Gazeta rost yozsa — millat rost yashar

(O'zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid ijodida matbuotning o'rni haqida ayrim mulohazalar)

 

Bolalikdan gazeta-jurnallarga oshno bo'lib ulg'ayganmiz. Matbuotga bo'lgan mehr bizni 1980 yilda jurnalistika fakulteti (hozirgi Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti, o'sha davrdagi ToshDU)ga o'qishga chorlagan. Talabalik davrimiz bu dargohda Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, O'tkir Hoshimov, Shukur Xolmirzayev, Ahmadjon Meliboyev, Erkin A'zam, Xayriddin Sulton, Xurshid Do'stmuhammad, Anvar Obidjon, Tog'ay Murod, Usmon Azim, Xurshid Davron, Halima Xudoyberdiyeva, Azim Suyun, Sa'dulla Hakim, Sharifa Salimova, Mirzo Kenjabek, Sirojiddin Sayyid kabi taniqli yozuvchi-shoirlar ham tahsil olganlarini eshitib, hayajonga tushgandik. Ularga mudom havas bilan qarardik.

O'sha havas hanuzgacha so'nmagan. Biroq ular darajasida yetuk ijodkor bo'la olmadik. O'sha ustozlar bilan o'zimizni qiyoslab ko'rganda, anchayin ortda ekanimiz ko'rinib turadi. Ijodda ham, mehnat faoliyatida ham.

Inchunun, o'sha talabalik kezlari havas bilan qaragan shoir Sirojiddin Sayyid qator yillar O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o'rinbosari vazifasida samarali mehnat qildi. Xalqimizning sevimli nashrlari bo'lgan “Sharq yulduzi” va “Zvezda Vostoka” jurnallariga, “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasiga rahbarlik qildi. Hozirgi kunda esa elimizning ardoqli shoiri O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi sifatida faoliyat yuritmoqda. U O'zbekiston xalq shoiri, Oliy Majlis Senati a'zosi bo'ldi.

Sir emaski, bugungi internet davrida gazetalarga har kim har xil ko'z bilan qaraydi. Ko'plar baralla tanqid qilaverishadi ham. Ammo tan olib aytish kerakki, bugun katta adabiyotda nomlari alohida joy olgan adiblarning aksariyati ilk bor el suygan qator gazeta va jurnallar orqali tanilganlar. Katta-katta asarlarning “xamirturishi” avval gazeta-jurnallar sahifalarida e'lon qilingan ocherk, esselar, she'riy guldastalar bo'lgan desak xato bo'lmaydi.

Faoliyatining asosiy qismini gazeta-jurnal tahririyatlarida o'tkazgan Sirojiddin Sayyid ijodida ham agar kuzatsak, unda bosma nashrlarga alohida mehr-muhabbatni ilg'ash qiyin emas. U “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasiga atab yozgan “Hayot ko'zgusi” deb nomlangan she'rida shunday yozadi:

 

Garchi ko'p bo'lsa-da aymog'i, nasli,

Bu yorug' dunyoda yolg'on oz yashar.

Millat gazetadan boshlanar asli,

Gazeta rost yozsa — millat rost yashar.

Necha avlodlarning sabru saboti,

“O'zbekiston adabiyoti…”

 

Tong chog'i bog'liq til, bog'liq bel bilan,

Ketmonni yelkaga olib ketgan sen.

Kazzob zamonlarda yupun el bilan,

So'lg'in dalalarda zahar yutgan sen.

Senda shu tuproqning undi faryodi,

“O'zbekiston adabiyoti…”

 

“Millat gazetadan boshlanar asli, Gazeta rost yozsa – millat rost yashar” degan fikr har bir jurnalistning qalb amriga aylansa, qanday soz!

Aytish o'rinliki, bugungi jurnalistlar bunga e'tibor bermagan taqdirda ham talabalarimiz – bo'lajak hamkasblar, albatta, e'tibor qaratadilar.

Shoirning matbuotga mehri uning “Postda” gazetasiga bag'ishlab yozgan quyidagi she'rida ham go'zal ifodalangan. Ushbu satrlarga bir e'tibor bering-a:

 

Yomonlik – yomonda,

Mehr – do'stdadir.

“Postda” gazetasi doim postdadir.

Adolatning qo'li baland kelsa gar,

Razolat doimo tuban, pastdadir.

 

Shu tariqa boshlangan she'rda gazeta mazmun-mohiyati, o'z oldiga qo'ygan maqsadlari yorqin badiiy bo'yoqlar vositasida ochib berilgan…

Yarim asrdirki, shoir Sirojiddin Sayyid siymosida Vatan ishqi, el tashvishi bilan yashash fazilatini ko'ramiz. U har tong fao­liyatini eli uchun bir umidbaxsh so'z aytish va xayrli ishga qo'l urishdan boshlashini tasavvur etamiz. Buni shu o'tgan yillar orasida o'quvchilar qo'liga, ta'bir joiz bo'lsa, qalbiga yetib borgan “Ruhim xaritasi”, “Salqin xarsanglar kaftida”, “Sevgi mamlakati”, “Asragil”, “Mehr qolur, muhabbat qolur”, “Kuydim”, “Vatanni o'rganish”, “Vatan abadiy, “So'z yo'li”, “Yuz oh, Zahiriddin Muhammad Bobur…”, “Bug'doybo'y Vatan”, “Ochil, ey gul, ki bo'ston vaqti bo'ldi” kabi to'plamlari, shuningdek, bir necha jilddan iborat “Tanlangan asarlari”dan o'rin olgan hamda ko'plab nashrlarda, ijtimoiy tarmoqlarda yoritilgan she'rlari misolida ko'rishimiz mumkin.

Yuzlab taniqli yozuvchi va shoirlar kamolga yetgan O'zMU jurnalistika fakultetida tahsil olganlar, eng avvalo, jurnalist hisoblanishadi. Ularning aksariyati turli gazeta-jurnallarda, nashriyotlarda, teleradio kanallarida faoliyat ko'rsatishganlarini bugungi talabalarimizga ibrat qilib ko'rsatamiz. Zero,   “jurfak” faxriga aylangan Abdulla Oripov “Gulxan”, Erkin Vohidov “Yoshlik”, O'tkir Hoshimov “Sharq yulduzi” va “Teatr”, Halima Xudoyberdiyeva “Saodat”, Erkin A'zam “Tafakkur”, Sobir O'nar “Yoshlik”, Sirojiddin Rauf “Sharq yulduzi” jurnallarida, Xurshid Do'stmuhammad “Hurriyat”, Ahmadjon Meliboyev “O'zbekiston adabiyoti va san'ati”, “Jahon adabiyoti” Azim Suyun “O'zbekiston ovozi”, Sa'dulla Hakim “Ma'rifat”, Umida Abduazimova “Tong yulduzi”, Salim Ashur “Turkiston” (hozirgi “Yoshlar ovozi”), “O'zbekiston adabiyot va san'ati” nashrlarida bosh muharrir vazifasida samarali faoliyat ko'rsatganlar, ayrim ustozlar esa bugungi kunda ham fidoyilik bilan mehnat qilishmoqda. (Bu ro'yxatni uzoq davom ettirish mumkin).

Shunday. Ustoz Sirojiddin Sayyid ham qator yillar “Toshkent oqshomi” gazetasida, “Mushtum” jurnalida turli lavozimlarda mehnat qildi. Shundan so'ng yuqorida aytganimizdek, “Sharq yulduzi” va “Zvezda Vostoka” jurnali hamda “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasida bosh muharrir sifatida o'ziga xos ijodiy mahorat maktabini yaratdi.

Shoirning ijodiy mahorat maktabiga bugungi talabalarimiz katta qiziqish bilan qaraydilar. Zero, qo'liga qalam tutgan har bir yosh ijodkor shoir ijod yo'lidan katta saboq olishi mumkin. Ana shu ijodiy mahorat sirlarini shogirdlarga uqtirish biz kabi ustozlarning ham burchidir.

Shu o'rinda aytish joizki, sog'lom, do'stona ruhdagi ijodiy raqobat qalamni charxlaydi, yangi marralarga motivatsiya beradi. Kurashchi polvonlar, uloqchi chavandozlar, bir davraga yig'ilgan baxshi-shoirlar bu tuyg'uni juda teran anglashadi. Kurash, uloq, baxshilar yurti bo'lmish Surxon vohasida kamol topgan shoir Sirojiddin Sayyid betakror ijodkor, O'zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf bilan yaqin do'st, maslakdosh edi. Ularni “Toshkent oqshomi” gazetasi tahri­riyatida ko'p kuzatganmiz. El suygan bu shoirlar qaysiki tahririyatda faoliyat ko'rsatishsa, u yerda ijodiy muhit yuksak darajada bo'lar edi. Ikki yosh zabardast shoir basma-basiga she'r yozishga intilayotgani yaqqol sezilib turardi. She'riyat shaydolari goh Sirojiddin Sayyid, goho Muhammad Yusuf she'rlariga oshno bo'lib yurishardi.

Gazetalar faoliyatiga she'riy baho berish Sirojiddin Sayyidning o'ziga xos mahorati desak yanglishmaymiz. Uning “Toshkent oqshomi”ga deb nomlanuvchi quyidagi she'rini ham muxlislari o'z vaqtida   zavq-shavq bilan mutolaa qilishgan:

 

Ustoz G'afur G'ulom duosi bilan

Parvozin boshlagan uyg'oq gazetam.

Sen borsan — qalbimning tug'rosi baland,

Aslo yakun topmas mening qasidam.

Elning xavotiru og'riqlaridan

Yupanch, tasalliday bunyodga kelding.

Mash'um zilzilaning yoriqlaridan

Oq atirgul bo'lib dunyoga kelding.

 

Shu tariqa davom etadigan she'r o'quvchini mushohada qilishga undaydi. Demak, har bir gazetani shu zaylda targ'ib qilib borish ham besamar bo'lmaydi.

Surxondaryoning olis bir qishlog'ida tavallud topib, poytaxti azimda kamolga yetgan O'zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning yosh ijodkorlar uchun o'gitini har bir ijodkor yoshlarimiz qalbiga jo qilib olsa arziydi:

 

Bu diyorda tog'u tosh shoir bo'lib,

Yerga tushgaydir quyosh shoir bo'lib.

O'rgatar kuylashni bulbul suvlari,

Maysa ham tebraydi bosh shoir bo'lib.

Bundayin hech bir diyor olamda yo'q,

Gul bilan gul rangtalosh, shoir bo'lib.

Siz uning zahmatlariga dil bering,

Dardlariga yelkadosh shoir bo'lib.

 

So'zimiz avvalida O'zMU jurnalistika fakultetidan yetishib chiqqan bir guruh shoir-yozuvchilar nomini tilga oldik. Ularning ijodiy mahorat maktablari haqida bejiz so'z yuritmadik. Asl muddao shuki, bugun O'zbekis­ton Milliy universitetida tahsil olayotgan yoshlarni ham ana shu ustozlar darajasida kamolga yetkaza olsak, armon qolmasdi…

To'lqin EShBEK,

filologiya fanlari

nomzodi, dotsent

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 + eleven =