Qalbimda dardlarim daryodek oqin

Usmon Nosir tavalludining 110 yilligi

 

Usmon Nosir (1912-1944) — o'zbek adabiyotining yorqin siymolaridan biri. Qisqa, ammo samarali ijod qilgan bu otashin shoir og'ir fojialarni boshdan kechirgani ma'lum. Nohaq tuhmatlar, soxta ayblar bilan adabiyot gulshanidan badarg'a qilinganida u bor-yo'g'i 25 yoshga to'lgan edi.

Shoir she'riyat maydoniga chaqmoqdek charaqlab kirib kelgan va muxlislar qalbini zabt etgan yillar sururga, ko'tarinki ruhga to'la edi. Buni inkor etish mumkin emas. Ayni zamonda shafqatsiz qatag'on qilichlari ham ayni shu yillarda begunoh kishilarning boshi ustida aylana boshlagandi. Vatanini, xalqini joni-dilidan sevgan. Ozodlik, baxt-saodat, adolat haqidagi shiorlarga astoydil ishongan va beg'ubor qalbi orzu-umidlarga to'la bo'lgan bu jo'shqin yigitning she'rlari buloq suvlaridek toza, musaffo. Ulardan ona sutining nozik xush bo'ylari, binafshaning nafis islari anqib turadi. Bu she'rlarning bag'riga hayrat, haya­jon, mehr, muhabbat bilan birga sof, g'uborsiz tuyg'ular singib ketgan. Ularni dard bilan, armon bilan o'qiysiz. Shoir ko'p yozishga, qalbidagi barcha sevinch-hayajonlarini qog'ozga tushirishga ulgura olmagan bo'lsa ham, o'z she'rining qadrini, bahosini yaxshi bilar edi. Sababi, u ilk kitoblarini chiqargan yillarda sho'ro she'riyatida mafkuraboz­lik, shiorbozlik, shaklbozlik yetakchilik qilar, chinakam badiiy asarlar vulgar sotsiologizm nazariyotchilarining qurboniga aylanib bo'lgan edi. Usmon Nosirning ham ilk she'rlarida bunday sox­­ta nazariyalar ta'siri uchrab turadi. Ammo bu o'tkinchi hodisa edi. Shoirning yorqin iste'dodi tor qarashlar doirasiga sig'mas edi. U quruq shiorlar, dabdababozlik, ofarinchilik chinakam she'riyatga yot tuyg'ular ekanini juda tez anglab yetdi. Shoir komil ishonch va iftixor bilan:

She'rim yana o'zing yaxshisan,

Boqqa kirsang, gullar sharmanda.

deb yozganda adabiy jarayondagi shunday noxush hodisalarga munosabat bildirib, o'z ijodi bilan badiiyat yo'lidan, chinakam san'at yo'lidan borajagini ochiq-oydin bildirgan edi. Shoir bu estetik mezonni sobit, mustahkam ushlay oldi. Davr sururini sodda, xalqona, yorqin she'riy obrazlar, ta'sirli badiiy vositalar orqali jo'shib kuylashga muyassar bo'ldi. Uning yetuk she'rlarida balog'at sari qadam tashlayotgan, orzumand ko'ngilning teb­ranishlari nihoyatda samimiy va tabiiy jarang­laydi. Mana bu misralar naqadar tiniq, beg'uborligiga o'zingiz guvoh bo'ling:

 

Gulzor — chaman. Yur, bog'larga

Eltay yetaklab.

Binafshalar terib beray

senga etaklab…

Chakkangga taq! To'lib tursin

oydek yuzlaring.

Kunday yorug', tunday qora

ekan ko'zlaring.

Dil tuyg'ulari, yurak xitoblari hech qanday hashamsiz, shiorlarsiz aytilganiga e'tibor bering. Hayotga maftun, umr bo'yi gulzor chamanlar qo'ynida yurishiga astoydil ishongan baxtiyor o'smirgina shunday fikrlaydi, shunday yozadi. Umuman, Usmon Nosir she'rlarida o'z tengqurlarini keng ma'noda kitobxonni olis yo'llarga, safarlarga, yuksak­liklarga chorlovchi xitoblar ko'p. U orzular og'ushida yashayotgan, hayot ishqiga to'la, baxtiyor yosh o'spirin, otashin shoir edi. Shuning uchun ham u katta samimiyat, katta hayajon bilan xitob eta oladi:

Yur, tog'larga chiqaylik,

Mayli, yur!

Eh… qandayin chiroylik,

Oppoq nur…

Yoki 1934 yilda bitilgan “oq” she'rida “Shu dunyo­­da men go'yo sevinchdan qanot bog'lab uchardim baland” deb yozadi shoir. Sevgi, yoshlik sururi va hayajonlari, ilk muhabbat, ijod nashidasi shoirning “Yurak”, “Bog'im”, “Yurganmisiz birga oy bilan”, “Hayot hali mening oldimda”, “Shirin bo'ldi hayot iqlimi” singari ko'plab she'rlarida harorat bilan tasvirlanadi. Ammo bu otashin surur—shoirning baxtiyor orzulari shafqatsiz hayot bo'ronlariga juda tez duch keldi. Shoir sho'ro davrining mohiyatini: hayot boshqa-yu, chiroyli shiorlar, shirin va'dalar boshqa ekanini, zamon daryosi og'ir ziddiyatlarga to'lib oqayotganini juda erta ilg'ay oldi. Zero, o'z davrining faol fuqarosi sifatida u ulkan mamlakatda “sinfiy kurash”, “xalq dushmanlarini fosh etish”, “quloqlarni sinf sifatida tugatish” niqobi ostida amalga oshirilayotgan adolatsizliklarni sezmasdan, bilmasdan bir chekkada tura olmas edi. Mehnatkash xalqni zo'rlab, majburlab o'tkazilgan “kollektivlashtirish” siyosati sho'ro davlatini jar yoqasiga keltirib qo'ydi. Dahshatli qatag'onlar izg'irini esa boshladi… Ana shu hayo­tiy hodisalar ta'siri ostida Usmon Nosirning ilk she'rlaridagi ko'tarinki ruh, farovon orzular mavjud hayot haqidagi og'ir o'ylar biln almashina bordi. To'g'ri, biz yosh shoir she'rlarida Cho'lpon, Fitrat, Elbeklarning 20-yillardagi she'rlari kabi ochiq kurashga chorlov ruhini ko'rmaymiz. Zero, 30-yillardagi hayotning ham, adabiyotning ham o'z zayli, o'z mayli, o'z tamoyillari bor edi. Ijodkorni dor ostiga olib borish uchun bu yillarda zulm haqida zolimlar va zo'ravonlar haqida gapirish, tuzumdan norozilikni hatto imo-ishora bilan bildirishga urinishning o'zi kifoya edi. Bunday imo-ishoralar, umuman, 20-yillarda yaratilgan ba'zi otashin she'rlarga mantiqan yaqinlik Usmon Nosir ijodida ham “Monolog”, “Nil va Rim”, “Isroil” singari asarlarida uchrab turadi. Umuman, 1934 yildan boshlab uning she'rlarida mavzu va mazmun ko'lami sifat o'zgarishlari yuz berganini ko'ramiz. Jumladan, “Yo'lchi” she'rida avvalgilaridan jiddiy farq qiladigan ko'tarinki, kurashchan ruhni, sururni ko'rishimiz qiyin emas:

Chu, qora toychog'im! Chu, qora yo'rg'am!

Murodga qasd qilib intilgan yetar.

Bo'ronni sevmasa dil nechun tepar,

Tiriklik ne kerak bemehnat, beg'am?!

M.Lermontovning mashhur she'ridagi ohang­larni “Bo'ronlarda bordek halovat” eslatadigan bu sururli, ammo qandaydir dardchil misralar. Shu she'rning o'zida yana kishini qattiq o'ylarga, xayol­­ga toldiradigan teran satrlar bor:

Ko'nglimda dardlarim daryodek oqin,

Chayqalar, ko'zlarim tikilgan sari…

Sho'ro jallodlari uchun “bo'ronni sevish”, “dardlarim daryodek oqin” misralari tuzumni o'zgartirishga da'vat. “Ko'ngil dardlari” zamonadan oshkora norozilik bo'lib tuyulsa, ne ajab!

Shoir “Nasimaga deganim” she'rida:

Oldimda kutadir imtihon—

Men og'ir janglarda bo'larman.

Nasima! Bu kungi issiq qon

O, balki to'kilur… o'larman…

deb yozgan edi.

She'r “Olovdek lovullab dil yonar, Baxtliman janglarga yarasam!” misralari bilan yakunlanadi. Bu dil e'tiroflarini ham turlicha talqin qilish mumkin. Har holda shoir yangi tuzum odamlarga baxt-saodat emas, sanoqsiz kulfat, musibatlar keltirganini, uni o'zgartirish lozimligini, o'zi ham shu yo'lda kurashga tayyor ekanligini ta'kidlayapti deb ishonch bilan ayta olish mumkin.

Nosoz zamonani rad etib, adolat, haqiqat so'zlarini aytishga endigina chog'langan jur'atli shoirning umri qirchimida qiyildi. Adabiyotga lovullab yonib kirgan ijodkorning qo'lidagi yangroq tor bevaqt sindirildi. Abdulla Qodiriy, Fit­rat, Cho'lpon, Elbeklar bilan bir kunda, bir payt­­da bir qatag'on kursisiga o'tkazilgan Usmon Nosir ham Sibir surgunida fojiali halok bo'ldi.

Shoirdan bizga yoniq she'rlar, ikki doston, drama va ehtiros bilan qilingan tarjimalar meros bo'lib qoldi. U buyuk rus shoirlari A.S.Pushkin, M.Yu.Lermontovning “Bog'chasaroy fontani”, “Demon” dostonlarini asliyat darajasiga yetkazib o'zbek tiliga ag'dara oldi. Bu ikki tarjima ham har doim katta hayrat va hayajon bilan o'qiladi.

Biz otashin shoir va tarjimon Usmon Nosirning ijodi haqida bir-ikki chizgi chizdik, xolos. Qolganini sizga Usmon Nosirning dilbar she'rlari va ehtirosli tarjimalari so'zlab beradi, aziz o'quvchi!

Ortiqboy ABDULLAYEV,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan

madaniyat xodimi,

filologiya fanlari nomzodi,

yozuvchi, tarjimon

          ShOIR ARMONI

 

                        Yoril, chaqmoqqa aylan tez!

                                                           Usmon Nosir

 

Saharlar qon tufurib o'tdim,

Ahvolimga yig'ladi Majnun.

Evoh, qoldi she'rlarim yetim,

Bilolmayman, ularni bir kun

O'qirmikin olis avlodim?

 

Evoh, qanday zamon — bu zamon?

Kecha-kunduz aylanar kuyun.

Zamon yomon, zamon — tegirmon!

Biz gard bo'ldik, biz bo'ldik somon.

Boshga tushgan bu qanday o'yin?!

 

Xalqim uchun, mayli men rizo,

Fido bo'lsin ming bitta jonim.

So'nggi fursat — labimda vido,

Mayli, o'lay, yolg'iz armonim:

Ozod bo'lsin O'zbekistonim.

 

Evoh, nega qoldim men nochor,

Erkka tashna, haqiqatga zor?

Kurashmoqqa yo'q hatto mador…

Bilib qo'y sen, ey raqib g'addor,

Tiz cho'kmasman… Qaydasan ey dor?!

 

Tik qarayman. Chekil ey, yolg'on!

Bo'lsang hamki qattol hukmron,

Senga aslo egmasman bo'yin.

Yurt ko'kida aylanar kuyun,

Guvillaydi mudhish girdibod.

 

Tomog'imni bo'g'adi faryod:

Xalqim, sen-la yurmoq shod, xandon

Peshonamga sig'madi, hayhot!

Muncha og'ir… og'ir bu qismat?..

 

                                    Ortiqboy ABDULLAYEV

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × 3 =