Haqiqiy olim edi
Boybo'ta mening do'stim, ukam. Uning matbuotimiz tarixiga oid kitobi juda katta zahmatlar evaziga dunyoga keldi. U nafaqat yaxshi olim, balki yaxshi odam sifatida ham bebahodir. Biz ellik, oltmish, yetmish yoshni tantana qilishga o'rganib qolganmiz. Agar yaxshi odamlarning yubileyi ham nishonlanganda birinchilardan bo'lib Boybo'tani qutlagan bo'lardik.
Bundoq izzat-hurmatning boshqalar uchun ham g'oyat ibratli tomonlari bor. Demak, kimdaki halollik, xudo bergan iste'dod qatorida astoydil mehnat, bag'rikenglik, dilparvarlik bor ekan, bunday odam, albatta, o'z munosib bahosini olib, el-yurti, hamkasblari va shogirdlarining e'tirofiga sazovor bo'lg'usidir.
Abdulla ORIPOV,
O'zbekiston Qahramoni,
xalq shoiri.
Boybo'ta Do'stqorayev chinakam ilm kishisi. U tom ma'noda igna bilan quduq qaziydi. Arxiv materiallarining changlarini yutishdan ozorlanmaydi. Topgan yangi ma'lumotini obdon tekshirib, keyin matbuotda e'lon qiladi. Bu xususiyat, afsuski, o'zini ilm kishisi deb hisoblaydiganlarning hammasiga ham xos emas. Boybo'ta Do'stqorayev singari zahmatkash olimlargina chinakam ilmiy yangiliklar yarata oladi. Uning “O'zbekiston jurnalistikasi tarixi” kitobi fikrimizga bir dalildir. Shu ma'noda professor Boybo'ta Do'stqorayevni o'zbek jurnalistikasi tarixi asoschisi, deb biladiganlarni haq deb o'ylayman.
Mahmud SA'DIY,
O'zbekiston Respublikasida
xizmat ko'rsatgan jurnalist
Boybo'ta akani ilk bora 1987 yili ToshDUning jurnalistika fakultetiga ijodiy imtihon topshirish paytida ko'rganman. Boshqa abiturientlar qatori u kishining ism-shariflarini bilmasdim. Ikkinchi bora paxta mavsumida duch kelganman. Bunday damlarda atrofingizdagi insonlarni boshqa tomondan kashf etasiz. U yerda Boybo'ta Do'stqorayevni ko'pchilik mehribon inson sifatida bilgan bo'lsa-da, sanoqlilarigina uning jadid matbuoti va adabiyoti bilimdoni ekanligini anglardi.
Ustoz gulxan atrofidagi kechki gurunglarda matbuot tarixi haqida ma'ruza o'qimagan bo'lsa-da, Cho'lponning go'zal she'rlarini ilk bora uning tilidan eshitganmiz:
Qorong'u kechada ko'kka ko'z tikib,
Eng yorug' yulduzdan seni so'raymen.
Ul yulduz uyalib, boshini bukub,
Aytadir: men uni tushda ko'ramen,
Tushimda ko'ramen – shunchalar go'zal,
Kundan-da go'zaldir, oydan-da go'zal!
…Bu kabi she'rlar qalban shoir bo'lgan muhabbat yoshidagi talabalarga xush yoqar, domladan ko'chirib yod olishar, takror-takror o'qishdan charchashmasdi. Biroq Sho'rolar davri bo'lgani bois Cho'lpon va boshqa ijodkorlarning ozodlik haqidagi asarlarini tilga olib bo'lmasligini o'shanda biz – talabalar bilmasdik. Holbuki, Boybo'ta aka jadidlar chop etgan eski yozuvdagi gazetalarni o'qib-o'rganayotgandi.
Chindan ham, bu murakkab jarayon edi. Matbuotda, auditoriyalarda tarix, demokratik prinsiplar haqida bahslar boshlangan kezlarda O'zbekistonda yakkayu yagona jurnalistika fakulteti talabalariga dars o'tishga uncha-muncha o'qituvchining yuragi betlamasdi. Bo'lajak jurnalist-talabalar, o'ta aqlli bo'lmagandir, lekin tarixning taqiqlangan sahifalari o'qilayotgan, mustabid sho'ro tuzumining manfur basharasi ochila boshlagan bir paytda ularning o'qituvchilarga beradigan savollari behad ko'p edi. Bu savollarga esa saviyasi yuksak, chuqur mulohaza yuritishga qodir ustozlargina munosib javob berardilar.
Ana shunday fursatda Boybo'ta aka ko'plab talaba-jurnalistlar qalbida o'zining chuqur ma'noli mulohazalari, erkin fikrlari, tarixiy dalillarga boy saboqlari bilan hurmat-ehtirom qozondi. Demokratiya to'g'risida yoki tarixiy mavzuda bahslashish, bor ovozda hayqirishdan ko'ra, sabr-qanoat bilan juda ko'p o'qib, ro'y berayotgan voqealarning tub mohiyatini anglashimiz lozimligini o'rgatdi.
O'zbekiston hurriyatga erishgach, B.Do'stqorayev jadidlar davrini yangicha nazar bilan o'rganishni davom ettirdi. Boybo'ta akaning “O'zbekiston jurnalistikasi tarixi” (1-qism. 1870–1917 yil noyabr) deb nomlangan darsligi qisqartirilib chop etilgan bo'lsa-da, ko'plab mutaxassislarning e'tirofiga sazovor bo'ldi. Uni mutolaa qilgan talabalargina emas, hatto tadqiqotchilar ham qimmatli fikr va dalillar bilan tanishmoqdalar.
Dorilomon kunlarga odatlanib qolgan kishilar mazkur tadqiqotga ham oddiy kitob sifatida qaray boshladilar. Aslida-chi?..
Aslida jurnalistika tarixi bo'yicha yaratilgan mazkur ilk darslik — fundamental tadqiqot edi va u birlamchi manbalar asosida yozilgan.
Tadqiqotning o'ziga xos xususiyatlari haqida gapirganda, avvalo, muallifning o'zigacha o'rganilgan manbaalarga e'tibor bilan yondashganini, ulardagi yaxshi jihatlarni ta'kidlab, yo'l qo'yilgan xato va kamchiliklarga tuzatish kiritganini, mustabid sho'ro mafkurasi bosimida “yaratilgan” tarix nuqsonlari, soxtaliklarini ochib berganini ta'kidlash joiz.
B.Do'stqorayev tarixni, xususan, jurnalistika tarixini davriylashtirishda o'ziga xos, to'g'ri yo'lni tanlagan. Chunonchi, u O'zbekiston jurnalistikasi tarixini tasnif qilishda bosh mezon sifatida mustaqillik hodisasini oldi va shu tushunchadan kelib chiqqan holda uni ikki asosiy davrga bo'ldi: Mustabidlik davri O'zbekiston jurnalistikasi (1870-1991 yil 31 avgust); mustaqillik davri O'zbekiston jurnalistikasi (1991 yil 31 avgustdan keyingi yillar).
Bu davrlarni ham muayyan qismlarga bo'lish mumkinligini ta'kidlarkan, muallif tadqiqotda “Rossiyada monarxiya hukmronlik qilgan yillar O'zbekiston jurnalistikasi (1870- 1917 yil fevral)” va “Muvaqqat hukumat davrida O'zbekiston jurnalistikasi (1917 yil mart – 1917 yil noyabr)” bo'limlarini batafsil yoritgan.
Kitobning “Turkistonda matbuot yuzaga kelishi arafasidagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat”, deb nomlangan bobida Turkistonning bosib olinishi va mustamlakachilar yuritgan zo'ravon siyosat, ularning targ'ibot vositasi – gazetalarda chop etilgan materiallar asosida tarixiy voqealar tahlilga tortilgan, bosqinchilarning amalga oshirgan qilmishlari qiyosiy usulda tadqiq etilgan.
Necha yildirki, 27 iyun jurnalistlarning kasb bayrami sifatida nishonlab kelinayotir. Ko'pchiligimiz bu sana “Taraqqiy” gazetasining 1-soni chiqqan kun ekanligini ham bilamiz. Lekin “Taraqqiy”ni kimlar chiqargan, eng muhimi, muharrirning boshi uzra mustamlakachi hokimiyatning, qolaversa, ular malaylarining oyboltasi osilib turgan bir paytda bu gazetada qanday mazmundagi maqolalar bosilganidan hammamiz ham xabardor emasmiz. Vaholanki, senzura mahkamasida gazetaning har bir soni o'qilib, fikrlar, so'zlar o'zgartirilib, qisqartirilib, chop etishga ruxsat berilgan. Shunday bo'lsa-da, gazeta jamoasi ozodlik g'oyasini xalqqa tushuntirishga erishgani va shu sabab u ko'p o'tmay yopilganini aytib, “Taraqqiy”ning mazmun-mundarijasini sharhlash bilan birga, ulardan ko'chirmalar ham keltiradiki, ushbu iqtiboslarga tayanib tolibi ilm ko'pgina savollariga javob topishi mumkin. Masalan, matbuot erkinligining o'sha davrdagi holati haqida nashr muharriri maqolasidan kitobxonga havola etgan ko'chirmani olaylik: “Hozirda ijtimo', kalom, matbuot uchun berilg'on hurriyatlar to'shak ustida og'zig'a suv tomizilib turgon og'ir xastadek ekanini tilsiz va ko'r tabiblar ham tasdiq eturlar”. Bunday e'tirof – dalildan so'ng izohga hojat qolmasa kerak…
“O'zbekiston jurnalistikasi tarixi” yirik tadqiqot sifatida nafaqat bo'lajak jurnalistlar, balki tarixchilar uchun ham muhim manba bo'lib xizmat qiladi. Deylik, 1917 yil fevral voqealaridan toki bolsheviklar hokimiyatni qo'lga olgunlarigacha bo'lgan davrda ro'y bergan voqealarga oid tafsilotlar o'sha davrda chiqib turgan gazetalarda chop etilgan maqola va xabarlar ko'chirmasi bilan berilganki, ularni o'qib xalqning birikmagani oqibatida ozodlik qo'lga kirita olinmagani bilan bog'liq sabablar oydinlashadi. Shu o'rinda darslikda ko'plab iqtiboslarning berilgani uning majmua vazifasini ham o'tashini ta'kidlash joiz.
Boybo'ta Do'stqorayevning “O'zbekiston jurnalistikasi tarixi” kitobi mutolaasi bo'lajak jurnalist-talabaning mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, kelajakda uni har xil mafkuraviy tahdidlarga qarshi kurashishga toblashi bilan ham e'tiborga loyiqdir. Shu ma'noda bu tadqiqotning dunyoga kelishi o'zbek jurnalistikasi ta'limida o'ziga xos voqea bo'ldi.
Shuningdek, B.Do'stqorayev Cho'lponning “Go'zal Turkiston” kitobini nashrga tayyorlab, unga so'zboshi va izohlar yozdi, “O'zbek tanqidchiligi tarixi. 1917–1925 yillar”, “Farg'ona jurnalistikasi” singari o'nga yaqin kitoblari chop etildi.
Shogirdlaridan S.Yo'ldoshbekova “Cho'lpon publitsistikasi”, N.Toshpo'latova “O'zbek matbuotida istiqlol mavzusi”, N.Namozova “Hoji Muinning publitsistik va muharrirlik faoliyati”, G.Nishonova “Oyina” jurnali, ushbu maqola muallifining Mahmudxo'ja Behbudiyning publitsistik va muharrirlik faoliyati bo'yicha nomzodlik dissertatsiyalariga ilmiy rahbarlik qildi.
Professor Boybo'ta Do'stqorayev 1989 yildan ToshDU (hozirgi O'zMU) jurnalistika fakulteti “Matbuot nazariyasi” kafedrasini boshqargan bo'lsa, 1999 yildan O'zDJTU tarkibida yangi tashkil etilgan xalqaro jurnalistika fakultetining matbuot nazariyasi, amaliyoti va tarixi kafedrasiga mudirlikka taklif etildi. U o'qitgan talabalar O'zbekistonning turli go'shalaridagi ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritmoqdalar.
Chinakam olimlik martabasiga erishish osonlik bilan amalga oshmaydi. Fidoyi, jonkuyar va zahmatkash ustoz, filologiya fanlari nomzodi, professor, “O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi” unvoni, nufuzli “Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindori Boybo'ta Do'stqorayevning ilm yo'lida sabr-matonat bilan tashlagan har bir qadami yoshlar uchun ibrat bo'lib qolaveradi.
Halim SAIDOV,
filologiya fanlari doktori