Ildizlari mushtarak xalqlar
Adabiy do'stlik – abadiy do'stlik
Adabiyot, shubhasiz, buyuk uyg'onish va tamaddunning ma'naviy omili hisoblanadi. Mamlakatimizda adabiyot va so'z ahliga berilayotgan yuksak e'tibor kishini quvontiradi. Xabaringiz bor, davlatimiz rahbari 2019 yil 15 oktyabr kuni Ozarbayjonning Boku shahrida o'tkazilgan Turkiy davlatlar hamkorlik kengashining navbatdagi sammitida so'zlagan nutqida tashkilotga a'zo davlatlar adabiyotining eng sara namunalaridan tashkil topgan “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli yuz jildlik to'plamni har bir mamlakatning o'z ona tilida nashr etish tashabbusini ilgari surgan edi. Ana o'sha tashabbus asosida ilk bor yuz jildlik “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli muhtasham majmua o'zbek tilida nashr etildi. Uning dovrug'i nafaqat turkiy olamga, balki butun jahonga taraldi.
Majmuaga umumturkiy adabiyotning eng sara namunalari, o'zbek, qoraqalpoq, turk, ozarbayjon, qozoq, qirg'iz, turkman va venger adabiyotining XI-XXI asrlarga mansub mumtoz va zamonaviy shoir, adib va mutafakkirlarining asarlari kiritilgan. Joriy yilning 29-30 mart kunlari Navoiy shahrida bo'lib o'tgan “Mumtoz she'riyat” festivali doirasida yuz jildlik “Turkiy adabiyot durdonalari”ni taqdimoti ham bo'lib o'tdi.
Shunday so'zlarni eshitganman, yozilgan so'z o'tda yonmaydi, suvda cho'kmaydi. Shoirlar aytganidek, qalam bilan yozilganni bolta bilan chopib bo'lmas, deydilar. Bu so'zlarning haqiqat ekanligiga istagancha misol keltirish mumkin. Aytaylik, asrlar suronini yengib bizga qadar yetib kelgan yetuk asarlar, agar yozilmaganida bugun, biz kitobxonlar, ulardan bahramand bo'larmidik. Albatta, yo'q. Shu bois ham qo'liga qalam olib, ezgu so'z aytish ishqida zahmat chekkan, chekayotgan odam ham baxtli, uning yozganlarini o'qib bir olam zavq va ruh olgan inson ham baxtli. Negaki pok niyat, toza maqsad bilan bitilgan asarlar kishi qalbini tozarishiga ham hayotda o'z o'rnini topishida ko'makchi bo'ladi. So'z kishilarni haqiqiy insoniy hayotga da'vat etib ellarni, xalqlarni, mamlakatlarni bir-biri bilan do'stga aylantiradi. Shuning uchun ham adibning qaysi millatga mansubligi emas, uning qanday asar yozganligi hamisha muhim bo'lib kelgan. Nazarimda, bu qoida abadul abad o'zgarmasa kerak. Demak, ijodkorning yozgani kishilarni ezgulikka, halollikka, poklikka undar ekan – u asar qaysi tilda yozilganidan qat'i nazar har bir millatu elatga bir xilda tegishli bo'laveradi.
Yuqorida ta'kidlanganidek, adabiyot millatu xalqlarni bir maqsadu maslak yo'lida birlashtiradi. Alhol, Tangrining yerdagi xalifasi bo'lmish insonga tinchlik, farovonlik, ozodlik, pok e'tiqoddan boshqa nima orzu bo'lmas. Ildizlari turkiy xalqlarga borib taqaladigan mehnatkash va olijanob venger (xungar, xun er) xalqi bilan mard-jasur, shijoatli zahmatkash o'zbek xalqining bir-biriga bo'lgan yuksak hurmat va ehtiromi ana shu mezonlar bilan mushtarakdir.
Moziyga nazar tashlasak, bu munosabatlarning shakllanishi o'tmishda venger olimlari va sayyohlarining O'rta Osiyoga qilgan safarlari orqali boshlangani oydinlashadi. xix asrda Shandor Kyoryoshi Choma, Arminiy Vamberi, Onodi Bertalan, Yenyo Zichi, Dyord Almashi, Aurel Shteyn singari mashhur sharqshunos olimu sayyohlar yurtimizning boy tarixi, hayotini o'rgangan va asarlarida qimmatli ma'lumotlarni yozib qoldirishgan. Tarixchi olim, tilshunos va sayyoh Arminiy Vamberining “O'rta Osiyo bo'ylab sayohat”, “Buxoro tarixi” kabi tarixiy asarlarini noyob ilmiy manba, – deya e'tirof etilishi bejiz emas. Nazarimizda, ayni o'sha kezlardan e'tiboran, o'zbek va venger halqlari o'rtasida adabiy aloqalar boshlagan. Ana shunday ezgu ishlarning boshida turganlardan biri, o'zbek xalqi madaniyati va adabiyotining chinakam targ'ibotchisi shuningdek, venger adabiyotining ilk tarjimonlaridan biri Ishoq Ibrohimdir.
Gapning ochig'i, “Turkiy adabiyot durdonalari”ning yuzinchi – venger adabiyotiga bag'ishlangan jildini tayyorlash jarayonida venger adibi Aran Yanoshning o'zbek tilida nashr etilgan “Ajoyib suyg'unning hikoyati” kitobiga Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Hamkorlik solnomasining yangi davri” deb nomlangan so'z boshisida keltirilgan ma'lumotlar orqali Ishoq Ibrohim siymosini takror kashf etdim. Salkam o'ttiz yil davomida Vengriyada yashab, Mulla Ishoq, Mulla Sodiq nomlari bilan tanilgan, Xiva xonligining Qo'ng'irot bekligida tug'ilib o'sgan vatandoshimiz Ishoq Ibrohim Hoji Rashid afandi nomi bilan O'rta Osiyoga safar qilgan Vamberi bilan hamkoru hamsafarligining o'zi bir katta badiiy asarga mavzu bo'ladi. Maqoladan iqtibos keltiramiz: “Ishoq Ibrohim Vengriya Fanlar akademiyasining kutubxonasida ishlab, sharq qo'lyozmalarini tadqiq etish va tarjima qilishda faol ishtirok etadi hamda venger mutaxassislariga o'zbek tili, O'rta Osiyo tarixi bo'yicha asarlar yaratishda yordamlashadi, sharq tillaridan dars ham beradi.
Ishoq Ibrohim o'zbek xalq maqollari, ertak va topishmoqlarini venger tiliga o'girib, ilmiy jamoatchilikning e'tiborini qozonadi. U atoqli venger shoiri Shandor Petyofining do'sti, 1865-1879 yillarda Vengriya Fanlar akademiyasining bosh kotibi bo'lib xizmat qilgan Aran Yanosh bilan tanishadi va uning “Ajoyib suyg'unning hikoyati” degan asarini o'zbek tiliga tarjima qiladi. Tarjima Vengriyadagi “Kosoru” jurnalining 1865 yil 9-sonida chop etiladi. Olis o'tmishda qadimgi venger va xunlarning Sharqdan – bizning bugungi mintaqamizdan chiqib, Yevropaga kelib o'rnashgani haqidagi rivoyat tasvirlangan bu doston biz uchun asliyatdan o'girilgan va venger adabiyotidan o'zbek tiliga tarjima qilingan ilk asar sifatida ham qadrlidir”.
Oqqan daryo oqaveradi, deydilar. Ishoq Ibrohimning haqiqiy ma'nodagi izdoshlari – tarjimon adiblarimiz uning xayrli ishlarni davom ettirishmoqda. Allohga shukur, hamisha ilm-ma'rifat, adabiyot va san'atini, kitobni yuksak qadrlab keladigan xalqimiz bugungi kunda ham mahoratli tarjimonlar tufayli venger adabiyotining eng sara namunalarini o'z ona tilida mutolaa qilmoqda. Bu asarlar kitob va to'plamlar holida, shuningdek, turli adabiy gazeta va jurnallarda muntazam chop etilayotgani barchamizni quvontiradi.
So'zlarimiz quruq bo'lib qolmasligi uchun bir-ikkita misol keltirib o'tilsa, albatta, maqsadga muvofiq bo'ladi. O'zbekiston qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripov atoqli venger dramaturgi, shoir, jurnalist, prodyusser, tarixchi, muharrir, siyosatchi Yenyo Xeltaining “Soqov ritsar” she'riy dramasini katta mahorat bilan o'zbek tiliga o'girgan edi. Pok insoniy muhabbat, sadoqat, g'urur, orni tarannum qilgan bu asarni mutolaa qilar ekansiz, venger adibi o'zbek tilida yozgan bo'lsa kerak, degan yorug' kechinma dilingizga nur-ziyo bag'ishlab turadi. Peter Agardi va Seliyaning ajoyib muhabbat qissasi sizni maftun etadi.
Shandor Petyofi Venger xalqining iftixori va milliy she'riyati asoschisi hisoblanadi. Venger adabiyotshunoslari shoirning adabiyotda tutgan o'rnini Pushkin va Shevchenko bilan tenglashtirishsa, asarlarining g'oyasini Beranje, Heyne ijodi, ijtimoiy qirralarini Nekrasov she'riyati bilan yonma-yon qo'yishadi. Shandor Petyofi she'rlari “Turkiy adabiyot durdonalari” majmuasining 100-jildida shoir va tarjimon Davron Rajab tarjimasida berilgan. Bundan tashqari Layosh Kashshek, Keray Chex, Yanosh Sentmartoni she'rlari ham Davron Rajab tarjimasida kitobga kiritilgan.
Mashhur venger adibi Aron Tamashi 1897-1066 yillar yashab ijod etgan. 1925 yilda uning ilk asarlar to'plami “Ruhim yo'lga otlandi” degan nom bilan nashr etilgan. Aron Tamashi asarlari Vengriyada dong taratib, iste'dodli adib sifatida tanilgan. Mamlakatning Baumgarten nomli nufuzli mukofoti bilan taqdirlangan. Hayoti davomida Tamashi o'nta hikoyalar to'plamini nashr etgan. Aron Tamashi Vengriyaning oliy mukofoti– Koshut mukofotiga sazovar bo'lgan. Yozuvchining badiiy yuksak asarlari dunyoning ko'pgina tillariga tarjima qilingan. Ushbu to'plamga esa taniqli shoir Rustam Musurmon tarjima qilgan “Ildiz bilan yovvoyi gul” deb nomlangan qissasi kiritildi. Taniqli venger adiblari Laslo Byoti va Laslo Krasnaxorkai hikoyalarini atoqli adib va tarjimon Olim Otaxon mahorat bilan o'zbek tiliga o'girgan.
Imre Kertes nomi dunyoga ma'lum. U Nobel mukofotiga sazovor bo'lgan venger adibidir. Mohir adib o'z asarlarida asosan odamning jamiyat oldida qanchalar ojizligini tasvirlaydi. Ayniqsa, 1975 yilda dunyo yuzini ko'rgan “Qismatsiz” romani ko'plab tanqidchilarning e'tirofiga sazovor bo'lgan, Vengriya adabiyotining nodir durdonalaridan hisoblanadi. 1990 yilda dunyoning o'nta tiliga tarjima qilingan ushbu roman – xolokost, ya'ni Ikkinchi jahon urushi davrida yahudiylarning ommaviy qirg'ini haqida oshkora hikoya qiladi. Olti milliondan ortiq odamning fojiali o'limi, boz ustiga ular orasida ayollaru bolalarning bo'lgani qalblarni larzaga soladi. Bu faqat “Qismatsiz”da emas, balki “Tug'ilmagan bolaga aza” asarida ham tilga olingan. Biroq bu asarlar hozircha o'zbek tiliga o'girilmagan. Ishonamiz, yaqin kelajakda tarjimonlarimiz ushbu asarlarga ham murojaat etishadi. Ammo Imre Kertesning Nobel mukofoti bilan taqdirlash marosimida so'zlagan nutqini Shahnoza Rahmonova tarjima qilgan. Ana shu nutq ham badiiy asar kabi kishi e'tiborini jalb etadi. Shu bois ushbu to'plamga u ham kiritildi.
Venger va o'zbek adabiy aloqalari yangi zamonda yanada rivojlanmoqda. Mojor xalqining milliy qahramoni Shandor Petyofi tavalludining 150 yilligi munosabati bilan 1973 yilda uning “Tanlangan she'rlar” kitobi ustoz shoirlar Shukrullo, Zohidjon Obidov, Omon Matjon, Oydin Hojiyeva, Ma'ruf Jalil tarjimasida Toshkentda nashr etilgan edi.
Shu yil Shandor Petyofi tavalludining 200 yilligi munosabati bilan Xalqaro Turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY Vengriya hukumati bilan hamkorlikda turkiy tilli davlatlar ijodkorlari o'rtasida xalqaro she'riy tarjima tanlovini o'tkazdi. 100 nafardan ortiq turkiy tilli shoirlar Shandor Petyofining 500 ga yaqin she'rlarini o'z ona tillariga tarjima qilib, tanlovda ishtirok etdi. Nufuzli hakamlar hay'ati qaroriga ko'ra, tanlovda g'olib bo'lgan ijodkorlar Mojoristonda 2023 yilning 11-19 mart kunlari Shandor Petyofi tavalludining 200 yilligi hamda mojor xalqining milliy mustaqillik bayrami doirasida bo'lib o'tgan tantanali tadbirlarda taqdirlandi. O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, Qoraqalpog'iston xalq shoiri Rustam Musurmon Shandor Petyofi she'rlaridan ona tilimizga o'girgan yuksak badiiy tarjimasi uchun o'zbek ijodkorlari ichidan g'olib deb topilib, Vengriya Xalq Respublikasiga borib keldi. O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Shandor Petyofining “Ozodlik” nomli yangi kitobi Rustam Musurmon tarjimasida o'zbek tilida chop etildi.
Kitob debochasida O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyidning “Petrarkaga qarindosh Petyofi” nomli, hamda Xalqaro Turkiy madaniyat tashkiloti bosh kotibi Sulton Rayevning “Umuminsoniy qadriyatlar tarannumi” nomli venger va o'zbek, umuman turkiy tilli davlatlar o'rtasidagi o'zaro adabiy aloqalar tarixi va istiqboli, unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning qardosh davlatlar rahbarlari bilan rasmiy uchrashuvlari haqida so'z yurituvchi dolzarb mavzudagi maqolalari kitobxonlar e'tiboriga havola etildi.
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Vengriyaga hadya etilgan Shandor Petyofining “Ozodlik” kitobiga ustoz shoirlarning 1973 yilda amalga oshirgan tarjimalardan namunalar ham kiritildi. Mojor shoirining o'zbek tilida Rustam Musurmon ijrosida jarangdor va xalqona ohangda yangragan she'rlari Vengriya Parlamenti binosida bo'lib o'tgan uchrashuvda xalqaro anjuman ishtirokchilarini hayratga soldi.
Ajab bo'ldi, ajab bo'ldi,
Uzuk taqdim, uzuk taqdim.
Sevar yorim, dudog'inga
Bodom chaqdim, bodom chaqdim…
Ushbu she'riy lahzalar Vengriya televideniesi orqali namoyish etildi.
Venger adabiyotidan boshqa ko'pgina badiiy asarlar ham o'zbek tiliga o'girilgan. Kalman Miksatning o'tgan asrda G'afur G'ulom nomidagi adabiyot va san'at nashriyotida “Jahon adabiyoti durdonalari” ruknida chop etilgan romanlarini yoshligimizda ko'p o'qiganmiz.
Ta'kidlanganidek, adabiy aloqalar borasidagi ezgu ishlar bundan keyin ham izchil davom etadi va kitobxonlar yangi-yangi asarlardan bahramand bo'lishadi.
G'ayrat MAJID,
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi
raisi o'rinbosari