qissa; biror-bir sahifasida nomi zikr etilmasa-da, “Vatan ozodligi va Vatan iztirobi” haqidagi asardir.
— Bu asar; jumlalar tarhini ming yorib izlasak-da topolmaydiganimiz — mustabidlik va ana şu mustabidlikning oğir asorati haqidagi beşafqat bayonnomadir.
— Bu bitiklar “telbavaş va bir qadar jaydari” qahramonlarining taqdir va umr keçmişlarida zulm va zöravonlikning inson zotini yerparçin qiladigan razilligi aks etgan, hamma birdek işonmaydigan qadim rivoyatlardir.
— Bu qissa; mahkumlik iztirobi haqidagi beun hayqiriqdir, lekin uni hamma ham eşitavermaydi.
— Bu asar inson hayotini muqarrar sönggi manzil sari eltadigan paymona elçilarining yovuz timsollarini özida mujassam etgan zamonaviy afsonadir.
— Bu iztirobli bayonnoma; iymon va eʼtiqod, xiyonat va qörquv saltanatinig abadiyligi va tanazzuli haqidagi notugal, nomukammal, noilmiy iqrornomadir.
Yaqin döstlarining taʼbiriça zamonaviy Don Kixotu darveş, olatasir davralardan mudom özini olib qoçadigan, “minglab bahona”lari ötmay bunday “izdihom”larda iştirok etişga majbur bölib qolsa, kiroyi anjuman “mulozim”larining köngliga yöl topaoladigan, kirişimli davragir, ammo yaxşi gapga könmaydigan, töğri maslahatga quloq osmaydigan “ijodkor”lar bilan özining “Ağnagan tomoniga itar” degan şioriga amal qilib, köpam tortişib ötirmaydigan, öttiz yilki, “gulday” ijodni “oxiri yöq va bemaʼni” tirikçilik taşvişlariga almaştirgan ammo baribir, oltin – zanglamas deganlaridek, öz isteʼdodini bitta asar bilan körsata bilgan adib Temir Pölat Tillodir.
Endi undan yana barkamol asarlar kutişga haqlimiz.
Öroz HAYDAR
