Qalblarga ekilgan ezgulik

Odatda, inson katta hayotga ilk qadamlarini qo'yib, o'z yo'lini topguniga qadar boshqalarning ko'magiga ehtiyoj sezadi. Shunday damda yaxshi odamlar uni qo'llab yuboradi. Biroq u oyoqqa turib, yaxshilik ko'rganlarini yo'qlaydigan, ularga beg'araz bergan yordami uchun minnatdorlik bildirar pallada esa, ko'pincha ming afsuski, o'sha odamlar bu hayotda bo'lmas ekan

Biz tengi ko'plab jurnalistlarni suyagan ana shunday insonlardan biri, yuzlab shogirdlarning boshini silagan mehribon va g'amxo'r ustozi, bir necha yillar “Turkiston” gazetasi bosh muharriri lavozimida xizmat qilgan Abduqodir Niyozov edi. “Turkiston” (bugungi “Yoshlar ovozi”) gazetasi biz O'zMU talabasi bo'lgan 2000 yillarda mamlakatning yetakchi nashrlaridan biri edi. Dorilfununning jurnalistika fakulteti talabalari ham “Turkiston”ning har sonini qo'lma-qo'l qilib o'qishar, ayrim maqolalarda ko'tarilgan dolzarb masalalar darslarda qizg'in muhokamaga sabab bo'lardi. Agar “Turkiston”da biror maqolamiz chiqib qolgudek bo'lsa, o'sha kezlarda bizdan baxtiyor talaba yo'q edi.

Haftaning chorshanba kuni “Hurriyat”, juma kuni “O'zbekiston adabiyoti va san'ati”, chorshanba-shanba kunlari “Turkiston” gazetasi chiqishini hammamiz yoddan bilardik, shu nashrlarni intiq bo'lib kutardik. Bugungiday ijtimoiy tarmoqlar bizni chirmab olmagan, uyali telefon ham sanoqli insonlardagina bo'lib, gazeta-jurnallar haqiqatan ham chanqoqlik bilan o'qiladigan paytlar edi.

Shu boisdanmi, jurnalistika fakultetining birinchi bosqichida o'qib yurgan chog'imizdayoq biz – bir guruh talabalar “Turkiston”ga yo'l oldik. Gazeta tahririyati azim Toshkentning Matbuotchilar ko'chasidagi o'sha tarixiy binoning 5-qavatida joylashgan edi. O'n nafardan ortiq talabaning bir oy davomida darsdan keyin “Turkiston”da kechgan kunlarimiz bizda gazetachilikka mehr uyg'otdi, tengdoshlarimiz bilan birga o'zimiz uchun muhim deb bilgan mavzularda maqolalar yozdik. Hatto nashrda alohida “Minbar” nomli yangi sahifa ham tashkil etdik. Fakultetda ham bizni “turkistonchilar” deb ataydigan bo'lishdi.

Shunday kunlarning birida “Turkiston” gazetasi tahririyatida yig'ilish o'tkazildi. Yig'ilishda men va saboqdoshim Ziyoda Ashurovani (hozirgi kunda “Xalq so'zi” gazetasida faoliyat yuritadi) “Turkiston” gazetasiga 0,5 stavkaga ishga qabul qilinganimizni e'lon qilishdi. Bu ustoz Abduqodir Niyozovning yosh kadrlarga e'tibori va ishonchi, biz uchun esa katta imkoniyat edi. Birinchi bosqich talabasining tan olinishi hayotimizda qanchalik katta voqea bo'lganligini bunday holatni boshidan o'tkazganlargina yaxshi biladilar.

Katta yo'lga chiqib, chorrahada qaysi tomonga yurishni bilmay, qay bir ko'cha, qay manzilga olib borar ekan, deb dovdirab, ikkilanib turgan paytingizda, qo'lingizdan tutib, sizni to'g'ri yo'lga boshlagan insonni unutib bo'larkanmi?! O'sha paytlari o'zimizga nisbatan ishonchimizni oshirgan, bizga kuch bergan, ilhom bergan inson esa “Turkiston” gazetasi bosh muharriri Abduqodir Niyozov edi.

Ustoz bugun oramizda bo'lmasalar-da, biz shogirdlari u insonni o'zgacha bir hurmat-ehtirom, qarzdorlik hissi bilan yodga olamiz, ularning bergan saboqlarini, otalarcha mehribonliklarini bot-bot eslaymiz.

“Turkiston” gazetasi muxbiri sifatida ish boshlagan ilk kunlarimizda ikkimizga ya'ni men va Ziyoda Ashurovaga “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri ustoz Ozod Sharofiddinov bilan suhbat uyushtirish topshirildi. Zamonaning jasoratli ijodkori bilan muloqot qilish biz uchun katta sharaf edi, albatta. Lekin zukko munaqqid, yetuk adabiyotshunos, zabardast publitsistga munosib,   o'rinli savollar berish   mas'uliyatini o'ylab yuragimiz orqaga tortib ketgandi. Shuning uchun bir hafta-o'n kunlar tayyorgarlik ko'rib, nihoyat, yurak yutib domlaning huzuriga bordik.

Alloma insonning biz yoshlar bilan dildan, samimiy, uzoq suhbatlashgani, kitobga to'la xonalari, ulug' olimning muloqot asnosida bergan maslahat va yo'l-yo'riqlari hech qachon yoddan chiqmaydi. Oradan ko'p o'tmay “Turkiston” gazetasida bir sahifadan iborat “Bir inson yashasa shunday yashasin” nomli suhbat chop etilgandi.

Ha, Abduqodir Niyozov biz kabi ko'p­lab yoshlarni shu tarzda charxlab, to'g'ri yo'lga boshlaganliklari, ijodiy shakllantirganliklari ham haqiqat. Biz ustozning shijoati, ishga bo'lgan munosabatidan hamisha ibrat olishga intilardik. U kishi odatda har qanday boshlagan ishiga astoydil kirishardilar, yurakdan ishlardilar. Shu satrlarni yozayapmanu, ustozning yengi shimarilgan, bo'yinbog'i bo'shatilgan holda, qo'lida sahifa bilan xonasidan shitob chiqib kelishlari ko'z oldimdan o'tyapti. Kuzatganman, ba'zi bir rahbarlar xonasidan chiqish tugul, kursisidan qo'zg'alishni istamaydi. Lekin Abduqodir Niyozovni hali musahhih xonasida, hali sahifalovchilar yoki muxbirlar yonida uchratish odatiy hol edi.

Ustoz har doim talaba ijodkorlarni imkon qadar qo'llab-quvvatlardilar, chop etilgan ijodiy ishlari uchun qalam haqini ham boshqalarga nisbatan ko'proq miqdorda belgilash kerakligini ta'kidlardilar. Bu esa kunlik xarajatini tiyinlab hisob­lab, vaqti kelsa tushlik ham qilmaydigan biz singari talabalar uchun katta g'amxo'rlik edi, aslida.

Odatda gazeta sahifalanib, bosmaxonaga topshiriladigan kunlari tahririyatdan juda kech qaytishga to'g'ri kelardi. Men singari talaba yoshlar navbatchi bo'lib qolgan kezlarimiz Abduqodir Niyozov bizni o'z xizmat mashinasida talabalar yotoqxonasiga eltib qo'yishni hech kanda qilmasdi.

Maqolani qanday yozish yoki suhbat savollarini qay tarzda tuzishni o'rgatish, yozgan maqolangizning kamchiligini topib, ustidan ko'rib berishni, tahrir qilishni hamma ham uddalashi mumkindir, biroq bunday kutilmagan mehribonlik, bag'rikenglik hammada ham uchrayvermaydigan xislat edi, nazarimizda.

Abduqodir Niyozov jamoada yoshlarning fikrlari, takliflari bilan ham hisoblashar, yangi tashabbusni qo'llab-quvvatlashdan cho'chimasdilar. Mamlakatimiz bo'ylab “Turkiston” kunlari” — ma'naviy-ma'rifiy targ'ibot tadbirlari ham shu tarzda paydo bo'lgan edi. Bu tadbirlar bora-bora katta anjumanga aylanib, barcha viloyatlarda ko'tarinki ruhda o'tgani, qanchalab iste'dodli yoshlar kashf etilib, yuzaga chiqqani ko'pchilikning yodida bo'lsa kerak. Bu ezgu an'ana keyinchalik ham ancha davom etdi.

Oyning o'n beshi yorug' bo'lsa, o'n beshi qorong'u deyishadi. Ustoz Abduqodir Niyozov keyinroq ayrim tushunmovchiliklar, ba'zi idoralarning ta'ziqi ostida ishdan olindi. Oshkora adolatsizlik ularning qanotini qa­yirdi, ruhini cho'ktirdi. Er boshiga ish tushsa, do'stlar safi ham kamayib ketar ekan. Turli uzunquloq gaplarga, mish-mishlarga ishonuvchilar ham topildi. Taqdirning bu shafqatsiz zarbalari ustozning qaddini bukdi, uni xasta qildi.

Loyqa suvlar tinib, yuzlari yorug' bo'lib, Navoiy ko'chasi, 30-uyda joylashgan o'sha paytdagi Matbuot va axborot agentligiga ishga qaytganlarida, yana qadr topganlari uchun quvonganmiz. O'sha dargohda ham avvalgiday barchaga e'tiborli, mehribon ustoz sifatida faoliyat olib bordilar. Chunki Abduqodir aka ana shunday bosh­qalardan mehr ko'rmasa ham, o'zgalarga mehr-e'tibor ko'rsata oladigan, bag'ri keng, oqibatli inson, ulkan   qalb egasi edilar.

Odatdagi kunlarning birida ustoz­ning ishxonalariga bordim. Biroz suhbatlashgach, birga uyga qaytishga kelishdik. Shunda ustoz piyoda ketishni taklif qilib qoldilar. Menga bu taklif uncha yoqmasa ham, ustozning yuzidan o'tolmay rozi bo'ldim. Navoiy ko'chasidan Forobiy ko'chasiga qadar yayov suhbatlashib ketdik. Ustoz­ning gap-so'zlari, goh o'ychan, goh bolalarcha beg'ubor kulgu bilan aytgan fikrlaridan o'zimga saboq olib borardim. Azbaroyi suhbatning qizg'inligidan metroning “Beruniy” bekatigacha qanday yetib borganimizni ham payqamay qolibman. Manzilimizga yetgach ham ancha suhbatlashib turdik. Keyin esa ustoz doimgiday “Seniyam vaqtingni oldim-a” dedilar xayrlashuv chog'imizda. Men xijolat bo'lib, aksincha, ularga minnatdorlik bildirdim. O'sha kungi suhbat, ibrat va o'gitlar men uchun oxirgi dars bo'lib qolganini, bu so'nggi diydorlashuvimiz ekanini sovuq xabarni eshitgach angladim. Ha, biz xom sut emgan bandalar o'zimiz uchun qadrli bo'lgan insonlarning g'animat ekanligini shunaqa, doim kechikib, ularni yo'qotib qo'yganimizdan so'ng tushunib yetarkanmiz, endi bilsam…

Bugun Abduqodir Niyozov garchi hayot bo'lmasa-da, ularning o'nlab, yuzlab qalblarga ekkan ezgulik urug'lari bo'y cho'zib turibdi. Ustozni tanigan, bilgan borki, yaxshi inson edilar, deb eslaydi. Aslida bu foniy hayotdan yaxshi odam degan sifatga erishib o'tmoq ham katta baxt bo'lsa kerak. Ushbu ulug' oyda ustozni yod etib, ruhi pok­lari shod bo'lishini Yaratgandan so'rab qolamiz.

Xurshidbek RO'ZIYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − seven =