“Shamsdan oydin ma'rifat nuri”

Olim va jurnalist G'ofurjon Mahmudovni yo'qlab

 

G'ofurjon bilan bir fakultetda tahsil oldik. U tojik guruhida bizdan bir kurs keyin o'qirdi. Bu yigitning muomala madaniyatiga, toza-ozoda kiyinishiga havas qilardik. Ko'p o'tmay, fakultet yoshlar tashkilotida men rahbar va u o'rinbosar bo'lib birga ishlashga to'g'ri keldi. Shunda men G'ofurdagi ma'rifat va madaniyat sababini tushunib yetganman. Ma'lum bo'lishicha, u Samarqand tumanida anchagina tanilgan ziyoli muallim farzandi ekan. Bundan tashqari do'stimiz nafaqat safdoshlari, balki professor-o'qituvchilar bilan ham muomalani juda joyiga qo'yardi. To'rt yil davomida ana shunday bir xil faoliyat ko'rsatdi. Munosabatimiz yaqinligidan bir-birimizning uyimizdagi to'y-ma'rakalarga ham boradigan bo'ldik.

Men jurnalistikani, G'ofur esa olimlikni tanlagan bo'lsa-da, salom-aligimiz uzilgan emas. Bu orada u nomzodlik, doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildi. Yana bir do'stimiz Abdusalom Samadov bilan birga tez-tez uchrashib, adabiyot, tojik va o'zbek adabiyoti aloqalari, viloyat olimlari haqida ko'p suhbatlashardik. Domla keyinchalik SamDUda dekan o'rinbosari, fakultet dekani bo'lib ishladi.

Taqdirni qarangki, vaqti kelib, G'ofurjon bilan yana birga ishlash nasib etdi. Tojik tilida chiqadigan “Ovozi Samarqand” gazetasiga u bosh muharrir etib tayinlanganda rosa xursand bo'ldim. Chunki birinchidan, o'sha paytda bu nashrga tojiklar madaniyati, ma'rifati, adabiyotini yaxshi biladigan, o'tkir so'zli ziyoli kerak edi. Ikkinchidan esa, shu gazetaga kadrlar tayyorlash ham aynan bosh muharrirning gardaniga tushib turgandi. Aytishim mumkinki, G'.Mahmudov qisqa muddat ishlagan bo'lsa-da, bu vazifalarni uddalay oldi.

G'ofurjondagi samimiyat, ochiqlikka ko'p guvoh bo'lganman. Bir kuni u xonamga asabiy bir holda kirib keldi.

— Jo'ra, kayfiyatim yaxshi emas.

“Nega” deb so'radim men. “Qarang, duppa-durust maktab direktori gazetamizni o'qimasa-ya”. Men uni sovutgan bo'ldim:

— Do'stim, hozir bunaqangi odamlar bilan tortishadigan payt emas. Gazeta o'qigani bilan muomala qilavering.

Shundan keyin u o'zining ilmiy tadqiqoti – jadidlar ma'rifati haqida kuyunib gapirib ketdi:

— Qarang, jadid bobolarimiz Mahmudxo'ja Behbudiy, Vasliy, Saidrizo Alizoda, Xoji Muyin, Siddiqiy Ajziy, Shakuriy o'zlari hisobidan maktab ochgan, darslik yozgan, tag'in dars berishgan. Ammo minnat qilishmagan. Bular esa… borini o'qishmaydi.

Men yana jo'ramning asabiga “suv sepdim”. Oramizda ma'rifatni tushunmaydigan odamlar borligini, vaqti kelib ular jamiyat daryosining qirg'og'iga chiqib qolishini tushuntirdim.

Ertasiga G'ofurjonning stoliga ushbu to'rtlik yozilgan she'rimni qo'yib ketdim:

 

Shamsdek oydin ma'rifat nuri,

Yoritgaydir kecha-yu kunduz.

Charchamasin, deya tunlari

Oyni qo'llab turarkan yulduz.

Ey muallim, bo'lmag'il g'ofil,

Yolg'onchimas, haq so'z bo'laylik.

Oylarniku Xudo beradi

Hech qurmasa, yulduz bo'laylik.

(2008 yil, oktyabr)

 

Ertasiga menga telefon qildi:

— Rahmat jo'ra, bu she'rni o'sha direktorga yetkazaman, zora, o'qib ko'rsa…

Bunday muloqotlarimiz deyarli har kun bo'lardi. Muxbir, mualliflar yetishmasligi, ayniqsa, savodli musahhihlarning yo'qligi ikkalamizning ham “bosh og'rig'imiz” edi. Bunday paytda birgalashib maslahat qilardik. Ayniqsa, G'ofurjonning Samarqandning taniqli odamlari haqidagi maqolalari ko'pchilik e'tiboriga tushardi.

G'ofurjon odamlarga foydasi tegadigan ma'rifatli maqolalarni berishga intilardi. Bir-birimizdan tarjima qilardik. Har zamonda esa uyiga taklif qilardi. She'rxonlik, adabiyot haqidagi suhbatlar bo'lardi. Ayniqsa, jurnalist do'stimiz Xolmuhammad Nurullayev (Xudo rahmat qilsin), adabiyotsevar ukamiz Jamshid Ashurov, G'ofurjonning ukasi, sohir ovoz sohibi Shahriyor qo'shilganda davramiz chinakam “festival”ga aylanardi. Bunday davralarni sog'ingan paytimiz ham bo'lgan.

Bir kuni G'ofurjonga Matbuot uyida milliy matbuotimiz tarixiga oid muzey tashkil qilishimiz zarurligini aytdim. Quvonib ketdi. Shu sohada ilmiy ish qilgani uchun materiallari ko'pligini va bu muzey yosh hamkasblarimizga jadidlarimiz jasoratini ko'rsatib berishini ta'kidladi. Ishlarni rejalashtirdik. Ming afsuski, umri qisqa ekan, muzey ochilishini ko'rmasdan ketdi.

G'ofurjonning yana bir fazilati – har xil tarafkash to'dalardan o'zini tiya olardi. Shu bois uni saylovchilar avvaliga tuman kengashiga, keyin viloyat Kengashi deputatligiga saylashdi. Birgalikda yaxshi tadbirlarni amalga oshirdik.

G'.Mahmudov ma'rifatli oila farzandi bo'lgani uchun turmush o'rtog'i Matlubaxon bilan birga ikki o'g'il, uch qizni ziyoli qilib tarbiyalashdi. Binobarin, Matluba Xalq ta'limida 40 yil ishlagan ayol. Bugun o'g'li Akbar bilan baqamti ishlash jarayonida uning mehnat va tarbiyalari bekorga ketmaganidan xursand bo'laman. Chunki u tojik tilida so'zlovchilar milliy-madaniy markazi raisi sifatida ko'p tadbirlarda otasi kabi faollik ko'rsatyapti. Bir so'z bilan aytganda bu oila va sulola haqida Samarqand tumanidagina emas, balki viloyatimizda ham ziyolilar doimo faxr bilan so'zlashadi.

G'ofurjon Mahmudov hayot bo'lganida 70 yoshga to'lgan bo'lardi. Ming afsuski, biz uni bugun gazeta taxlamlaridagi o'tkir maqolalari, ilmiy tadqiqotlari, darsliklari va nashr etgan kitoblari orqali yo'qlab turibmiz. Binobarin, bu ma'naviy meros­ning qad­ri bebaho. Chunki u bizga doim samarqand­lik fidoyi olim va jurnalist, ma'rifatparvar ziyoli G'ofurjon do'stimizni eslatib turadi.

Farmon TOShEV,

“Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik”

gazetalari bosh muharriri,

Oliy Majlis senati a'zosi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × one =