Javohir

Ikki oycha hech narsa yoza olmay yurdim. Javohir haqida yozish juda og'ir bo'ldi. U bilan bog'liq xotiralar jonlanadi-da, yozishimga qo'ymaydi. Ko'ngilga g'am cho'kadi. Uning oramizda yo'qligiga haligacha ishongim kelmaydi.

Hozir ham u haqda yozishga chog'landim-u, bo'g'zimda nimadir achishgandek bo'layotir…

Dunyoda yaxshi insonlar, chin do'stlar borligi haqida, albatta, yozish kerak. Yo'qsa odamlar yaxshilar borligiga, do'stlikka ishonmay qo'yadi.

Javohir Qudratov bilan talabalik yillari tanishgandik. Ilk tanishuvdayoq u menda yaxshi taassurot uyg'otgan edi. Faqat qalbida qandaydir dard, chehrasida g'alati ma'yuslik bordek edi. Har gal uchrashganimizda menga doim nimadir demoqchidek bo'lib ko'rinardi. Davralarda o'zini juda vazmin, jiddiy tutardi. Kam gapirardi. Baqirib kulganini, quvonchini ovoza qilganini deyarli ko'rmaganman.

Taqdir nasib etib u bilan O'zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida magistratura bosqichida birga o'qidik.

Kursimizda bakalavr bosqichini O'zbekiston davlat jahon tillari universitetida o'qigan talabalar ko'p edi. Ochig'i, ularning ko'pi bilan o'sha payt ham, keyinchalik ham, hozir ham ahil bo'lib ketolmadik. Sanoqlilari bilan do'stona munosabat paydo bo'lgan.

Tahsildan keyin ham Javohir bilan hayotning turli ko'chalari, jurnalistlarning davralari, ko'pdan-ko'p tadbirlarda uchrashib yurdik. Doim munosabatlarimiz samimiy bo'lgan. Bir-birimizga doim hurmatimizni bildirib turardik. Unda   hammasi rost edi. “Qo'qoncha” tarbiyam bois ba'zan o'zim yoqtirmagan davralarga ham moslasha olardim. Ammo Javohir bunday qilolmasdi, yolg'on bilan murosasi yo'q edi. Shu bois unda zo'rma-zo'raki, sun'iy kayfiyat bo'lmasdi. Hammaga o'z munosabatini, ichki hissiyotini sezdirib turardi. Chunki toza odam edi. Boshqalarga sohta mulozamat qilolmasdi. Shunday qilishga majbur bo'lganida ham buni o'zi bilmay sezdirib qo'yardi.

Shunday davrlar bo'ldiki, hayot bizlarni o'z-o'zimiz bilan ovora qilib qo'ydi. Qachonlardir jurnalistikaga mehr va qiziqish tufayli tanishgan, do'stlashgan biz — yosh jurnalistlar oila qurish, ro'zg'orni butlashga andarmon bo'lib qoldik. Bu davrda hayot barchamizni obdon sinovdan o'tkazdi. Keyinroq bildimki, Javohirda ham bu davr oson kechmagan ekan. Eshitdim, hayotning ko'p sinovlarini boshidan   o'tkazibdi.

Birmuncha o'zimizni tutib, ulg'ayib uchrashgan paytlarimizda esa men boshqacha Javohirni ko'rdim. O'shanda u O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administra­siyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida   ishlardi. O'zaro suhbatlarimizda hayot uning dunyoqarashiga kuchli ta'sir o'tkazganini sezdim. Lekin xarakteri o'sha edi, vazmin, samimiy.

Bu vaqtga   kelib o'zim ham ko'p orzulardan voz kechgan, allaqachon bu hayot haqida xulosalar qilishni o'rgangan edim. Do'stlik haqidagi qarashlarim o'zgarib, insonlar o'rtasidagi do'stlikka ishonmay qo'ygandim. Bu borada achchiq xulosalarim bor edi.

Lekin Javohir ularga ta'sir o'tkazdi. U tufayli hatto ayrim qarashlarim o'zgardi. Boisi Javohir timsolida chinakam do'st topgandim!

Matbuot kotibi sifatidagi faoliyatimiz Agentlik bilan uzviy bog'liqligi sabab bizlar tez-tez muloqot qilardik, uchrashardik. Ayrim masalalarda o'zaro maslahatlashardik, ko'pincha fikrlarimiz uyg'un bo'lardi.

Shu davrda Javohir juda ko'p hamkasblarimga yordam berganiga shaxsan guvohman. U doim boshqalarga yordam berishga oshiqardi. Buni hamma yaxshi bilardi. Shu bois matbuot kotiblari ko'proq unga murojaat qilishardi. Chunki, ular masala Javohir bilan tezroq va o'zlariga foydaliroq hal bo'lishini yaxshi tushunishardi. U hamkasblarimni doim   qo'llab-quvvatlardi, muammoli masalalarda matbuot kotiblariga qayishardi.

Shu bois u olamdan o'tganda ko'pchilik yaqin insonini yo'qotgandek qayg'uga tushdi. Ha, biz uni   rostmana yaxshi ko'rar edik! Undagi odamiylikni, zehnni, masalaga professional yondashuvni qadrlardik. Unga tan berardik.

Javohirda kasbimizda juda muhim bo'lgan yana bir xususiyat bor edi. U qiyin va tezkor vaziyatlarda zarur qarorni qabul qila olardi. Boshqalarni ham kerak bo'lsa, shunga undardi. Ayrim holatlarda masalaga o'zi yechim topib berardi va ko'pincha shu qaror to'g'ri bo'lib chiqardi. Buni o'z fao­liyatimizda ko'p bora ko'rganmiz.

Javohir juda qiyin davrda – davlat organlari va tashkilotlarda axborot xizmatlari shakllanib, muhim tuzilmaga aylana boshlagan paytda OAKAda ishladi. Sohada kuzatilayotgan muammolar yangi va ko'p edi. Tabiiyki, aksariyat matbuot kotiblari ham tajribasiz edi. Bemalol aytish mumkinki, aynan o'sha vaqtda — 2019-2020 yillarda tashkilotlarda, mahalliy hokimiyat idoralarida axborot xizmatlari degan juda muhim tuzilmalar shakllandi. Bu jarayon oson kechgani yo'q. Shu davrda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xodimlari, shu jumladan, Javohir Qudratov ham mas'uliyatni, og'ir yukni o'z zimmasiga olib kechayu kunduz tinim bilmay mehnat qildi. Kerak bo'lsa, bu yo'lda shaxsiy hayoti   va halovatidan voz kechdi.

Ba'zi kunlari   tungi vaqtda qo'ng'iroq qilganimda hali ham ish joyida ekanini bilardim. Dam olish kunlari ham ko'pincha topshiriqlar bilan band bo'lardi. Hazillashib menga havasi kelishini   va oilasiga yetarlicha vaqt topa olmayotganini aytardi.

2019 yil noyabrining oxirida bir guruh matbuot kotiblari Moskvaga — xalqaro anjumanga bordik. 4-5 kunlik safar davomida Javohirni yanada yaxshiroq kashf etdim. U delegatsiyamizning rahbari bo'lib   borgandi. O'sha kunlari   ham tinim bilmadi, guruhning har bir a'zosi haqida qayg'urib yurdi. Ayrim xorijlik ekspertlarni O'zbekistonga matbuot kotiblari uchun maxsus seminarlar o'tkazish uchun taklif qildi   va ular bilan o'zaro kelishuvlar olib   bordi.

Esimda, o'shanda u bilan “Moskva-siti” majmuasini ko'rishga borgandik. Birga tushgan suratimiz ham bor. Ko'nglim   sezgandek suratga tushishni taklif etgan ekanman…

Hozir ham o'sha suratga ko'zim tushsa, ko'zlarimga yosh keladi. Yaqin bir insonim, bu dunyo­dagi bor-yo'g'i bir dona bo'lgan do'stimni   yo'qotib qo'yganimni ich-ichimdan his qilaman…

Javohir o'z ismiga mos bebaho inson edi, javohir yigit edi. Hayotda uningdek olijanob, yaxshi va toza odamlarni kam uchratdim. Oilaparvar ota edi, qalbida ko'p orzulari va boshqalarga havasi bor   edi.

Juda ko'p yosh jurnalistlar, hozirgi kunda matbuot kotibi bo'lib   ishlayotgan hamkasblarim Javohirni o'ziga ustoz deb biladi. Uning yaxshiliklarini, fazilatlarini doim eslab gapirishadi.

Koronavirus pandemiyasi kuchaygan davr­­da uning bemorligini eshitib, hol-ahvol so'rab yozdim. “Aka, duo qilib qo'ying. Shifoxonada davolanayapman”, deb xabar yo'lladi. Aytganidek duo qildik. Lekin Allohning hukmi ekan, biroz o'tib   qabri boshida g'amga botdik…

Yaxshi insonlarning ismi doim duolarda, qalblarda bo'ladi.

Javohir, sening xotirang ham qalblarimizda!

Oxirating obod bo'lsin, do'stim!

Shuhrat ORIF

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen + 10 =