Gazeta o'qisharkan

Abdulla AYIZOV

Muallif haqida:

Abdulla AYIZOV 1962 yilda Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanidagi Maymanoq qishlog'ida tug'ilgan. 1986 yili  Respublika rus tili va adabiyoti pedagogika instituti (hozirgi O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti)ni tugatgan. “Otam yodi”, “Bir gap bo'lar”, “Polvon yig'lagan tun”, “Turfa odamlar”, “Katta bo'lay, ko'rasiz!” deb nomlangan qator she'riy va nasriy kitoblari chop etilgan. “Orzular qanoti” (hammualliflikda) deb atalgan dramatik asari O'zbekiston Davlat Yosh tomoshabinlar teatrida sahnalashtirilgan.

O'zbekiston Yozuvchilar  va Jurnalistlar  uyushmalari a'zosi.

To'rt oygina muallimlikning maoshini olgan Hamidullani tuman gazetasiga ishga taklif etishdi. Talabalik yillaridayoq gazeta va jurnallarda shapaloqday-shapaloqday maqolalari bilan qatnashib turgan Hamidullani qalamkashlar yaxshi bilishardi. Uquvi durust emasmi, tez orada bo'lim mudiri bo'lib oldi.

Hozir gap uning qaysi lavozimda ishlashida emas!

“Tahririyatga ishga o'tyapman”, deganida hech kim ishonmadi. Hatto to'qqiz oy bir qorinda bo'lib, faqat bir necha daqiqa otasidan oldin olamni ko'rgan Hasan amakisi ham qo'l siltab qo'ydi:

— Himm! Shunday degin! Sanga o'xshaganlar anqoning urug'i ekanmi? Bizam tushunamiz, sani gazetadagilar boshiga uradimi? O'zi pedinstitutni zo'rg'a bitirgan bo'lsang. Bilasanmi, shoir bo'lish uchun kamida Toshkentdagi jurnalistikani bitirish kerak…

Lekin gazetaning deyarli har sonida goh cho'ntakoynadek joyda xabar, goh kamzulning cho'ntagidek maqolasi, goh gazetaning butun bir sahifasini egallagan lavhalar tagida: “Hamidulla Shoshqin, maxsus muxbirimiz” yozuvi ko'zga tashlanadigan bo'ldi. Maqolasi chiqqan kuni u choy ichish narida tursin, hatto uxlashni ham unutib qo'ydi. Maqolalari xususida odamlar qanday fikrda ekanligini bilishga juda intiq edi. Aksiga olgandek, birov o'zidan bilib Hamidullaning ijodi haqida og'iz ochmaydi. O'zi shu mavzuda gap boshlayin desa, maqtanayotgandek tuyuladi. Shunday bo'lsa-da, har zamonda ko'ngilga yaqin do'stlaridan: “Qalay, yozgan maqolalarimdagi fikrlar ma'qulmi?” — deb so'rab qo'yadi.

— Obbo! Gazet o'qishga vaqt qaerda, sanga o'xshab bekorchimanmi? Gazet titkilash qoluvdi endi, — dedi sinfdoshi traktorchi Qodir. — Undan ko'ra zo'r bo'lsang, mani suratimni gazetingga chiqar…

Hamidulla shunga ham xursand: demak, do'stining matbuotga ixlosi bor.

Bir kuni matbuot desa o'zini tomdan tashlaydigan, mudom tuman gazetasining yangi sonini qo'ltig'iga qistirib yuradigan qo'shnisi Ergash domladan o'zi yozgan maqolalar haqida fikrini bilish uchun suhbatlashishga chiqdi:

— E, uka, tuman gazetasi keyingi paytlarda yaxshi chiqmayapti-da, maqolalarda nuqul siyqasi chiqqan gaplar. Obuna bo'lganimga pushaymonman. Umuman, gazetaning o'ziga tortadigan, ta'sirli joyi yo'q-da, to'g'rimi? — deb qoldi bir payt Ergash domla.

Domlasining “to'g'rimi?” degan savoliga noiloj “himm!” deya boshini qimirlatdi Hamidulla.

“Qiziq, odamlar gazetalarga qiziqmas ekan-da yoki men ishlayotganim uchun shunday deyishyaptimi?” — deya o'yladi Hamidulla. To'g'ri-da, yaqin do'stlaridan birortasi, hatto tilga tushgan, shov-shuvga sabab bo'lgan maqolalari xususida ham gapirishmaydi-ya! Qaytaga, begonalar:

— O'rtoq Shoshqin, tunov kungi maqolani boplabsiz, rosa miriqib o'qidik, — deyishadi.

Davralarda hovliqib gapirib yuradigan pochtachi Bozor shaqildoq ham keyingi paytlarda Hamidulla Shoshqin ishlayotgan gazetaga qiziqmay qo'yganligini aytdi.

Mayli, o'qishmasa, o'qishmasin. Har bir gazetaning ham o'z muxlislari bor. Gazeta chiqaveradi, hamkasblari qatori Hamidulla Shoshqin yozaveradi, kunlar o'taveradi…

Gazetaning uch kun oldingi soni so'nggi sahifasida kichkinagina joyda “tuzatish” berildi: “Gazeta tahririyati navbatchisi H.Shoshqin xatolikka yo'l qo'yganligi uchun bo'lim mudiri vazifasidan adabiy xodimlikka tushirildi”.

Hamidullaning boshiga birov gurzi bilan urgandek gandiraklab qoldi. U “tuzatish” berilgan gazetaning hamma nusxasini sotib olishga tayyor edi. Axir tanish-bilishlari o'qishsa, nima deyishadi? Xatolikka yo'l qo'yish muxbir uchun uyat-ku! Muharrirga ham hayronsan, arzimas imloviy xato uchun shuncha gap-a! To'g'ri, Hamidullada ham ayb bor. Qandaydir o'zi sezmagan holda xato o'tkazib yubordi.

— Uf-f! — Hamidulla siqila boshladi. — Xo'sh, vazifamdan pasaytirishdi. Shuni e'lon qilish shartmidi? Qani endi odamlar gazetaning shu sonini o'qishmasa. Hech bo'lmasa, “tuzatish”ga e'tibor berishmasa.

“E, tanishlarim hozirgacha bu gazetani qiziqib o'qishmas edi. Bugun ham o'qishmas”, degan xayol Hamidullani tinchlantirardi.

U uyga keldi-yu, ijodxonasiga kirib yotdi. Hech kim bilan suhbatlashgisi kelmasdi. Birdan telefon jiringladi. Trubkadan amakisining ovozi eshitildi:

— Jiyan, o'zingmisan? Tinchlikmi? Aha, gazetda ishlash osonmas degandim-ku. Ana, xato qilib, sharmanda bo'libsan-ku! Jimgina maktabda bolalarni aldab yurmaysanmi?..

Hamidulla gapning u yog'ini eshitmadi. Tag'in telefon qo'ng'irog'i… Do'st-birodarlari “hol-ahvol” so'rashardi.

Ertasiga mahalladagi to'yga chiqdi. Endigina oshni yeb bo'lib, bir piyola choyni qo'liga oluvdi hamki, pochtachi Bozor shaqildoq paydo bo'ldi. Bolalar asalarilar gulga yopishgandek uni o'rab olishdi.

— Manavi gazetani o'qinglar. Oxirgi betdagi “xabar”ni uydagilarga ko'rsatinglar. O'zimizning Hamidulla Shoshqin haqida yozishgan.

— E, buni endi tarqatyapsizmi? Man kecha o'qigandim, — deya baqirib gapga aralashdi Qodir traktorchi va izza bo'lib o'tirgan Hamidullaga ko'zi tushgach, yuzlariga negadir quvonch yoyilib dedi:

— Og'ayni, maktabga qaytasanmi? Man o'zimni chalasavod deb yursam, san besh-battar ekansan-ku, bo'lmasam, gazetga ham xato yozasanmi?

Ergash domla ustozi ham Hamidullani ko'chada uchratib, rosa afsuslandi:

— Seni iqtidorli shogirdim deb yursam, xatolikka yo'l qo'yib, qovun tushiribsan-ku! Kelasi yil shu gazetaga obuna bo'laman, chunki keyingi paytlarda juda ta'sirli chiqyapti. Masalan, tunov kungi soni ham qiziqarli, mazmunli chiqibdi, to'g'rimi?

Domlasining “to'g'rimi?” degan savoliga Hamidulla indamadi jahlini zo'rg'a bosib. Lekin bir narsadan xursand edi. Nega xursand bo'lmasin, axir odamlar gazeta o'qisharkan-ku. O'qiganda ham ixlos bilan, birorta satrini qoldirmasdan o'qisharkan.

Qiziq, faqat buning uchun yomon xabar bo'lsa ham birorta xatoga yo'l qo'yganing yoki  xullas, kamchiliging to'g'risida nimadir chiqishi kerak ekan-da!

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × five =