Navoiy siymosining betakror talqini

Fikrimizning isboti uchun kattalarga va bolalarga mo'ljallab bitilgan Izzat Sultonning “Navoiy” dramasi, Oybekning “Bola Alisher” qissasi, “Navoiy” romani, Maqsud Shayxzodaning “O'rtoq Navoiy” balladasi, Mirkarim Osimning “Yazd cho'li” hikoyasi (Adib Alisher Navoiyga bag'ishlab 11 ta hikoya yozgan va ularni jamlab “Zulmat ichra nur” nomi bilan nashr qilgan – B.R.), Qo'ldosh Mirzoning “Mubtalo bo'ldim senga” qissasi, Omon Muxtorning “Amir Alisherning dardi” dramasi, “Ishq ahli” romani, Isajon Sultonning “Navoiy” romani kabi o'qishli badiiy asarlarni sanab ko'rsatishimiz mumkin. Rus tilida mahorat bilan bitilgan ulug' Alisher Navoiyning hayoti, ijodi, temuriylar Uyg'onish davri, zamondoshlari va uning asarlari, shohbaytlari haqidagi taniqli adiba Lidiya Batning “Hayot bo'stoni” nomli qiziqarli asari shular jumlasidandir.

Adibaning o'zbek xalqi hayoti va badiiy adabiyoti bilan yaqin aloqasi uning Toshkentda (1941–44 yy.) yashagan yillarida boshlangan. Ma'lumki, u O'zbekiston poytaxtiga Ikkinchi jahon urushi   davrida qamalda qolgan Moskva va Leningraddan evakuatsiya qilingan bir guruh ziyolilar qatorida kelgan. Mehmondo'st ona xalqimiz ularga juda katta mehru muhabbat, yordam ko'rsatib, bir burda qora nonini birga bo'lishib yeyish bilan kifoyalanmay, ularning ijodlari va ilmiy tadqiqotlari to'xtab qolmasligi uchun barcha sharoitlarni ham yaratib berishgan. O'z navbatida, bu ijod ahli vaqt o'tib fidoyi xalqimizning bunday oliyjanobliklarini o'zlarining asarlarida yuksak pardalarda tarannum etishgan.

Jumladan, Lidiya Bat ham azim Toshkentda yashar ekan, o'zbek adib va olimlari bilan do'stona aloqada bo'lgan hamda bu kabi adabiy, madaniy aloqalarni umrining oxirigacha izchil ravishda davom ettirgan.

Lidiya Grigoryevna Bat (1900–1985) – taniqli rus adibasi va munaqqidi, navoiyshunos olima. O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi (1970). Ilk ijodini hikoya, ocherk va taqrizlar yozishdan boshlagan, keyinroq esa qissa, romanlar yozgan.

O'zbek tilini yaxshi bilgan olima Hamza, G'.G'ulom, H.Olimjon, A.Qahhor, Zulfiya, A.Muxtor, Q.Muhammadiy va boshqa shoiru adiblar ijodi haqida ko'plab maqolalar, ocherklar, taqrizlar yozgan. O'z-o'zidan, Lidiya Bat adabiy faoliyatida muhim o'rin tutuvchi va unga jahoniy shuhrat keltirgan asarlaridan biri bu – uning daho shoir va buyuk mutafakkir Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag'ishlab yozgan “Hayot bo'stoni” (“Sad jizni”) (1948) nomli romanidir. Shoir va mutafakkir, jamoat arbobi, she'riyat mulkining sultoni, murabbiy va muqavviy Alisher Navoiyning hayot bo'stoni haqida hikoya qiluvchi   ushbu o'qishli asar boshqa millat namoyandasi tomonidan yozilgan eng go'zal asarlardan biri hisoblanadi.

Yozuvchi Lidiya Bat ushbu asarini yozishni 1941 yilda, ya'ni ulug' shoir tavalludining 500 yilligiga tayyorgarlik ko'rish jarayonida bosh­lagan va ma'lum muddat Toshkentda davom ettirgan hamda uni 1948 yilda Moskvada muvaffaqiyat bilan yakunlagan, shu yilning o'zida asar “Yosh gvardiya” nashriyotida “Bolalar adabiyoti” ruknida juda katta nusxada nashr qilingan.

O'sha vaqtda hali Alisher Navoiy asarlarining davriy nashrlari bo'lmagani uchun adiba ushbu romanni yaratish jarayonida ko'plab qo'lyozmalarni o'qib-o'rgangan hamda Alisher Navoiyning lirik va nasriy asarlarining ma'no qatlamlarini, mag'zini chaqishga astoydil harakat qilgan.

Albatta, Alisher Navoiy haqida badiiy asar yozgan qalam ahli qatorida mahoratli adiba Lidiya Batning borligi kishini quvontiradi. Uning “Hayot bo'stoni” asari 1948, 1956, 1967, 2016-yillarda Toshkentda nashr qilingan va hatto maktab darsliklariga kiritilgan. O'zbek kitobxonlari hamon uni qo'ldan qo'ymay sevib o'qib kelmoqda. U mening ham sevimli asarimdir. Muhimi, bu kitob keyinchalik ham adib­lar yoki tadqiqotchilarning Alisher Navoiy yoki boshqa tarixiy shaxslar, buyuk siymolar haqida yozilgan tarixiy mavzudagi badiiy asarlari uchun hamon adabiy ta'sir va ijod maktabi vazifasini o'tab kelmoqda, desak mubolag'a bo'lmaydi.

Lidiya Bat bolalik, yoshlik, kamolot (o'rta yosh), keksalik singari Alisher Navoiyning yoshi bilan bog'liq davrini romanda yuksak estetik pafosda badiiy, falsafiy va tarixiy talqin qilishda go'yo Alisher Navoiyning “Xazoyin ul-maoniy” devoniga kiritilgan to'rt devonning ramziy nomlanishiga nisbat bergan. Ma'lumki, ulug' shoir o'zining 3600dan ortiq fasohatli she'rlarini o'z ichiga olgan muhtasham “Xazoyin ul-maoniy” tarkibidagi to'rt devonni aynan inson yoshi bo'yicha taqsimlab nomlagan. Ya'ni: 1. “G'aroyib us-sig'ar” (kichiklik), 2. “Navodir ush-shabob” (yoshlik), 3. “Badoe' ul-vasat” (o'rta yoshlik), 4. “Favoyid ul-kibar” (keksalik davri) kabi. Demak, Lidiya Batning ushbu romanida yoritilgan va tasvirlangan daho shoir, buyuk mutafakkirning mazmunli, ibratli umri, qizg'in ijodiy faoliyati Alisher Navoiy o'zining she'riy devonlariga qo'ygan ramziy, falsafiy xarakterdagi nomlar asosida mahorat bilan ko'rsatib berilganini ko'ramiz.

Fikrimizcha, birinchidan, har bir faslda Alisher Navoiyning hayoti va ijodi bilan bog'liq bo'lgan muhim voqea, hodisa qalamga olingan va ulug' shoirning zamondoshlari bo'lgan ko'plab tarixiy shaxslar, qalam ahli, temuriy hukmdorlar, bunyodkor shaxslarning adabiy portreti, faoliyati xususida ham badiiy lavhalar, tasvirlar bitilgan bo'lsa, ikkinchidan esa Alisher Navoiyning buyuk siymosi timsolida Temuriylar Renessansining madaniy yuksalish davri ham keng planda mahorat bilan tasvirlangan.

“Hayot bo'stoni” Taft shahrida bola Alisherning temuriylar Renessansining mumtoz muarrixi Sharafiddin Ali Yazdiy bilan bo'lgan uchrashuvi tafsiloti bilan boshlangan. Lidiya Bat mazkur tarixiy uchrashuv talqinini bayon qilishda Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” va “Nasoyim ul-muhabbat” tazkiralarida bitib qoldirgan Ali Yazdiy haqidagi fiqralaridan unumli foydalanganini ko'ramiz. Shu o'rinda keksa tarixchining bo'lajak dahoga qarata aytgan duoga yo'g'rilgan tilagini eslaylik. Chunki muallif bu o'rinda dunyo bolalarini ilmli, ma'rifatli bo'lishga chaqirgani shubhasiz: “Alisher quvonch va hayajon bilan o'rnidan turdi. Boyadan beri bolani kuzatib turgan Sharafiddin mehr bilan uning boshiga qo'lini qo'ydi-da: Ilmingni kamol toptir, ilm zeb-ziynating bo'lsin, zeroki ilm — insonning yo'lchi yulduzidir, – dedi”.

Yosh Alisherning Sharafiddin Ali Yazdiy bilan Taft shahrida tarixiy uchrashuvi faqat Lidiya Batning mazkur asarining “Qush tili” (“Razgovor ptis”) faslidagina emas, balki Mirkarim Osimning “Yazd cho'li” hikoyasida va Isajon Sultonning “Navoiy” romanining “Taft. Bir ajoyib chol” bobida ham badiiy talqin qilingan. Adiba Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asari qo'lyozma nusxasini ham o'qib o'rgangan. U kitobxonga Ali Yazdiy shaxsini Amir Temur va temuriylarning mumtoz muarrixi sifatida tanishtirishga harakat qilgan hamda faslda uning “Zafarnoma” kitobini yozayotgani haqida to'xtalgani roman syujetining eng diqqatga sazovor lavhalaridan biri hisob­lanadi. Yoki asardagi ba'zi syujetlar, yetakchi obrazlar, personajlar, umuman, obrazlar olamining talqini Lidiya Batgacha va undan keyin ham badiiy asarlarda uchraydi. Masalan, Alisher Navoiyning padari buzrukvori obrazini Oybek domla juda chiroyli talqin qilib bergan bo'lsa, G'iyosiddin Bahodirning siymosi Lidiya Bat romanida ham yorqin tarzda yoritilgan va ana shunday estetik pafos nafaqat keksa tarixchi Ali Yazdiy yoki G'iyosiddin Bahodirning siymosida, balki asarning boshqa qahramonlari tasviri va talqinida ham mujassam ekanligi seziladi.

Asarning bizni o'ziga tortgan yana bir jihati shundaki, iste'dodli adiba uning “Amir Temur hukmronligi davri” faslida Sohibqiron Amir Temur nomini ham tilga olgan va u to'g'risida qiziqarli lavha bitgan. U mazkur faslda hukmdor haqida gapirgan quyidagi tasvirga diqqat qilsak: “Hindistondan Ozarbayjonga qadar Amir Temurning izmida edi.

U nihoyatda shijoatli edi. Uning sira qo'lidan qo'ymay taqib yuradigan uzugi ko'ziga: “Odil bo'lsang–olam seniki” deb yozilgan edi”. Yana adiba   asarda ulug' shoir o'z asarlarida sharaflagan “Ziji Ko'ragoniy”ning muallifi Ulug'bek Mirzo haqida ham xayrixohlik bilan qalam tebratgan. Umuman olganda, Lidiya Bat va temuriylar mavzusida alohida tadqiqot olib borish mumkin.

Muallif asarda daho shoir tilidan olg'a surgan milliy va umumbashariy g'oyalarga tamsil qilib Alisher Navoiyning shohbaytlaridan keltirgani ham asarning qimmatini yanada oshirgan. Masalan, kitobning “Xotima” qismida betob bo'lgan ulug' shoirning Poyob rabotida shogirdi Xondamir bilan qilgan suhbati bayon qilingan. Suhbatda Navoiy tilidan aytilgan hikmatga yo'g'rilgan shohbaytini yodga olsak:

Bu gulshan ichra yo'qdur baqo guliga sabot,

Ajab saodat erur qolsa yaxshilik bila ot.

Alisher Navoiyning o'zi tarbiyalagan tarixchi Xondamir bilan bo'lgan ko'plab muloqotlari, suhbatlari tarixiy va adabiy manbalarda bayon qilingan. Tarixdan yaxshi ma'lumki, Xondamir ulug' ustozi Alisher Navoiy haqida alohida “Makorim ul-axloq” nomli alohida asar ham yozgan. Lidiya Bat ham Navoiy va Xondamir suhbatini ulug' shoirning o'zi bitgan shohbayt bilan xulosalagani yozuvchi mahoratidan va buyuk mutafakkir ijodiga bo'lgan ixlosidan darak berib turibdi.

Muxtasar qilib aytganda, Lidiya Bat “Hayot bo'stoni” tarixiy romanida Alisher Navoiy siymosining ham daho shoir, ham buyuk mutafakkir, ham mumtoz muarrix, ham qomusiy olim, ham davlat arbobi, ham o'z davrining bunyodkor ijtimoiy shaxsi sifatidagi olmos qirralarini mahorat bilan ochib berishga harakat qilgan. Ayniqsa, uning Alisher Navoiyning bolalik, yoshlik, kamolot, keksalik davri bilan bog'liq bir-biridan qiziqarli tasvirlar, uning mazmunli umri o'tgan Hirot, Taft, Samarqand, Astrobod, Mashhad, Marv shaharlari bilan bog'liq hayotiy tasvirlar, manzaralar ham adiba tomonidan haqqoniy yoritilgan. O'z davrida zamondosh olimlar tomonidan yuksak baholangan mazkur asar bugungi kunda ham o'z ahamiyatini yo'qotmagan.

Burobiya RAJABOVA,

O'zbekiston Fanlar akademiyasi

O'zbek tili, adabiyoti va folklor

institutining yetakchi ilmiy xodimi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 − 3 =