Sharqning oynomasi

“Sharq yulduzi” jurnali — 90 yoshda

 

Sirojiddin RAUF,

“Sharq yulduzi” va “Zvezda Vostoka”

jurnallari Bosh muharriri

 

Bugun elektron nashrlar, axborot kommunikatsiyalari rivoj­langan bir paytda, ta'kidlash joizki, bosma matbuotning asosiy turlaridan biri sifatida faoliyat ko'rsatadigan har qanday jurnal o'z faoliyatini jamiyat madaniy-ma'naviy, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ishlab chiqarish hayotining deyarli barcha qatlamlarini aks ettirishga yo'naltirgan holda olib boradi. Masalan, 1655 yili ilk bor Parijda nashr etilgan eng birinchi “Jurnal de Savans” nashri ham dastavval adabiyot, san'at, falsafa va tabiiy fanlar bo'yicha kitoblarga sharhlar berib borgan. Keyinchalik London, so'ng Rossiyada, XX asr bosh­laridan Turkistonda ham ilk jurnallar paydo bo'la boshlagach, 1913 yili Samarqandda jadidchilik harakati namoyandasi, otashin ma'rifatparvar Mahmudxo'ja Behbudiy tomonidan “Oyi­na” jurnaliga asos solingan. Bu jurnal turkiy tildagi ilk ijtimoiy, ilmiy, adabiy nashr hisoblangan. Keyinchalik, 1915 yili Toshkentda “Al-isloh”, undan so'ng Toshkentda “Chayon”, “Cho'l chayoni”, “Inqilob”, “Yer yuzi”, “Mushtum” kabi ko'plab jurnallar nashr etila bosh­langan.

To'qson yillik olis va mashaqqatli yo'lni bosib, bu davr orasida turli qiyinchilik va yo'qotishlarga qaramay, avval boshdan birinchi o'rinda o'zbek adabiyoti va millatimiz ma'naviyatida o'ziga xos mayoqlik mavqeini saqlab qolishga erishib kelayotgan “Sharq yulduzi” jurnali ham butun dunyo matbuotida ana shunday yangila­nishlar paydo bo'layotgan paytda tashkil etilgan edi.

Mazkur adabiy-badiiy, ilmiy, ijtimoiy-siyosiy jurnal rasman 1931 yildan chop etila boshlangani qayd etilsa-da, dastavval “Qurilish”, 1934 yildan “Sovet ada­biyoti”, 1937–1941 yillarda “O'zbekis­ton ada­biyoti va san'ati”, 1946 yildan e'tiboran ulug' adib, Oybek domlaning sa'y-harakatlari bilan “Sharq yulduzi” nomini olgan.

Salkam bir asrlik muddat davomida o'zbek yozuvchi va shoirlarining butun boshli avlodlarini voyaga yetkazish bilan birga jamoat fikri va ma'naviy kamoloti minbari ham bo'lib kelayotgan nashr har doim birinchi o'rinda xalqimiz ma'naviy-ma'rifiy hayotini ezgulik va tafakkur yog'dulari bilan yoritishga harakat qildi.

Shunday zamonlar bo'ldiki, adabiyot olamida ham asl iste'dod egalariga nisbatan shubha va haddan ziyod “hushyorlik” bilan qaraldi, chin daholik esa jamiyat uchun qo'rqinchli bir jihatdek belgilandi. Aksincha, o'rtacha yoki zo'raki ijodiy fao­liyat ko'proq olqishlandi. Zamon talabiga aylangan bunday noxush jihatlar matbaachilik sohasidan o'ziga xos yozilmagan qoidalarga amal qilishni ham talab etgan.

Shunga qaramay, “Sharq yulduzi” jurnali badiiy adabiyotni rivojlantirishga munosib hissa qo'shish bilan bir qatorda, turli davrlar ijodiy jarayonlarining barcha, hatto o'ta murakkab yo'llarini mas'uliyat va sharaf bilan bosib o'tishga erisha oldi. Hozir ham o'zbek milliy adabiyotining keksa, o'rta va keyingi avlod namoyandalari qalamiga mansub nas­riy, nazmiy, dramatik, ilmiy-nazariy va publitsistik asarlarni muntazam chop etib kelmoqda.

Jurnal o'z sahifalarida atoqli yozuvchi va shoirlarning romanu dostonlari bilan yonma-yon tarzda “yilt” etgan iqtidori bo'lgan oddiygina talaba yoki maktab o'quvchisining ilk hikoya yoki she'riy mashqlarini ham chop etishdan cho'chimadi.

Nafaqat O'zbekiston, qardosh Tojikiston, Qozog'iston, Turk­maniston, Qirg'iziston va boshqa davlatlar, shuning­dek, Turkiya, Xitoy, Pokiston, Arabiston, Afg'oniston, AQSh, Germaniya va yana ko'plab mamlakatlarda o'z muxlislariga ega bo'la oldi.

Albatta, bunday natijalarga erishishi oson kechmagan. Nashrning o'z nomiga munosib, ya'ni Sharqning eng yorug' ma'rifiy-adabiy yulduzi, mayog'i bo'lib qola olishida, shubhasiz, turli davr va yillarda shu jurnal bosh muharrirlari hamda ijodiy jamoaning hissasi katta bo'ldi.

“Sharq yulduzi” jurnali tashkil etilgan vaqtdan buyon bu nashrda Umarjon Ismoilov (1931–1932), Rahmat Majidiy (1932–1934), Qurbon Beregin (1935–1937), Xolmat Qurbonov (1938–1939), Sotti Husayn (1940), Komil Yashin (1941), Oybek (1946–1948), Vohid Zohidov (1949), Uyg'un (1950–1951), Mirmuhsin (1951–1960, 1972–1981), Asqad Muxtor (1961–1965), Hamid G'ulom (1965–1971), Hafiz Abdusamadov (1981–1983), Pirmat Shermuhamedov ( 1983–1985), O'tkir Hoshimov (1986–2002), Omon Muxtor (2002–2006), Minhojiddin Mirzo (2006–2007), Sirojiddin Sayyid (2007–2009), Ulug'bek Hamdam (2009–2015) kabi taniqli yozuvchi va shoirlar bosh muharrir bo'ldilar. Ularning fidoyiligi va mashaqqatli mehnati tufayli jurnal jamiyatda o'ziga xos o'rnini egalladi. Bu insonlarning ko'plari “Sharq yulduzi” kabi zalvorli jurnalga rahbarlik qilishdek mas'uliyat yukini mardona ko'tarish bilan birga, turli siyosiy o'zgarishlar va zamonasozlik azoblarini ham yetarli darajada boshdan o'tkazishdi, ammo jurnal faoliyatining butunlay to'xtatilishiga yo'l qo'ymadilar.

Masalan, 1931–1932 yillar “Qurilish” nomi bilan chop etilgan ushbu nashr bor-yo'g'i siyosat qo'g'irchog'i bo'lishni inkor etib, G'afur G'ulomning “Netay” qissasi, G'ayratiy, Oydin, G'iyos Soatiy, Jig'oy, N. Rahimiy kabi shoirlarning she'r­lari va qator adabiy-tanqidiy maqolalarni e'lon qilgan. Oynomada anchayin badiiy baquvvat she'r va hikoyalar, qissa va maqolalar ham bosilgan.

1932 yildan “O'zbek sho'ro adabiyoti” deb nomlangach, jurnal adabiy yo'nalishi kengaytiriladi. Bu paytda mazkur nashrga endigina 26 yoshga kirgan ijodkor Rahmat Majidiy bosh muharrir qilib tayinlanadi. Rahmat Majidiy tahririyatda o'ziga xos yuksak ijodiy muhitni yuzaga keltirishga erisha oladi. Hatto o'sha davrda O'zbekistonda boshqa adabiy nashrlar ham ko'p bo'lsa-da, Abdulla Qodiriy, Cho'lpon, Shokir Sulaymon, Abdurahmon Sa'diy, Miyon Buzruk kabi tanilgan yozuvchi va shoirlar endi yozgan ijod namunalarini birinchi bo'lib aynan shu jurnalda chop ettirishni ma'qul ko'rishgan.

Jurnal sahifalaridan Abdulla Qodiriyning “Obid ketmon”, Cho'lponning “Kecha va kunduz” asarlari, o'zbek adabiyo­tiga endi kirib kelgan Abdulla Qahhorning “Sarob” romani, Oybekning “Dilbar – davr qizi” dostoni, Usmon Nosir, Fit­rat, Elbek, G'afur G'ulom, Hamid Olimjon, Uyg'un, Maqsud Shayxzoda, G'ayratiy kabi ijodkorlarning doston va she'rlari ilk bor o'rin egallab, dunyo yuzini ko'rgan.

Eng qizig'i, boshqa nashrlar tomonidan “yot unsur”, “burjua”, “jadid adibi” kabi sifatlar bilan ayblangan qator ijodkorlar asarlari 1934 yildan o'sha davr mafkurasi tufayli nomi “Sovet adabiyoti” deb nomlangan mazkur jurnal sahifalari orqali yoritib borilgan.

Oybek domla “Sharq yulduzi” jurnali bosh muharriri vazifasida ishlagan 1946–1948 yillar davomida G'afur G'ulomning “Vaqt” she'ri, Uyg'un va Izzat Sulton hammuallifligidagi “Navoiy” dramasi, Abdulla Qahhorning “Qo'shchinor chiroqlari” romani, Parda Tursunning “Haq yo'l” qissasi, Sobir Abdulla she'rlari, Hakim Nazir hikoyalari, Shukrulloning “Chollar” dostoni chop etiladi. Shu bilan birga tarjimachilikka ham katta e'tibor qaratilib, Uilyam Shekspirning “Romeo va Julyetta” dramasi, Aleksandr Fadeevning “Yosh gvardiya” romani, Gi de Mopassanning “Do'ndiq” hikoyasi, Konstantin Simonovning “Rus masalasi” pyesasi, Aleksandr Tvardovskiyning mashhur “Vasiliy Tyorkin” poemasi va boshqa ko'plab xorij adabiy asarlari ilk bor o'zbek tilida nashr etiladi.

Nihoyat, 1961–1980 yillarga kelib “Sharq yulduzi”da yanayam jiddiy sifat o'zgarishlari ro'y bera boshlaydi. Abdulla Qodiriyning ko'plab asarlari qayta nashr qilinadi. Shuning­dek, Maqsud Shayxzodaning “Mirzo Ulug'bek”, Said Ahmadning “Ufq”, Mirmuhsinning “Me'mor”, Uyg'unning “Parvona”, Mirzakalon Ismoiliyning “Farg'ona tong otguncha”, Shuhratning “Oltin zanglamas”, Odil Yoqubovning “Ulug'bek xazinasi”, “Ko'hna dunyo”, Pirimqul Qodirovning “Qora ko'zlar”, “Yulduzli tunlar” kabi yirik asarlari e'lon qilinadi. E'tiborli jihati, ularning ko'pchiligi hozirga qadar ham o'z dolzarbligini yo'qotmagan tarzda mutolaa qilib kelinmoqda.

O'z vaqtida atoqli o'zbek shoiri G'afur G'ulom asos solgan “Gulqaychi” rukni ostida mashhur shoir va yozuvchilar asarlari bilan bir qatorda mamlakatning turli shahar va qishloqlaridan havaskor ijodkorlar tomonidan yuborilgan hajviy ijodiy mashqlar bugun ham muntazam e'lon qilinib kelinmoqda.

O'tgan asrning 80-yillaridan adabiyot maydoniga kirib kelgan yangi adabiy oqim va o'zgacha nafas jurnal uchun ham xayrli, ham zalvorli bo'ldi, desak, xato qilmaymiz. Bu davr­­da Erkin A'zam, Murod Muhammad Do'st, Nurali Qobul, Xayriddin Sulton, Xurshid Do'stmuhammad, Hojiakbar Shayxov, Tog'ay Murod, Sharof Boshbekov, Anvar Obidjon, Asad Dilmurod, Ahmad A'zam, Nurilla Otaxonov, Nabijon Boqiy, Olim Otaxonov, Erkin Usmonov, Rajabboy Raupov, Ne'mat Arslonov, Nazar Eshonqul, Shoim Bo'tayev, Normurod Norqobil, Mamatqul Hazratqulov, Nodir Normatov, Ashurali Jo'rayev, Mirzapo'lat Toshpo'latov, G'ozi Rahmon kabi nosir va dramaturglar, Shavkat Rahmon, Usmon Azim, Xurshid Davron, Ikrom Otamurod, To'ra Mirzo kabi yangi, ta'bir joiz bo'lsa, dunyoviy qadriyatlar yo'nalishida ijod qiluvchi avlod asarlarini jurnal sahifalarida ko'rish mumkin.

Ayniqsa, istiqlol arafasida Qur'oni Karimning Alouddin Mansur tomonidan ilk bor hozirgi zamon o'zbek tiliga qilingan ma'nolar tarjimasi, “Temur tuzuklari”, “Dulbarjin”, “O'g'uznoma”, Ahmad Yassaviy hikmatlari, Mahmud Qoshg'ariyning “Yaxshi kishilar odobi”, Vamberining “Buxoro yoxud Movarounnahr tarixi” asarlari, professor Begali Qosimov tahririda “Asr sadolari” rukni ostida berila boshlangan mumtoz adabiyotga doir she'riy asarlar jurnal faoliyatidagi eng zalvorli qadamlardan bo'la oladi.

Shu bilan birga “Sharq yulduzi” sahifalarida Turkistonning chor Rossiyasi tomonidan bosib olinishi va mustamlakaga aylantirilishi haqidagi haqiqatlarga doir qator chuqur tahliliy materiallarga ham keng o'rin ajratiladi. Jurnalda chop etilgan Bayoniyning “Shajarai Xorazmshohiy”, Hamid Ziyoyevning “Chorizm istilosi”, Fozilbekning “Dukchi eshon voqeasi”, Abdulla Avloniyning “Afg'on daftari” asarlari, Vereshchagin xotiralari muxlislarda katta qiziqish va haya­jon uyg'ota oladi.

“Sharq yulduzi” birinchilardan bo'lib 37-yillarda qatag'on qilinib, qoralangan qalamkashlarning pok nomlarini tiklash va ular asarlari bilan yangi avlod mufassal tanisha olishi uchun keng yo'l ocha oldi. Cho'lpon she'rlari, uning “Kecha va kunduz” romani, Fitratning “Abulfayzxon”, “Hind ixtilochilari”, Behbudiyning “Padarkush” asari to'liq e'lon qilinishi bilan birga, Tavallo she'rlari, “bosmachilik” tamg'asi bilan qoralangan xalq harakatining tub omillari, sobiq tuzumning yana bir repressiyasi –“paxta ishi” ga nisbatan badiiy ifodaga ega haqqoniy baho bo'la olgan asarlar ham shu nashr sahifalaridan munosib o'rin egalladi. O'zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmadning “Qo'rquv saltanati” suhbati, Nabijon Boqiyning “Qatlnoma” qissasi, “Bosmachilik: haqiqat va uydirma” davra suhbati bu yo'ldagi dastlabki jiddiy va zalvorli harakat edi. 1983–1985 yillar jurnal sahifalarida Mirmuhsinning “Temur Malik” romani, O'lmas Umarbekovning “Arizasiga ko'ra”, Murodjon Mansurovning “Mangu jang” romani, Murod Muhammad Do'st, Erkin A'zam hikoya va qissalari, Tog'ay Murodning “Oydinda yurgan odamlar” qissasi, Shuhratning “Do'stimning o'g'li”, Shekspirning “Makbet” dramalari, Maqsud Qoriyevning “Spitamen” romani, Asqad Muxtorning “Chorraha”, Yo'ldosh Shamsharovning “Yer tomiri” qissalari, Farhod Musajon hikoyalari, Rauf Parfi, Ma'ruf Jalil, Husniddin Sharipov, Tursunboy Adashboyev, Muhammad Ali, Anvar Obidjon, Xurshid Davron, Abdusaid Ko'chimov she'rlari, Omon Matjonning “Haqqush qichqirig'i” dostoni va boshqa ko'plab sara, zalvorli asarlar e'lon qilingan.

“Sharq yulduzi” jurnali mustaqilligimizning dastlabki yillarida turli iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli o'quvchi va nashr o'rtasida yuzaga kelgan uzilishlarni tiklash maqsadida eng dolzarb mavzulardagi adabiy-tanqidiy chiqishlar, hali siyohi qurimagan yirik asarlar, she'riyat olamiga o'ziga xos yangicha ovoz bilan kirib kelayotgan yoshlar ijodiga alohida e'tibor qaratmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning adabiyotga, matbuotga katta e'tibori tufayli “Sharq yulduzi” hamda “Zvezda Vostoka”, “Jahon adabiyoti”, “Yoshlik”, “Amudaryo” jurnallari tahririyatlarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanishi bo'yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

Shu o'rinda, bir voqeani yodga olishni istardim. 2019 yil sentyabrida O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi yo'llanmasi bilan Novosibirsk shahrida an'anaviy tarzda o'tkazib kelinayotgan beshinchi “Knijnaya Sibir” deb nomlangan xalqaro festivalda qatnashishimga to'g'ri keldi. 130 dan ortiq tadbirni o'z ichiga qamrab olgan anjumanning oddiy ishtirokchisi bo'lsam-da, festival qatnashchilarining “Sharq yulduzi” va “Zvezda Vostoka” jurnallari nomini eshitib, “O, biz bu jurnallarni yaxshi bilamiz, ularni bemalol afsonaviy nashrlar, deyish mumkin!” deb xuddi eski qadrdonlardek so'rashishlaridan nihoyatda g'ururlandim.

Ishtirokchilar menga o'tgan asrning oltmishinchi yillari, Toshkentda ro'y bergan zilzila oqibatlarini bartaraf etish ishlari jadal olib borilayotgan kezlar jahonga taniqli adib va shoirlarning ijod namunalari asosida “Zvezda Vostoka”ning bitta soni maxsus nashr etilgani hamda sobiq ittifoq respublikalarida qo'lma-qo'l o'qilgani haqidagi iliq xotiralarini aytib berishdi. Bunday e'tirofdan ko'ngil yanada o'sdi. Festival davomida aholini, ayniqsa, yoshlarni kitobxon qilib tarbiyalash, mutolaa madaniyatini targ'ib qilish borasida ko'p fikr-mulohazalar bildirildi. Shunda davlatimiz rahbarining “Ertangi kunini o'ylagan, farzandlarini chin ma'noda komil insonlar etib tarbiyalashni maqsad qilgan har qanday jamiyat, avvalo, ularning qo'liga kitob beradi, ularni kitobga oshno qiladi”, degan so'zlari adabiyot davlat, millat va hudud tanlamasligini, bugun bu masala dunyo miqyosida global ahamiyat kasb etib, barcha ezgu niyatli kishilar unga oqilona yechim izlayotganining guvohi bo'lmoqdamiz.

Shukrki, mamlakatimizda jadal olib borilayotgan islohotlar natijasida ijodkor ziyolilar jamiyat hayotida o'z o'rnini topmoqda. Ayniqsa, yoshlarni kitob mutolaasiga keng jalb qilish borasida turli tadbirlar, ko'rik-tanlovlar tashkil etilayotgani, g'oliblarga mukofot tariqasida qimmatbaho sovg'alar, hatto yengil avtomobillar berilayotgani boshqa hech bir mamlakatda uchramaydigan g'amxo'rlik bo'lsa kerak.

Xalqimiz o'qishga tashna, ijodga tashna, yaxshi asarlar qadr-qimmatini biladi. Ammo bugungi kunda kitob, gazeta va jurnallar narxi balandligi ana shu ehtiyojni qoplashga to'siqlik qilayotgani ham bor gap. Qolaversa, keyingi yillarda “majburiy obuna” bahonasida milliy matbuotimiz maydonida ho'lu quruq ma'naviy ustunlarimiz barobar yondi. Albatta, ta'lim tizimini majburiy obunadan himoya qilish o'ziga xos jasorat. Biroq kelajagimiz egalarining taqdiri, ongu tafakkuri uchun mas'ul bo'lgan ustoz-murabbiylarni zarur adabiyotlar bilan ta'minlash, kerak bo'lsa, ularga bu borada jo'yali tavsiyalar berish ham ana shu oliymaqom vakolat doirasida edi. Afsuski, tanganing ikkinchi tomoni esdan chiqib qoldi. Maktab kutubxonalariga nafaqat “majburiy”, hatto zarur adabiyotlar ham kelmadi. Oqibatda, mutasaddilar “obunadan himoya qilish” bo'yicha qo'llagan qat'iy chora-tadbirlar tufayli soha xodimlarining, ustoz-murabbiylarning axborot olish manbalari jiddiy cheklandi.

Shunday ekan, “Sharq yulduzi” kabi zalvorli jurnal hajm sonini yanada oshirish borasida siljish yuz berishi, mazkur nashrning bundan ko'p yillar ilgarigidek har bir xonadonga, har bir mahalla va eng olis qishloqlarga kirib borishi, qo'lma-qo'l o'qilishi uchun bugungi globallashuv, internet olami hamma jabhani egallagan davrda kitob, gazeta-jurnal – bosma adabiyot o'ladi, deb ayuhannos solish emas, balki shu jarayonlarga moslashish, kerak bo'lsa, o'zgarishlardan bir-ikki qadam oldinda yurishimiz kerak.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 − 15 =