Mohir rahbar, rostgo'y inson edi

Xalqimizda o'lmas siymo, degan ajoyib naql bor. Xalq o'zining ardoqli kishilarini ana shunday ataydi. Bu bilan cheksiz mehri, hurmati, iftixorini izhor etadi. Ana shunday insonlardan biri akademik Erkin Yusupov edi.

Aslida bunday unvonu martabaga ega bo'lgan kishi haqida res­publikamizdagi taniqli olimlar, fan doktorlari yoki professorlar yozishiga odatlanib qolganmiz. Lekin men 45 yildan beri qalam tebratib kelayotgan jurnalist sifatida bu insonga salkam 35 yil ilgari mehrim oshgani sabab qo'limga qalam oldim.

O'shanda sobiq ittifoq zamoni edi. Esimda, 1989 yil 21 fevralda Minsk shahridagi siyo­siy maorif uyida “Bilim” jamiyatidan sobiq SSSR Xalq deputatligiga nomzodlar bilan uchrashuv o'tkazildi. Unda bari o'sha paytda Sobiq Ittifoq tarkibida bo'lgan respublikalar — Rossiya, Ukraina, Belorus, Tojikiston, Latviya va boshqa mintaqalardan 11 nafar nomzod qatnashdi.

Navbat kelganda Erkin Yusupovning ishonchli vakili Sobitxon Qurbonov nomzodning tarjimai holini o'qib berdi. Savol-javoblar asnosida ayrim fitnachi “ziyoli”lar “O'zbekistonda ro'y berayotgan voqealar, misol uchun, “Paxta ishi”, poraxo'rlikning avj olgani rostmi?” degan gap qilishdi. Erkin Yusupov xuddi shu savollarni kutib turgandek, keskin javob qaytardi: “Bir-ikki nafar poraxo'r bo'lsa bordir, lekin butun O'zbekiston xalqini poraxo'rga chiqarish odobdan emas. Qolaversa, “Paxta ishi” ortidan minglab odamlar aybsiz bo'lsalar-da jabr tortishyapti”.

Katta xona bir qalqib tushgandek bo'ldi! Axir, sobiq SSSR Bosh prokuraturasi tergovchilari Gdlyan bilan Ivanov bosh­liq guruhning qilichi keskir bo'lib turgan vaqtda bu gaplarni aytish kishidan juda katta jasorat talab qilardi. Chunki bu paytda ular ustidan jinoyat ishi qo'zg'atilishiga hali salkam 3 oy bor edi…

O'sha yig'ilishdan so'ng E.Yusupov biz — Minsk Oliy partiya maktabi tinglovchilari bilan alohida uchrashib, ikki soatcha dildan suhbatlashdi, o'qish jarayoni, shart-sharoitlar bilan qiziqdi. Tinglovchilarga O'zbekistondagi haqiqiy holat haqida atroflicha gapirib berdi…

Endi shu inson haqida ikki og'iz ma'lumot keltirsak: Erkin Yusupov 1929 yilning 15 martida Farg'onaning Quva shahrida tug'ilgan. Ko'plab rahbarlik lavozimlarida ishlagan. Ilm bilan shug'ullangan. 1965 yilda falsafa fanlari doktori ilmiy unvoniga sazovor bo'lgan. Ijtimoiy falsafa, mantiq, tarix, pedagogika, siyosatshunoslikka oid ko'plab monografiya, risola, ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar yozgan…

Yaqin tarixni eslasak, o'zbek xalqining zabardast insonlaridan biri Sharof Rashidov vafot etganidan so'ng to'nini tes­kari kiyib, u kishiga malomat toshlari otganlar ko'p bo'lgani, sir emas. Buni Asil Rashidovning “Akam haqida” kitobidan ham bilib olish mumkin. Shu kitobda Sharof Rashidovga uning hayot ekanligida qanday munosabatda bo'lgan bo'lsa, vafotidan so'ng ham o'zlarining to'g'ri, xolis fikrlarida sobit bo'lib qolganlar orasida akademik Erkin Yusupov nomi ham hurmat bilan tilga olingan. Bundan amin bo'lish mumkinki, u kishi haqiqatsevar, bir so'zli inson bo'lgan.

El sevgan zukko olim, millatparvar, adolatparvar inson, milliy g'urur himoyachisi E.Yusupov 2003 yilning 5 avgus­tida 74 yoshida vafot etdi.

Oradan salkam 35 yil o'tganiga qaramay Minsk shahridagi yuqorida bayon qilganim voqea sira yodimdan ko'tarilmaydi. Shu sabab akademik Erkin Yusupovga bo'lgan mehrim, hurmatim doim qalbimda.

Xalqimizning ana shunday ulug' insonlarini yod etib turish esa sizu biz uchun ham farz, ham qarz deb o'ylayman

Izzatulla NORQUVVATOV,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zosi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 − 4 =