“Domla”

O'sha paytlari ToshDU (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakulteti kechki bo'limida o'qirdik. Kursdoshim, Tursunoy bolalar gazetasida, men “Gulxan” jurnalida yonma-yon ishlardik. Odatda har kuni o'qishga birga ketamiz. Juma kuni — ularda verstka (gazeta bosmaxonaga topshiriladigan kun). Bu juma Tursunoy navbatchi ekan. Muharrir gazeta sahifalarini chop etishga ruxsat berib imzo qo'yishini kutib kech qoldik. U paytda biz asosiy korpusda — Talabalar shaharchasida o'qirdik. “Navoiy-30” dan chiqib, 28-avtobusni kutdik. (Talaba taksida yurarmidi). Aksiga olib avtobus ham biram sekin yurdi. Universitet darvozasidan kirishimiz bilan kirish qo'ng'irog'i chalindi.

Koridorga kirib borganimizda auditoriyalarda darslar boshlanib ketgan, yopiq eshiklardan domlalarning ovozlari eshitilardi. Auditoriyaga yetib bordik. Garchi Tursunoy mendan avval eshik yoniga yetib kelgan bo'lsada tutqichni tortishga jur'ati yetmadi. Taqqa to'xtab menga qaradi. Kursimizning eng kichigi, a'lochisi bo'lganim uchunmi men ancha erkatoy edim. Shartta eshikni ochdim. Tursunoy ergashdi. Ammo ostonadayoq taqqa to'xtadi. Chunki   domlaning o'rnida bizga notanish jingalak sochli, yoqimtoygina yigit o'tirardi. Eshik ochilishi bilan o'rnidan dast turdi, ammo ko'zi bizga tushgach, yana joyiga qaytib o'tirdi.

— Kechiring domla, verstka edi, kech qoldik, – dedim uzrli ohangda.

— Aslo, sirayam kechirmang, domlajon. Bu qizlar faqat bugun emas doim kech qolishadi. Yana konspektlarini hech kimga berishmaydi, – dedi o'rta qatordagi birinchi partada o'tirgan Azim aka.

— Voy o'zingiz kursga yaqinda qo'shildingiz-ku, har doim kech kelishimizni qaerdan bilasiz?, dedim jahlim chiqib. – Men sirayam kech qolmaganman.

— To'g'ri, to'g'ri, ular kech qolishmaydi, – gapimni tasdiqlashdi boshqa kursdoshlarim.

— Mayli o'tiring, – dedi domla menga, keyin boyadan beri jimgina turgan Tursunoyga yuzlandi, — siz ham shu kursda o'qisangiz kerak.

— Ha, — dedi Tursunoy eshitilar-­eshitilmas ovozda.

— Bo'pti, o'tiringlar. Ammo bundan keyin kech qola ko'rmanglar, bir marta kechirdim, — jilmaydi domla. Keyin qo'shib qo'ydi, — agar seminarni yozgan bo'lsangiz Azimboyga berib turing. U — yaxshi shoir.

Auditoriyada gur kulgi ko'tarildi. Ammo kulgilarini ham tugatmasdan hamma o'rnidan turdi. Ne ko'z bilan qarayki suyukli domlamiz Begali Qosimov ko'zoynagini to'g'rilagancha auditoriyaga shoshilib kirib kelyapti.

— Uzr, majlis biroz cho'zilib ketdi, — dedi u xijolatomuz. O'tiring, o'tiring­lar.

Bunday qarasam “yangi domla” Azim akaning yonida o'tiribdi. Boplab laqillatishganiga bir jahlim chiqdi, bir kulgim qistadi. Keyin bilsam “domla” Sa'dulla Hakimov — Azim aka (Azim Suyun)ning sobiq kursdoshi ekan. Ular yaqinda harbiy xizmatdan qaytishibdi. Talabalik imtiyozidan foydalanib endi o'qishni biz bilan davom ettirishar ekan. O'sha-o'sha Azim aka menga Sa'dulla aka haqida gapirsa “domlangiz” deydigan bo'ldi. Sa'dulla aka bilan chiqishib ketdik. Ammo u kamtargina emas, kamgapgina ham edi.

— Sa'dulla ham juda biyron yigit edi, sho'rlik uylangach shu ahvolga tushib qoldi, — xoholab kulardi Azim aka. – Sa'dullaning egizak farzandlari bor. U tabarruk inson, – derdi so'ng jiddiy tortib. Chuqur daryo sokin oqadi deganlaridek, Sa'dulla aka garchi tortinchoq tuyulsa-da juda bilimli, tafakkuri keng yigit edi. Bilmaganlarimizni, ma'ruzada tushunmaganlarimizni undan so'rab olardik. Bunday paytda akamizning chiroyi ochilib, tortinchoqligi yo'qolardi.

— Sizni kursingizni yaxshi ko'raman, xuddi saralab olinganday. Hammangizni o'ziga yarasha qobiliyatingiz bor, – derdi dekanimiz Abdulla aka Sayfiddinov. Chindan ham kursimizda iste'doli qalamkashlar to'plangan edi. Sa'dulla Hakim, Azim Suyun, Xurshid Davron, Narzulla Jo'rayev, Rustam G'aniyev, Karim Rixsiyev, To'xtamurod Toshev, Saidjon Hidoyatov… Lekin Sa'dulla aka ham, Azim aka ham mashg'ulotlarga doim ham kelaverishmasdi. O'sha paytda ham ular nufuzli gazetalarda ishlashardi-da. Ular darsga kelgan kun bayram bo'lib ketardi. Hamma yangi yozgan she'rlarini bir-biriga o'qib fikrlashardi, bahru bayt musobaqasi o'tkazardik. Bu davralarga Azim aka bosh-qosh bo'lardi. Ayniqsa, o'sha paytda Sa'dulla akaning “Kumushbibi sizni sevib qoldim men”, Azim akaning “Oppoq bulut haqida qo'shiq” she'ri juda mashhur bo'lgandi. Kursdagi 32 talabaning hammasi bu she'rlarni yodlab olgandik. Azim akaning baxshiyona bir ruhdagi, junbushli tovushi, Sa'dulla Hakimning shikasta ovoz bilan boshlab tobora yuqorilashib boradigan sehrli ovozi bizni Forishning go'zal tabiati, so'lim go'shalariga yetaklab ketardi. Bir kuni “Matbuotchilar uyi”dan chiqib kelayotsam Sa'dulla akani uchratib qoldim. “Muhab­bat, sizni yoningizga borayotgandim, bu sizga deb qo'ynilaridan bir kitob chiqarib berdilar. Bu shoirning ilk kitobi “Hamal” edi. Unga men uchun ataylab dastxat bitgan ekanlar. Quvonib qutladim. “Hali bunaqa kitoblardan ko'pini sovg'a qilasiz degan umiddaman”, dedim.

— Ammo bir shart bilan, – kuldi u kishi, – bu kitob sizga qarz. Niyatim sizning ham kitoblaringizni o'qish… To'lqinlanib ketdim. Xuddi o'z og'amdek mehr bilan xayrlashdim. Sa'dulla aka keyinchalik “Ma'rifat” gazetasida muharrirlik chog'larida ham meni, Tursunoyni yo'qlab, qo'ng'iroq qilar, sizlar maktab, maorif hayotini yaxshi bilasiz. Muammolar bo'lsa ochiq-oydin qilib yozib beringlar, derdilar. Bu taklif bahona ko'plab e'tiroflarga sazovor bo'lgan bir qancha dolzarb mavzulardagi maqolalarim yozilgan.

1998 yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlandim. Bu yuksak mukofotni   mehribon og'am, do'stim Sa'dulla Hakimning qo'lidan olganim bir quvonchimga o'n quvonch qo'shgan. Sa'dulla akaning men hurmat qiladigan eng ajoyib fazilati u yuqori lavozimlarda ishlaganida ham kamtarligini, samimiyligini yo'qotmadi. Do'stlari uchun eshigi ham, qalbi ham hamisha ochiq edi.

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasiga rahbar bo'lib kelganlarini eshitib juda sevindim. Ammo yangi rejalar, topshiriqlar bilan ish boshlagan rahbarni bezovta qilgim kelmadi. Nihoyat, fursat kelib bir kuni yonlariga tushdim. Yuqoridagi fikrimni aytib, uzr so'radim.

— Aslo, do'stlar bilan, ayniqsa, sizday fidoyi qalamkash singlim bilan   suhbatlashishga doim vaqt topaman. Biz hamkasbmiz axir, sohamizning baland pastini siz ham yaxshi bilasiz, — dedilar, — qat'iy ohangda. Keyin stollari ustida turgan “Kokilli ilon”, “Xakka xolaning hangomalari” kitoblarimni olib, bolalarga atab ajoyib hikoyalar yozibsiz. Tabriklayman. Agar iloji bo'lsa nabiralarimga dastxat bilan taqdim qilsak, — deb kitoblarni qo'limga tutqazdilar.

— Voy o'zim bermoqchiydim, nega sotib oldingiz, – dedim xijolat bo'lib.

— Hoynahoy hali ularga qalam haqi ham olmagandirsiz, – jilmaydi og'aginam. Sa'dulla aka jilmayganda yosharib ketardi. Keyin qo'shib qo'ydilar: Nasib qilsa hademay jurnalistlarimizga imtiyozlar yaratamiz, mualliflik huquqlarini ham tiklashga harakatlar bor. Sizlar jur'atli, kamchiliklarga murosasiz bo'lib jamiyatdagi nuqsonlarni atroflicha yoritib, taraqqiyotga hissa qo'shib tursalaringiz bo'ldi. Sa'dulla aka ana shu ezgu niyatlar ro'yobi uchun astoydil harakat qildi. Ko'p narsalarga erishdilar.

Kursdoshimiz Rustam G'ani pandemiya­dan vafot etganda u kishi qattiq qayg'urdilar. Rustam aka haqidagi xotiralarini tinglab o'tirganimda hademay   mana shu olijanob do'stimdan ham ajralish xayolimning bir chetiga ham kelmagandi. Hayotni juda sevgan, uning qadriga yetgan bu inson nazarimda hali uzoq uzoq yashaydiganday tuyulgandi. Afsus, beshafqat o'lim so'rab, maslahatlashib kelmas ekan. Bu yaxshi odam u hali ezgu ishlar qilishda davom etsin yoki bu yomon odam undan boshqalarni halos qilish kerak, deb o'tirmas ekan.

Har gal Sa'dulla aka bilan xayrlashayotganimda u kishining:

“Bu yog'ini so'zlama xayr,

So'nggi gapni qoldir ertaga…” degan misralarini takrorlardim.

U kishi yayrab kulib, men qoldirgan oradagi satrni qo'shib qo'yardilar:

— Oramizda nimadir qolsin…

Ha, suyukli “domlam” bilan oramizda juda chiroyli xotira, go'zal she'rlar va adoqsiz sog'inch qoldi. Zero, kishilar qalbida yaxshi xotira bilan qolishning o'zi katta baxt. Oxiratingiz obod bo'lsin, siz domlalikka arziydigan bilimdon ustoz, mehribon do'st edingiz. Ilohim, jannatlarda ham do'stlaringiz safida bo'lish nasib qilsin.

Muhabbat HAMIDOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen + 2 =