Ho'llaydimi yoki ho'llamaydimi?

Aziz NESIN

 

Hajviy hikoya

Ishsizlik meni butunlay holdan toydirdi. Men har qanday ishga rozi edim.

Har qanday, axlat yig'uvchilik bo'lsa ham.

Bir tanishim aytib qoldi:

— Raqibbeyga odam kerak ekan, seni o'shanga jo'nataqolay.

— Ha, u odam izlayotgan bo'lsa, mendan yaxshisini topolmaydi… Ha, qanaqa ishga ekan?

U bir parcha qog'ozga nimalarnidir yozib meni Raqibbeyga yubordi.

Men xonaga kirib borganimda Raqibbey ikki erkak bilan gaplashayotgan edi:

— Mening qo'limda bir shisha suv bo'lsin… Afandim, o'sha bir shisha suv bilan bu yerning hammasini ho'llay olamanmi yoki yo'qmi? Nima dedingiz? Albatta, qilolmayman. Shunday ekan, ho'llab bo'lmas ekan, demak…

Men yozuvli qog'ozni uzatdim.

— O'tiring, marhamat, — dedi Raqibbey.

Ular yana biroz gaplashishdi, keyin u ikkalasi ketdi. Ikkalamiz yolg'iz qolgach u menga murojaat qildi:

— Men ellik olti yoshga kirdim. Ko'p narsani boshdan kechirdim. Hayotiy tajribalar asosida oxir-oqibat shunday xulosaga keldim…

Ellik olti yillik hayotiy taj­ribadan kelib chiqqan donolikni yaxshiroq anglab olish uchun ko'rish va tinglashga zo'r berdim.

— Hayot tajribasi asosida shunday xulosa chiqardim: masalan – agar qo'limda bir shisha suv bo'lsa… Nima dedingiz? Men shu shishadagi suv bilan butun xonani ho'llay olamanmi yoki yo'qmi? Kechirasiz, eshitmadim.

U shunday ohangda so'rardiki, javob bermaslikning iloji yo'q. Ammo unga yoqishi uchun qanday javob berish kerak. “Ho'llash mumkin” deyish kerakmi yoki “Mumkin emas” deyish. Axir endigina Raqibbey shu savolni berdi va salbiy javob qaytardi-ku.

O'ylanib qolganimni ko'rib Raqibbey savolni takrorladi:

— Ha, qanday, ho'llash mumkinmi? A?.. Nima?

Men litseyning bitiruv imtihonidagi o'quvchiday qaltirardim.

Men xonaning maydonini ko'z bilan chamalashga intildim. Eni to'rt metrcha bor, uzuni olti metr­­cha bor.

— Mumkinmi yoki yo'q? Nima dedingiz?

— Ha, qanaqa shisha? – so'radim men.

U sarosimaga tushib qoldi.

  Qanaqa shisha?

— Siz xonani ho'llamoqchi bo'lgan suvli shisha?

U bunday savolni kutmaganligi yuz ifodasidan sezildi.

— Ha… odatdagi shisha. Suvli yaxshi shisha.

— Ho'llab bo'lmaydi, afandim.

— Ko'rdingizmi? Mana, ho'llab bo'lmaydi! Shundan kelib chiqib, har bir odam, bu haqiqatni bilgan holda, shunga muvofiq… Shunday emasmi?

— Ha.

— Men sizni ishga qabul qildim. Bu yerda bitta odam bor. Hozir sizning ishtirokingizda uni ishdan bo'shataman.

Men qiyin ahvolda qoldim. Demak, meni deb kimdir ishdan ajraladi. Bunga vijdonim yo'l qo'ymaydi.

— Boyafandim, — dedim men. – Men boshqa bir odamni bir burda nonidan benasib qilmoqchimasman, uni oyog'idan chalishni istamayman.

— Yo'-o'-q, dedi u. – Agar men sizni ishga olmaganimda ham, baribir uni ishdan bo'shatardim. Men bunaqa qaysarni ko'rmaganman. Qiziqsangiz, hozir uni chaqiraman, o'zingiz ko'rasiz.

U qo'ng'iroq qilib, xizmatchiga dedi:

  Bir shisha suv olib kel va Mumtozbeyni bu yoqqa chaqir!

— Xonaga Mumtozbey kirdi. Bu odamni ko'riboq menda yoqimli xislar uyg'ondi. Xushmuomala, xushchehra odamga o'xshaydi, qaysarga o'xshamaydi.

— Xizmatingizga tayyorman, afandim, — dedi u xo'jayinga.

Shu vaqtda xizmatchi suvli shishani olib kirdi. Mumtozbey suv­ni ko'rishi bilanoq yuzi tundlashdi, qoshlari chimirildi, jag'i osilib qoldi. Men shunday chiroyli yuzdagi bunday keskin o'zgarishdan hayratda edim. Siz ayrim romanlar va qo'rqinchli filmlarda kunduzi odam qiyofasida yuradigan, oy chiqqach esa hayvonga aylanadigan qahramonlarni, albatta, ko'rgansiz. Mumtozbeyning yuzi ham hayvon basharasiga aylanganday edi.

Xo'jayin qo'liga shishani olib dedi:

— Agar shu shishadagi suvni to'ksam, u shu xonani to'la ho'llaydimi yo'qmi?.. Nima dedingiz?..

— Ho'llaydi! – qichqirdi Mum­tozbey.

Bu qichqiriq emas, na'ra tortish, hayqirish edi. Mumtozbeyning yuzi uzluksiz o'zgarib tumshug'i to'mtoq itnikiga o'xshab qoldi.

Xo'jayin dedi:

—Yo'q, ho'llamaydi!

Mumtozbey tishlari orasidan bo'kirdi:

— Ho'llaydi!

— Ho'llamaydi!

— Ho'llaydi!

— Ho'l-la-may-di!

— Ko'ryapsanmi, — dedi menga Raqibbey, — ko'rinib turgan haqiqatni u qanday rad etyapti… Aytgin-a, qo'limdagi shishadagi suv bilan hammayoqni ho'l qilib bo'ladimi yoki yo'q? Nima?

— Yo'q, — dedim men.

— Albatta, yo'q! Bu suv hammayoqni ho'l qila olmasligi uchun ham – men bunday odam bilan birga ishlamayman.

U Mumtozbeyga o'girildi:

— Biz boshqa siz bilan birga ishlay olmaymiz. Ishlaringizni hoziroq yakunlang va ketavering.

Mumtozbeyning yuzlari o'zgarib, avvalgiday yoqimli tusga qayt­­di.

— Minnatdorman, boyafandim, xayr, — dedi u.

Men sarosimaga tushib qoldim.

— Boyafandi, men qanday ish bajaraman, bilsam bo'ladimi?.. — so'radim men. Ehtimol Mumtoz­bey bajargan ishni men uddalolmasman.

— Menga mantiqiy fikrlay oladigan odam kerak, — javob berdi Raqibbey. — Avvalo, mantiq. Siz tushundingizmi? Agar men shishada bor suvni to'ksam, u hammayoqni ho'l qila oladimi yoki ho'l qilolmaydimi? Nima dedingiz?

—Ho'l qilolmaydi.

—Juda to'g'ri! Bu ayni men xohlagan gap! Qo'shni xonaga kiring. Damirboy Mumtozbeydan mulklarni qabul qilib olsin.

—Xo'p bo'ladi.

Qo'shni xonaga kirdim. Mumtozbey narsalarini yig'ishtiryapti. Qanday xushmuomala, yoqimli odam edi! Yana shunday odam qanday qilib yaqindagina xo'jayinning ishtirokida hayvondek beo'xshov qiyofaga kirdi?

Men xijolat tortib uning oldiga keldim.

— Juda afsusdaman, — dedim men, — chamasi, meni deb ishingizdan ayrildingiz.

— Yo'q, azizim, nega endi aynan siz sababli bo'larkan? Siz bo'lmasangiz boshqasi kelardi.

— Kechirasiz, ammo, “Ho'llamaydi” deb qo'yaqolsangiz nima bo'lardi.

— E, hozir nima desang ham befoyda, men buni sizga aytolmayman, dedi u. — Keyin o'zingiz tushunib olasiz. Men bir yil ichida u almashtirayotgan beshinchi odamman. Men faqat ikki yarim oyga chidadim. Ishsizlik nimaligini bilaman. Shuning uchun ham sizni qo'rqitishni xohlamayman. Xayr. Olloh sizga sabr bersin.

— Oq yo'l!

Mumtozbey portfelini oldi va ketdi. Men bu yerda nima qilaman, vazifam nimadan iborat bilmasdim. Stol tomonga o'tdim. Stulga o'tirdim.

Ma'lum vaqt o'tgach xo'jayinning xonasidan bahslashayotgan odamlarning baland ovozi eshitildi. Xizmatchi kirdi.

— Sizni chaqiryapti, — dedi u.

Xo'jayinning xonasida yana uch kishi bor edi. Ular qandaydir savdo bitimi haqida gaplashishar, ammo bu qanday bitim ekanligi haqida tushunchaga ega emasdim.

— Agar men bir shisha suvni to'ksam u butun xonani ho'llaydimi yoki yo'qmi? Nima dedingiz?

— Ho'llamaydi! – tantanavor e'lon qildim men.

U boshqalarga o'girildi.

— Ko'rdingizmi? Ho'llamaydi. Siz bo'lsa oddiy haqiqatga qarshi boryapsiz.

Qatnashchilardan biri tushuntirmoqchi bo'ldi:

—Bu ishning suvga hech qanday aloqasi yo'q. Biz besh foizdan ortiq to'lolmaymiz.

Xo'jayin dedi:

— Eng avvalo mantiq. Mantiq – hamma narsaning asosi.

O'sha kuni xo'jayin meni to'rt marta xonasiga chaqirdi. Har gal u menga ayni o'sha savolni berardi. Men ham javob berardim:

— Ho'llamaydi!

Keyingi kuni ham shu holat tak­rorlandi, butun hafta shunday o'tdi. Ba'zida kuniga uch-to'rt marta, boshqa kunlari besh-olti marta “Ho'llamaydi” deb aytardim. Shanba kuni ish haqi oldim – yuz lira. Butun hayoti davomida orttirgan tajribasiga asoslanib xo'jayin shunday buyuk haqiqatga ishontirardi: “Bir chelak suv bilan ho'llash mumkin bo'lgan joyni, odamlar bir shisha suv bilan ho'llashga intilmasliklari kerak”. Va buni xuddi maqolday tilidan tushirmasdi. U buni xuddi falsafiy aqidaday, hikmatli gapday mustahkamlardi. Mening vazifam ana shu haqiqatni tasdiqlashdan iborat edi xolos.

Xizmatning bir oyi o'tdi. Men bu vazifani binoyidek bajarganim uchun xo'jayin haftalik mao­shimni yuz ellik liraga oshirdi. Endi u meni hamma yerda olib yurar, ishida qandaydir muammo paydo bo'lishi bilanoq darrov so'rardi.

— Agar men bir shisha suvni to'ksam bu yerni butunlay ho'llaydimi yoki yo'qmi? Nima?

— Ho'llamaydi! – javob beraman men.

Men bu so'zlarni kuniga yigirma, o'ttiz marta aytardim, ammo shunga yarasha xo'jayin ham haftalik maoshimni ikki yuz liraga oshirdi. Endi u meni uyi­­ga olib keldi. Men u bilan endi faqat uxlaganda ajralardim.

Xotini yoki o'g'li pul, yoki qizi mato so'raydimi, u shunday javob berardi:

— Men bunaqa ishlarni tushunmayman. Men ko'p yillar yashadim va natijada bir haqiqatni ang­ladim: mana qo'limda suvli shisha, agar uni to'ksam – u hammayoqni ho'l qila oladimi yo'qmi? Nima?..

Xo'jayinning gapi oxiriga yetmay qichqiraman:

— Ho'llamaydi!

Juda chuqur ma'noni ifodalaydigan shu qisqa ibora sharofati bilan xo'jayinim hamisha haq bo'lib chiqadi. Mantiq-da, buning nimasi taajjublanarli?

Boshqalarni o'zining haqligiga ishonishi uchun majburlashi, aql bilan ish qilayotganday maqtanishi uchun uning buyrug'i bo'yicha shishadagi suv polning katta maydonini ho'llay olmasligini tasdiqlashga majbur edim.

Men besh oy ishlab qo'ydim. Haftalik ish haqim ikki yuz ellik liragacha ko'tarildi. Ha… bajaradigan ishim esa kuniga qirq, ellik marta “Ho'llamaydi!” deb qichqirishdan iborat.

Bu ishga menchalik uzoq muddat bardosh bergan odam hali bo'lmagan. Ammo mening ham toqatim toq bo'ldi. Men toyni orqamga ko'tarishga, ishsiz, yemay-ichmay sandiraqlab yurishga tayyor edim. Ishim o'zim uchun chidab bo'lmas darajaga kelgandi.

Bir kuni idorada uning xonasida qandaydir mahsulotni sotish bo'yicha bahs boshlandi: “Etti foiz, yo'q, sakkiz…” Xo'jayin meni chaqirdi.

— Agar bu yerga shishadagi suvni quysam, u butun pol yuzasini ho'llaydimi yoki ho'llamaydimi? Siz nima dedingiz?

— Ho'llaydi! – qattiq baqirdim men.

— Nima?

U kutmaganidan qotib qoldi.

— Ho'llaydi!

— Ho'llaydimi?

Raqibbey o'zining haqligiga shunchalar ishonardiki, menga shishadagi suvni polga to'kishimga to'g'ri keldi. Suv polning beshdan birini ham ho'llamadi. Xo'jayinning yuzi bir vaqtlar Mumtozbeyning yuzi o'zgargan kabi o'zgardi. U tishlari orasidan xirilladi.

— Ho'llaydimi yoki ho'llamaydimi?

— Ho'llaydi! – tasdiqladim men.

Uning qarshisida o'tirgan odamlar kulib yuborishdi

— Ho'llaydimi?

— Ho'llaydi!

— Yo'q, ho'llamaydi!

— Ho'llaydi!

— Ho'llamaydi!

Bor ovozim bilan baqirdim:

— Ho'llaydi! Ey, eshityapsanmi, ho'llaydi! Ho'llaydi, ho'llaydi!

—Yo'qolib ket! Ko'zimga ko'rinma! – qichqirdi xo'jayin.

Qo'limni siltab, ko'chaga chiqdim. Ammo yana bir yilgacha xo'jayinning sharpasi ko'z oldimdan ketmadi. Ko'chalarda daydib, kemalarda kezib yurganimda, tramvayda, hatto uyqumda ham g'o'ldirardim:

— Ho'llaydi! Ha, ha, ho'llaydi! Ho'llaydi! Ha, ho'llaydi!

Xudoga shukur, “Ho'llaydi!” deb qichqirishlarim soni xo'jayinning xizmatida yurib “Ho'llamaydi” deb aytganlarim soniga yetgandan keyin, bu darddan qutulib ketdim.

Rus tilidan 

Habib SIDDIQ

tarjimasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × four =