Yaxshilik birla qolsa nom

Xotira uyg'onsa go'zaldir. Har sohaning fidoyilari bo'lgani kabi jurnalistika sohasining ham fidoyilari hamisha bo'lgan. Aynan o'sha insonlar orqali soha rivojlangan. Shu o'rinda Sharap Usnatdinov ismi tilga olinsa, eng avvalo, u kishining jurnalistik faoliyati albatta, e'tirof etiladi. Sharap Usnatdinovning ijod va hayot yo'lini otaxon gazeta “Yerkin Karakalpakstan” gazetasi bilan chambarchas bog'lash mumkin. Umrini mazkur gazetani oyoqqa turg'azish, matbuotga   xizmat qilishga sarflagan zabardast jurnalistning maqolalari dolzarbligi bilan gazetxonlarda qiziqish uyg'otgan. Aytaylik, “Yerkin Qaraqalpaqstan” gazetasi sahifalari “Qaerdasiz, qandaysiz, yigitlar?”, “Unut qolgan xirurgning kundaligi”, “Aniq manzil buyuk maqsadlar”, yurtimizdagi o'zgarishlar to'g'risida, “Davron qaragan el”, Ustyurt, soda zavodi faoliyatiga oid rang-barang mavzudagi publitsistikalari va boshqa maqolalari aynan Sh.Usnatdinov qalamiga mansubligi bilan boyib bordi.

O'rtadan kelgan bo'yi, istarali chehrasi, salobatli ko'rinishi, u kishining o'ziga xos tabiatidan darak beradi. Ustoz jurnalistda uzoqni ko'ra olish qobiliyati kuchli bo'lgan va iste'dodlarni doim qo'llab- quvvatlab kelgan. U nafaqat mohir jurnalist, kuchli siyosatchi ham edi. Oliy Majlis Senati a'zosi sifatidagi faoliyatida o'zining oratorlik salohiyatini ko'rsata oldi.

Mehnatlari munosib baholanib, “Qoraqalpog'iston Respublikasi xalq yozuvchisi”, “El-yurt hurmati”, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. Qay soha va qaysi lavozimda ishlamasin, samimiyligi, hozirjavobligi, bilimdonligi bilan jamiyat taraqqiyotiga hissa qo'shib yashadi. Ko'rinishidan jiddiy bo'lgani bilan qo'l ostidagilarni doim qo'llab, ularga g'amxo'rlik ko'rsatib, insoniylik fazilati bilan do'stlari-yu, shogirdlari qalbidan chuqur joy egallagan. Jumladan, shogirdi, shoir Rivoj O'terbayev “Sh.Usnatdinov zamonaviy qoraqalpoq jurnalistikasi karvonboshisi” maqolasida shunday yozgan: “…Mohir so'z ustasi Sh.Usnatdinov xalq ko'nglidan teran joy egallagan, qoraqalpoq tilining ipakdek mayin, kamalakdek rang-barangligi, jilvadorligini o'z publitsistikasiga singdira olgan, betakror iste'dod egasi edi. “Azat Berdishev fenomeni” essesi, “Zamondoshlar kelbati” adabiy portretlar turkumi o'quvchini beixtiyor sehrlab olardi.

O'zining 78 yillik hayoti davomida qoraqalpoq jurnalistikasida o'ziga xos yo'l solib, ijodning o'jar va asov, chopqir otini ustalik   bilan jilovlay olganligi uchun, atoqli jurnalist, el suygan yozuvchi, odamlar so'zlarini maroq bilan eshitadigan suxandon darajasiga yetdi”.

Marhum jurnalist, mahoratli yozuvchini tanigan, hamsuhbat bo'lganlar, undagi notiqlik san'atiga qoyil qolishgan. Davralarda, katta-katta minbarlarda turib falsafiy fikr­lari va donishmandlardan iqtibos keltirib gapirishlari, shoirtabiat emasmi, O'zbekiston Qahramoni I.Yusupov she'rlaridan misralar o'qiganida zaldagilar hayratda qolish­lari ham bor gap edi. So'zga chechanligi qonida bo'lsa kerakki, u kishisiz davralar ham g'arib edi. Ishi bilan so'zi bir insonning o'zi ham donishona yashadi, — deya bemalol aytish mumkin. O'tkir qalam sohibi yaratgan “Kimga kech, kimga tong sahar”, “Ko'rganlarim, ko'ngildagilarim”, “So'nggi ovchi”, “Ka'bam onam”, “Qismat qo'shig'i”, “Birinchi qoraqalpoq baletmeysteri”, “Shoirning yoshligi” roman-essesi, qator qissalari, hikoyalari qoraqalpoq adabiyotining boy mulkiga aylangan. U yaratgan asar qahramonlari obrazida adibning go'zal ichki olamini ko'rasiz, go'yo. Haqiqiy ijodkor ikki bora yashaydi deganlaridek, Sharap Usnatdinov ham o'lmas asarlari orqali adabiyot olamida mangu tirik. Zero, adabiyot bor ekan, Sharap Usnatdinovning ikkinchi hayoti davom etaveradi.

Fotima ABDURAIMOVA,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − 8 =