Fransiya qarshilik harakatining o'zbekistonlik qatnashchisi

Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan hamyurtlarimiz hamda xorijiy davlatlar jangchilari tomonidan namoyish etilgan jasoratu qahramonliklar, abadiy judoliklar, keltirilgan mislsiz qurbonlar to'g'risida hikoya qilish, o'tganlar xotirasini yodga olish, ularga hurmat-ehtirom ko'rsatish bugungi kunda baxtli hayot kechirayotgan biz avlodlar uchun ham farz, ham qarz.

Shu mavzudagi hikoyamiz Yevropada nemis fashistlariga qarshi kurashgan Fransiya qarshilik harakatining o'zbekistonlik qatnashchisi,  hamyurtimiz, toshkentlik o'qituvchi Andrey Andreevich Ayrapetov haqida.

Ming-minglab, ayrim hollarda yuz minglab auditoriya bilan aloqaga chiqadigan jurnalistning shifokor-jarroh kabi xatolikka yo'l qo'yishga haqqi yo'q. Sobiq Ittifoq davrida Rossiya televideniesining “Vremya” dasturida muxbirlik qilayotgan paytlarimda bir odat bo'lar edi. Mening iqtisodiyot, qishloq xo'jaligi, sanoat, transport, seysmologiya va boshqa maxsus bilimlarni talab qiladigan mavzular bo'yicha shu sohaning chuqur bilimdonlaridan, ko'pincha ular olimlar bo'lishar edi, jamoatchilik asosida maslahatchilarim bo'lar edi. O'z sohasida biron-bir yangilik bo'ladigan bo'lsa, ular tezlikda menga xabar qilishar va men bu yangiliklarni saralab, Moskvadagi kuratorim bilan kelishib, ish rejamga kiritar edim. Ular haqida in­tervyu, reportaj, lavhalar tayyorlar edim. Televidenie talablaridan kelib chiqib maslahatchilarim menga yaxshi ma'noda shov-shuvga sabab bo'ladigan, muhim, hali “tesha tegmagan” mavzularni aytib turishardi. Bu tanish-bilishlarimni keyingi jurnalistik faoliyatimda ham saqlab qolishga harakat qildim.

Qishloq xo'jalik masalalari bo'yicha ko'ngilli maslahatchim, O'zbekiston Fanlar akademiyasi O'simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot institutining tajribali seleksioner olimi Georgiy Ayrapetov bir kuni:

— Men senga hech botinib ayta olmay yurgan edim, hozir aytmasam, kech bo'ladi, — dedi-da, otasining o'tmishi haqida gapirib ketdi.

Otasi Andrey Andreevich Ayrapetov Ikkinchi jahon urushi boshlangunga qadar Toshkent markazidagi maktablardan birida rus tili o'qituvchisi bo'lib ishlagan ekan. Urushga ham ana shu ish joyidan chaqirilgan.

— Mening otam urushda asrga tushgandan keyin Fransiyaga qochib, u yerda ham Fransiya qarshilik harakatining qatnashchisi sifatida fransuz partizanlari harakatida ishtirok etgan. Mana, urushning tugaganiga ham 50 yil bo'layapti (1994 yili edi – muallif), lekin u haligacha Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi maqomini olgani yo'q, pensiyasi ham o'rta ishchining nafaqasi qatori. Hozir 90 ga to'layapti, endi unga ko'p narsa ham kerak emas, lekin nomini oqlash uning uchun va biz farzandlari uchun muqaddasdir1. Hayotdan nahotki shunday holda o'tib ketaman? — deb yig'laydi qariya. Harbiy komissariatga hech narsani tushuntirib bo'lmayapti, hukumatga qilgan murojaatlarimiz yana o'sha komissariatga borib taqalib qolayapti. U xalq oldida, jamoatchilik oldiga chiqib butun bo'lgan voqealarni gapirib bermoqchi. Shunga bir dadilroq jurnalist topilmayapti. O'zing aralashmasang bo'lmaydi shekilli, shuning uchun ataylab senga keldim. Bir sen ham shug'ullanib ko'rgin, jon do'stim, — dedi Georgiy Andreevich.

Men uning jiddiy mavzuga oid hikoyasini tinchgina eshitdim. Harbiylar ularning ishiga aralashganlarni xush ko'rishmaydi. Buni ko'pchilik tushunadi. Xo'sh, agar shu aytganlarning barchasi haqiqat bo'lsa, unda adolat, haqiqat, jurnalistik vijdonim qani, inson taqdiri-chi? Axir u Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, agar shu haq bo'lib, u qaror topsa, u jamiyatdagi eng hurmatli, eng qadrli kishilar qatoridan o'rin oladi. Muhimi, Inson ulug'lanib, haqiqat qaror topadi va bu dunyodan u rozi bo'lib, yorug' yuz bilan ketadi, — dedim o'zimga.

— Mayli, men bir o'ylab ko'rayin, — dedim-da bosh­­qa hech narsa demay ishimga sho'ng'ib ketdim. O'zimcha bu mavzuning ham mavrudi kelib qolar, deb o'yladim ichimda.

Bir-ikki oylardan keyin televideniedagi umumstudiya yig'ilishida Televidenie rahbari O'zbekis­tonga Fransiya Prezidenti Fransua Mitteranning rasmiy tashrifi bo'lishligi haqida ma'lumot berib, tayyorgarlik ko'ringlar, ayniqsa, xalqaro ko'rsatuvlar tahririyati, deb rahbar menga undalma qildi. Bizning tahririyatimizga shu mavzuda ko'rsatuvlarni rejaga kiritish tayinlandi.

Shundan so'ng, men muharrirlardan biriga Ayrapetovni tezlikda topinglar, u bir muhim mavzuni aytgan edi, deb topshiriq berdim.

Bundan xabar topgan Georgiy Andreevich tahririyatga telefon qilib qoldi. Men undan otasining turar joy manzilini so'rab yozib oldim. Tez kunda tasvirga tushirish guruhini olib, Toshkent aeroporti yaqinidagi mavzeda istiqomat qiladigan Andrey Andreevichning uyiga yetib bordik.

O'tgan asrning 50 yillarida qurilgan uy-joy. Qahramonimiz farzandlaridan xoli bir o'zi yashar ekan. Qarovsiz, huvillagan hovli. 90 yoshli otaxon bu yerda o'z qayg'usining azobini bir o'zi tanho tortar edi. Inson bu yoshda ancha injiq bo'lib qoladi. Ko'p narsani xush ko'rmaydi. Yuragidagi dardini esa tinglaydigan odam yo'q. Darvoza o'rnidagi kichkina ko'cha eshik ochiq holda ekan. Hovliga kirdik. Eski oromkursida oqquvadan qotma kelgan qariya o'tirardi. Ko'm-ko'k ko'zlar hamon jonli. Bizni ko'rib ko'zi bilan jilmaygandek bo'ldi, o'rnidan turishga harakat qildi. Men tez yurib borib, u kishi bilan qo'l berib salomlashdim. Tasvirchi, uning yordamchisi va chiroqchi otaxon o'tirgan xonada kamera va yoritg'ichlarni o'rnata boshladilar. Men salomlashib:

— Andrey Andreevich, keling sizning Ikkinchi jahon urushidagi jangovor hayotingiz, bosib o'tgan yo'llaringiz to'g'risida gapirishaylik, — dedim.

— Urushdan oldin men Toshkentdagi o'rta maktabda o'qituvchi bo'lib ishlaganman, — deb gapini boshladi Andrey Andreevich. — Ana shu maktabdan meni urushga chaqirishgan edi.

U kishi o'qituvchi bo'lgani uchunmi, yoki yuragini ezib yurgan voqealarni eshituvchi odam topilgani uchunmi, shunday samimiy, jonli, kishini o'ziga rom etadigan holda gapirib ketdiki, men tasvirga tushirayotganimizni ham unutib, hikoyasiga mahliyo bo'lib eshitdim.

— Urushda qo'limda qurol bilan Germaniyagacha bordim. Janglarning birida asrga tushdim. Lagerdan qochdim, keyin men fransiyalik qochoqlarga qo'shilib ketdim. Biz Fransiya qarshilik harakati tarkibida nemis-bosqinchilariga tinimsiz qaqshatqich zarba berar edik. Qishloq shaharlarni ozod qildik.

Aytgandek, Fransiya prezidenti Fransua Mitteran o'sha paytda bizning qarshilik harakatimiz qo'shiniga parallel yo'nalishda urushayotgan edi.

U qator frontlar, armiyalar, polklar, armiya komandirlarining ismi-shariflarini, unvonlarini aytar, bosqinchilardan ozod qilingan qishloqlarni, shaharlarni nomlarini keltirar, Fransiya qarshilik harakati  to'g'risida noyob axborot berar edi. Shuningdek, Fransiya partizanlar harakatida xizmat qilgan ikki nafar o'zbek jangchisining ham ismi-sharifini, yashaydigan manzilini aytdi.

Men qidirib borib, Toshkentning eski shaharida ularning uylarini topdim. O'zlari olamdan o'tishgan ekan. Lekin qarindosh urug'lari:

— Ular o'tib ketishdi, keling, shu mavzuni ko'tarmay qo'ya qolaylik, deb ismi-shariflarini televidenie ko'rsatuvida keltirishimni tavsiya etmadilar.

Men ko'rsatuvimizda (ularning iltimoslari bo'­yicha) ismi-shariflarini o'zgartirib urushdagi ishlari to'g'risida hikoya qildim.

Studiyaga qaytib, tasvirga olgan materialimizni ko'rib, rejissyor Komiljon Rahimovga, bu yozuvdagi biron-bir so'zni ham, kadrni ham qirqib tashlamaysiz, qanday olingan bo'lsa shunday efirga ketsin, — dedim. Faqat Fransiyaga nemis-fashistlarining bostirib kirishi, fransiyaliklarning ularga qarshi olib borgan partizanlik harakatiga doir tarixiy kadrlarni arxivdan, hujjatli kinofilmlardan topish kerak bo'ladi, deb tayinladim. Ko'rsatuvga rejissyorimiz Komiljon ham qiziqib qoldi. Keyin u ko'rsatuv mavzusiga oid noyob kadrlarni — Parijdagi Eyfel minorasi oldidan Germaniyaning harbiy marsh musiqasi sadolari ostida tantanavor o'tib ketayotgan Gitler qo'shinlari, general De Goll boshliq fransuz qarshilik harakati partizanlari tushirilgan kino-kadrlarni topib, ko'rsatuvga shu davrning ruhi berildi.

Ko'rsatuv tayyor bo'lgach, men Fransiya Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi qabulxonasiga telefon qilib, ko'rsatuv efirga chiqadigan vaqtni va bu haqda favqulodda va muxtor elchi janoblarini voqif qilib  qo'yishlarini iltimos qildim. Ko'rsatuv Fransiya prezidentining O'zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishidan bir kun avval efirga berildi.

Men shu bilan vazifam tugadi, deb noto'g'ri o'ylagan ekanman. O'zbekistonlik Fransiya qarshilik harakatining ishtirokchisi haqidagi ko'rsatuv berilganidan biror hafta keyinroq xonamdagi telefon jiringlab qoldi. Telefon go'shagini ko'taruvdim, bir qariyaning:

— Irismat eto tы? — degan ovozni eshitdim.

Bu ko'rsatuvimiz qahramoni 90 yoshli Andrey Andreevich Ayrapetov edi. Men uni tanib, tetik ovozini eshitayotganimdan juda xursandman, — labbay, Andrey Andreevich, tinchlikmi, nima gap, — deb so'radim.

— Irismat, sen bir oldimga kelib, mehmon bo'lib ketishing kerak, — dedi u.

— Tinchlikmi, ko'rsatuvni ko'rdingizmi o'zi, sog'liqlaringiz qalay, yaxshimi? — deb hol-ahvol so'radim.

— Sening hali xabaring yo'qmi?

— Nimadan, — deb so'ragan edim.

— Haqiqatan ham bilmaysanmi? Unda eshit, gapirib beray bo'lmasa, — dedi u.

— Fransiya Prezidenti Mitteran Toshkentga kelib ketgandan keyin, uyimga ikki kishi kirib kelishdi. Biri fuqarolar kiyimida bashang kiyingan (bizning odamlarga o'xshamaydi), ikkinchisi Fransiya harbiy xizmatchisi kiyimida. Ular fransuz talaffuziga ketib qoladigan rus tilida gapirishardi. Ikkalasini ham tanimayman. Ular ismi-sharifimni, hol-ahvolimni so'rashdi, keyin menga qarab:

— Otaxon biz bilan birga yura olasizmi, — deb so'rashdi. Men uyga qamalib qolgan 90 yoshdagi odamman, qaerga bormayin menga bu yangilik, bayram, shuning uchun:

— Agar yordam bersangizlar boraveraman, — dedim. Ular boshqa hech narsa demasdan meni ko'chaga olib chiqishdi. Aytgandek, men hali ancha tetikman, o'zim yurib chiqdim. Darvozam oldida kapotida kichkina Fransiya bayrog'i hilpirab turgan qora rangdagi yaltiroq yangi xorijiy avtomashina turar edi. Ko'chaga chiqishim bilan harbiy zobit menga tavoze bilan mashina eshigini ochib, o'tirishga taklif qildi. Biz avtomashinaga minib qaergadir  ketdik. Ne ko'zlar bilan ko'ra­yin-ki, mashina men urushdan oldin qariyb 20 yil dars bergan maktab binosi oldiga kelib to'xtadi. Men bu yerda ishlagan yillarimni eslab ketdim. Lekin maktab darvozasi eshigini xatlab hovliga qadam qo'yishim bilan, qaerdandir orkestr yangrab, Fransiyaning davlat mad­hiyasi – Marselyoza atrofni qamrab oldi. Keyin bilsam, ilgarigi bu maktab, hozir maktab emas, Fransiyaning Toshkentdagi elchixonasi binosi ekan. Oldimga Fransiya zobiti kelib, qo'lini bosh kiyimiga tekkizib bir nimalardir dedi, urushga 50 yil bo'layapti, men “bonjur madam”, “pardon mesyo” so'zlaridan bosh­qasini unutganman. Keyin meni qo'limdan olib, ichkariga hovliga olib kirishdi. Daraxtlar ostiga uzun stol qo'yilgan ekan, uzun oppoq dasturxon subtropik meva-chevalar, Fransiyaning mashhur pishiriqlari, chanqovbosdi ichimliklari bilan liq to'la edi. Stol atrofida ancha odamlar o'tirishibdi. Hammasi bayram kayfiyatida. Bir kishi keldida meni qo'ltig'imdan olib stolning to'rida turgan yumshoq orom kursiga yetaklab borib o'tqazib qo'ydi. Sharbat quyishdi.

Meni esa:

— Bu kishi o'sha televizorda ko'rgan o'zbekistonlik Fransiya qarshilik harakatining qatnashchisi mesyo Ayrapetov deb tanishtirishdi. Hamma kelib meni qo'limni olishga, tanishganliklari bilan xursand ekanliklarini bildirishga oshiqar edi.

Gapirganlar ko'p bo'ldi. Ular general De Gol haqida, Fransiya qarshilik harakati, maki2lar haqida gapirishdi. Prezident Fransua Mitteranning O'zbekis­tonga tashrifi, Fransiya bilan O'zbekiston o'rtasidagi munosabatlar to'g'risida hikoya qilishdi. Men esa partizanlik qilgan joylarimiz haqida, qanchadan-qancha nemis-fashistlarini yer tishlatganimiz to'g'risida, qanday qilib fashistlar asirligidan qochganligimiz to'g'risida gapirib berdim.

Mehmonga chaqirilganlar orasida men hech gapimni o'tkaza olmay yurgan harbiy idora xodimlari, polkovnik unvonidagi Toshkent shahar harbiy komissarining o'zi ham shaxsan bor edi. U kishi birozdan so'ng:

— Biz o'zimiz oldingizga borib hujjatlaringizni hammasini qayta  ko'rib chiqamiz. Siz haqingizda elchixona ham menga bir qator hujjatlar tayyorlab berdi, — dedi.

Bildimki, elchixonaning so'rovi bo'yicha, Fransiya qarshilik harakatiga oid Parijda saqlanayotgan arxivdan ham menga taalluqli hujjatlar borligi aniqlangan, mening haqligim tasdiqlangan, bo'lmasa, harbiy komissariatning rahbar  xodimi men bilan bu ohangda gaplashmas edi.

Mening atrofimda bo'yi unchalik uzun bo'lmagan, tashqaridan qaraganda yoshroq ko'ringan, ko'zoynakli, serharakat bir kishi juda girdikapalak bo'lib aylanib qoldi. U goh gapga tutar, goh ichimlik quyar, goh likopchamga shirinlik solib qo'yar edi. Men unga:

— Sen kimsan, nimaga bunchalik atrofimda ko'p aylanasan, senga qarayverib boshim aylanib ketayapti, — dedim. U kishi o'zini biroz chetroqqa olib, kamtarona, kechirim so'ragan ohangda:

— Kechirasiz, men o'zimni sizga yaxshi tanishtirganim yo'q, shekilli, men Fransiyaning O'zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi bo'laman, — dedi.

— Ha, mayli, elchi bo'lsang, unda mayli, — debman.

— Ha, aytgandek, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi maqomimni tiklashdi. Harbiy bilet ham berishdi. Pensiyam ham urush qatnashchilarinikiga tenglashtirildi.

Shularni aytmay o'tib ketamanmi, degan xavotirda edim. Rahmat senga, Irismat, — dedi Andrey Ayrapetov.

Ayrapetovning taqdiri ijobiy hal qilinganligining asosiy sababi, bu bir o'zbekistonlik Fransiya qarshilik harakatining qatnashchisi taqdiri bilan birinchi bor ikki davlat harbiy arxivlari, xorijiy davlat elchixonasi xodimlari va televidenie muxbiri shug'ullanganligi va bu voqea Fransiya Prezidentining rasmiy tashrifi arafasida bo'lganligi masalani yechimini tezlashtirdi, degan o'yga boraman.

— Andrey Andreevich, ha, nega elchixonadan kishilar kelganda menga xabar qilmadingiz. Men kamera, mikrofon olib borgan bo'lar edim. Axir bu voqealarni barchasini videoga tushirish kerak edi-ku. Biz esa Siz haqingizda yana bir film tayyorlagan bo'lar edik, — dedim.

Andrey Andreevichning gaplarini eshitib, men axiri haqiqatning tiklanganligidan, yana bir insonning qadri, qiymati joyiga qo'yilganidan Allohga shuk­­ronalar qilar edim. Insonda haqiqat borligiga, uni hech bir kuch yenga olmasligiga ishonch hosil qilishi bu katta gap bo'lsa kerak.

Aytgandek, juda afsuslanaman, Men Andrey Andreevich bilan boshqa ko'risha olmadim. Oradan bir yil o'tar-o'tmas o'g'li Georgiy Andreevich Ayrapetov telefon qilib: — Irismat, kechirasan, seni topa olmadik, otam olamdan o'tdi, uni qabristonga qo'yib kelayapmiz. Shuni aytmoqchi edim, senga, — dedi.

Men: – Joyi jannatda bo'lsin, yaxshi odam edi, xabar topganimda albatta vidolashuvga borgan bo'lar edim, – dedim.

— Irismat, rahmat, u hayotdan ko'ngli to'lib, mamnun bo'lib ketdi, desam bo'ladi, — dedi Andrey Ayrapetovning o'g'li Georgiey Andreevich Ayrapetov.

Bu voqealarni yodga olishdan muddao shuki, urush tufayli nafaqat millionlab odamlar halok bo'ldi, qancha xalqlar boshiga ne-ne kulfatlar yog'ildi. Urush tugagandan keyin ham uning oqibatlari turfa kishilar taqdirida ko'pdan-ko'p sinovlarni soldi. Ushbu voqea ham bunga bir misoldir.

Irismat ABDUXOLIQOV,

jurnalist

 

1 Sovet Ittifoqida asrga tushishning o'zi jinoyat, deb hisoblanar va bu faktlar asosida jangchi jinoiy jazoga tortilar, urush qatnashchilariga taalluqli barcha imtiyozlardan mahrum bo'lar edi. Mustaqillikning dastlabki yillari ham MDH hududida ularga nisbatan bu munosabat anchagina saqlanib qolgandi.

 

2 Maki – fransiyalik partizanlarni shunday deb atashadi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × five =