So'zdan lolalar undirgan shoir

Ijod ahli, xususan, shoirlar — so'z odamlaridirlar, chunki ular so'z bilan yashaydilar, so'z bilan ishlaydilar, so'zdan ilhom olib, boshqa biron-bir usulda ta'rifu tavsif etib bo'lmaydigan eng nozik, eng hassos, inja his-tuyg'ularni so'z bilan tasvirlab, so'zdan mo''jiza yaratgan holda o'zga qalblarni dunyoning eng oliy mavjudot bo'lgan hazrati insongagina xos bo'lgan yuksak ma'naviyat osmoni qadar yuksaltira oladilar.
Avvalo, so'z, keyin olam yaralgan, deyiladi muqaddas bitiklarda. Ha, so'z — shu qadar sehrli va qudratli mo''jiza! Ammo, bu mo''jizaviy ne'matni hamma ham birdek yuksak qadrlay bilmaydi. Hatto, ulug' iste'dod egalari bo'lgan ijodkorlaru shoirlar ham goho zamonasozlik qilib, ba'zan esa o'z nafsi ilinjida xato, nomaqbul so'zlarni ham aytib qo'yadilarki, bu hol keyinchalik ijodkorning zukko muxlislar nazaridan qolishiga, o'zining esa vijdon azobida qiynalishiga, o'z so'zi oldida xijolatdan bosh egishiga sabab bo'ladi.
Yaxshiyamki, hayotda, ijodda — tom ma'nodagi katta ijodda — zamonasozlik, nafsbandalik illatidan baland turuvchi, hamisha va har qanday sharoitda ham to'g'ri so'zni ayta oladigan, boshiga ne kelsa ham so'zga xiyonat qilmaydigan mardona ijodkorlar bor. Bunga hazrati Mir Alisher Navoiy bobomizdan tortib, to jadidchi ijodkorlar, shuningdek, uzoq va yaqin o'tmishimiz, bugunimiz qalam ahli orasidan juda ko'plab nomlarni keltirish mumkin.
O'zbekiston davlat mustaqilligining 32 yilligi bayrami munosabati bilan yuksak davlat mukofoti – O'zbekiston xalq shoiri unvoni bilan taqdirlangan shoir Abdulla Sher ham qachon va qanday sharoitda aytilganligidan qat'i nazar, aslo o'z so'zidan xijolat tortmagan, aksincha, haqiqat va adolatni muqaddas bilgan holda, hamisha to'g'ri so'zni baralla ayta olgan mana shunday shoirlardan biridir.
Yaqinda Nurafshon shahridagi viloyat Yoshlar markazida shoir Abdulla Sherning yuksak unvonga sazovor bo'lganligi va qutlug' 80 yoshi munosabati bilan o'tkazilgan “Men lolalar undirdim so'zlardan” deb nomlangan adabiy kechada ijodkorning mana shunday ma'naviy jasorati, to'g'ri so'zga va adolatga bo'lgan sadoqati alohida e'tirof etildi.
Adabiy kechada ishtirok etib, so'z olgan O'zbekiston xalq shoirlari: Usmon Azim, Mahmud Toir, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o'rinbosari Botir Ergashev, respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi raisi Minhojiddin Hojimatov, Toshkent viloyati hokimi o'rinbosari Otabek Sultonbekov, Chirchiq davlat Pedagogika universiteti professori Bahodir Husanov, shoiralar – Zulfiya Mo'minova, Farog'at Xudoyqulovalar O'zbekiston xalq shoiri Abdulla Sher ijodi, ijodkor mahorati, faqatgina o'ziga xos bo'lgan yuksak insoniy fazilatlari haqida so'zlab, shoirning turli davrlarda yozilgan she'rlaridan iqtiboslar keltirdilar.
Aytish mumkinki, Nurafshon shahri ahli hayotida ulkan voqelik bo'lgan bu ma'naviy tadbir adabiyot va she'riyat muxlislari qalbida so'z sehriga bo'lgan muhabbat va ehtiromni yanada yuksaltirib yubordi.
Ma'mur Bozor Ali.