Bir himoyaning bahosi
Yoxud o'rgangan ko'ngilning o'rtangani haqida
Mahallamizda yoshlar yetakchisi lavozimida ish boshlagan Abdunodir (uning iltimosiga binoan ismi o'zgartirildi) ismli yigit poytaxtdagi nufuzli universitetlardan birini bitirayotganligini aytib, “sizni ertaga diplom himoyasiga taklif qilmoqchi edim, vaqtingiz bo'larmikan?”, deb qoldi. Uning ko'zlarimga umid bilan termulib turganini ko'rib, “boraman, albatta boraman!” dedim. Abdunodir xursand bo'lgancha minnatdorlik bildirib, “lekin himoya vaqti tez-tez o'zgarib turibdi, aniq bo'lishi bilan sizga qo'ng'iroq qilaman” dedi. Men unga omad tilab, xayrlashdim.
Oradan ikki kun o'tib, oqshom chog'i qo'ng'iroq bo'ldi. Bu Abdunodir edi. Salomiga alik olib, himoya qanday o'tganligini so'radim. U chuqur “uh” tortdi. Keyin, “ming bor uzr, himoya vaqti ma'lum bo'lmaganligi uchun sizni ovora qilgim kelmadi. Buning ustiga kutilmagan bir tashvish chiqib, to'rt tomonga chopishimga to'g'ri keldi…”
— Himoya-chi, do'stim, himoya nima bo'ldi? — sabrim chidamay so'radim undan.
— Omon-eson qutulib oldim, — dedi u xuddi yelkasidan tog' ag'darilgandek.
— Tabriklayman! Chin dildan tabriklayman!
— Rahmat!
— Ha aytgancha, qanday tashvish bilan to'rt tomonga yugurib qoldingiz? Yordam kerak bo'lsa, tortinmay so'rayvering!
— E-e, bunisini so'ramang ustoz, — yarasiga tuz sepilgandek og'rinib javob berdi Abdunodir. — Ertaga ertalab hammasini gapirib beraman. Qalamingizga mavzu bo'ladigan zo'r gaplar bor.
Ertalab Abdunodir bilan mahalla idorasining unga ajratilgan xonasida ko'rishdik. Kayfiyati yo'qligini sezgan bo'lsam-da, tezroq kechagi gapning davomini eshitish uchun oliy o'quv yurtini muvaffaqiyatli bitirgani bilan yana bir bor qutladim. U tashakkur izhor eta turib, astoydil xo'rsinib qo'ydi.
— Tinchlikmi o'zi? — Imtihondan qaytgan talabadek jig'ibiyron ko'rinasiz.
— Ruxsat berilgan diplom ishi himoyasiga ming bir bahona bilan pora so'rashgandan keyin jig'ibiyron bo'larkansiz-da, ustoz. Bundan ko'ra, qaytganim yaxshi edi.
— Qanaqa pora? — dedim men ham lov etib. — Axir, siz himoyaga puxta tayyorgarlik ko'rgan edingiz-ku! Ber desa beraverasizmi?!
— Bermaslikning iloji bo'lmadi, — yig'lab yuborgudek bo'ldi u, bermasang, himoyang qoldiriladi deyishdi ochiq-oydin.
— Qancha so'rashdi?
— Uch yuz dollar.
— Uch yuz dollar?!
— Ha, uch yuz.
— Diplom ishi rahbaringiz so'radimi shu mablag'ni?
— Keling, yaxshisi bir boshdan gapirib bera qolay.
— Marhamat!
— Diplom mavzusini tanlaganimda menga yoshi oltmishlardan oshgan ayol o'qituvchini rahbar etib tayinlashdi. Men u kishi bilan maslahatlashib, ishga sho'ng'idim. Savollar paydo bo'lganda huzurlariga shoshildim. Ammo bu uzoqqa cho'zilmadi. Zulxumor Zokirovna (o'zgartirildi) menga yo'l-yo'riq ko'rsatib, amaliy yordam berish o'rniga savollarimga javob bermaydigan, ters gapiradigan, hatto jerkib tashlaydigan odat chiqardi. Sababini bilmaganim, aniqrog'i bilolmaganim uchun boshimni egib, diplom ishimni puxta va pishiq yozishga harakat qildim. Ko'proq kitob varaqladim. Internetdan qo'shimcha ma'lumotlar topib, o'zimdagi bilan qiyoslab, tahlil qilib bordim. Mutaxassislar bilan muloqot qilib, diplom ishimda qo'yilgan masalalarning ilmiy jihatiga alohida e'tibor berdim. Biroq rahbarim menga qanchalik sovuqqonlik qilmasin, o'zimni chetga tortmadim. Ta'na-yu, dashnomlarini eshitishdan charchamadim. Oldilariga ochiq chehra bilan “Assalomu alaykum ustoz!”, deya boraverdim. Ming afsuski, ustozdan sado chiqmadi. Shunday bo'lsa-da, diplom ishim tayyor bo'lgach, ne-ne shirin o'y-xayollaru yaxshi niyatlar bilan yana Zulxumor Zokirovnaning oldilariga bordim. U kishi diplom ishimni o'qish u yoqda tursin, hatto varaqlab ham ko'rmay, dabdurustdan men sening rahbaring emasman, boshqa birovni top dedilar. Diplom ishim qo'limda qolgancha toshday qotdim. Bir so'z ham aytolmadim. Dunyo ko'zimga qorong'u bo'ldi. “Bu yerda turishingning foydasi yo'q, ketaver!” degan so'zlar yuragimga ignadek sanchilib, hushimga keldim. Orqamga burilib, bir amallab tashqariga chiqdim. Yotoqxonamga qaytib, boshimni changallagancha kalavaning uchini topishga urindim. Xayolimda “Nega Zulxumor Zokirovna mening diplom ishimga rahbar bo'lishni istamasliklarini birinchi kundan hal qilib olmadilar?”, “Nega bu gapni mening o'zimga aytmay, oxirgi kunga qadar ezib keldilar?”, “Endi nima qilaman?”, “Kimga aytaman dardimni?”, “Diplom ishimga Zulxumor Zokirovnani rahbar etib tayinlagan kafedra mudirigami yoki dekanimizga?”, “Nomim chaqimchiga chiqib, qilgan mehnatim bir pul bo'lib qolmaydimi?” singari qator-qator savollar xayolimda charx urar, ayni paytda qulog'imga “nima bo'lsa ham diplom ishingni himoya qilishing kerak” degan ovoz eshitilganday bo'lardi. To'g'ri dedim o'zimga o'zim, qanchalik qiyin bo'lmasin, baribir himoya qilishim kerak! Ana shunday qaror bilan yana universitetga bordim. Ahvolimdan ogoh bo'lgan do'stlarim diplom ishimga rahbar topishga va'da berib, ko'nglimni ko'tarishdi. Bir-ikki kundan so'ng yangi rahbar bilan uchrashib, diplom ishimni ko'rsatdim. Ishim yangi rahbarga ma'qul bo'ldi. U himoya jarayonida berilishi mumkin bo'lgan bir necha savollarni aytib, tayyorgarlik ko'rishimni tayinladi. Bu paytda Zulxumor Zokirovnaning menga ko'rsatgan karomatlarini unutgan, butun diqqat-e'tiborim diplom himoyasida edi. Biroq , men hali oldimda katta “tomosha” turganligini, tomchidan qutulib, do'lga uchrashimni tasavvur ham qilolmas edim. Ko'zimga kamtarin, kamgap, mulohazali bo'lib ko'ringan yangi rahbarim Orif Ashurovich (o'zgartirildi) yoshi ellikdan oshgan. U ham Zulxumor opadek dotsent ekan. Darvoqe, ana shu orada do'stlarim va tanish-bilishlarimdan opa meni bekorga sarson qilmaganini, har gal nimadir kutganini, quruq qo'l bilan borganim uchun “ta'zirimni” berganligini fahmladim. Bunisi esa andishani bir chetga surib qo'yib, uyalmay-netmay uch yuz dollar olib kelmasang, diplom himoyasiga kirolmaysan dedi. Bu gapni eshitib, butunlay dovdirab qoldim. Menda so'ralgan dollarning urvog'i ham yo'qligini eshitgan domlam xuddi men undan qarzdordek o'dag'aylab, ikki yo'ldan birini tanlashimni aytdi. Taqdirga tan berib, pul izladim. Tez orada qaytarish sharti bilan arang ikki yuz dollar yig'dim. Domlamga boshqa ilojim yo'qligini aytganimda uning ensasi qotib, “uch yuzsiz bo'lmaydi”, deb turib oldi. Yana sarg'aygancha tanish-bilishlarga yalinib-yolvordim. Xullas, uch yuz dollar berib, diplom ishimni himoya qildim. Shunday alam qilyaptiki, aytishga tilim lol.
— Yaxshi ish bo'lmabdi, — dedim mustaqil hayotga endigina qadam qo'yayotgan yosh mutaxassisga rahmim kelib. — Yemoqning qusmog'i ham bor-ku, axir. Bandasi shohid bo'lmagani bilan Yaratganning o'zi ko'rib turibdi. Bugun bo'lmasa, ertaga o'sha vijdonsizlarning o'zlariga qaytadi bu. Qaytmasdan qolmaydi. Balki, o'shanda “qilmish qidirmish” nima ekanligini anglab, pushaymon bo'lib, tavba qilishar.
— Davlatimiz rahbari korrupsiyaga qarshi o't ochgan, jinoiy javobgarlik choralarini ko'rgan va bu borada dam-badam bong urib turgan bir chog'da ta'lim-tarbiya, ma'naviyat va ma'rifat maskanidan poraxo'rlik chekinmayotganligini qanday izohlash mumkin? Eng muhimi, bu ishni kimsan ziyoli, kimsan olim, kimsan tarbiyachi qilayotganligi mutlaqo kechirib bo'lmas hol emasmi?! Bilasizmi, men oliy o'quv yurtini pora bilan bitirganimga kuyib ketayapman. “A'lo”ga bo'lmasa “yaxshi”ga, “yaxshi”ga bo'lmasa “qoniqarli” bahoga himoya qilishga qurbim yetar edi. Bu gap otam bilan onamning, qo'ni-qo'shni-yu, elu xeshning quloqlariga yetsa bormi, tamom. Mening bosh ko'tarib yurishim oson bo'lmaydi. Hammaginasi bir pul bo'ladi.
— Iltimos, faqat tushkunlikka tushmang. Bu bilan hayotingiz to'xtab qolmaydi. O'zingizni halol mehnatga, xayrli va savob ishlarga bag'ishlang! Hech qachon shoshmang, sabr qiling! Qiyinchilikdan qo'rqmang! O'qish va o'rganishdan to'xtamang! Izlanish, yangilikka intilish, tashabbuskorligu tadbirkorlik hayotingizning mazmuniga aylanishiga harakat qiling!.. Ana shunda orzu-niyatlaringiz amalga oshib, baxt ham, taxt ham sizga keng quchoq ochaveradi. Tamagirlikni kasb qilib olgan “ustoz”laringizga kelsak, men ularni xatarli yo'ldan qaytishga da'vat etib, shunday degan bo'lur edim:
Hurmatli Zulxumor Zokirovna, Orif Ashurovich!
Ikkovlaringiz ham pastu balandni, og'ir-engilni, yaxshi-yomonni, achchiq-chuchukni ko'rgan, ilm yo'lini tanlab, olimlik darajasiga yetgan, oliy ta'lim dargohi dotsenti degan yuksak nomga musharraf bo'lgan insonlarsiz. Eng muhimi, yoshlarga ta'lim-tarbiya berguvchi, ularning qalbiga, ongu shuuriga halollik, imon-insof, diyonat, mehr-oqibat, elparvarligu yurtparvarlik tuyg'ularini singdiruvchi pedagog-ustozlarsiz. Shu mehnatingiz uchun davlat sizlarga yaxshigina maosh tayinlagan. Zamonaviy sharoit, imkoniyat va imtiyozlarga ega bo'layapsizlar. Universitetda kasbdoshlaringizu talabalaringiz, ko'cha-ko'yda tanish-bilishlaringizu mahalladoshlaringiz domla deya izzat-hurmat qilsa, davralarning to'ri sizniki bo'lsa, mana shuning o'zi shukur qilishga arzimaydimi? Arziydi, judayam arziydi! Buning ustiga biringiz ona, biringiz otasiz. O'g'il-qizlar qatorida nabiralar ham bo'lsa kerak. Demak, baxtlisiz. Mana endi ayting-chi, shunday e'tiborli, e'zozli domlalar o'z farzandidek bo'lib qolgan talabalaridan tamagirlik qilsa uyat bo'lmaydimi? Poraga kiyinish, ro'zg'or tebratish, boylik orttirish-chi, tatiydimi? Taqdir taqozosi bilan o'sha talabalaringizdan birontasi erta bir kun yoningizga o'qituvchi bo'lib kelsa, o'zingizni qaysi tuynukka urishni bilmay qolmaysizmi? Yoki biron-bir masala bilan siz pora talab qilgan sobiq talabangiz ishlayotgan korxonaga borib, ishingiz o'sha bilan bitadigan bo'lsa, o'rtalaringizda hech narsa bo'lmagandek ko'zingizni lo'q qilib turaverasizmi? Yo ishingiz bitib, eshagingiz suvdan o'tguncha “jonim- jonim”lab turasizmi? Axir, sizlar bunga ustasiz-ku! Shunday emasmi? Darvoqe, oliy o'quv yurtida o'qiyotgan o'g'il yoki qizingiz falonchi o'qituvchimiz diplom himoyasiga shuncha so'rayapti desa yoqadimi o'zingizga? Maktab imtihoni uchun nabirangiz pul so'rab kelsa-chi? Bilaman, sizlar bunday savollarni ko'tara olmaysizlar. Eshitgan zahoti hushdan ketib qolishingiz hech gap emas. Chunki sizlar berib emas, olib o'rgangansizlar. Bitiruvchilarga qilgan muomalangizdan ko'rinib turibdiki, sizlar yolg'iz emassizlar. Yolg'iz bo'lganingizda bunday qaltis ishga qo'l urmagan va kesib-kesib gapirmagan, sho'rlik bitiruvchini sarsonu sargardon qilib, azoblarga solmagan bo'lur edingiz. Qilgan qing'ir ishingiz jinoyatgina emas, o'ta yuzsizlik ekanligini bilsangiz kerak!
Agar, atrofingizdagilar ko'rib ko'rmaganlikka, eshitib eshitmaganlikka olmaganlarida sizlarga o'xshaganlarning ildizlari allaqachon tag-tubi bilan qurib ketgan bo'lardi. Afsuski, loqaydligimiz, men senga, sen menga tegma qabilida ish tutishimiz boshimizga balo bo'lmoqda. Sizga o'xshagan ta'magirlar urug'ini ko'paytirmoqda. Bu esa nafaqat ta'lim sifatiga, balki pedagog kadrlar saviyasiga ham salbiy ta'sir etmay qolmaydi. Aslida ta'lim-tarbiya va uning maskanlari eng avvalo, halol, pok vijdonli, or-nomusli, ma'naviyatli-yu, ma'rifatli va albatta, fidoyi insonlarning joyi bo'lmog'i kerak!
Yuqoridagi mulohazalarni bildirar ekansan, yana bir narsa odamga tinchlik bermaydi. Abdunodir singari himoyaga so'ralgan pulni ilojsizlikdan topib berayotgan yoshlar qancha ekan? Lekin ularni ham oqlab bo'lmaydi. Nega endi o'z ishi bitishi uchun ya'ni diplom yoki ilmiy daraja himoyasiga albatta qing'ir yo'lga rozi bo'lishi kerak? Nega oson yo'lni tanlab so'ngra men kabilarga dardini aytib “ming'irlab” o'tirishi kerak?!
Buyuk ma'rifatparvar shoir Abdulhamid Cho'lponning “Men yonmasam, sen yonmasang, kim yonadi?” degan yoniq so'zlari qayoqda qoldi? Axir himoya uchun ta'ma qilayotgan ayrim ustozlar singari, korrupsiyaning tegirmoniga suv quyayotgan, g'ing demasdan aytganini topib berayotganlar ham birdek aybdor, gunohkor emasmi? Xuddi shunday. Masalan, men bunday yo'l tutmagan bo'lar edim. Bunday “kelishuv”larga aslo rozi bo'lmas edim. Chunki haqiqat va adolat uchun mardlik kerak. Kurashmoq kerak. Yo'qsa, bari qanday bo'lsa, shunday davom etaveradi. Avvalo aybni o'zgalardan axtargandan ko'ra har kim o'zidan ham izlagani ma'qulmasmi?!
Nuriddin OChILOV,
Toshkent Moliya institutining
etakchi mutaxassisi