Noyob so'zlar sog'inchi

“So'z ham arazlaydi

Yo'qlab turmasang,

Boshin olib ketar xotirlaringdan…”

 

Ha, so'zlar ham yod etilmasa, nafaqat inson lisonidan, balki ongu-shuuridan sekinlik bilan uzoqlashadi, tasavvur kengliklaridan chekinadi.

Ya'ni muayyan so'zni uzoq vaqt davomida ishlatmasak yoki eshitmasak, u so'zning ma'nosi, talaffuzi go'yo begonalashgandek tuyuladi. Aslida ham shundaymi?

Ha, afsuski, shunday ekan. Buni har birimiz o'z tajribamizda ko'rganmiz. Ayniqsa, o'z sheva so'zlariga kam murojaat qiladiganlarning iqrori o'ziga ayon.

O'zbek tili dunyodagi boy va ko'rkam tillardan biri ekani ma'lum. Agar tilimizning turli shevalaridagi jilolari, so'zlari bo'y ko'rsatsa bormi, bu mukarram tilning naqadar azimligiga hech qanday isbotu dalil kerak bo'lmaydi. Darhaqiqat, shevalar adabiy tilning muhim qatlami hisoblanadi. Shu­ningdek, shevalarda butun bir til tarixi, madaniyati, turmush tarzi ham aks etadi. Xususan, o'zbek tilining hududiy shevalari o'sha hudud haqida juda qiziq ma'lumotlarni o'zida jamlaydi.

Yaqinda “Turon iqbol” nashriyo­tida Ma'rufjon Yo'ldoshev va Zuhra Yo'ldoshevalarning “Buvayda shevasidan ixcham lug'at” kitobi chop etildi.

Kitobdan Farg'ona viloyatining Buvayda tumaniga qarashli ayrim qishloqlar shevasiga mansub so'zlar, iboralar, maqolu matallar, olqishu dashnomlar kabi 700 ga yaqin sheva namunalari o'rin olgan.

Mazkur birliklar o'quvchiga hudud haqida muayyan tasavvurlar, xulosalar, boshqa hududlar shevasiga o'xshamaydigan o'zgachaliklar haqida ma'lumot beradi.

Masalan, adabiy tilimizda uchramaydigan, hech bir lug'atda ko'zimiz tushmagan so'zlar, iboralar, noyob maqollar borki, ular diqqatimizni jalb etmay qo'ymaydi.

Masalan:

chinachaq (jimjiloq), eypara (etakdor), arvak (mitti), buvak (chaqaloq), davanda (daydi), emit (ebto'ymas), jalochi (janjalkash).

Ishti yaxshiyam “ish” deganakan, agar “cho'x” desa nima bo'larkan? // Ishni yaxshiyam “ish” degan ekan, Eshakni to'xtatish uchun chiqariladigan ovoz “Ishsh!” agar “chuh” desa nima bo'lar ekan? (Ishni deb hamma narsani unutib qo'ymaslik kerak. Har ishni o'z o'rnida qilish kerakligini ta'kid­lash uchun ishlatiladi).

Umuman, bu kabi nashrlardan maqsad nafaqat bir sheva namunalarini kitob tarzida taqdim etish, balki yo'qolib, unutilib borayotgan so'zlarni jamlab, yig'ib kelgusi avlodga kichkina bo'lsa-da bir manba sifatida yetkazish desak, fikrimiz mualliflar maslagiga uyg'un bo'ladi. Zero, kitobda ta'kidlanganidek:

“Har bir qishloqning, har bir oilaning, hatto har bir insonning o'z lug'ati bo'lishi zarur. Zamon shiddat bilan rivojlanmoqda. Texnika va texnologiya rivojlangan sari shevalarning “emirilishi” tezlashmoqda. Eng chekka qishloqlargacha yetib borgan internetning gegemon tili mahalliy shevalarni yutib yubormoqda. Globallashuvning ta'siri dunyoning barcha tillariga o'z ta'sirini o'tkazib kelayotgani kundek ayon. Shunday bir paytda tilni asrab qolish uchun faqatgina adabiy til haqida emas, balki shevalar taqdiri masalasida ham qayg'urishni taqozo qiladi”.

O'ylaymizki, mazkur kitob hali buvaydalik bobo-momolar tilidagi noyob so'zlar bilan yana to'ldiriladi, boyitiladi. Albatta, boshqa shevalarimizning ham mana shunday shevaga xos so'zlari jamlangan kitoblar yaratilsa, qanday yaxshi bo'lar edi!

Dilrabo ANDANIYoZOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 − two =