Qo'shimcha quvvatlar
ma'danni qayta ishlash imkonini oshirmoqda
Kuni kecha Navoiy kon-metallurgiya kombinatining 3-gidrometallurgiya zavodida yangi tegirmon bloki foydalanishga topshirildi. Natijada korxonada yiliga qo'shimcha 1 million tonna oltin tarkibli ma'danni qayta ishlash imkoni yaratildi.
Yangi blokni foydalanishga topshirish marosimida kombinat rahbariyati, soha mutaxassislari, quruvchilar, texnologlar, energetiklar, mexaniklar, zavod ishchi-xodimlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. “NKMK” AJ bosh muhandisi Otabek Ravshanov barchani muhim ob'yekt foydalanishga topshirilishi bilan tabriklab, bu yerda yangi quvvatlarning ishga tushirilishi hisobiga qo'shimcha ish o'rinlari yaratilganini alohida ta'kidlab o'tdi.
— Joriy yil kombinatda Investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 1 milliard AQSh dollari bo'lgan 11 ta loyiha amalga oshirilmoqda, – dedi O.Ravshanov. — Shulardan biri “Kokpatas va Dovgistov oltin konlarida ma'dan qazib olish (III navbati)” investitsion loyihasi ishlab chiqarish hajmini oshirishda katta ahamiyatga ega. Umumiy qiymati 281 million AQSh dollari bo'lgan ushbu loyihaning hayotga joriy etilishi 3-gidrometallurgiya zavodining ma'danni qayta ishlash quvvatini sezilarli darajada oshiradi. Eng muhimi, qo'shimcha ish o'rinlari yaratilib, zavodda tegirmon bloklari soni yettitaga yetkazildi. Shuni mamnuniyat bilan aytish kerakki, — deya so'zini davom ettirdi Otabek Fayzullayevich, — ushbu loyiha Zarafshon qurilish boshqarmasining mohir quruvchilari tomonidan qisqa davrda qurib bitkazilgan bo'lsa, Navoiy mashinasozlik zavodi hamda Shimoliy kon boshqarmasi xodimlari tomonidan mahalliylashtirish loyihasi doirasida tegirmon bloki yasaldi. E'tiborli jihati, tegirmonni loyihalashtirish, konstruktorlik, uni yasash va yig'ish ishlarida o'zimizning “qorako'zlar” ishtirok etdi. Bu esa kombinatimiz xodimlari bunyodkorlik ishlarini amalga oshirishda katta salohiyat hamda tajribaga ega ekanligidan dalolat beradi. Fursatdan foydalanib, barchani bugungi yutuqlar bilan muborakbod etaman. O'ylaymanki, investitsiya dasturi doirasida foydalanishga topshirilgan qo'shimcha imkoniyatlar xalqimiz farovonligi, yurt ravnaqiga xizmat qiladi.
Yangi blok to'liq raqamlashtirilgan bo'lib, ish unumdorligi ancha samarador. U yerda kechagina kasb-hunar kolleji va oliy ta'lim dargohlarini bitirib kelgan yoshlar mehnat faoliyatini boshladilar.
— Zavodimizda smenali ish tashkil etilgan bo'lib, sutkasiga uch ming tonna oltinga boy ma'dan qayta ishlanmoqda, – deydi 3-GMZ maydalash sexi 7-tegirmon bloki elektromontyori Asror Mamatov.
Kombinatda yosh mutaxassislarning malakasini oshirish bo'yicha kasbiy mahorat tanlovlari o'tkazib kelinadi. Tanlovlarda faol qatnashib, Asror kabi ishga joylashgan 100 nafardan ziyod yosh mutaxassislar Uchquduq farzandi hisoblanishadi. Asrorjon ham konchilik kasb-hunar kollejini tamomlab, hozirda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetining sirtqi bo'limida tahsil olyapti.
— Men 1993 yildan buyon kombinatda ishlab kelayapman. Zavod tashkil topgandan bugungi kungacha amalga oshirilgan o'zgarishlar, ulkan bunyodkorliklarning ishtirokchisiman, – deydi zavod maydalash sexi ta'mirlovchi-chilangari, “Konchilik shuhrati” ko'krak nishoni sohibi Naurizjan Jo'rabekov. — Bundan o'ttiz uch yil oldin o'ta murakkab tarixiy vaziyatda qo'lga kiritilgan mustaqillik ko'p millatli xalqimizni Yangi O'zbekistonni barpo etishdek buyuk maqsad sari ruhlantirmoqda. Har jabhada qo'lga kiritilayotgan yutuqlar, amalga oshirilayotgan ulug'vor ishlar, hayotbaxsh islohotlar uchquduqlik sanoat xodimlarining ertangi kunga bo'lgan ishonchini mustahkamlayapti.
Darvoqe, 1995 yilning 14 iyunida ishga tushirilgan 3-gidrometallurgiya zavodi 2008 yilgacha oksidlangan ma'dan zaxiralari bilan ishlagan bo'lsa, undan so'ng bu yerda sulfidli ma'danlarni qayta ishlashga o'tildi. Ya'ni zavodda ma'danni bakterial tanlab eritmaga o'tkazish texnologiyasi joriy etilgani tufayli kombinatda murakkab tarkibga ega sulfidli ma'danlar qayta ishlanmoqda. Kombinat olimlari va mutaxassislarining keyingi o'n yillikdagi izlanishlari o'zining ijobiy samarasini berdi. Zavodda “Tarkibida oltin mavjud qayta ishlanishi qiyin bo'lgan sulfidli ma'danlardan oltin ajratib olish usuli” texnologiyasi amaliyotga samarali tatbiq etildi. Bunga qadar mazkur texnologiya 2009-2019 yillar davomida uch mingdan ortiq turli xil tajriba va laboratoriya sinovlaridan o'tkazildi. Oddiy qilib aytganda, ilgari biologik oksidlangan ma'dan tarkibidan 85 foizgacha oltin ajratib olingan bo'lsa, qolgan 15 foizi chiqindiga chiqib ketardi. Yangi texnologiya joriy etilgach, ana shu chiqindi tarkibidagi 15 foiz oltinning aksariyat qismini ajratib olish imkoniyati yaratildi. Dastlabki loyihada ixtiro asosida qurilgan majmuada oltinni chiqindidan ajratib olish darajasi 62 foiz deb belgilangan edi. Hozirda bu ko'rsatkich 76 foizga yetdi. Mazkur ishlanmaning texnologik jarayonga to'liq tatbiq etilishi korxonada ma'dandan oltin ajratib olish darajasini 17,4 foizga, mahsulot ishlab chiqarish hajmini 11,6 foizga oshirish, texnologik ko'rsatkichlarni sezilarli darajada yaxshilash imkonini berdi. Hozirda mazkur zavod biooksidlash texnologiyasi asosida oltin ajratib olinayotgan korxonalar orasida ishlab chiqarish quvvati bo'yicha dunyodagi 18 ta zavodning eng yirigi hisoblanadi.
— Mazkur tegirmon blokining ishga tushirilishi natijasida kelgusida flotatsiya, biooksidlash, filtrlash, quritish va kuydirish sexlari ham kengaytiriladi, – deydi 3-gidrometallurgiya zavodi direktori Bekzod Husanov. — Shuningdek, yil yakuniga qadar sakkizinchi sharli tegirmon o'rnatilsa, 2025 yildan boshlab yillik ma'dan qayta ishlash hajmi 10 million tonnaga oshiriladi.
Muxtasar qilib aytganda, vaqt bilan baqamti harakatlanayotgan gidrometallurgiya zavodida amalga oshirilayotgan bu kabi istiqbolli loyihalar, ishlab chiqarishga tatbiq etilayotgan so'nggi texnologiyalar nafaqat son, balki sifat darajasini oshirdi. Muhimi, sohaga ilmiy-innovatsion yondashilib, iqtisodiy imkoniyatlar yanada yaxshilanishiga erishilmoqda.
Azamat ZARIPOV