Donishmand hofiz bilan suhbat

yoxud “Erka kiyik”ning “Erka ohu”ga aylangani

 

Gazeta ne-ne ulug' siymolarni kashf etguvchi ko'zgudir. Tahririyatlarda charxlangan qalamkash hayot chaqmoqlarini ham kashf etaverarkan. 1986 yili Qibray tuman gazetasida faoliyat ko'rsatib yurgan kezlarim mashhur hofiz Faxriddin Umarov qo'shni mahallada yashashidan xabar topgach, hayajonga tushdim. Afsus­ki, o'sha mustabid tuzum davrida taniqli san'atkor haqida maqola yozishga ham yuragimiz betlamay turardi. Bosh muharririmiz Abduhamid Fozilov ko'ng­limdagini sezib turgandek, “Mayli, siz maqola yoza qoling” deb yubordi.

Ko'p o'tmay “Qirq yil san'at gulshani aro” sarlavhali maqolam tuman gazetasida bir sahifa bo'lib chiqdi. Qo'shiq shinavandalari Faxriddin Umarovni qanchalik sog'inganlarini gazetamiz Toshkent shahrida ham qo'lma-qo'l o'qilayotganidan sezib turardik. Shu-shu, mashhur hofiz bilan qadrdon bo'lib qoldik. Tez-tez qo'ng'iroqlashib turardik. Vaqti-vaqti bilan u kishining xonadoniga borib diltortar suhbatlaridan bahramand bo'lardim.

 

Donishmand hofiz adabiyot va san'at ilmini go'yo akademik darajasida bilardi. Suhbatlarini tinglab, xuddi jonli qomusni ko'rib turgandek his etardik o'zimizni.

…1993 yili Muhammad Yusuf bilan “O'zbekiston ovozi” gazetasida birga ishlardik. Bir kuni shoir akamiz so'rab qoldi:

— Siz Faxriddin Umarov bilan qadrdon ekansiz-a?

— Xuddi shunday, — dedim va ulug' hofiz bilan bo'lgan suhbatlarimizni aytib berdim.

— Faxriddin akani uyiga bir yo'qlab borsak qandoq bo'larkin? — Taklif qildi Muhammad aka.

— Juda yaxshi bo'ladi, faqat, avval o'zlari bilan maslahatlashay, — dedim hammasi risoladagidek bo'lishi uchun.

Faxriddin aka bu taklifni eshitib xursand bo'ldi:

– Ertaga kechki payt kutaman!..

Tahririyat ishlari poyoniga yetgach, Muhammad Yusuf ikkovmiz metroga tushdik, so'nggi bekatdan chiqib avtobusga o'tirdik. O'sha paytlardagi oddiy avtobus emasmi, har bekatda to'xtab-to'xtab, axiyri Qibrayga yetib bordik. Yelkasiga to'n tashlab olgan Faxriddin aka bizni darvozasi oldida kutib olarkan, o'sha tanish chehrasida tabassum o'ynadi, ming­lab muxlislarini mahliyo etgan quralay ko'zlarida ham haya­jon.

— E, kelinglar, o'zi bugun qalamkashlar bilan oshno bo'ladigan kun ekan, — dedi xonadon sohibi eski qadrdonlardek quchoq ochib ko'risharkan. — Boyagina telefon orqali bir g'azalnavis olim Muhsin aka Zokirov bilan suhbatlashgandik. Bilasizmi, ba'zi shoir, munaqqidlar ham g'azalni tushunmaydilar. Hech xotiramdan chiqmaydi, hazrat Fuzuliyning “Etmasmidim”   radifli g'azalidagi bitta xatolikni aniqlagunimcha uch yil vaqt ketgan. Adabiyotshunos o'rtoqlarimiz ham yordam berisha olmagan. Mana, bu jumlaga e'tibor bering:

 

Ey Fuzuliy, dog'i hijron ila yonmish ko'nglimni,

Lolazor ochsaydi sayri lolazor etmasmidim.

Mazmun buzilayotgani ayon ko'rinib turibdi-ku?! Qandoq qilib yongan narsa ochilishi mumkin? Yongan narsa o'chishigina mumkin, to'g'rimi? Bu g'azalga deng, ajoyib bastakorimiz, O'zbekiston xalq artisti Komiljon Jabborov kuy bastalasa-da men uni ijro etmadim. Kuyi qanchalik yaxshi, yoqimli bo'lmasin, so'zidagi soxtalik, mantiqsizlik sira tinchlik bermasdi. Izlanishda davom etdim. Nihoyat, qay bir kitob javonidan Fuzuliyning lotin alifbosiga o'girilgan o'sha g'azali asl nusxasi topildi. Fuzuliydek g'azal mulkining sultoni bunday xatolikka yo'l qo'yishi mumkin emasligiga imonim komil edi! Adashmagan ekanman. Mana, shoir asli qandoq yozgan ekan:

 

Ey Fuzuliy, dog'i hijron ila yobmish ko'nglimni,

Lolazor ochsaydi sayri lolazor etmasmidim.

 

Afsuslanarlisi shundaki, bu g'azalni bizdan ilgari “ilib” ketishgan ba'zi xonandalar uning mazmuniga zarracha e'tibor berishmay kuylab yurdilar…

Ba'zi tinglovchilar uning ohangiga va qolaversa, o'zlari uchun xushovoz bo'lgan xonandalarning ovozlariga mahliyo bo'lib yurishdi. Biroq, ko'plab haqiqiy qo'shiq shaydolari, zukko kishilar o'sha g'azaldagi “poyintar-soyintar” iborani hazm qilisha olmaganliklariga imonim komil.

Ostonadayoq boshlanib ketgan suhbat hofiz ijodxonasida davom etdi. Ijodxona, deyishimizning boisi, shinamgina bu xona soz chalib, qo'shiq yaratishni mashq qiladigan emas, balki, chinakam ilm bilan shug'ullanadigan joyni eslatardi. Kitob javonida mumtozu davrimiz shoirlarining kitoblari chiroyli terilgan. Ish stoli ustida esa lotin alifbosida chiqqan she'riy kitob. Hofizning she'r­larni qayd etib boradigan qalin daftari ham shundoq ko'rinib turibdi.

— O'zbek alifbosi “qizil imperiya” davrida ikki marotaba qatag'on qilinib, xalqimizni ko'p fojialarga giriftor etdi, — degan edi mungli ohangda Faxriddin aka. — Bir jihatdan juda ko'plab madaniy, ma'rifiy merosimizdan ayrilgan bo'lsak, ikkinchi tomondan, u alifbodan bunisiga, so'ng tag'in boshqasiga o'tish jarayonida ancha-muncha nodir asarlarimiz haligidaqa poyintar-soyintar bo'lib qolgan…

Deylik, buyuk bobokalonimiz Mir Alisher Navoiyning “Ey sarvinoz, gulshani bog'i malohatim” deb boshlanadigan mashhur g'azalining oxirgi misralari quyidagicha:

 

Toki Navoiy chekdi raqam, ishtiyoqi yor,

Shoyadki, bo'lg'ay bir kuni elga hikoyatim.

 

E'tibor bering, go'yo shoir faqat yor ishqida qalam teb­ratganga o'xshab qolgan-a? Aslida shundaymikin? Aslo! Asl qo'lyozmada bundoq yozilgan:

 

Toki Navoiy chekdi raqam, ishtiyoqi bor,

Shoyadki, bo'lg'ay bir kuni elga hikoyatim.

 

Ana, bu boshqa gap! Navoiy, umidi xalqdan, kelajak avloddan ekanini iltijo qilayotgani ayon bo'ladi-qoladi. G'azal nechog'li chuqur falsafiy ma'no kashf etayotganiga ham imon keltirasiz.

Isyonkor va jafokash shoir Mashrabning elga mashhur g'azallari hamisha qalbimni o'rtaydi. Afsuski, qatag'onlik zahri uning ham ijodini chetlab o'tmagan. Shoirning “Das­tingdan”   sarlavhali murabba'sida shunday satrlar bor:

 

Ne g'urbatlarni chektim charxi bebunyod dastingdin,

Mudom motamda qoldim, bo'lmadim dilshod dastingdin,

Tamomi xonumonim o'ldi chun barbod dastingdin,

Qafasdin bo'lmadimki qumridek ozod dastingdin,

Hama obod bo'ldi, bo'lmadim obod dastingdin

Ki men har qayga borsam, dod etarman, dod dastingdin.

 

Qarang, go'yo hama obod emishu, birgina shoir obod bo'lolmay yurganmish. Bu gap birinchi qatordagi “charxi bebunyod” degan iboraga mutlaqo zid-ku?! Xullas, tag'in mumtoz shoirlarimizning asl qo'lyozmalarini axtardim. Nihoyat, mashrab­shunos olimimiz Muhsin aka Zokirovga murojaat qildim. Shu fikrlarimni aytsam, u kishiga ham juda manzur bo'ldi. Aslida shunday bo'lishi kerak, dedilar. So'ng, asl qo'lyozmani axtarishga tushdik. Uni ham topishga muvaffaq bo'ldik. Mana, asl manbada qandoq yozilgan:

 

Hama barbod bo'ldi, bo'lmadim obod dastingdin…

 

Bu boshqa gap! Shundaymi? Hama, ya'ni hamma barbod bo'lsa, u holda xalqparvar shoir ham hech vaqt obod bo'lmasligi ayon. Mashrab o'z davrida xo'b ajoyib falsafiy fikrlarini bayon etgani ravshanlashgandek bo'ldi…

Sevimli shoirimiz Muhammad Yusuf o'sha lahzalarda Faxriddin akaning donishmandona gaplariga qanchalik maftun bo'lib qolganini tasvirlashga qalam ojizlik qiladi.

Diltortar gurungimiz ancha davom etdi. (Afsus, o'sha payt­larda bitta suratga olib qo'yish ham muammo edi-da…)

Suhbat asnosida Muhammad Yusuf bitta she'riy to'plamini Faxriddin akaga uzatdi.

Zakovatli hofiz to'plamni varaqlar ekan, “Erka kiyik” sarlavhali she'rni o'qiy boshladi. Goho cho'zib, kuyga solishga ham harakat qilayotgani ayon sezilib turardi. Mana o'sha she'r:

 

Erka kiyik, maylimi bir erkalasam,

Majnun bo'lib sahrolarga yetalasam,

Bu dunyoda birday g'arib men ham, sen ham,

Erka kiyik, maylimi bir erkalasam?..

 

Sening ko'zing qora, mening ko'zim qora,

Sening bag'ring yara, mening bag'rim yara,

Bu dunyoda sen bechora, men bechora!..

Erka kiyik, maylimi bir erkalasam?..

 

Shamol emas, izing quvib yurdi kamon,

Sayyod mening kulbamni ham qildi vayron.

Sening yoning, mening yonim — omonat yon,

Erka kiyik, maylimi bir erkalasam?..

Kel, yig'laymiz birgalashib yantoqlarga,

Sahrolarda qurimagan buloqlarga,

Ikkalamiz yaralganmiz qiynoqlarga,

Erka kiyik, maylimi bir erkalasam?..

 

Umrimizning barcha yo'li, so'qmog'i cho'g',

Cho'g'dan qo'rqma, beyuz qo'ygan qopqondan qo'rq.

Bu dunyoda senga do'st yo'q, menga do'st yo'q,

Erka kiyik, maylimi bir erkalasam?..

 

Soch oqardi, dildosh kutib ko'zim toldi,

Yuragimdan to'kilmay ne so'z qoldi,

Yo'l so'ngida, hech bo'lmasa o'lim oldi,

Erka kiyik, maylimi bir erkalasam?..

 

She'rni ancha-muncha kuyga solib o'qigan Faxriddin aka daf'atan shoirga yuzlandi-da:

— Muhammadjon, — dedi yotig'i bilan. — E'tibor qildingizmi, “Erka kiyik” deya kuyga solganimda tinglovchiga “Erkak kiyik” bo'lib eshitiladi. Bu uncha yaxshi taassurot qoldirmaydi. Kiyik bilan ohu – bitta jonivor! Shul bois she'rdagi “kiyik”ni “ohu”ga aylantirib bersangiz, qo'shiqqa jaa mos tushardi-da…

Bu taklifdan Muhammad Yusufning chehrasida ajib bir tabassum paydo bo'ldi, hofizning taklifiga bir so'z bilan javob berdi:

— Ma'qul!..

Ko'p o'tmasdan Faxriddin Umarov ijrosidagi “Erka ohu” qo'shig'i millionlab muxlislarini maftun etdi.

Oradan yillab o'tib bu she'rni sevimli xonandamiz G'iës Boytoyev o'zgacha ohanglarda kuyladi.

Shu tariqa bu mashhur she'r millionlab shinavandalar qalbiga turfa ohanglar ila qo'shiq bo'lib naqshlandi.

* * *

Muhammad Yusufga Qibray tuman gazetasida yoritilgan “Qirq yil san'at gulshani aro” saravhali maqolam manzur bo'lgandi. U o'sha maqolamni o'z fikrlari bilan ancha bo­yitgan. Faxriddin aka nainki san'atkorlarga, balki, ijod ahliga ham ustoz ekan, deya maqola sarlavhasini “Ustoz hofiz” deb o'zgartirdi. Shu tariqa “O'zbekiston ovozi” gazetasining 1993 yil 2 mart sonida yoritilgan maqolamiz muxlislarda katta qiziqish uyg'otdi.

Ushbu maqola Hojiakbar Hamidov va Hamidjon Tohirjonovning 2017 yil “O'zbekiston” nashriyoti tomonidan 3000 nusxada chop etilgan “Donishmand hofiz” to'plamidan ham o'rin olgan.

* * *

Keyinchalik o'z sohalari bo'yicha yuksak mukofot sohib­lariga aylangan ikki ulug' siymo: O'zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf va O'zbekiston xalq hofizi Faxriddin Umarovning bu ajib suhbati aynan bugungi yosh shoir va san'atkorlar uchun o'ziga xos ibrat namunasi va ijodiy mahorat maktabi bo'lib qoldi.

To'lqin EShBEK,

O'zbekiston Yozuvchilar

uyushmasi a'zosi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen + two =