“Yashil energetika” ravnaqi yo'lida

O'zbekiston milliy rivojlanishning yangi davriga dadil qadam qo'ydi. Hayotimizning barcha jabhalarida ulkan o'zgarishlar yuz beryapti.

Mamlakatimiz aholisining tinch va farovon hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish yo'lida tinimsiz izlanish ishlari olib borilmoqda.

Ana shunday xayrli ishlardan biri elektr energiyasi ta'minotini yaxshilash yo'lida erishilayotgan natijalardir.

O'tgan yili 20 dekabr kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida energetika, jumladan, yashil energiya manbalariga katta e'tibor berildi va shu yo'nalishda to'plagan tajribalar asosida jiddiy ish yuritish zarurligi ta'kidlandi.

— Ushbu jarayonlarda deputat va senatorlar, mahalla vakillari, ziyolilar, yoshlar, tadbirkorlar va keng jamoatchiligimizdan faol bo'lishlarini, yangi-yangi taklif va tashabbuslar bildirishlarini so'rayman, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

2022-2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, O'zbekis­ton Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o'tish strategiyasi doirasida “yashil” va inklyuziv iqtisodiy o'sishni ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish hamda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida resurslarni tejashni yanada kengaytirish maqsadida strategik maqsadlarga erishishga mo'ljallangan 2030 yilgacha O'zbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga o'tish va “yashil” o'sishni ta'minlash dasturiga muvofiq issiqxona gazlarining yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan solishtirma ajratmalarini 2010 yildagi darajadan 35 foizga qisqartirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ishlab chiqarish quvvatini 15 GVt.ga oshirish va ularning ulushini elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmining 30 foizidan ko'prog'iga yetkazish, sanoat sohasida energiya samaradorligini kamida 20 foizga oshirish; yalpi ichki mahsulot birligiga to'g'ri keladigan energiya sarfi hajmini, shu jumladan, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish hisobiga 30 foizga kamaytirish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida suvdan foydalanish samaradorligini sezilarli darajada oshirish, 1 million gektargacha maydonda suv tejovchi sug'orish texnologiyasini joriy etish, yiliga 200 million ko'chat ekish va ko'chatlarning umumiy sonini 1 milliarddan oshirish orqali shaharlardagi yashil maydonlarni 30 foizdan ortiqroqqa kengaytirish, respublika o'rmon fondi zaxiralari ko'rsatkichini 90 million kub metrdan ortiqroqqa yetkazish, hosil bo'ladigan qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasini 65 foizdan oshirish, 25 ta korxona va tashkilotda ishlab chiqarilgan mahsulotning energiya sig'imi ko'rsatkichini 2026 yilga kelib 2022 yilga nisbatan 20 foizga kamaytirishga qaratilgan 2022-2026 yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida yoqilg'i-energetika resurslarini tejashning maqsadli parametrlari muvofiq tasdiqlanishi ta'kidlab o'tildi.

Ma'lumki, O'zbekistonda tabiat tomonidan in'om etilgan 320 kun quyoshli bo'ladi. Bundan biz oqilona foydalanishimiz zarur. Quyosh energiyadan foydalanishning biri quyosh elektr stansiyalarini tashkilot va xonadonlarga o'rnatish hamda ortiqcha energiyani markaziy tarmoqqa ulab, foyda olish mumkin. Prezidentimiz tomonidan markaziy tarmoqqa berilgan energiyani har bir kilovati uchun hozirdagi ta'rifga ko'ra 3 barobar ortiq 1000 so'mdan to'lab berishni aytib o'tdi.

Aytish joizki, 2022 yilda Farg'ona davlat universitetiga 120 kVatt quvvatli quyosh elektr stansiyasi o'rnatilib ishga tushirildi. Ushbu quyosh elektr stansiyasi bugungi kunda ortiqcha elektr energiyasini markaziy tarmoqqa uzatmoqda.

Bu yerda ikkita hisoblagich bo'ladi. Bulardan biri elektr energiyasi iste'mol qilishini hisobga olish, ikkinchisi markaziy tarmoqqa berilayotgan elektr energiyani hisobga olish hisoblanadi. Natijada oradagi olingan va sotilgan elektr energiyasining farqiga ko'ra hisob-kitob qilinadi.

Yashil energiyaning imkoniyatlari juda katta. Shu boisdan O'zbekistonda ham muqobil energiya uskunalarini keng joriy etishda yondashuvlar o'zgardi. Yangi tajribalar va o'ziga xos mexanizmlar joriy etildi. Bu masala umummilliy ahamiyatga ega. Har bir tashabbusni qo'llab-quvvatlash maqsadida onlayn platforma energymarket.uz ishga tushirildi.

Mazkur platforma yordamida “yashil texnologiyalar”ni 3 yil ichida bo'lib to'lash sharti bilan xarid qilish mumkin.

— Masalan, xonadonga 5 kilovatt quyosh elektr stansiyasi olsangiz, naqd pulga 55 million bo'ladi. Buni uch yilda bo'lib to'lamoqchi bo'lsangiz, oyiga 1 million 400 so'mdan ziyod to'lashingiz mumkin. Natijada xonadondagi elektr energiyasiga sarflanadigan xarajat 70 foizga qisqaradi.

Quyosh elektr stansiyasini bir marta o'rnatib, 25 va undan ortiq yil davomida bemalol ishlatasiz.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari xarid qilganlarga kompensatsiya to'lanishi haqida qaror qabul qilingach, aholi orasida ham o'z xonadonlariga ana shunday quyosh panellarini o'rnatishga bo'lgan qiziqish ortdi. Kelgusida oliy o'quv yurtlari, maktablar quyosh elektr stansiyalari o'rnatish natijasida qisman elektr energiya bilan ta'minlash rejalashtirilgan.

Ma'lumot o'rnida aytish joiz, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari iqtisodiy jihatdan o'zini oqlaydi. Bugungi kunda yurtimizda jismoniy shaxslarga qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini 3 yil mobaynida foizsiz bo'lib to'lagan holda sotib olish imkoniyati yaratilgan. Ularni sotib olgan va o'rnatgan fuqarolarga xarid xarajatlarining bir qismi belgilangan tartibda kompensatsiya qilinishi ham nazarda tutilgan. Shuningdek, “Temir daftar”ga kiritilgan ehtiyojmand oilalarga quyosh panellari byudjet mablag'lari hisobidan o'rnatilishi boshlab yuborildi.

Shuningdek, mamlakatimizdagi bir qator banklarda energiya tejash va qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida uskunalar xarid qilish uchun past foizli, 5 yilga “yashil kredit”lar berilishini olqishlamoq kerak! Zero, mutaxassislar qayta tiklanuvchi energiya manbalari natijasida mablag' iqtisod qilinishini ta'kidlamoqda. Misol uchun, bugungi kunda bozorda 1 ta kichik 5 kVt quvvatdagi quyosh elektr stansiyasini o'rnatish yuqorida aytilganidek, 55 million so'mga tushadi. Mazkur kichik stansiya bir kunda o'rtacha 40 kVt, bir yilda esa o'rtacha 15 ming kVt “yashil energiya” bilan ta'minlay oladi. Agar buni pulga hisoblasak yiliga o'rtacha 5 million so'm mablag' iqtisod qilinadi. Har bir o'rnatilgan yashil stansiyalar uchun 15 million so'mgacha kompensatsiyalar to'lanadi.

Demak, quyosh panellari uchun sarflanadigan mablag' 5-6 yilda o'zini qoplaydi. Eng muhimi xonadonlar kamida yana kelgusi 15 yil davomida elektr energiyasi uchun xarajat qilmaydi.

Salim OTAJONOV,

fizika-matematika fanlari

doktori, professor

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 − eight =