“Atirgul” oilamizga baxt keltirdi

Ishonch biz uchun hayotda eng muhimi! Chunki u bizni yangi marralar sari yetaklaydigan eng yaxshi vosita. Hayotda doim ham tekis yo'ldan yurilmaydi. Ba'zan loy, ba'zan o'nqir-cho'nqir ko'chalardan o'tish joiz bo'ladi. Biroq birgina uchqun sizni u qanday yo'l bo'lmasin, yurishdan to'xtatmay, faqat oldinga qarab yetaklaydi.

2022 yil fevral oyi boshida “Atirgul” tanlovi haqidagi e'longa ko'zim tushdi. Avvaliga “Bunga ham hujjatlarimni yuboramanu ammo tanlov adolatli o'tarmikan?”, degan gumonim yo'q emasdi. Tahririyatdagi o'rinbosarimiz: “Feruza, sizning materiallaringiz tortadi, albatta yuboring, g'olib bo'lasiz, men bunga ishonaman”, dedi. Shu gap dalda bo'lib, hujjatlarimni to'plab, tanlovga yuborishga qaror qildim.

5 mart kuni kechki soat 21:30 larda qo'ng'iroq bo'ldi. Uyushma rahbarining ovozini tanidimu ichimda bir nima qalqishni boshladi. Ertaga taqdirlash marosimiga yetib kelishimni aytgach, go'shakni qo'ydi. Shu kecha oila a'zolarim bilan maslahatlashib, tongda Surxondan poytaxtga qarab mashinada yo'l oldik. Rosa to'qqiz soat deganda Toshkenti azimga yetib keldik.

Taqdirlash marosimi… Chindan ham g'oliblar safida men ham bor edim. Yuragim bosh­qacha urib ketdi. Bu menga tanlagan yo'limdan qaytmasligim uchun bildirilgan ishonch edi. Bari haqiqiy, bari adolatli o'tganini ustoz-jurnalistlar ta'kidlashganida olis hududda ijod qiladigan bir jurnalist sifatida bunga amin bo'ldim.

Ha, tanlovdagi yutug'im ikki oydan so'ng oilamga jajji mehmon kelishidek baxtga ulanib ketdi. Ishonamanki, bu yil ham “Atirgul”da munosiblarga g'oliblik nasib etadi.

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan jurnalist ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ijodiy salohiyatini namoyon qilishiga ko'maklashish, erishgan yutuqlarini e'tirof etish va ularni rag'batlantirish maqsadida o'tkazilayotgan “Atirgul” tanlovida barcha hamkasb opa-singillarimizni ishtirok etishga chorlayman!

Feruza RAHMONQULOVA,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − fourteen =