Sog'inmay yashab bo'lmas…

Darxaqiqat, ota-onani, vatanni, tabiatni… Boringki, ustoz va qadrdonlarni sog'inmasdan yashab bo'lmaydi. Ayniqsa, gap ustoz maqomini olgan yozuvchi, shoir, tarjimonlar to'g'risida ketsa… Ustoz, butun umri davomida xalqiga ezgulik va tabassum ulashib kelgan Ahmad Oqnazarov haqidagi xotirlash marosimi ham aynan yuqoridagi nom bilan nomlanib, Toshkent Gumanitar Fanlar universitetida tuman Axborot Kutubxona markazi ijodiy jamoasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Yozuvchi Ahmad Oqnazarov To'rtko'l tumanida tug'ilib o'cdi. O'zbekiston ovul fuqarolar yig'inidagi 11-maktabda tahsil oldi. O'rta maktabni bitkazganidan boshlab, matbuot sohasida samarali faoliyat olib borib, badiiy ijod bilan shug'ullanib keldi. Ahmad Oqnazarov o'zbek, qoraqalpoq, qozoq tillarida ijod qildi. Yozuvchi, bolalar shoiri, mohir tarjimon “Shokoladы qәnekey?”, “Diafilm operatsiyasы”, “Bala menen ыlaq”, “Tilla taeңge”, “Shaytannың shatag'ы” “Jag'ыstag'ы sыrlы ýaqыya”, “7-“B”dagi izquvar”, “Yumoroxod”, kabi bolalarbop asarlari shuningdek, “Vax-xa-xa!” hajviyalari, “Bo'zyigit”, “Guliston” qoraqalpoq xalq dostonlari, tarjimon adibning O'zbekiston xalq yozuvchisi, O'zbekiston Qahramoni T.Qayipbergenovning “Qoraqalpoqman — tavakkalchiman”, O'zbekiston xalq yozuvchisi K.Karimovning “Ulug' dasht bo'rilari” tarixiy romanlari, Qoraqalpog'iston xalq yozuvchilari M.Nizanovning “Odam kuldirgani uchun”, A.Sultanovning bir nechta asarlari, shuningdek, Q.Ametov, S.Jumag'ulov kabi yozuvchi-shoirlarning asarlarini tarjima qildi. Bundan tashqari, Qoraqalpog'iston Yozuvchilar uyushmasida mas'ul lavozimlarda faoliyat yuritgan. Yozuvchining 75 yillik tavalludini Ma'naviyat-ma'rifat markazi tuman bo'linmasi rahbari Jonibek Settiyev ochdi va adibning mangulikka xizmat qiladigan ishlari to'g'risida gapirdi.
Shundan so'ng davrani O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, shoir Yangiboy Qo'chqorov olib bordi. Adibning hayoti va ijodi bilan tuman Axborot Kutubxona markazi mutaxassisi M. Yusupova tanishtirdi. A. Oqnazarovning ustozlari Mammat Soli Masharipov, do'ctlari R.Qozoqov, Q.Shoniyozov, shogirdlari N.Aqnazarov, D.Karimov, T.Ro'ziboyev, I.Bobojonov, “To'rtko'lnoma” tuman gazetasi muharriri U.Nurullayeva, mehmonlardan yozuvchi S.Embergenov, shoir J.Uteniyazov, mehnat faxriysi S.Xudaybergenovlar A.Oqnazarovning ajoyib xislatlari haqida so'zladilar. Kecha so'nggida A.Oqnazarov ijodidan tayyorlangan videorolik tadbirning chin ma'noda sog'inmay yashab bo'lmas g'oyasini asoslab berdi, desak mubolag'a bo'lmaydi.
Munavvara YuSUPOVA,
O'zbekiston Yozuvchilar
uyushmasi a'zosi, shoira