Ishtiyoq ixlosga aylansa…

(Jurnalist Husan Temirovga maktub)

 

Qadrli Husan aka!

Avval boshdan aytib qo'yaqolay, Sizga maktub  yozishimga  ikki  maqsad turtki berdi. Birinchisi,  yetmish  yillik  yubileyingiz  bilan  muborakbod  etish. Ikkinchisi, yetmishga  yetayotgan  jurnalistlar  orasida  bosma  matbuotda  ko'rinayotganlarning  ko'p emasligini  ta'kidlagan holda, xuddi  shu  mavzuga  ko'proq  to'xtalmoqchiman.

Ha,  davr  tez  o'zgarib  ketyapti. Avval  maqtaladigan  yoshi  ulug'roq jurnalistlarning  dunyo­qarashlari va yozuvlari taraqqiy etayotgan bugungi zamonga mos tushmayapti. Ochiq aytsam, qaytariqlarga asoslangan bir qolipdagi maqolalar mushtariy ensasini qotiribgina qolmasdan, uni bosma matbuotdan zeriktirib yuboradi. Xususan, dehqonchiligu bog'bonlikka asoslangan tarmoq jurnallari ham shu boisdan yo'lsizlikdan qiynalmoqdalar. Biron-bir yangicha ibora, chiroyli ifodalar ila ziynatlanmagan maqolalarning boridan yo'g'i yaxshi emasmi?

Ijtimoiy-iqtisodiy jurnal “Fermer” vaziyat taqozosi sababli yangilanganini ko'p xodimlarimiz qatorida Siz ham qo'llab-quvvatlaganingizdan benihoya xursandmiz. Hamnafaslik maqolalaringizda shundoqqina aks etib turibdi. Masalan, “O'tamayli mashhur tarvuz tufayli”, “Qish kunlarida bahor  nafasi”, “Tomorqa  tarovati”, “Ilm  va  iroda”, “Nazarga tushgan  dalalar”, “Tandir taomi – tanga davo” sarlavhali ko'plab maqolalaringizda ohori to'kilmagan obrazlarni ko'rganmiz. Mamlakatimizning janubiy viloyatlaridan birida faoliyat ko'rsatayotgan maxsus muxbir sifatida jonli hayotning rang-tusi, nafasining badiiy talqinini yaratmoqdasiz. Yangicha ruhga ilhaqlik maqola va suhbatlarning sarlavhasidanoq oydinlashadi. “To'rt yil davomida bobosi Xo'ja ota bilan birga bo'lib, Qorabayir otlarning parvarish jarayonlarida hamkoru hamnafas bo'ldi. Ayniqsa, bobosining “Otning kokilida qiyomatgacha baraka bitilgan” degan hikmatli so'zlari uning qalbidan mustahkam o'rin oldi. Nasl-nasabi ancha yillarga borib taqaladigan yilqi zotlarini asrab-avaylash kabi ezgu tuyg'ularni qadrlash o'z mevasini bera boshladi. Otga bo'lgan mehr-muhabbat tufayli Jahongir maktab­­ga borishda, bog'-rog'lardan ko'z-quloq bo'lishda otga suyandi”, deya yozibsiz “Qoraba­yirga bog'langan taqdir” sarlavhali maqolangizda. Hayotni yaxshi bilishingiz, til boyligingiz maqola va suhbatlaringizning jonli chiqishini ta'minlagan, desak xato bo'lmas.

Siz tug'ilib-o'sgan Qarshi tumanidagi Dashti Fayziobod qishlog'i manzaralari menga tanish. Akangiz Sa'dulla Umirov (Olloh oxiratini obod qilgan bo'lsin) tibbiyot fanlari nomzodi sifatida el-ulus xizmatida bo'lgani ko'pchilikka ayon. Sizning sa'y-harakatlaringiz bois u haqda “Ezgulik chirog'i” va “Yaxshilar yodi” kitoblari chiqqani ibratlidir. Umuman olganda, kirishimli, dilkash, insonparvar ijodkorgina buni uddalay oladi. Zotan, Qashqadaryo teleradiokompaniyasi raisi vazifasida ishlagan vaqtlaringizda ham ijodiy salohiyatingiz yuqori bo'lgani uchun mehnat faoliyatingizda asqotganligiga shubha yo'q.

Bilasizmi, kamina ukangiz “Ma'rifat” gazetasi tahririyatida ishlagan vaqtlarimda sport mavzusini ko'p yoritardim. Bir gal bosh muharrir Sa'dulla Hakim (Olloh rahmat qilgan bo'lsin) meni sport jurnalistlari qatorida Navoiy viloyatiga yubordi. Safimizda mashhur futbol sharhlovchisi Axbor Imomxo'jayev ham bor edi. O'shanda tog'lar havosidan bahramand bo'ldik. Salqin bog'dagi tamaddi chog'ida Axbor akadan: “Viloyatlardagi sharhlovchilardan qay birlarining o'yinni sharhlash uslubini yoqtirasiz?” deb so'raganlarida: “Ularning orasida qashqadaryolik Husan Temirovni hurmat qilaman. U futbolni mayda detallarigacha ilg'aydi. Sharh mobaynida tomoshabinlarni zeriktirmaydi. Sharhlashdan tashqari ularning salohiyati to'g'risida maqolalar yozadi”, dedi. Bu ham o'ziga yarasha e'tirofdir. Qolaversa, hukumatimiz tomonidan “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganingiz kamtarona mehnatingizga berilgan haqqoniy bahodir.

Esimda, “Qishloq hayoti” gazetasida ishlab yurgan kezlaringizda baxshilar haqida badia yozgan edingiz. Shu badiadagi, ayniqsa, mana bu  to'rt qator meni zavqlantirgan:

 

Tog'lar boshi – oppoq qor,

Tinmay berar suvini.

Bir tomonda Qashqang bor,

Gulga burkar yurtingni.

 

Qodir baxshi lafziga tegishli bu satr­lar so'zga chechanlikni, hozirjavoblikni ang­latadi, albatta. Ul zot ham Dehqonobod qoru tog'lari bag'irlaridan otilib chiqqan yulduz edi. Ulkan oqin, “Alpomish”, “Go'ro'g'li”, “Kuntug'mish”, “Yunuspari”, “Avazxon” xalq dostonlarining mohir kuychisi Qodir baxshining o'g'li Qahhor baxshi haqidagi bitiklaringiz, lolaqizg'aldoqlar chiroyi madh etilgan esselaringiz ko'ngilda his-hayajon uyg'otadi.

Tabiiyki, bularning barchasiga ixlosga evrilgan ishtiyoq sababchidir. Jurnalistlik kasbiga bo'lgan ishtiyoq yillar mobaynida ixlos “libosini kiyib” yo'llaringizni yoritganidan voqifmiz. Binobarin, tasavvur qilishimcha, xuddi shu jarayon Sizni mamlakatimizda mohir jurnalist maqomida tanilishingizga, e'tirofga sazovor bo'lishingizga sababchi bo'lgan.

Qadrli Husan aka!

Maktubim oxirida sizni shu kunlarda nishonlayotgan qutlug' yetmish yoshingiz bilan muborakbod etaman. El-ulus ravnaqi yo'lida amalga oshirayotgan ishlaringizda omad tilayman!

Hurmat ila

Ulug'bek JUMAYEV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.

Ijodning qo'sh qanoti

Vaqt yoshlik bilan keksalik o'rtasidagi ko'prikdir. Lekin u shunchalik qisqa fursatda o'tib ketadiki qanday va qachon o'tganligini sezmay qolamiz. Yo'lovchi bir manzilga yetib, bir nafas tin olar ekan, ortga boqib, yurgan yo'lini sarhisob qiladi. Ko'rgan manzaralarini, voqealarini tahlil qiladi, xulosa chiqaradi. Inson umrini ham yo'lga mengzash mumkin.

Albatta, umr yo'llarida goh mashaqqat so'qmoqlari, goho quvonch manzillari bor. Shu boisdan har bir insonning hayoti kamida bitta kitob. Kitobning qalinligi mazmuni umr mundarijasiga bog'liq.

Taniqli jurnalist, sport sharhlovchisi Husan Temirov bilan hayotning past-baland yo'llarida qirq yildan buyon yelkadoshmiz. Eng sadoqatli do'stlarim ro'yxati boshida shu insonning nomi turadi. Vaqt — yugurik. Hayot tashvishlari, dunyo charxpalagi aylanib kechagina shogird bo'lgan insonning o'zi bugun ustoz­­ga aylanib, yetmish yoshga yetdi. Husan Temirov  tug'ilib o'sgan Dasht qishlog'idan diliga tugib chiqqan orzularni amalga oshirish uchun nima ish qilsa astoydil qildi, o'zini ham, qalamini ham ayamadi. Hayotda bir haqguy jurnalist, mohir rahbar sifatida turli xil savdolarni boshidan kechirdi. Ammo har qanday sharoitda ham haqligini isbotlay oladigan kuchli iroda egasi ekanligini ko'rsatdi.

U odamlarga yaxshilik qilib zavqlanadiganlar toifasidan bo'lib kamtar, samimiy, dili pok, bag'rikeng inson. Qaerda va qanday lavozimda ishlamasin, o'z ishiga sadoqat, mas'uliyat asnosida yondashish, odamlar bilan lutf asnosida so'zlashish, xodimlarning ko'ngliga yo'l topa olish singari fazilatlari evaziga hurmat qozondi. Insoniylik xususidagi ocherk va publitsistik maqolalari ko'pchilikka manzur. Halollik, fidoyilik, insonparvarlik, yoshlarni hamisha qo'llab-quvvatlash tuyg'ulari do'stimizning hayoti va faoliyatining asosi bo'lib kelmoqda. Yaxshilik, ezgu nom kishidan qoladigan eng katta xazina ekanligini chuqur anglaydi. Shu ma'noda uning yo'l-yo'rig'i, ko'magi bilan hayotda o'z o'rnini topgan, qanchadan-qancha shogirdlari o'zlariga ustoz deb e'tirof etishlari bejiz emas.

Husan Temirov Qashqadaryo viloyat teleradiokompaniyasida 14 yil mobaynida rahbar bo'lib ishladi. Telemarkaz qurilishining bosh­lanishidan oxirigacha o'zi bosh-qosh bo'lib, moddiy texnika bazasini mustahkamladi. Kadr­larni tanlashga alohida e'tibor qaratdi, muammolarni hal qilmaguncha tinim bilmadi. Hozirgi kunda ushbu telemarkaz Qarshi shahrining ko'rkiga ko'rk qo'shib turibdi. Bunda Husan Temirovning ham alohida hissasi borligidan Qashqadaryo eli faxrlanadi. Uning jo'shqin va hayajonga to'la reportajlarini futbol ixlosmandlari maroq bilan tinglashadi. Aslini olganda, futbolga ishtiyoq tuyg'usi Qashqadaryoda kuchli. Ana shu qiziqish hissiyotini mohir suxandon, taniqli futbol sharhlovchisi sifatida Husan Temirov maromiga yetkazib ifoda etmoqda. U sportning chin fidoyisi, tug'ma sharhlovchi, futbolning haqiqiy ishqibozi.

Husan Temirov ancha yillar respublika “Qish­loq hayoti” gazetasi Qashqadaryo viloyati bo'­yicha o'z muxbiri vazifasida xizmat qildi. Hozirgi kunda yurtimizning agrar soha hayotini yoritishga ixtisos­lashgan yana bir nashri “Fermer” jurnalida faoliyatini davom ettirayapti.

“Fermer” jurnalining Qashqadaryo viloyati bo'yicha maxsus muxbiri sifatida dehqonu chorvadorlar, bog'bonlar, hunarmandlar fao­liyati to'g'risida jo'shqin hayot nafasi aks etib turgan maqola va lavhalari ko'pchilikda yorug' taassurotlar qoldirgan. Ayniqsa, futbol mavzusidagi maqola va suhbatlari betakrorligi bois ajralib turadi. Bular — ijodning qo'sh qanoti.

Eng muhimi, do'stimizning farzandlari ham bugun elning koriga yaramoqda. Sherzod — neft-gaz sohasi mutaxassisi, Charos — olima, tarix fanlari doktori, Behzod — iqtisodchi, Komila — muallima, Durdona — maktabda a'lochi o'quvchilardan.

Bir-biridan qobil va fazilatli ikki o'g'il va uch qiz, shirindan-shakar nevaralariga suyukli ota, ardoqli buvajon bo'lib, piru badavlatlikda umrguzaronlik qilib kelayapti. Unga umr ziyodaligi, omonlik, sihat-salomatlik tilaymiz. Ko'ngil pokligi, qalb va ruh xotirjamligi, aql sog'lomligi, tanu jon omonligi doimiy hamrohingiz bo'lsin, do'stim.

Jumaqul QURBONOV,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi,

siyosiy fanlar nomzodi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × 2 =