Ustozlar kelganda…

O'zbek bolalar adabiyotining yorqin yulduzlaridan biri O'zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon hayot bo'lganida 75 yoshga to'lgan bo'lardi. Aslida shu satrlarni yozayap­manu xayolimdan o'tayotgan bir fikr menga aslo tinch­lik bermaydi. Nega endi hayot bo'lganida? Nazarimda va eng to'g'risi boqiy asarlar yozib, o'quvchilar qalbidan abadiy joy olgan shoir hech qachon o'lmaydi. Abadiy yashaydi!

O'ylab qarasam men Anvar akani 1985 yildan beri bilgan va tanigan ekanman. Shu yillar davomida Anvar aka o'zining tantiligi, hazil-mutoyibaga o'chligi, badiiy so'zga ustaligi, adabiyotni, ayniqsa, bolalar adabiyo­tini puxta, zo'r tushunishi va bolalarga xos yumor bilan, g'oyatda go'zal va betakror yoza olishi bilan qalbimdan chuqur joy olgan edi. Men yillar davomida Anvar akaning juda ko'p kitoblariga muharrirlik qilganim sabab bu fikrlarni ishonch bilan ayta olyapman.

Anvar aka “O'zbekiston” nashriyotiga ko'p kelib turar, suhbat chog'ida “tesha tegmagan”, “bolta uchirgan” gaplari va voqealari bilan bizni goho hayron qoldirardi. Eng qizig'i o'zi miyig'ida kulib gap boshlar, hazilda chegaradan chiqmas, lekin kerakli nuqtaga shunday urardi-ki, qoyil qolmaslikning iloji yo'q edi. Ustozi Erkin Vohidov uning bu xislati haqda quyidagi to'rtlikni yozganida mutlaqo haq edi:

 

Shoir Anvar Obidjonga hazil she'r yo'q,

O'ylar, akam to'rt yo'l yozsa o'larmidi?

Uning o'zi to'pponcha-ku, har so'zi o'q

Qurol bilan hazillashib bo'larmidi?

 

Boya aytganimdek Anvar Obidjon xonamizga kelsa bayram bo'lib ketardi. Buning ikki sababi bor edi. Birinchidan Anvar aka saxiy banda bo'lib, bizni qo'yarda qo'ymay tushlikka taklif etar, bizdek “miskin”larning qornini to'yg'azar, natijada “obed” puli yonga qolar, ikkinchidan esa bahonada Anvar akadan ichak uzdi hangomalarga boy voqealarni huzur qilib eshitar edik. Men ularning ayrimlarini Anvar aka haqidagi xotiralarimda yozganman va u “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasida bosilib chiqqan.

Endi eshitganingizni qayta eshiting. Anvar aka ana shunday o'tirishlarning birida ustozi O'zbekiston xalq shoiri, O'zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov bilan bo'lib o'tgan hangomani aytib qoldi. Men o'shanda Anvar akaga:

— Ustozga shunday hazil qila oldingizmi? – deb so'radim.

Anvar aka odaticha miyig'ida kuldi-da:

— Ustoz, hazillarni to'g'ri tushunardi va o'zi ham juda ajoyib hazillar qilardi, – dedi.

Men bu hangomani qo'limdan kelgancha she'rga soldim va uni sizlarga ham ilindim. Bu she'r, agar shunday atash mumkin bo'lsa mening O'zbekiston xalq shoiri, O'zbekiston Qahramoni Erkin Vohidovning 85 yillik yubileyi va uning sevimli shogirdi, ustozim O'zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjonning 75 yillik yubileyiga kichkina sovg'am bo'la qolsin.

 

                      E'TIROF

Anvar aka kulib so'zlardi bir-bir:

— Saharlab telefon jiringlab qoldi.

— Kim bo'ldi, shu mahal? Yurak ham dilgir

Go'shakdagi ovoz hushimni oldi.

Ustoz Erkin aka so'rardi ahvol,

Tanish va notanish hech kim qolmadi.

— Tinchlikmi? – Ey, ustoz. Aytdim bemajol

— Kecha sim qoqqandim, hech kim olmadi.

— Uzr, – dedim takror, kecha kech keldim,

Sizga salom Firdavs – Oltiariqdan.

— Xizmat bo'lsa so'zlang, nima gap, dedim,

— Bajarayin darhol. Aytdim chin dildan.

— Uch-to'rtta she'r yozdim, tinglab ko'ring-chi,

Fikringiz muhimdir, yoqsa mabodo.

— Fikr bizda bisyor, qani, o'qing-chi,

Tingladim, she'rlarda marjondir ma'no.

Ash'orlar zavqidan qalbim tubida

Bir “shumlik” uyg'onib, ko'nglim evrildi,

Ustoz hazillarga shaydolik sabab.

Shu lahza bir hazil gap aytgim keldi.

— Ustoz, – dedim jiddiy, fikrim qatma-qat.

Shunday she'r yozishda davom etsangiz,

Ishonchim komilki bir kuni albat.

Juda katta shoir bo'lib ketasiz.

— To'g'ri, – dedi ustoz. – Yashang, Anvarjon!

Dilimdagi gapni topib aytdingiz.

Bir kun katta shoir bo'lib ketguncha,

Men nima qilolgum, sizday shogirdsiz.

 

Bahrom AKBAROV,

O'zbekiston Yozuvchilar

uyushmasi a'zosi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 − seven =